Mehnat huquqi asoslari


Download 29.16 Kb.
Sana31.03.2023
Hajmi29.16 Kb.
#1310899
Bog'liq
MEHNAT


MEHNAT_HUQUQI_ASOSLARI.
1. Mehnat huquqi tushunchasi va ahamiyati.
2. Mehnat huquqining sub’ektlari
3. Aholini ish bilan ta’minlash.
4. Mehnat intizomi va .
5 .Mehnat nizolari komissiyalari va ularning vakolatlari
Mehnat muhofazasi. Mehnat muhofazasi mehnat jarayonida insonning xavfsizligini ta’minlovchi, salomatligini va mehnat qobiliyatini saylovchi huquqiy normalar tizimidan iborat.
Mehnat muhofazasi xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarish sanitariyasini o’z ichiga oladi. Xavfsizlik texnikasi deyilganda xavfli ishlab chiqarish omillarining xodimlarga ta’sir etishini bartaraf qiluvchi tashkiliy tadbirlar va texnikaviy vositalar tizimi tushuniladi. Ishlab chiqarish sanitariyasi — zararli ishlab chiqarish omillarining xodimlarga ta’sir etishini bartaraf qiluvchi yoki kamaytiruvchi tashkiliy tadbirlar hamda texnikaviy vositalar tizimidan iborat.
Xodimlarning mehnat muhofazasini tartibga soluvchi normalar O’zbekiston Respublikasining «Mehnat muhofazasi to’g’risida»gi qonunlar kodeksida, shuningdek Respublika Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining huquqiy aktlarida, Vazirliklar va idoralar, davlat nazorat organlarining kasaba uyushmalari markaziy organlari bilan birgalikda yoki ular bilan kelishgan holda qabul qilingan huquqiy aktlarda berilgan. Mehnat havfsizligini ta’minlash, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining turlari, ishlab chiqarish asbob-uskunalari xavfsizligi, ishlab chiqarish jarayonlari, xodimlarni himoyalash vositalari, binolar va inshootlar xavfsizligi bo’yicha ishlarni tashkil qilishga nisbatan qo’yiladigan talablar davlat andozalari bilan belgilangan. Shular bilan bir qatorda mehnatni muhofaza qilishda ma’muriyat bilan kasaba uyushmasi qo’mitasi o’rtasida
Mehnat muhofazasi bo’yicha tuzilgan jamoa shartnomalari va bitimlari, ma’muriyat bilan kasaba uyushmasi qo’mitasi tomonidan ishlarni xavfsiz olib borish bo’yicha ishlab chiqariladigan holda tasdiqlanadigan yo’riqnomalar muhim rol o’ynaydi.
Mehnat muhofazasi normalarining mazmunini quyidagilar tashkil etadi:
— mehnat muhofazasi bo’yicha umumiy talablar;
— ishlab chiqarishda jarohatlanish va kasb kasalliklarining oldini olish;
— xodimlarning sog’lom va xavfsiz mehnat sharoitini ta’minlab berishda va ularni muntazam ravishda yaxshilab borishda ma’muriyatning majburiyatlari;
— mehnat muhofazasi talablariga rioya qilishda ishchi va xizmatchilarning majburiyatlari;
— xodimlar, ayrim toifalari (ayollar, voyaga etmaganlar, mehnat qobiliyati past bo’lgan shaxslar) mehnatini muhofaza qilishning qo’shimcha tadbirlari.
Mehnat muhofazasi talablariga jaavob beradigan, xavfsizlik guvohnomasiga ega bo’lgan ishlab chiqarish binolari xodimlarning mehnatini, salomatligini lozim darajada muhofaza qilishning zarur sharti hisoblanadi.
Xavfsiz va sog’lom mehnat sharoitini yaratish qonunga muvofiq korxonalar va tashkilotlarning ma’muriyati zimmasiga yuklatiladi. Xodimlarning sog’lom va xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’limlari bevosita javobgar hisoblanadilar.
Ma’muriyat mehnatni tashkil qilish jarayonida mehnat muhofazasi qoidalariga qat’iy amal qilishi, xodimlarning ham ularni bajarishlarini talab etishi lozim. Ma’muriyat barcha ish joylari texnika jihatdan lozim darajada jihozlanishini, ish sharoiti yaratilishini, texnika holati nazorat qilib borilishini; ishlab chiqarish binolaridan oqilona foydalanilishini; uskunalardan to’g’ri foydalanilishini va texnologiya jarayonlari to’g’ri tashkil qilinishini; xodimlar zararli mehnat sharoitlarining ta’siridan himoya qilinishini; ishlab chiqarish binolarining sanitariya-gigiena normalari va qoidalariga muvofiq ravishda saqlanishini; sanitariya-maishiy binolar lozim darajada jihozlanishini ta’minlashi zarur.
Ma’muriyat kasaba uyushmasi qo’mitasi bilan birgalikda ishlab chiqarish binolarida va qurilish maydonlarida ishlarni bajarish qoidalarini hamda xulq-atvor normalarini belgilab beradigan yo’riqnomalarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Shuningdek xodimlarning mehnat sharoitini yaxshilash ishlarini muntazam suratda amalga oshirish, ishlab chiqarishda jarohatlanish va shu singarilarning oldini olishga qaratilgan xavfsizlik texnikasi hamda ishlab chiqarish sanitariyasining zamonaviy vositalarini joriy etish majburiyati ham ma’muriyat zimmasiga yuklatiladi. Ish joylarini attestatsiya qilish mehnat sharoitini yaxshilash va uni muhofaza etishga xizmat qiladi. Ishchi va xizmatchilarni mehnat muhofazasi sohasida puxta tayyorlash haqidagi talablar, ularga xavfsizlik texnikasidan ta’lim berish, xavfsizlik texnikasiga, ishlab chiqarish sanitariyasiga, yong’in chiqishidan saqlanishga va mehnat muhofazasining boshqa qoidalariga rioya etish yuzasidan ma’muriyatning ishchi va xizmatchilarga yo’l-yo’riqlar berishi mehnat muhofazasini ta’min etishga xizmat qiladi.
Qonunda ishchi va xizmatchilarni ishlab chiqarish omillarining zararli ta’sir etishidan alohida himoya qilishga qaratilgan tadbirlar tizimi ko’zda tutilgan bo’lib, u ishchi va xizmatchilarni og’ir ishlarga, mehnat sharoiti zararli yoki xavfli bo’lgan ishlarga, shuningdek boshqa ba’zi ishlarga qabul qilish chog’ida ularni majburiy ravishda tibbiy ko’rikdan o’tkazish va keyinchalik vaqti-vaqti bilan tibbiy tekshiruvdan o’tkazib turishni nazarda tutadi.
Mehnat sharoiti zararli bo’lgan ishlarda, shuningdek alohida temperatura sharoitida bajariladigan yoki ifloslantiradigan ishlarda ishlovchi ishchi va xizmatchilarga maxsus kiyim-bosh, maxsus poyafzal saylovchi moslamalar va boshqa shaxsiy himoya vositalari (ko’zoynak, yorug’lik filtrlari) tekinga beriladi. Ishchi va xizmatchilar ishlarni bajarish chog’ida bu vositalardan foydalanishlari, ma’muriyat esa buni doimiy ravishda kuzatib borishi va maxsus kiyim-boshsiz, maxsus poyafzalsiz holda himoya moslamalarisiz ishga qo’ymasligi shart.
Ifloslanish bilan bog’liq bo’lgan ishlarda xodimlarga sovun, zararsizlantirish vositalari, mehnat sharoiti zararli bo’lgan ishlarda ishlovchi ishchi va xizmatchilarga esa sut, unga teng qiymatli mahsulotlar tekinga beriladi.
Mehnat sharoiti alohida zararli bo’lgan ishlarda xodimlarning sog’lig’ini mustahkamlash va kasb kasalliklarining oldini olish uchun ularga shifo-profilaktika oziq-ovqati tekinga beriladi. Issiq tsexlarda ishlovchi xodimlarni tegishli suratda ichimlik suvi bilan ta’min etish yo’lga qo’yiladi.
Korxonalarda yuz bergan salbiy hodisalarni aniqlash va ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf qilish maqsadida bunday hodisalarni tahlil etish, tekshirish va hisobga olib borish ham ma’muriyatning vazifasiga kiradi. Baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olib borish hamda bunday hodisalarni keltirib chiqaradigan sabablarni bartaraf qilish yuzasidan belgilangan tadbirlarning bajarilishi ustidan nazorat qilib borish ishini yuqori turgan organlar, vazirliklar, idoralar, korxona kasaba uyushmasi qo’mitasi: mehnatni muhofaza qilish bo’yicha jamoat inspektorlari, kasaba uyushmalarinint texnika bo’yicha inspektorlari, davlat nazorat organlari o’zlariga bo’ysungan korxonalarda amalga oshiradilar.
Ayollar mehnati. Ma’muriyat barcha ishchi va xizmatchilar uchun xavfsiz va sog’lom mehnat sharoitini ta’min etish bilan birga ayollar haqida alohida g’amxo’rlik qilishi lozim.
Homilador ayollarni yoki uch yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarni, 14 yoshga to’lmagan bolasi bor (16 yoshga to’lmagan nogiron bolasi bor) yolg’iz onalarni ishga qabul qilishni rad etish va shuni bahona qilgan holda ularning ish haqini kamaytirish qonun bilan taqiqlanadi. Ana shu toifa ayollarni ishga qabul qilishni rad etgan taqdirda ma’muriyat buning sabablarini ularga yozma ravishda ma’lum qilishi shart, ishga qabul qilishni rad etish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Homilador ayollarni va uch yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarni, 14 yoshga to’lmagan bolasi (16 yoshga to’lmagan nogiron bolasi bor) yolg’iz onalarni ma’muriyat tashabbusi bilan ishdan bo’shatishga yo’l qo’yilmaydi, (korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda ularni albatta, boshqa ishga joylashtirish sharti bilan ishdan bo’shatishga yo’l qo’yiladi. Ko’rsatib o’tilgan ayollar muddatli mehnat shartnomasi (kontrakt) muddati tugagani sababli ishdan bo’shatilganida ham ularni albatta, ishga joylashtirish nazarda tutiladi. Ishga joylashtirish davrida ularning o’rtacha ish haqi saqlab qolinadi, biroq bu muhlat muddatli mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzilgan kundan e’tiboran uch oydan oshmasligi kerak.
Ishsiz homilador ayol (agar homiladorlik davri 28 haftadan oshmagan bo’lsa) ish izlovchi shaxs sifatida davlat ish bilan band qilish xizmati tomonidan ro’yxatga olinadi. Basharti davlat ish bilan band qilish xizmati uni 10 kun mobaynida ish bilan ta’minlay olmasa, o’n birinchi kundan boshlab u ishsiz ayol maqomini oladi.
Homilador ayolga, u ishsiz deb e’tirof etilgan etilmaganidan qat’iy nazar 12 oy davomida 26 haftadan ortiq bo’lmagan muddat uchun respublikadagi eng kam ish haqi miqdorida ishsizlik nafaqasi to’lanadi.
Og’ir ishlarda va mehnat sharoiti zararli bo’lgan ishlarda, er osti ishlarida ayollar mehnatidan foydalanish taqiqlanadi. Er ostidagi ba’zi ishlarda, istisno tariqasida ayollar mehnatidan foydalanishga yo’l qo’yiladi. Ularga quyidagilar kiradi:
— ayol rahbarlik lavozimini egallagan va jismoniy bo’lmagan ishlarni bajargan taqdirda;
— ayol sanitariya va maishiy xizmat ko’rsatish ishlarida band bo’lgan taqdirda;
— ayol korxonaning er osti qismlarida stajirovka o’tayotgan taqdirda;
— ayol jismoniy mehnat hisoblanmagan ishlarni bajarish uchun vaqti-vaqti bilan korxonaning er osti qismiga tushishi lozim bo’lgan taqdirda.
Er osti ishlaridan ozod qilingan ayollar uchun ham mehnat sharoiti zararli ishlardan ozod qilingan ayollarga berilgan imtiyozlar saqlanadi.
Ayollarning ular uchun belgilab qo’yilgan normadan ortiq yuk ko’tarishlari va tashishlari ham taqiqlanadi. Ayollar ko’taradigan va tashiydigan yukning eng ko’p miqdori, orasida boshqa ish bilan ham mashg’ul bo’lganda, 15 kgdan ortiq bo’lmasligi kerak. 1,5m dan ko’p bo’lmagan balandlikka og’irligi 10 kgdan ortiq bo’lmagan yukni ko’tarishga ruxsat etiladi. Ish smenasi davomida doimiy ravishda yuk ko’tarish va tashish bilan mashg’ul bo’lganda yukning og’irligi 10 kg dan oshmasligi kerak. Butun ish smenasi davomida ko’tarilgan yukning umumiy og’irligi 7 tonnadan ortiq bo’lmasligi kerak, yuk aravachalar va konteynerlarda bir joydan boshqa joyga tashilganda kuch sarfi 15 kg dan rshmasligi lozim.
Ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga, ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlarida ishlatishga, emizikli bolasi bo’lgan ayollarni, shuningdek, 3 yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarni xizmat safariga yuborishga yo’l qo’yilmaydi. Bu qoida homilador ayollarga homiladorligi aniqlangan vaqtdan boshlab va shu haqda tegishli ma’lumotnoma taqdim etganlaridan keyin taalluqli bo’ladi. Bu qoida emizikli ayollarga bolani emizish bilan o’tgan butun davr uchun taalluqli bo’lib, bu davr hech qanday kalendar muddat bilan cheklanmagan.
Homilador ayollar va 12 yoshga to’lmagan bolasi bor ayollar ish vaqti tugaganidan keyin ham tungi vaqtlarda, shuningdek dam olish va bayram kunlarida navbatchilikka jalb qilinishlari mumkin emas. Uch yoshdan o’n to’rt yoshgacha bolasi bor (16 yoshgacha nogiron bolasi bor) ayollarni o’zlarining roziligisiz ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilish yoki xizmat safariga yuborishlilari mumkin emas.
Tibbiy ko’rik xulosasiga muvofiq, homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko’rsatish normalari kamaytiriladi yoxud ular engilroq bo’lgan hamda noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’sir etishini istisno qiladigan boshqa ishlarga avvalgi ishidagi o’rtacha ish haqi saqlanib qolgan holda o’tkaziladi. Homilador ayolga tibbiy xulosasiga muvofiq engilroq bo’lgan hamda noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’sir etishini istisno qiladigan boshqa ish berish masalasi hal etilguniga qadar u ana shu sabablar tufayli ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun korxona, muassasa, tashkilot mablag’lari hisobidan o’rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.
Birlashmalar, korxonalar, tashkilotlarning rahbarlari kasaba - uyushmalari qo’mitalari, sanitariya nazorati organlari bilan birgalikda xotin-qizlar jamoat tashkilotlarining ishtirokida tibbiy talablarga muvofiq ravishda homilador ayollar o’tkazilishi mumkin bo’lgan ish joylarini belgilaydilar va ular qilishlari yoxud uyga olib ishlashlari mumkin bo’lgan ish turlarini aniqlaydilar, shuningdek shu maqsadda hissadorlik asoslarida ishlab chiqarishlar va tsexlar tashkil qiladilar.
Ayollarga tuqquniga qadar 70 kalendar kun va tuqqanidan keyin 56 kalendar kun (tug’ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug’ilgan hollarda 70 kalendar kun) homiladorlik va tug’ish ta’tillari jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug’ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanganligidan qat’iy nazar, ayolga to’liq beriladi.
Ayollarning xohishiga qarab, ularga bola ikki yoshga to’lguniga qadar parvarishlash uchun qisman haq to’lanadigan ta’til berilib, shu davrda davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha nafaqa to’lanadi.
Yuqorida ko’rsatilgan ta’tildan tashqari, ayolning arizasiga muvofiq, unga bola uch yoshga to’lguniga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan ta’til beriladi.
Bolani parvarishlash uchun qisman haq to’lanadigan ta’tildan va ish haqi saqlanmagan holda beriladigan qo’shimcha ta’tildan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani amalda parvarishlayotgan qarindoshlari ham to’liq yoki uni qismlarga bo’lib foydalanishlari mumkin.
Ayol yoki yuqorida ko’rsatilgan boshqa shaxslar o’z xohishlariga qarab bolani parvarishlash ta’tili davrida to’liq bo’lmagan ish vaqti tartibida yoki uyida ishlashlari mumkin. Bunda ularning bolani parvarishlash uchun qisman, haq to’lanadigan ta’til davrida nafaqa olish huquqlari saqlab qolinadi.
Bolani parvarishlash ta’tili umumiy va uzluksiz ish stajiga, shuningdek mutaxassisligi bo’yicha ish stajiga qo’shiladi. Bolani parvarishlash ta’tili vaqtida ish joyi saqlanadi.
Homiladorlik yoki tug’ish ta’tillari oldidan, shuningdek bevosita undan keyin yoxud bolani parvarishlash ta’tili tugaganidan keyin ayolga uning arizasiga binoan navbatdagi yillik ta’til mazkur korxona, muassasa, tashkilotdagi ish stajidan qat’iy nazar beriladi.
Basharti ayol o’tgan ishlangan yil uchun ta’tilidan foydalanmagan bo’lsa-yu homiladorlik va tug’ish ta’tili kelgusi mehnat yilining bir qismini qamrab olsa, bunday holda uning iltimosiga binoan ikkala ta’til — o’tgan va joriy ish yillari uchun unga tegishli bo’lgan ta’tili homiladorlik va tug’ish ta’tiliga to’g’rilab qo’shib berilishi lozim. Yillik ta’tili homiladorlik va tug’ish ta’tili bilan bir vaqtga to’g’ri kelib qolgan taqdirda, yillik ta’til tuqqandan keyin beriladigan ta’til tugaganidan keyin berilishi kerak.
Emizikli bolasi bo’lgan onalar va bir yarim yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarga dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan umumiy tanaffusdang tashqari bolasini emizish uchun qo’shimcha tanaffuslar ham beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda bir marta, har biri kamida o’ttiz minutlik vaqt bilan belgilanadi. Bolani emizish uchun beriladigan tanaffuslar ish vaqti hisobiga kiritiladi va bu vaqt uchun o’rtacha ish haqi to’lanadi.
Homilador ayolning, 14 yoshgacha bo’lgan bolasi bor (16 yoshgacha nogiron bolasi bor) ayolning shu jumladan, o’z homiyligida bolasi bo’lgan ayolning yoki oilaning betob a’zosini parvarishlayotgan shaxsning iltimosiga ko’ra tibbiy xulosasiga muvofiq ma’muriyat unga to’liq bo’lmagan ish kuni yoki to’liq bo’lmagan ish haftasi belgilashi shart. Bunday hollarda ularning mehnatiga ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda yoki bajargan ishiga ko’ra haq to’lanadi.
Ma’muriyat bilan xodimning o’zaro kelishuviga ko’ra ishga qabul qilish chog’ida ham, shuningdek keyingi mehnat davrida ham basharti ayollar bolalarini parvarishlashi zarurligi sababli odatdagi grafik bo’yicha ishlay olmasalar, o’zgaruvchan ish grafigi joriy qilinishi mumkin.
15 yoshga to’lmagan bolasi bor ayollar uyga olib ishlash to’g’risida mehnat shartnomasi tuzishda imtiyozli huquqlardan foydalanadilar. 12 yoshga to’lmagan ikki va undan ortiq bolasi bo’lgan ishlovchi ayollarga bolalarini parvarishlashi uchun ishlab chiqarish sharoitlari imkon bergan davrda, ma’muriyat bilan kelishilgan holda ikki xaftaga qadar muddat bilan ish haqi saqlanmagan qo’shimcha ta’til olish huquqi beriladi; yillik ta’tilni yoz davrida yoki o’zlari uchun qulay bo’lgan boshqa vaqtda olish huquqi birinchi navbatda beriladi.
Nogiron bolani tarbiyalayotgan ota-onalardan biriga (vasiyga, homiyga) sanatoriyda davolanishning butun davri uchun vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi; oyiga qo’shimcha bir dam olish kuni berilib, unga ijtimoiy sug’urta mablag’lari hisobidan bir kunlik ish haqi miqdorida haq to’lanadi.
Homilador ayollar va bir yoshga to’lmagan bolali muallimalar attestatsiyaga kiritilmaydilar, o’rta maxsus o’quv yurtlarining o’qituvchilari va rahbar xodimlarini attestatsiya qilish chog’ida esa bu qoida bir yarim yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarga ham qo’llaniladi.
Yoshlar mehnati. Yoshlarni 16 yoshdan boshlab ishga qabul qilishga yo’l qo’yiladi. Alohida hollarda kasaba uyushmasi bilan kelishib, 15 yoshga to’lgan shaxslar, umumiy ta’lim maktablari, hunar-texnika bilim yurtlari (kollejlar) o’quvchilari sog’liqqa zarar etkazmaydigan hamda ta’lim jarayoniga xilof kelmaydigan engil mehnatni bajarish uchun bo’sh paytlarda 14 yoshdan ishga qabul qilinishlari mumkin.
15 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan voyaga etmagan shaxslar mexnat munosabatlarida voyaga etgan katta yoshdagi shaxslar bilan teng huquqlarga ega bo’ladilar, mehnat muhofazasi, ish vaqti, ta’tillar vakti va boshqa ba’zi mehnat sharoitlari sohasida esa imtiyozlardan foydalanadilar. 18 yoshga to’lmagan shaxslar mehnatidan og’ir ishlarda va mehnat sharoiti zararli yoki xavfli bo’lgan ishlarda, shuningdek er osti ishlarida foydalanish taqiqlanadi.
18 yoshga to’lmagan barcha shaxslar avval tibbiy ko’rikdan o’tkazilganidan keyingina ishga qabul qilinadilar va keyinchalik ular 18 yoshga to’lgunlariga qadar har yili tibbiy ko’rikdan majburiy tarzda o’tkazib turiladilar. Ularni tungi va ish vaqtidan tashqari ishlarga, shuningdek dam olish kunlari ishlashga jalb qilish taqiqlanadi.
15 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan ishchi va xizmatchilarga har yilgi ta’til yoz paytida yoki ularning hohishiga ko’ra yilning istalgan vaqtida beriladi. Yoz u bir kalendar oyga teng bo’ladi. Ular uchun ishlab chiqarish normalari katta yoshdagi xodimlar uchun belgilangan ishlab chiqarish normalariga asoslanib belgilanadi. Lekin bu norma 18 yoshga to’lmagan shaxslar uchun belgilangan qisqartirilgan ish vaqtiga mutanosib ravishda kamaytirilgan bo’ladi.
Kunlik ish vaqti qisqartirilgan hollarda ularga ish haqi kunlik ish vaqti to’liq bo’lgan tegishli toifadagi ishchi va xizmatchilarga beriladigan miqdorda to’lanadi. Ishbay asosida ishlashga qo’yilgan shaxslar mehnatiga katta yoshdagi xodimlar uchun belgilangan ishbay baholar bo’yicha haq to’lanadi. Bunda ularning katta yoshdagi xodimlarning kunlik ish vaqtiga nisbatan qisqartirilgan kunlik ish vaqti uchun katta yoshdagi xodimlarning tarif maoshi bo’yicha qo’shimcha, haq to’lanadi.
Umumiy ta’lim maktablarini, hunar-texnika bilim yurtlarini bitirib chiqqan yoshlarni, shuningdek 15-yoshdan 18 yoshga qadar bo’lgan boshqa shaxslarni ishga va ishlab chiqarishda kasb ta’limi olishga qabul qilish broni korxonalar va tashkilotlar uchun belgilab qo’yilishi mumkin.
Hunar-texnika bilim yurtlarini bitirib chiqqan yosh ishchilar hamda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarini tamomlagan shaxslar olgan ixtisoslari va malakalariga ko’ra ish bilan ta’minlanadilar. 15 yoshdan 18 yoshga qadar bo’lgan ishchi va xizmatchilarni ma’muriyat tashabbusi bilan ishdan bo’shatishda, ishdan bo’shatishning umumiy koidalariga rioya qilishdan tashqari, voyaga etmaganlar ishlari bilan shug’ullanuvchi komissiyaning roziligi bilangina yo’l qo’yiladi. Bunda korxonaning tugatilishi, shtatning qisqartirilishi, egallab turgan lavozimiga noloyiqligi, ishni ilgari bajarib kelgan shaxs ,shu ishga qayta tiklanishi sababli ishdan bo’shatishga alohida hollardagina yo’l qo’yiladi va mazkur xodim albatta boshqa ishga joylashtiriladi. O’qib turib ishlayotgan voyaga etmagan shaxslarni ishga joylashtirish o’ziga xos ba’zi xususiyatlarga ega. Ular kanikul vaqtida ham, o’qish davrida ham faqat maxsus ro’yxatda belgilab ko’yilgan korxonalar, muassasalar tashkilotlardagina ishlashlari mumkin.
Ular ishga kirayotganlarida turar joylaridan ma’lumotnoma, muayyan ixtisos bo’yicha ishga yaroqli ekanligi haqida tibbiy ma’lumotnoma, tug’ilganlik haqida guvohnoma yoki pasport, ota-onalaridan birining yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxsning roziligi bo’lgan shaxsiy ariza taqdim etishlari zarur. O’qib turib ishlayotgan o’smirlarning mehnat qilish va dam olishini huquqiy tartibga solishda o’ziga xos muhim xususiyatlar bor. Agar 16 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan ishchi va xizmatchilar uchun kuniga 6 soatdan, 15 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan ishchi va xizmatchilar uchun kuniga 4 soatdan ortiq bo’lmagan ish vaqti muddati belgilangan bo’lsa, 14 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan maktab o’quvchilari kuniga ikki soatdan ortiq, 16 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan maktab o’quvchilari esa kuniga 3 soatdan ortiq ishlashlari mumkin emas. Basharti maktab o’quvchisi ta’til paytida ishlasa, bu holda uning uchun ham kuniga to’rt soatdan ortiq bo’lmagan ish muddati belgilanadi.
O’smirlarga ularning iltimosiga ko’ra to’liqsiz ish haftasi sharoitida moslashuvchan grafik bo’yicha ishlashga, shuningdek uyda ishlashga ijozat berilishi mumkin, bunda o’quv mashg’ulotlari tez kunlarda ishdan holi tanaffuslar ham berilishiga yo’l qo’yiladi.
O’qib turib ishlayotgan o’quvchilarga ta’til kanikul paytida ishlangan har oy uchun ikki ish kuni hisobidan beriladi va ishlangan vaqtga mutanosib ravishda haq to’lanadi.
Agar kunlik ish vaqti qisqartirilgan hollarda 18 yoshga to’lmagan xodimlarga ish haqi kunlik ish vaqti to’liq bo’lgan tegishli toifadagi xodimlarga beriladigan miqdorda to’lansa, o’quv yili davomida ham o’qib, ham ishlayotgan o’smir ishlagan vaqtida mutanosib ravishda yoki bajargan ishiga ko’ra ish haqi oladi. Ammo bunda korxona, muassasa, tashkilot unga qo’shimcha haq belgilashga yoki boshqa xil imtiyozlar va afzalliklar berishga haqlidir.
O’qib turib ishlayotgan o’smir ishdan bo’shashi haqida uch kun avval ma’muriyatni yozma ravishda ogohlantirgandan keyin ishdan bo’shashi mumkin. Ma’muriyat esa ota-onalaridan birining yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxsning yozma ravishdagi arizasi bo’lgan, basharti ishni davom ettirish ularning sog’lig’i uchun xavfli bo’lsa yoki ular uchun boshqacha tarzda ziyon-zahmat etkazishi mumkin bo’lsa, bunday hollarda mehnat muhofazasi ustidan nazorat olib boruvchi organlarning va voyaga etmaganlar ishlari bilan shug’ullanuvchi komissiyaning yozma ravishdagi ruxsatnomasi bo’lgan taqdirdagina o’quvchini ishdan bo’shata oladi.
Ishdan bo’shatganda o’smirga mehnat daftarchasi emas, balki ishlaganligi haqida ma’lumotnoma berilib, unda ixtisosi (mutaxassisligi), malakasi, lavozimi va ishlagan vaqti ko’rsatiladi. Bo’ ma’lumotlarning barchasi keyinchalik mazkur shaxs umumiy asoslarda ishlay boshlaganidan keyin belgilangan tartibda tutiladigan mehnat daftarchasiga yoziladi.
Ishni ta’lim bilan birga qo’shib olib boruvchi xodimlar uchun imtiyozlar. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o’quv yurtlarida ta’lim olayotgan xodimlarga respublika qonunlarida muayyan imtiyozlar beriladi. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar ma’muriyati bunday xodimlarning ishni ta’lim bilan birga qo’shib olib borishlari uchun zarur sharoit yaratib berishi shart.
Ishni ta’lim bilan qo’shib olib boruvchi shaxslar uchun qonunda nazarda tutilgan imtiyozlar korxonaning ishlab chiqarish, mavsumiy yoki boshqacha xarakterdagi har qanday sabablardan qat’i y nazar berishi lozim. Ishdagi har qanday kamchiliklar, intizomiy nojo’ya xatti- harakatlar va shu singarilar ta’lim bo’yicha imtiyozlar berishga ta’sir etishi mumkin emas. Imtiyozlar berishni rad etish haqidagi har qanday kelishuv yoki ularni cheklashga mehnat qonunlarini ko’pol suratda buzish deb qaralmog’i lozim.
Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olayotganlar uchun beriladigan yuqorida ko’rsatilgan imtiyozlardan tashqari, o’rta umumiy ta’lim maktablari va hunar-texnika bilim yurtlari (kollejlar)ining o’quvchilariga maxsus imtiyozlar beriladi. Mazkur o’quv yurtlarining o’quvchilarini mashg’ulot kunlarida ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etish taqiqlanadi. Ular uchun ish haqlari saqlab qolingan holda qisqartirilgan ish haftasi yoki qisqartirilgan kunlik ish vaqti belgilab qo’yiladi.
Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarida ta’lim olayotgan xodimlar diplom ishini tayyorlashlaridan yoki davlat imtihonlari topshirishlaridan oldingi 10 o’quv oyi davomida olti kunlik ish haftasi bo’lganda haftada bir kun ishdan holi bo’lishga haqlidirlar. Bunday holda shu kun uchun olib turilgan ish haqining 50 foizi miqdorida, lekin eng oz ish haqidan kam bo’lmagan miqdorda haq to’lanadi. Ish haftasi besh kunlik bo’lgan taqdirda ishdan holi bo’ladigan kunlar miqdori ish smenasining muddatiga ko’ra o’zgaradi, lekin ishdan holi bo’ladigan soatlar miqdori saqlanib qoladi.
Korxona muassasa, tashkilot ma’muriyati oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarining oxirgi bosqichlarida o’qiyotganlarida ularning tanlagan ixtisosiga doir ish bilan bevosita ishlab chiqarishning o’zida tanishishlari va diplom ishini tayyorlashlari uchun tegishli o’quv yurtlarining tavsiyanomalariga asosan ish haqlari saqlanmagan holda yana bir oylik qo’shimcha ta’til berilishi mumkin.
Sirtdan ta’lim olayotgan o’quvchilarning laboratoriya ishlarini bajarish, sinov va imtihonlar topshirish maqsadida shu o’quv yurtlari joylashgan erga borishlari va u erdan qaytib kelishlari uchun yiliga bir marta 50 foiz miqdorida yo’lkira haqi beriladi. Diplom loyihasini tayyorlash uchun borib kelinganda ham shunday miqdorda yo’lkira to’lanadi.
Mehnat nizolari va ularni ko’rish tartibi. Mehnat nizolari — mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa me’yoriy aktlar, jamoa shartnomasi va mehnat to’g’risidagi boshqa bitimlar, shuningdek mehnat shartnomasi kontrakt shartlarining qo’llanilishi yuzasidan xodimlar bilan ma’muriyat o’rtasida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar va ixtiloflardan iborat.
Mehnat nizolari o’z mazmuniga ko’ra jamoaga doir va shaxsga doir mehnat nizolariga bo’linadi. Shaxsga doir nizolar muayyan xodim bilan ma’muriyat o’rtasidagi nizolar bo’lib, ular, odatda, xodimlarning mehnat munosabatlarini tartibga solib turuvchi me’yoriy hujjatlarni qo’llash borasida yuzaga keladi.
Jamoaga doir nizolar barcha xodimlarga taalluqli bo’lgan yangi mehnat sharoitlarini joriy qilish yoki mavjud mehnat sharoitlarini o’zgartirish, shuningdek, ma’muriyatning butun jamoaga nisbatan olgan o’z majburiyatlarini bajarishi borasida yuzaga keladigan nizolardir.
Mehnat nizolari o’z xususiyatiga ko’ra da’vo xarakteridagi nizolar va da’vo xarakteriga ega bo’lmagan nizolarga bo’linadi. Da’vo xarakteridagi nizolar mehnat to’g’risidagi me’yoriy aktlarni qo’llash bilan bog’liq holda yuzaga keladi. Bunday nizo davomida xodim da’vo ariza berish yo’li bilan o’z huquqlarining tiklanishiga harakat qiladi. Ular hamma vaqt shaxsiy xarakterga ega bo’ladi.
Da’vo xarakteriga ega bo’lmagan nizolarga amaldagi mehnat shartlarini o’zgartirish yoxud yangi mehnat shartlarini joriy etish bilan bog’liq holda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar kiradi. Ular shaxsiy xarakterga, shuningdek, jamoa xarakteriga ham ega bo’lishi mumkin.
Shaxsga doir nizolar mehnat nizolari komissiyasi yoki tuman, shahar sudlari tomonidan ko’rib chiqiladi.
Mehnat nizolarini ko’rib chiqish. Mehnat nizolari komissiyalari kamida 15 kishi ishlaydigan korxona, muassasa, tashkilot mehnat jamoasining umumiy yig’ilishida saylanadi. Saylash tartibi, komissiya a’zolarining soni, tarkibi va uning vakolat muddatini ham umumiy yig’ilish belgilaydi. Komissiya o’z tarkibi orasidan komissiya raisi, rais o’rinbosarlarini va kotibini saylaydi. Jamoa umumiy yig’ilishining qaroriga binoan bo’linmalarda ham mehnat nizolari komissiyalari tashkil etilishi mumkin. Ular bo’linma jamoasi tomonidan saylanadi. Mehnat nizolari komissiyasi mehnat nizolarini ko’rib chiquvchi boshlang’ich organ hisoblanadi, qonun hujjatlarida ko’rib chiqishning o’zgacha tartibi qo’llanilishi belgilab qo’yilgan mehnat nizolari bundan mustasno.
Basharti xodimning mustaqil ravishda yoki uning manfaatlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmasi tashkiloti ishtirokida ma’muriyat bilan olib borgan muzokaralarida mavjud kelishmovchilik hal etilmasa mehnat nizosi mehnat nizolari komissiyasida ko’rib chiqilishi lozim. Xodim o’z huquqlari buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo’lgan kundan e’tiboran uch oy muddat ichida mehnat nizolari komissiyasiga murojaat qilishi mumkin. Belgilangan muddat uzrli sabablarga ko’ra o’tkazib yuborilgan bo’lsa, komissiya bu muddatni qayta tiklashi mumkin. Mehnat nizolari komissiyasi mehnat nizosini ariza berilgan kundan e’tiboran 10 kun muddat ichida ko’rib chiqishi shart. Xodim yozma ariza bilan iltimos qilgandagina nizo uning ishtirokisiz ko’rib chiqilishiga yo’l qo’yiladi. Basharti xodim komissiya majlisida hozir bo’lmasa, uning arizasini ko’rib chiqish boshqa kunga ko’chiriladi. Agarda xodim komissiya majlisiga ikkinchi marta ham uzrli sabablarsiz kelmasa, komissiya mazkur arizani ko’rib chiqishni kun tartibidan olib tashlash xususida qaror qabul qilishi mumkin, ammo bu xodimni takroran ariza bilan murojaat etish huquqidan mahrum qilmaydi. Xodim mehnat nizosining qarab chiqilishida ishtirok etish uchun o’z hisobidan advokat taklif qilish huquqiga ega.
Mehnat nizolari komissiyasi o’z majlisida guvohlarni chaqirtirish, mutaxassislarni, korxonada faoliyat ko’rsatayotgan ishlab chiqarish vakillarini taklif qilish huquqiga ega.
Mehnat nizolari komissiyasi majlisida ishtirok etayotgan komissiya a’zolarining ko’pchilik ovozi bilan qaror qabul qiladi. Komissiyaning qarori ustidan xodim yoki ma’muriyat o’n kun muddat ichida sudga shikoyat qilishi mumkin. Bu muddatning o’tkazib yuborilganligi keyinchalik ariza qabul qilishni rad etish uchun asos bo’la olmaydi.
Mehnat nizolarini sudda ko’rib chiqish. Sud quyidagi hollarda mehnat nizolarini ko’rib chiqadi:
— basharti mehnat nizolari komissiyasi o’n kunlik muddat ichida mehnat nizosini ko’rib chiqmasa va manfaatdor xodim mehnat nizosini ko’rib chiqish uchun tuman sudiga o’tkazishga qaror bergan bo’lsa;
— xodimning, ma’muriyatning yoki xodim manfaatlarini himoya qiluvchi tegishli kasaba uyushmasining arizasiga binoan;
— mehnat nizolari komissiyasining qaroriga rozi bo’lmagan taqdirda ma’muriyatning arizasiga binoan;
— prokurorning arizasiga binoan.
Sudlarda bevosita quyidagi mehnat nizolari ko’rib chiqiladi:
a) mehnat nizolari komissiyasi saylanmaydigan yoki biror sababga ko’ra bunday komissiya tuzilmagan korxonalarda kelib chiqqan mehnat nizolari;
b) mehnat shartnomasi(kontrakt)ni bekor qilish asoslaridan qat’iy nazar ishga tiklash, ishdan bo’shatish vaqti hamda sababining ta’rifini o’zgartirish, majburiy progul vaqti va kam haq to’lanadigan ishni bajargan vaqt uchun haq to’lash haqidaga xodimning arizasi yoki prokurorning arizasi murojaatnomasiga binoan;
v) korxona, muassasa, tashkilotga etkazilgan moddiy zararni xodimdan undirib olish haqidagi ma’muriyatning murojaatnomasiga binoan;
g) mehnat vazifalarini bajarish chog’ida xodimning salomatligiga etkazilgan zarar o’rnini korxona qoplashi haqidagi xodimning arizasi yoxud prokurorning murojaatnomasiga binoan. Shuningdek boshqa korxonalardan o’tkazish tartibida ishga taklif etilgan shaxslarni ishga qabul qilishni rad etish; bron hisobidan ishga yuborilgan 18 yoshga to’lmagan shaxslarni; nogironlarni; homilador ayollar va uch yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarni; 14 yoshga to’lmagan bolasi bor (16 yoshga to’lmagan nogiron bolasi bor) yolg’iz onalarni; qonunlarga muvofiq mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzishi shart bo’lgan boshqa shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik to’g’risidagi nizolar ham bevosita sudda ko’rib chiqiladi. Mehnat nizosini hal qilib berishni so’rab sudga murojaat etish muddati. Mehnat nizosini hal etish to’g’risidagi ariza sudga xodim o’z huquqlari buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo’lgan kundan e’tiboran uch oy muddat ichida, ishdan bo’shatilganlik to’g’risidagi ishlar yuzasidan esa ishdan bo’shatilganlik to’g’risidagi buyruqning ko’chirma nusxasi olingan yoki mehnat daftarchasi olingan kundan e’tiboran bir oylik muddat ichida topshiriladi.
Ma’muriyatning xodim tomonidan etkazilgan moddiy zararni undan undirib olish masalasi bo’yicha sudga murojaat qilishi uchun xodim zarar etkazganligi ma’lum bo’lgan kundan e’tiboran bir yil muddat belgilangan.
Mehnat nizolari bo’yicha qaror chiqarish. Mehnat nizolari komissiyasi yoki sudning qarori bilan xodim g’ayriqonuniy asosda ishdan bo’shatilganligi yoxud boshqa ishga o’tkazilganligi taqdirda darhol ishga qayta tiklanishi lozim. Mehnat nizolari komissiyasi yoki sud ishga tiklash to’g’risida qaror qabul qilish bilan bir vaqtda xodimga majburiy progul vaqti uchun o’rtacha ish haqini to’lash yoki kamroq haq to’lanadigan ishni bajargan vaqt uchun oyligidagi farqni to’lash haqida qaror qabul qiladi, biroq bu muddat bir yildan oshmasligi kerak. Shuningdek xodimni g’ayriqonuniy ravishda ishdan bo’shatish yoki boshqa ishga o’tkazishda aybdor bo’lgan mansabdor shaxsga majburan qilingan progul vaqti uchun yoxud kamroq haq to’lanadigan ishni bajargan vaqti uchun xodimga ish haqi to’lanishi munosabati bilan korxonaga etkazilgan zarar uchun mansabdor shaxsning uch oylik maoshidan oshmaydigan miqdorda moddiy javobgarlik yuklatiladi.
Ishdan bo’shatish sababining ta’rifi noto’g’ri yoki amaldagi qonunlarga muvofiq emas, deya topilgan taqdirda mehnat nizolari komissiyasi yoki sud uni o’zgartirishi va ishdan bo’shatish sababini amaldagi qonunlarga to’la muvofiq ta’riflashi shart. Agar ishdan bo’shatish ta’rifining noto’g’riligi xodimning ishga joylashishiga to’sqinlik qilgan bo’lsa, bir vaqtning o’zida xodimga majburiy progul vaqti uchun o’rtacha ish haqi to’lash to’g’risida qaror chiqariladi, biroq bu muddat ham bir yildan oshmasligi kerak. Bunday hollarda mehnat daftarchasiga kiritilgan yozuvlar haqiqiy emas, deb hisoblanadi. Xodim mehnat daftarchasining haqiqiy emas, deb topilgan yozuvi qayd etilmagan dublikatini berishni talab qilishga haqlidir.
G’ayriqonuniy ravishda ishdan bo’shatilgan yoki boshqa ishga o’tkazilgan xodimni avvalgi ishiga tiklash to’g’risidagi, ishdan bo’shatish sababining ta’rifni o’zgartirish haqidagi, shuningdek xodimga shi haqi berish to’g’risidagi qaror darhol ijro etilishi lozim.
Mehnat nizolari komissiyasi yoki sudning g’ayriqonuniy ravishda ishdan bo’shatilgan yoki boshqa ishga o’tkazilgan xodimni avvalgi ishiga tiklash haqidagi qarorining ijrosi ma’muriyat tomonidan kechiktirilgan taqdirda mehnat nizolari komissiyasi, sud unga barcha kechiktirilgan davr uchun o’rtacha ish haqi yoki shu ish haqi o’rtasidagi farqni to’lash to’g’risida qaror chiqaradi.
Ayrim toifalardagi xodimlarni ishdan bo’shatish masalalari bilan bog’liq nizolarni ko’rib chiqish O’zbekiston, Qoraqalpog’iston, viloyatlar oliy davlat hokimiyati organlari saylab qo’yadigan, tasdiqlaydigan yoki tayinlaydigan rahbar xodimlarni, sudyalar, prokurorlar, ularning o’rinbosarlari va yordamchilarini ishdan bo’shatish, boshqa ishga o’tkazish, majburiy progul qilingan vaqt yoki kam haq to’lanadigan ishni bajargan vaqt uchun ularga haq to’lash, ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo’llash masalalariga doir nizolar yuqori turgan organlar tomonidan ko’rib chiqiladi.
Xodim avvalgi ishiga tiklangan hollarda unga majburiy progul qilingan vaqt yoki kam haq to’lanadigan ishni bajargan vaqt uchun haq to’lanadi, ammo bu muddat bir yildan oshmasligi lozim.
Download 29.16 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling