Mazvu: Falsafiy antropologiya (Inson falasafasi) Reja: Inson borlig’ining o’ziga xos xususiyatlari. Ong tushunchasi va uning mohiyati
Ongning kelib chiqishi va rivojlanishi
Download 88.98 Kb.
|
7 мавзу (1)
Ongning kelib chiqishi va rivojlanishi. Ongning kelib chiqishi va rivojlanishi haqidagi qarashlar falsafa fanining in’ikos nazariyasiga asoslanadi. Unga muvofiq, keng ma’nodagi aks ettirish (in’ikos) xususiyati butun dunyoda, jonli tabiatda ham, jonsiz tabiatda ham bor. Ammo jonsiz tabiatda aks ettirish qobiliyati birmuncha sodda, mexanik, fizik, kimyoviy jarayonlarda namoyon bo’ladi. Aks ettirishning bu shakllarini (ta’sirlanuvchanlik, iztiroblanuvchanlik, sezuvchanlik) ong bilan tenglashtirib bo’lmaydi, chunki ong aks ettirishning yuksak shakli hisoblanadi.
Materiya harakatining yuksakroq biologik shaklining kelib chiqqanligi aks ettirishning sifat jihatdan yangi shakli — ta’sirlanuvchanlikka o’tish uchun zarur shart bo’ladi. Ta’sirlanuvchanlik esa, hayot bilan birga paydo bo’lgan va tirik materiyaning eng muhim xossalaridan biri hisoblanadi. Tirik protoplazma bo’lgan har bir joyda iztiroblanish reaktsiyasi mavjuddir. Iztiroblanish xossasi modda almashinuvi bilan muqarrar bog’langan. Tirik oqsil vujudga kelgan hamonoq darrov ta’sirlanuvchanlik ko’rinadi. Bu tirik oqsil bilan muhitning o’zaro ta’sirida namoyon bo’ladi. Barcha mavjudotlar tashqi ta’sirga javoban bir qadar mustaqil ta’sirlanadigan bo’ladi. Tirik tabiatning tarixiy taraqqiyoti natijasida sezgilar vujudga keldi, ammo o’simliklarda sezgi yo’qligi ma’lum. O’simlik dunyosining hayot sharoiti sezgiga zarurat tug’dirgan emas. O’simliklar ta’sirchanligining eng tarqalgan shakli — bu ulardagi tropizm xossasidir. U g’oyatda xilma-xil bo’ladi, masalan, uning turlaridan biri fototropizm shunda ko’rinadiki, ya’ni o’simlik Quyosh nurlarining ta’siriga javoban reaktsiya ko’rsatadi. Yashil o’simliklar hayotida yorug’lik juda katta rol o’ynaydi. Yorug’lik yashil o’simliklar uchun energiya manbaidir. O’simliklar mumkin qadar nur energiyasini olmoq uchun yorug’likka intiladilar. Barglariga oftob nurlari qaysi tomondan ko’proq tushsa, barglar asosan o’sha tomonga qarab o’sadi. Hayvonot dunyosida ta’sirlanuvchanlik xossasi taraqqiyotining muayyan bosqichida sezgilarning kelib chiqishiga olib keldi. Dastlabki eng oddiy sezgilarning maydonga kelishi tirik tabiat taraqqiyotidagi yangi davr bo’ladi. Aks ettirishning muayyan shakli bo’lgan sezgilar hayvonot dunyosi taraqqiyotining ilk bosqichlarida kelib chiqishi bilan birga odamda ko’proq taraqqiy topdi va kamolga yetdi. Sezgi ob’ektiv olamning sub’ektiv obrazidir. Materiya bizning sezgi a’zolarimiz, ko’z to’r pardasiga va shu kabilarga, ya’ni muayyan suratda tuzilgan materiyaga bog’liq. Materiyaning mavjudligi esa sezgiga bog’liq emas. Odam miyasi va kishilarning ijtimoiy tabiatga ko’ra ko’proq taraqqiy topgan asab tizimi hayvonlarning sezgilariga qarama-qarshi o’laroq, odam sezgilarining yangi sifat xususiyatlarini keltirib chiqaradi. Hayvonlarning sezgilari ham, odamning sezgilariga ham tabiatda mavjud bo’lgan narsa va hodisalarning in’ikosidir. Ammo, odamning sezgi a’zolari aks ettira oladigan hamma narsani hayvonlarning sezgi a’zolari aks ettirishga qodir emas. Masalan, burgut odamga qaraganda ancha uzoqni ko’radi, lekin odamning ko’zi buyumlarda burgutning ko’ziga qaraganda ancha ko’p narsani ajratadi. Odamga nisbatan kuchuk birmuncha nozikroq hid bilish quvvatiga ega, lekin u odam uchun turli narsalarning muayyan belgilaridan iborat bo’lgan hidlarning yuzdan bir hissasini ham farq qila olmaydi. Fan odam bilan hayvonot dunyosi o’rtasida biologik — fiziologik ma’noda o’tib bo’lmaydigan chegara yo’qligini isbotladi. Eng yuksak darajada tuzilgan mavjudot — odam jonli tabiat taraqqiyotning eng yuksak mahsuli hisoblanadi. Hayvonlar ruhiyatning muhim xususiyati instinktlardir. Instinktlar — hayvonlar muayyan turining evolyutsiyasi jarayonida to’plangan ongsiz hayoti, «tajribasi»dir. Ular mutlaqo o’zgarmas narsa emas, aksincha, evolyutsiya jarayonida hayot sharoitiga qarab o’zgaradi, yangi instinktlar bilan almashinadi. Instinktlar murakkab shartsiz reflekslar bo’lib, organizmning tashqi ta’sirotiga javoban tug’ma his-tuyg’u, sezgidan iborat. Instinktlarda hech qanday g’ayritabiiy sir yo’q. Ular turli hayvonlarda turlicha namoyon bo’ladi. Hayvonlarning juda murakkab sezgi harakatlari ma’lum, masalan, asalarilar olti qirrali, chumolilar ko’p qavatli uyalar quradi, qushlar doimiy havo yo’llaridan uchib o’tadi, baliqlar o’zi bir vaqt tuxumdan chiqqan joyiga tuxum tashlaydi va boshqa ko’pgina misollar mavjud. Demak, hayvonlarga xos bo’lgan ruhiy hodisalar ularga har xil sezgi va instinktlarda ko’rinadi. Yuqorida aytilgandek instinktlar murakkab shartli bog’lanishlar sifatida yuzaga chiqadi, hayvonlarning yurish-turishi ana shu bog’lanishlar asosida vujudga keladi. Ammo yuqori darajadagi hayvonlarning ruhiyati shu hodisalar bilgangina cheklanmaydi. Ularda idrok faoliyatining elementlari, ong boshlang’ichlari, anglab, bilib aks ettirishning dastlabki eng oddiy shakllari borligini fan dalillar asosida isbotladi. Hayvonlarda ongli, rejali suratda harakat qilish qobiliyati asab tizimining taraqqiy etishiga muvofiq ravishda rivojlanadi va bu sut emizuvchi hayvonlarda ancha yuksak darajada turadi. Yuksak darajadagi ong odamlarga xos xususiyatdir. Ong voqelikning ham ratsional, ham hissiy in’ikosini qamrab oladi. Shuningdek, u inson hissiyotlari, irodasini ham o’z ichiga oladi. Iroda — insonning o’z xatti-harakatlarini ongli ravishda tartibga solish va ko’zlangan maqsadni amalga oshirishda uchraydigan jami to’siqlar (qo’rqinch, jur’atsizlik, shubha)larni yengishga bo’lgan qobiliyatdir. Iroda amaliy faoliyat jarayonida shakllanadi, insonning ham tashqi olam predmetlarini, ham o’z shaxsiy imkoniyatlarini bilishga asoslanadi. Barcha ruhiy jarayonlar singari hissiy-emotsional holatlar ham miya faoliyatining natijasidir. Hissiy holatlarning paydo bo’lishiga tashqi olamda yuz beradigan o’zgarishlar sabab bo’ladi. Insoniy his-tuyg’ular hayotning ijtimoiy sharoitlari bilan o’zgaradi. Boshqacha aytganda, u ijtimoiy sharoit bilan bog’liq holda namoyon bo’ladi. Emotsiyalar (his, tuyg’u) birinchidan, ifodali harakatlar (mimik va pantomimik harakatlar)ni; ikkinchidan, organizmdagi turli hodisalarni, ya’ni ichki a’zolar faoliyatining va holatining o’zgarishi (ko’pchilik hollarda bu o’zgarish emotsiya kechirayotgan odamning tashqi qiyofasida namoyon bo’ladi); uchinchidan, gumoral xarakterdagi, ya’ni organizmning qon tarkibidagi va boshqa kimyoviy o’zgarishlarni, shuning bilan birga modda almashinuvida bo’ladigan yanada chuqur o’zgarishlarni o’z tarkibiga oladi. Emotsiya qandaydir bir hissiyotning bevosita kechirilishidir. Ba’zi hollarda emotsiyalar ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. Bunday emotsiyalar odamni harakatlarga, mulohazalar aytishga undovchi kuchga aylanadi. Emotsiyalar qilinayotgan harakatlarning mavzusi bo’lish bilan birga, ba’zan faoliyatni tashkil qiluvchi jihatga, ba’zan esa faoliyatni buzuvchi jihatlarga aylanadi. Insonning haqiqatni izlashlari hech vaqt insoniy hissiyotlarsiz bo’lmagan va bo’lishi mumkin emas edi. Boshqa tomondan olganda, ortiqcha emotsiyaga berilish juda ko’p hollarda ob’ektlarni noto’g’ri aks ettirishga, xulosa chiqarish va baholashda mantiqsiz holatlarga olib keladi. Tafakkur — miyaning oliy mahsuli, ob’ektiv olamning tushunchalar, muhokamalar, nazariyalar va hokazolardagi in’ikosining faol jarayonidir. Boshqacha aytganda, tafakkur borliqning inson miyasida mavhumlashgan, umumlashgan, til bilan ifodalanadigan aks etishidir. Tafakkur avvalo ijtimoiy taraqqiyot bilan bog’liqdir, u o’zining paydo bo’lish xususiyatlari jihatidan ham faoliyat usuli jihatidan ham, o’z natijalari jihatidan ham ijtimoiy mahsuldir. Tafakkur kishilarning ijtimoiy ishlab chiqarish faoliyati jarayonida paydo bo’ladi va voqelikning vositali in’ikosini, uning qonuniyatli aloqalarini ochib berishni ta’minlaydi. Abstraktsiya, analiz va sintez, muayyan vazifalarni o’rtaga tashlash va ularni hal etish yo’llarini topish, gipoteza, g’oyalarni ilgari surish kabi jarayonlar tafakkurga xos xususiyatlardir. Tafakkurning voqelikni umumlashtirib aks ettirishi insonning umumiy tushunchalar tuzish qobiliyatida ifodalanadi. Inson ongining taraqqiyotida nutq, til g’oyat muhim ahamiyatga egadir. Tilning paydo bo’lishi bevosita mehnat bilan uzviy ravishda bog’liq. Odamning o’zini ham, tilini ham ijtimoiy mehnat yaratadi. Til tafakkur bilan chambarchas bog’liqdir. Inson nutqi bo’lmasa, til vositalari bo’lmasa, fikrlash ham bo’lmaydi, nutq fikrlash qurolidir. Tafakkur bo’lmasa nutq, tilning ham bo’lishi mumkin emas. Til va tafakkur bir-birisiz mavjud bo’lmasa ham, biroq, ular aynan bir xil narsa emas. Tafakkur — ob’ektiv reallikning in’ikosidir, til esa fikrni ifoda etish quroli, uni qayd qilish va boshqa kishilarga yetkazish, bildirish vositasidir. Til faqat tafakkurning ifodasi emas, balki uning tayanchi va taraqqiyot quroli hamdir. Kishilik jamiyati tomonidan yaratilgan va kashf etilgan barcha narsalar, hodisalar, tushunchalarni o’zida aks ettiruvchi til buyuk umumlashtiruvchilik rolini bajaradi. Jamiyatning taraqqiy etishi bilan tafakkur singari til ham taraqqiy etib boradi. Til ham ong kabi qadimiydir. Til — amaliy, haqiqiy ongdir, boshqalar uchun ham mavjud bo’lgan va xuddi shu tufayli men uchun ham mavjud bo’lgan ongdir, binobarin, til ong singari boshqa kishilar bilan muomala qilish ehtiyoji tufayli, muomala qilish zarurligi tufayli paydo bo’ldi. Hayvonlarda esa nutq yo’q, boshqacha aytganda, hayvonlar gapirmaydi. Ularning hayot sharoiti shundayki, natijada ularda so’zlashishga zarurat va imkoniyat yo’q. Hayvonlarning aloqa qilish vositasi har xil signallar berish bo’lib xizmat qiladi. Bu signallar tovush chiqarib yoki imo-ishora bilan beriladi. Maymunlarda bu hol ayniqsa yaqqol ko’rinadi. Ammo «signal berish sistemalariga» nutq boshlang’ichlarining vujudga kelishi uchun yagona shart-sharoit deb qarash kerak. Nutq — aloqa qilishning sifat jihatdan yangi vositasi bo’lib, faqat odamga xosdir. Til kishilarning bir-biri bilan aloqa qilish vositasi va fikrning bevosita ifodasidir. Kishilar fikr almashmaganida umuman zarur moddiy boyliklarni ishlab chiqara olmagan, tabiat kuchlariga qarshi birgalikda kurasha olmagan bo’lar edi. Fikr ayirboshlash esa, faqat til yordamida amalga oshiriladi. Til tafakkurning borliq shakli, tafakkur esa tilning mazmunidir. Demak, tafakkur va ong inson miyasining mahsulidir. Ongni, tafakkurni fikrlash organi bo’lgan miyadan ajratib bo’lmaydi. Ammo bu munosabatga asoslanib ongni moddiy deb hisoblash mumkin emas. Ongni moddiy deb hisoblash, tafakkurni materiyaning ko’rinishi yoki uning bir bo’lagi deb o’ylash mutlaqo noto’g’ridir. Ongni moddiylashtirishga urinuvchi vulgar materialistlar fikr moddiydir deb da’vo qiladilar. Bu oqimning namoyandalari Moleshott, Byuxner, Fogtlar esa jigar zardob ayirgani singari miya ham fikr ajratadi degan edilar. Ular ongni materiyadan iborat qilib qo’yib, uni materiya bilan tenglashtirib, fikrni borliqning moddiy ko’rinishi deb hisoblaydilar va shu tariqa materiya bilan ong o’rtasidagi, moddiy hodisa bilan ideal hodisa o’rtasidagi farqni inkor qiladilar. Ilmiy falsafa tabiatdagi barcha narsa va hodisalarda sezuvchanlik tafakkur va boshqa hayotiy funktsiyalar bor degan gilozoizm (Bruno, Rabine va boshqalar) ta’limotiga ham qarshi chiqadi. Bu g’oyaning xatoligi shundaki, u jonsiz tabiat bilan jonli tabiat o’rtasidagi farqni hisobga olmaydi. Aniq ifodalangan shakldagi sezgi materiyaning yuqori organik shakllarigagina xosdir, holbuki butun materiya in’ikos ettirish xususiyatiga, ya’ni tashqi muhit ta’siriga muayyan javob berish qobiliyatiga egadir. Bu xususiyat ma’lum darajada sezgi bilan o’xshashdir, lekin u bilan birday emas, shu tufayli tafakkur, ong butun materiyaga xos bo’lgan xususiyat deb bo’lmaydi. Hozirgi davrda fanning yangi sohasi bo’lgan kibernetikaning muvaffaqiyatlari munosabati bilan jonsiz tabiat predmetlarida ham fikrlash qobiliyati bor deb ko’rsatishga urinish kuchaymoqda. Turli boshqaruvchi sistemalarni va boshqaruv jarayonlarini o’rganuvchi kibernetika fani asosida ajoyib mashinalar yaratildi. Ulardan ayrimlari samolyotlarni, poezdlarni yoki murakkab ishlab chiqarish jarayonlarini boshqara olsa, boshqalari matnni aniq va tez bir tildan boshqa tilga tarjima qiladi, eng qiyin matematik topshiriqlarni bajaradi va hokazo. Bu mashinalar tashqaridan turli ma’lumotlar olishga, ularni «esda saqlab qolishga» layoqatlidir. Bu esa, ayrim olimlarning «aqlli» mashinalar sezish va hatto, fikrlash qobiliyatiga egadir, deb aytishlariga bahona bo’ldi. Kibernetika bazasida amalga oshirilayotgan tafakkur funktsiyalarini modellashtirish katta falsafiy ahamiyatga ega. Hozirning o’zidayoq bir qator tafakkur funktsiyalarini qayta hosil qiladigan kibernetika qurilmalarining yaratilishi ilmiy falsafaning asosiy qoidalaridan biri, ya’ni alohida sur’atda tashkil topgan materiyaning funktsiyalari bo’lmish tafakkur haqidagi qoidani isbotlab bermokda. Kibernetik mashinalarni tokomillashtirishning chegarasi bormi? Mashinalar o’z yaratuvchisi bo’lgan insondan o’zib ketishi va undan aqlliroq chiqishi mumkinmi? Bunday savollarga hozircha javob yo’q. Bu bahslarda turli nuqtai nazarlar ta’rifi mavjud. Kibernetika asoschisi N.Viner hisob mashinalarining imkoniyatlarini kattalashtirib yubormagan holda ularning fahm-farosatga o’xshash xislati bo’lishi kerak degan fikrni aytgan edi. Akademik A.Kolmagorovning fikriga ko’ra, avtomatlar eng murakkab sistemalar, masalan, tirik organizmlar va hatto inson miyasidek barcha asosiy xossalarga ega bo’lishi mumkin. Shuning uchun bunday sistemalar uchun avtomatlar degan so’zning o’zi birmuncha — shartli bo’lib, biz ularni tirik mavjudotlar deb atashimiz mumkin bo’ladi. Nevrolog Pol Kossa fikricha, inson yasagan mashina uning ishtirokisiz hech narsa qila olmaydi. Mashina inson xohlagan holatdaligicha, ya’ni ajoyib qurol holidagicha qolaveradi. Mashinada fikr qilish qobiliyati butunlay yo’q bo’lib, ijodchisining fikrini aks ettiradi, xolos. Chunki u ongdan — batamom mahrumdir. Akademik A.Berg esa kibernetika sanoatda ham, fanda ham, ijtimoiy hayotda ham inson o’rnini bosa olmaydi, hech qachon mashina jamiyati mavjud bo’la olmaydi, deb ta’kidlaydi. Insoniyat bir necha asrlardan buyon miya faoliyati haqidagi bilimlarni to’plashga urinib keldi va kelmoqda. Miya kishiga bilish, yaratishdek katta baxt keltiradi, koinot qa’riga chiqib borishga, bepoyon va benihoyat atom sirlarini bilishga imkon beradi. Miya murakkab biologik organizm bo’lib, uning o’rtacha vazni chamasi 1000-1400 gramm keladi. Odam miyasining mutlaq vazni qariyb barcha hayvonlarning miyasi vaznidan katta. Miya vaznining gavda vazniga nisbati jihatidan esa, inson umuman barcha hayvonlardan ancha yuqori turadi. Inson miyasida 14 milliarddan ortiq nerv hujayralari bo’lib, ularning kattaligi 5-200 mikron chamasi keladi. Inson xotirasi murakkabligi, samaradorligi jihatidan mashina xotirasidan ancha ustun turadi. Kibernetik mashinaning «elektron miyasi» issikda, sovuqda, namlikda, silkinishda ishlay olmagan holda inson miyasi esa bunday sharoitga osonlikcha moslasha oladi. Shuningdek, inson miyasi tejamli ishlashidan tashqari juda puxta sistemadir. Kibernetik mashinaning biron joyi ishdan chiqsa, butun mashinaning ishi to’xtab kolishi mumkin. Kibernetik qurilmada ong bo’lishi mumkinmi? Fan va texnikaning har qanday taraqqiyoti, shu jumladan kibernetik mashinalar taraqqiyoti ham insonlar amaliy faoliyatining natijasidir. Fikr va sezgi, iroda va fe’l-atvor, umuman insonning ruhiy faoliyatini tashkil etgan hamma narsa tabiat mahsuli, inson miyasining xossasidan iboratdir. Miya esa o’z xolicha fikr qila olmaydi. Kibernetik qurilma bilan inson miyasi o’rtasida katta tafovut bor. Inson miyasi kimyo, fizik qonuniyatlar bilan bir qatorda biologik qonuniyatlarga, shuningdek ijtimoiy qonuniyatlarga bo’ysunadi. Inson jamiyatdan ajralgan holda yashay olmasa, har qanday kibernetik mashina esa, muayyan sharoitlarda mutlaq yolg’iz mavjud bo’la oladi va o’z «qobiliyatlariga» zarar yetkazmaydi. Inson ongi esa ijtimoiy munosabatlar doirasiga kirgandagina paydo bo’ladi va rivojlanadi. Demak, inson ongi barcha ijtimoiy munosabatlar bilan chambarchas bog’langan bo’lib, u haqiqatda ham jamiyat taraqqiyotining mahsuli hisoblanadi. Shunday ekan, ong faqat inson miyasi faoliyatining mahsuli bo’lib, bunday narsa kibernetik qurilmaning elektron miyasida hech qachon bo’lmagan va bo’lishi ham mumkin emas. Kibernetik mashinalar bilan inson miyasida sodir bo’ladigan ayrim jarayonlar o’xshash bo’lsa-da, lekin ular o’rtasida juda katta farq bor. Inson tabiatning eng ulug’, ajoyib, qudratli ijodidir. Shunday qilib, pirovardida inson aqli kibernetik mashinalarni ancha takomillashgan holda ko’rishga imkon berdi. Bundan inson yaratgan mashinalar insondan ustun turadi degan xulosa chiqarmaslik kerak. Chunki insonning o’zi «aqlli» mashinalarni yaratadi va uni boshqaradi. Mashina insonsiz o’lik bir narsadir. Inson ongi tevarak-atrofdagi voqelikning taraqqiyotida faol ijodiy rol o’ynaydi. Insonning ongi ma’lum bir maqsadga qaratilgan jarayondir. Inson tashqi olamga bog’liq. bo’lib, tashqi olam insonning butun faoliyatini belgilaydi, biroq u insonni qanoatlantirmaydi. Shuning uchun inson o’z amaliy faoliyati bilan tashqi olamni o’zgartirishga harakat qiladi, voqelikning rivojlanish qonuniyatlarini bilishga intiladi. Ongning faol roli shundaki, u ob’ektiv dunyo qonuniyatlarini aks ettiradi, anglaydi, ularni bilib oladi hamda ulardan o’z manfaatlari yo’lida foydalanadi. Inson ma’lum bir maqsadni ko’zlab tabiatga ta’sir etar ekan, uni o’z manfaatlari yo’lida o’zgartiradi. Inson tabiat sirlarini tobora chuqurroq anglaydi va uning qonunlarini bilib boradi. Ishlab chiqarish usuli rivojlanishi va takomillashuvi bilan, insoniyat bilimlari o’sishi bilan odamning tabiatga ta’siri kuchaya boradi. Kishilarning mehnati bilan bunyod etiladigan moddiy va madaniy boyliklar ko’payadi. Kishilar tabiat va ijtimoiy taraqqiyot qonunlarini qancha chuqur va mukammal bilib olsalar, ularning amaliy faoliyati shuncha samarali bo’ladi. Download 88.98 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling