mavzu: XIX asrning 30-70 yillarida Lotin Amerikasi davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli rеja: soat


Download 33.82 Kb.
bet4/6
Sana10.04.2023
Hajmi33.82 Kb.
#1348033
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
7 MAVZU XIX asrning 30 70 yillarida Lotin Amerikasi davlatlarining

GAITIDAGI INQILOB.
1789 yildagi fransuz inqilobi Gaiti orolidagi San-Domingo koloniyasiga ham katta ta’sir ko’rsatdi. Bu erda bir necha ming oq tanli plantatsiya egalari yuz minglab negr-qullarni ishlatar edilar. 1792 yilda orolda negr-qullar va ozod negrlarning qo’zg’oloni boshlandi. Qo’zg’olonchilar fransuz ma’muriyatini qulchilikni bekor qilishga majbur qildilar. Plantatsiya egalari YAmaykadan inglizlarni yordamga chaqirdilar, lekin sobiq qul Tussen ( 1743-1803) boshchiligidagi Gaiti armiyasi inglizlarni mag’lubiyatga uchratdi va ularni oroldan chiqib ketishga majbur qildi. Orolga kelgan 15 ming kishilik ingliz qo’shinidan faqat bir mingi omon qoldi. Ingliz ekspeditsiyasi qo’mondoni Meitlend Tussenga asir tushdi va Gaiti mustaqilligini tan olib, u bilan bitim tuzdi. Tussen Ispaniyaga tegishli bo’lgan Gaitining sharqiy qismini ham ozod qildi.
Tussen o’z nomiga fransuzcha «Luvertyur» ( «ochmoq») o’zini qo’shib olgan, bu bilan u o’z xalqining mustaqilligi sari yo’l ochishni nazarda tutgan, haqiqatan ham u Gaiti mustaqilligining «otasi» hisoblanadi. U juda ham iqtidorli bo’lib, qul vaqtidayoq savodini chiqarib, matematika va tibbiyotni o’rgangan edi. Tussen mustaqillik urushi davrida plantatsiya egalari yerlarini musodara qilib, sobiq qullarga taqsimlab bergan edi. 1801 yilda orolning deyarli oliy hukmdoriga aylangan Tussen-Luvertyur demokratik konstitutsiyani e’lon qildi, Fransiyaning mamlakat ustidan hukmronligi faqat nomigagina saqlanib qolgan edi.
Napoleon hokimyat tepasiga kelgach Fransiya Gaitidagi sobiq mustamlakasi ustidan yana o’z hukmronligini o’rnatishga intilib, u erga bir necha o’n ming kishidan iborat ekspeditsion korpus yubordi. Gaiti xalqi bosqinchilarga qarshi qattiq kurash olib bordi. Fransuzlar qo’zg’olonchilarga ozodlik berish, armiya va hukumatda egallagan barcha lavozimlarini saqlab qolishga va’da qilib, sulh tuzishni taklif etdilar. Tussen-Luvertyur bu shartlarni qabul qildi. Lekin fransuzlar xoinlik qilib uni ushlab oldilar va Fransiyaga yuborib, turmaga tashladilar, u bu erda 1803 yilda halok bo’ldi.
Lekin Tussen-Luvertyurning o’limi ham, fransuz bosqinchilarining vahshiyliklari ham Gaitilik vatanparvarlarni buka olmadi. Ikki yil davom etgan shiddatli janglardan keyin fransuz bosqinchilari oroldan quvib chiqarildi. 43 ming fransuz askaridan 35 mingi halok bo’ldi, korpus qo’mondoni general Leklerk ham bezgakdan vafot etdi. Oroldan kemalarga tushib qochib borayotgan 8 ming askar ham Fransiyaga etib bora olmadi, yo’lda ularni ingliz floti ushlab, asirga oldi. Gaiti inqilobini bo’g’ib tashlashga bo’lgan urinish barbod bo’ldi.
Gaitidagi inqilob g’alabasi Amerikadagi ispan va portugal mustamlakalarida milliy-ozodlik harakatining yanada yuksalishiga katta ta’sir ko’rsatdi. Bu inqilob Lotin Amerikasidagi mustamlakachilikga qarshi birinchi inqilob bo’lib, u qulchilikni yo’q qildi va respublika e’lon qildi. Bu birinchi marta g’alaba bilan yakunlangan qullar qo’zg’oloni edi.
XIX asr boshlariga kelib kreollarning Ispaniyadan mustaqil bo’lib ajralib chiqishga bo’lgan harakatlari yanada kuchaydi. Mustamlakalarda fitnachi guruhlar ish olib borar, fransuz inqilobining «Inson va fuqaro huquqlari Deklaratsiyasi» va boshqa hujjatlari nashr qilinib tarqatilardi. Mustaqillik uchun kurash olib borayotganlar Londonda yashayotgan Miranda bilan aloqa bog’lagan edilar.
Napoleon urushlari va Ispaniyaning fransuzlar tomonidan okkupatsiya qilinishi natijasida mustamlakalarning metropoliya bilan bo’lgan savdosi deyarli to’xtab qoldi. Bu esa mustamlaka tovarlarining inglizlar va Ispaniyaning boshqa raqiblari bilan bo’ladigan kontrabanda savdosining kengayishiga yordam berdi. Buenos-Ayres, Montevideo, Karakas, Varakrus, Gavanada katta savdo markazlari tashkil topib, ular orqali Yevropa bozorlariga mo’yna, kakao, kofe, qand, xinin, qimmatbaho metallar va toshlar chiqarilardi. Bu yerlarda mustamlakalarni Ispaniyadan ajralib chiqishini talab qiluvchi savdo burjuaziyasi qatlami tashkil topdi. Ichki bozor ham kengayib bordi. Ispaniya bir qancha cheklashlarni bekor qilib, mustamlakalar o’rtasida savdo-sotiqqa ruxsat qilgan bo’lsa ham yaqinlashib kelayotgan bo’ronni to’xtatib qolish mumkin emas edi.
Fransiya va Ispaniya bilan urush holatida bo’lgan Angliya 1806 yilda ispan mustamlakalarini bosib olish maqsadida Buenos-Ayresga harbiy ekspeditsiya yubordi. Miranda ham Londondan AQSHga borib, xaloskorlik ekspeditsiyasini tashkil etib, Venesuelaga kirib bordi.
Mirandaning Venesuelani ozod etish yo’lidagi urinishi muvaffaqiyatsiz tugadi. Uning 200 kishilik ko’ngillilar otryadiga qarshi katta qo’shin yuborildi, Miranda mag’lubiyatga uchrab, Londonga qaytishga majbur bo’ldi.
Inglizlar La-Platada dastlabki davrda ancha muvaffaqiyatlarga erishdilar va Buenos-Ayresni egalladilar. Lekin kreollar rahbarligidagi shaharliklar qo’zg’oloni inglizlarni taslim bo’lishga majbur qildi. Inglizlarning o’n ming kishidan iborat Yangi qo’shini ham qo’zg’olonchilardan mag’lubiyatga uchradi va inglizlar La-Platadan chiqib ketishga majbur bo’ldilar.
Vatanparvarlarning ingliz mustamlakachilari ustidan Buenos-Ayresda qozongan g’alabasi muhim oqibatlarga ega bo’ldi. Bu g’alaba bu viloyatni ingliz mustamlakasiga aylanishdan saqlab qoldi va inglizlarga qarshilik ko’rsatish layoqatiga ega bo’lmagan ispan hokimyatining obro’sini tushirib yubordi, shu bilan birga mahalliy aholining o’z manfaatlari uchun kurasha olishini ko’rsatdi.
Bularning hammasi vatanparvarlik kayfiyatidagi kreollarni ruhlantirib yubordi va ular qo’zg’olon ko’tarish uchun qulay payt kuta boshladilar.
Napoleon Ispaniyani bosib olgach, ana shunday imkoniyat yuzaga keldi. Karakasda (Venesuela) va boshqa shaharlarda kreollar fransuzlar asirligida yotgan ispan qiroli Ferdinand VII ning huquqlarini himoya qilish bahonasi ostida vatanparvarlik xuntalarini tuzib, ispan hokimyatini ag’darib tashladilar. Natijada bir qator joylarda hokimyat tinch yo’l bilan vatanparvar xuntalar qo’liga o’tdi. Lekin xuntalar o’z faoliyatlarida etarli darajada qat’iylik ko’rsata olmadilar. Natijada ispanlar Buenos-Ayresdan tashqari barcha joylarda o’z hokimyatlarini qayta tikladilar. Buenos-Ayresda vatanparvarlar mohir sarkarda general Xose San-Martin boshchiligida ko’ngillilar armiyasini tuzib, jazo ekspeditsiyasi qo’shinini to’xtatib qoldilar, keyinchalik hujumga o’tib, ispanlarni Chilida tor-mor etdilar va ularni Peruda ta’qib qila boshladilar. Vatanparvarlar Urugvay va Paragvayda ham mustamlakachilar hokimyatini tugatdilar.
Yangi Granada (hozirgi Kolumbiya) va Venesuelada ispanlarga qarshi kurash goh u tomonning, goh bu tomonning ustunligi bilan bordi. Ispaniya bu erga Puerto - Riko va Kubadan qo’shin tashlab, Karakasni egalladi. Vataniga qaytib kelgan general Miranda asir olinib, Ispaniyaga yuborilib turmaga tashlandi va u 1816 yilda turmada halok bo’ldi. Venesuelalik yosh aristokrat Simon Bolivar (1783-1830) vatanparvarlarga rahbarlik qildi. U Yangi Granadada uncha katta bo’lmagan armi ya tuzib, And tog’larini oshib o’tdi va Karakasni ozod etdi.
Lekin ispanlar hindular va lyanerolarni (cho’lda yashovchi qabilalar) o’z tomoniga og’dirib oldilar. Napoleon tor-mor etilgach qirol Ferdinand VII ispan taxtiga o’tirdi va general Morilo boshchiligida jazo ekspeditsiyasi yuborildi. Ispanlar lyanerolar yordamida ikkinchi marta Venesuelani, keyinroq Yangi Granadani egallashga muvaffaq bo’ldilar.
Lekin mustamlakachilarning shafqatsizligi natijasida Andning har ikki tarafida ham partizanlar urushi kuchayib, umumxalq xarakterini oldi. Simon Bolivar 1816 yilda qullarga ozodlik berilishini va ozodlik urushi ishtirokchilariga chek yerlari berilishini va’da qildi.
S.Bolivar ispanlar bora olmaydigan port shahri bo’lgan Angosturada o’rnashib olib (bu shaharga Bolivar o’limidan keyin Syudad Bolivar - Bolivar shahri deb nom berdilar), Yevropadan ko’ngillilarni chaqirib olib, maxsus volontyerlar (ko’ngillilar) legionini tuzdi. Bu legion keyinchalik ispanlar bilan bo’lgan janglarda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Bolivar boshchiligidagi ko’ngillilar armiyasi And tog’laridan oshib o’tib Yangi Granadaga kirib bordi va ispanlarga qarshi olib borilgan bir necha janglardan keyin bu hududni ozod etdi. Tez orada Bolivarning armiyasi Venesuelaga qaytib keldi va ko’pgina og’ir janglardan keyin Venesuelani ham ozod qildi. Yangi Granada va Venesuela Buyuk Kolumbiya nomi bilan bitta respublikaga birlashtirildi, Bolivar uning prezidenti qilib, Yangi Granadalik vatanparvar, mohir davlat va harbiy arbob Fransisko de Paula Santander vitse-prezident qilib saylandi.
Lekin mustamlakalarni ispanlar zulmidan to’la ozod etish uchun hali ancha vaqt kerak edi. Peru vitse-qirolligida ispanlarning yaxshi qurollangan ko’p ming kishilik qo’shini turardi. Mustamlaka zulmidan xalos bo’lish uchun Peruni ispanlardan ozod qilish kerak edi. SHu maqsadda Peruga janubdan general San-Martin boshchiligidagi argentinalik, perulik va chililik vatanparvarlarning, shimoldan general Bolivarning venesuelalik, Yangi granadalik va ekvadorlik qo’shinlarining yurishi boshlandi. Urush 1826 yilning boshigacha - ispanlarning to’la mag’lubiyatigacha davom etdi. Meksikadagi voqealar boshqacha tusda rivojlanib bordi. Bu erda yirik er mulklarga ega bo’lgan kreollarning yuqori qatlami ispanlarni qo’llab-quvvatlardi. 1810 yilda ruhoniy Idalgo boshchiligida hindular qo’zg’oloni boshlandi. Idalgo qirol monopoliyasini, jon solig’ini, qulchilikni bekor qilinganligini e’lon qildi, yerlarni hindular qabilalariga qaytarish to’g’risida farmon chiqardi. Uning chaqirig’iga javoban 80 mingga yaqin hindular qo’zg’olonda qatnashdilar, lekin yomon qurollanganliklari va uyushmaganliklari sababli mag’lubiyatga uchradilar. Idalgo asir olinib, otib tashlandi. Uning ishini Morelos davom ettirdi. Uning tashabbusi bilan chaqirilgan kongress 1813 yil 6 noyabrda Meksikani mustaqil deb e’lon qildi. 2 yildan keyin ispanlar Morelosni ushlab olib, qatl qildilar. Morelos vafotidan keyin uzoq cho’zilgan partizanlar urushi boshlanib ketdi. Ispaniyadagi liberal inqilob g’alabasidan qo’rqib qolgan boy kreollar va cherkov ahli 1821 yilda Meksikani Ispaniyadan ajralib chiqqanini e’lon qildilar. Ispanlar bilan hamkorlik qilgan general Iturbide 1822 yilda Meksika imperatori deb e’lon qilindi. Respublika tarafdorlari ko’p o’tmasdan imperatorni ag’darib tashladilar va mamlakat respublika deb e’lon qilindi. Keyinroq Iturbide hokimyatni qaytarib olishga harakat qilganida respublikachilar tomonidan qatl qilindi.
Amerikadagi ispan mustamlakalarida mustaqillik uchun olib borilgan urush vatanparvar kuchlarning g’alabasi bilan yakunlandi.
Portugaliya mustamlakasi bo’lgan Braziliyada 1822 yilda burjua inqilobi bo’lib o’tdi. Bu mamlakatda XVIII-asr davomida ishlab chiqaruvchi kuchlar juda tez yuksaldi, aholi soni o’n marta o’sdi. Napoleon qo’shinlari 1808-yilda Portugaliyaga kirib borgach, qirol saroyi Rio-de-Janeyroga ko’chib o’tdi va shundan keyin savdo monopoliyasi, cheklashlar, reglamentatsiyalar va mustamlaka tizimining boshqa elementlari tugatildi, Braziliyaning rivojlanishi yanada kuchaydi. 1815 yilda Braziliya Portugaliya qirolligining mustamlakasidan uning teng huquqli qismiga aylanib, Yangi siyosiy maqomga ega bo’ldi.
Yevropadagi urushlar tugagach va Portugaliyadagi 1820 yildagi inqilobdan keyin vaziyat tubdan o’zgardi. Portugaliya burjuaziyasi qirol Joan VI ni Yevrop aga qaytarib olib kelgach, uning o’g’li, Braziliya shahzoda regenti Pedroni ham Portugaliyaga qaytarishga va Braziliyada mustamlakachilik tartiblarini qayta tiklashga harakat qildi. Bunga javoban Braziliya pomeshchiklari, fazenda egalari shahzoda saroyini o’rab olib, uni shu yerda qolishga «ishontirdilar», mahalliy xalq qo’shini yordamida portugaliyaliklar garnizonini tor-mor etdilar va Pedroni Braziliyaning mustaqilligi to’g’risida manifest chiqarishga majbur qildilar. Ular nihoyat 1822 yil 7 sentabrda Braziliyaning Portugaliya bilan munosabatlari batamom uzilganligi to’g’risidagi hukumat qarorini Pedroga tasdiqlatib oldilar. Braziliyada imperator Pedro I boshchiligida konstitutsion monarxiya joriy etildi.
Braziliyadagi inqilob juda tezlik bilan sodir bo’ldiki, negrlar qo’zg’olon ko’tarishga va inqilobning borishiga ta’sir ko’rsata olmadilar. Natijada Braziliya aholisining 1/3 qismi yana 60 yildan ko’proq qullikda, jamiyat esa quldorlik munosabatlari girdobida qolib ketdi.
Ozodlik urushlarida kreollar bilan bir qatorda negr qullar, hindular, erkin dehqonlar ham ishtirok etdilar. O’sha davrda hozirgi zamon tushunchasidagi partiyalar va dasturlar yo’q edi. Vatanparvar rahbarlarning g’oyalari keng xalq ommasi uchun dastur va bayroq hisoblanardi. Lotin Amerikasidagi mustaqillik urushi dohiylari bo’lgan Bolivar, San-Martin, Artigas, O Xiggins, Santander va boshqalarni xalqlar hurmat qilib xaloskorlar (libertadorlar) deb atardilar, haqiqatan ham ular o’z hayotlarini bu mamlakatlarni mustamlaka zulmidan ozod etishga bag’ishlagan edilar. Ispaniyaning Amerikadagi mustamlakalaridagi mustaqillik urushini haqli ravishda inqilob deb ham ataydilar. Haqiqatan ham bu urush inqilobiy maqsadlarni - mustamlakachilarni quvib yuborish, mustaqillikni qo’lga kiritish, respublika tuzumini o’rnatish, qulchilikni bekor qilish, hindularni feodal zulmdan ozod qilish, irqiy kamsitishni tugatish, dehqonlarga er berish, ma’rifat tarqatish, demokratik erkinliklar o’rnatish, cherkovni davlatdan ajratishni ko’zda tutardi.
Ispanlar zulmidan ozod bo’lishdan iborat asosiy vazifa bajarilgan bo’lsa ham tub ijtimoiy o’zgartishlar amalga oshirilmadi: ko’pgina respublikalarda qulchilik faqat XIX asrning 50-60-yillarida bekor qilindi. Dehqonlarga er berilmadi, xo’jayinlari o’zgargani holda latifundiyalar saqlab qolindi. Hindular avvalgidek asoratga solindi, ba’zi respublikalarda esa ( Argentina) ular qirib tashlandi, yerlari oq tanli mustamlakachilar tomonidan egallab olindi.
Shunga qaramasdan mustamlakachilikning tugatilishi va mustaqil respublikalarning tashkil topishi progressiv ahamiyatga ega edi. Milliy inqiloblarning g’alabasi Lotin Amerikasi xalqlarini aynib ketishdan va qirilib ketishdan saqlab qolib, mustaqil rivojlanish uchun yo’l ochib berdi hamda Yevropadagi feodal reaktsiyasiga qattiq zarba berdi. Mustaqillikga ega bo’lish kapitalizm taraqqiyoti uchun yo’l ochib berdi.

Download 33.82 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling