Men Nuhman
Download 0.53 Mb. Pdf ko'rish
|
Men Nuhman
- Bu sahifa navigatsiya:
- Muallif: Fazliddin Raxmonaliyev
- 5 –
Sodiq qabulxonadagi ayolning qarshisiga kelib toʻxtadi. - Yaxshimisiz? - Keling, - ayol tabassum bilan javob berdi. Sodiq unga guvohnomasini koʻrsatdi. - Jinoyat qidiruv boʻlimidan tezkor xodim Matkarimov. Ayolning yuzidagi tabassum shu ondayoq gʻoyib boʻldi. - Xizmat? - Hujjatlarigizni yaxshilab qarangchi, shu yerda oʻtgan yili iyul oyida Umid Yoʻldashev degan bolakay yotgan boʻlishi kerak. Oʻn ikki yoshda. Avtohalokat sababli shu yerga tushgan. - Biroz kutib tura olasizmi? Oʻtgan yilgi qabul daftari bu yerda emas. Hozir uni topib kelaman. - Ha, albatta. Kutib turaman. Ayol yoʻlak boʻylab yurib ketdi. Birozdan soʻng ayol qoʻlida katta daftar bilan qaytib keldi. - Ha boʻlgan ekan, - dedi u qaydlar daftariga qarab. - Uni palatasida hamxonasi ham boʻlgan. Samandar ismli katta yoshdagi odam. Ayol Samandar ismini qaytarib, qaytarib qaydlar daftaridan qidirdi. - Mana, topdim, - dedi u toʻsatdan. – Agar yana biroz kutib tursangiz uning kasallik varaqasini topib kelaman. - Sizdan minnatdor boʻlardim. 5 daqiqadan soʻng ayol qaytib keldi. U oʻzi bilan olib kelgan varaqaga koʻz tashladi. - Qobilov Samandar. 1969-yil 20-fevralda tugʻilgan. Kasalxonamizga oʻtgan yil 14-iyulda kelgan. Kelgandagi holati boʻyin sohasida shikastlanish, oyoq sinishi, ichki tan jarohatlari ham bor. Qovurgʻasining chap tomonidagi 2ta suyagi singan. - Qanday qilib bu holga tushgan? - Oʻsha kun yodimga tushdi. Oʻshanda undan tashqari yana bir necha oʻnlab ogʻir ahvoldagi odamlarni olib kelishgandi. Ularning baʼzilari shu yerni oʻzida Yaratganga omonatini topshirishgan. - Nima boʻlgan oʻzi? - Ular qurilish ishchilari edi. Ish olib borishayotgan maydonda baxtsiz hodisa sodir boʻlgan. Kran uzilib tushgan. Ular «Empire Co» kompaniyasining ishchilari edi. - Nima? «Empire Co» dedingizmi? - Ha, xuddi shunday. Ha aytgancha oʻsha bemorda keyinchalik jigar saratoni ham aniqlangan. - Unga qachon javob berib yuborgansizlar? - Unga javob bermaganmiz. - Tushunmadim? Qanaqasiga? - U shu yerda 15-avgust sanasida vafot etgan. - Nima? Ishonchingiz komilmi? - Ha, bu yerda shunday qayd etilgan. Sodiq oʻzini boshi berk koʻchaga kirib qolgandek his qildi. - Boʻlishi mumkin emas. Bu soʻzlar uning ogʻzidan shivirlab chiqdi. Umuman u buni ichimda aytdim deb oʻylagandi. Ayol uning soʻzlarini anglolmadi. - Tushunmadim? - Mayitni kim olib ketgan? - Hamkasblari edi, adashmasam. Aniqlashtirib beraman. - Eslay olmaysizmi, u bu yerdan biror marta ham xat joʻnatmaganmidi? - Yodimda yoʻq. - Uning oldiga koʻrgani kimlar kelganini bilsa boʻladimi? - Buning iloji yoʻq. Har bir tashrif buyuruvchini qayd qilib borolmaymiz. *** -Komil, gaplarimni eshitayapsanmi oʻzi? Bu gap uning xayollarini boʻlib yubordi. Yonidagi sherigiga qaradi. - Ha, Sherzod eshityapman. Necha kundan beri uni xayolidan ukasi ketmasdi. Faqat u haqida oʻylar, undan xavotir olardi. Oxirgi jangdan soʻng ukasi kasalxonaga tushib qoldi. Xorijda operatsiya qilindi. Hamon shifokorlar nazorati ostida. Faoliyatini davom ettira olishi soʻroq ostida qolmoqda. Ukasini tushkun ahvolda koʻrib u battar ezilmoqda. Ukasiga yordam berolmayotganidan siqilardi. Ukasi ich-etini kemirayotganini koʻrib azoblanardi. - Hech narsani eshitganing yoʻq. Xayoling qayerda? - Hamma gapingni eshitdim. - Unda oxirgi gapimni qaytar-chi? - Sherzod, bas qil. Qizil chiroq yonib Komil mashinani sekin toʻxtatdi. - Ukangni oʻylayapsanmi? - Ha. - Seni tushunaman, ammo xayolingni bir joyga yigʻib olishing kerak. 10 kundan keyin jahon chempionati. Bu turishingda qanday qatnashasan? - Bundan xavotirlanma. - Ahvolingni koʻrib xavotirlanmay boʻladimi? Komil yana ukasi haqida oʻylay boshladi. Nega bunday boʻldi. Balki bu qilgan gunohi uchun Xudoning jazosimikan? Lekin unda nima gunoh? Birdan yana sherigining ovozi uni oʻziga keltirdi. - Yashil yondi. Yurmaysanmi? Shundan soʻng mashina joyidan qoʻzgʻaldi. - Bu ahvolda mashina haydashing ham kerak emas. - Yana boshladingmi? - Bir nima qilib qoʻymagin deyman. - Qachondan beri bunchalik mijgʻov boʻlib qolding? Shu payt Komilning telefoni jiringlay boshladi. U telefon ekraniga qaradi. U yerda «Azizam» degan yozuvga koʻzi tushdi. Qoʻngʻiroqqa javob berdi. - Meni sogʻindingmi yoki biror narsa buyurtma qilish esingga tushib qoldimi? – dedi u yuzida tabassum bilan. Telefonning u tomonidan erkak kishining ovozi keldi. - Ikkisi ham emas. Komilning yuzidagi tabassum yoʻqolib, jiddiy tusga kirdi. - Kim bu? - Men zulmatdagi yorugʻlik. Sening ajaling. Men Nuhman. - Nimalar deyapsan? Kimsan? Xotinim qani? Uni nima qilding? - Xotining soppa-sogʻ. Yonimda. Agar undan shunchalik xavotir olayotgan boʻlsang, zudlik bilan uyingga kel. U shu yerda. Ixtiyoringda 20 daqiqa bor. Shoshilishingni tavsiya qilaman. Agar uni tirik koʻrishni istasang hech qayerga qoʻngʻiroq qilma. U shunday deb telefonni oʻchirdi. - Nima boʻldi? Tinchlikmi? – deb soʻradi Sherzod. - Qaysidir ablah xotinimni oʻgʻirlapti. - Nima? Hozir qayerga ketyapsan? - Uyga. U oʻsha yerda ekan. - Unda ketdik. - Sen bormaysan. - Esingni yedingmi? Seni yolgʻiz joʻnatmayman. Komil mashinani toʻxtatdi. - Mashinadan tush. - Yoʻq. - Tush deyapman. - Tushmayman, Sen bilan boraman. - Bunday qilma. Nargizni hayoti xavf ostida. Agar u seni koʻrib qolsa Nargizga biron nima qilib qoʻyishi mumkin. Sherzod noiloj mashinadan tushdi. - Meni tushun oʻrtoq. Militsiyaga ham xabar qila koʻrma. Vaziyat qaltis. Oʻzim hal qilaman. - Oʻzingni ehtiyot qil. Sherzod oxirgi gapini aytib boʻlguncha Komil mashinani vajohat bilan burib ketdi. Komil 10 daqiqada oʻzi yashaydigan koʻp qavatli uylar qarshisida toʻxtadi. Mashinadan tushib yugurib ketdi. Toʻrtinchi qavatga chiqdi va uyining eshigini oʻziga tortdi. Eshik ochiq edi. U ichkariga kirdi. Mehmonxonaga oʻtdi. U yerda baland boʻyli, jinsi shim, toʻq-koʻk rangdagi sport kiyimi va boshiga qora kepka kiyib kapyushon tashlab olgan odam uni kutib turardi. - Tez kelding, - dedi uni kutib turgan odam. - U qayerda? - Yon xonada. Boladek shirin uyquda. - Uni oʻz koʻzim bilan koʻrmoqchiman. «Kutilmagan mehmon» eshikka ishora qildi va dedi: - Bemalol. Faqat uygʻotib yuborma. Komil ichkari xonaga kirib ketdi. Xona qorongʻuligidan hech narsa koʻrinmasdi. Chiroqni yoqdi. Ayolini oʻz joyida uxlab yotganini koʻrib koʻngli joyiga tushdi. Yaqinroq borib haqiqatdan uxlayaptimi yoki yoʻqmi tekshirib koʻrdi. Soʻng peshonasidan oʻpib, chiroqni oʻchirib, xonadan chiqib ketdi. Eshikni yopib boyagi kimsa tomonga oʻgirildi. - Koʻrdinmi? - Kimsan? Niyating nima? - Kimligimni telefonda aytdim. Niyatimga kelsak adolatni qaror toptirmoqchiman. - Adolat? Qanaqa adolat? - Sen ringda urib oʻldirib qoʻygan yigit esingdami? - Ha esimda. Bu tasodif edi. Atayin qilmaganman. - Hechamda. Paytida toʻxtashiing mumkin edi. Lekin unday qilmagansan. - Senga nimaga hisob berishim kerak. Aybdor boʻlganimda jazoyimni olgan boʻlardim. Sud meni qamamadi. Sen kimsan eʼtiroz bildiradigan? Unga kim boʻlasan? - Men ham Oliy sudman. Faqat sen bilgan sudlardan farq qilaman. Senga oliy jazo oʻlim jazosini qoʻllayman. - Kulgimni qistatma. - Kel senga hech kimga bermagan imkoniyatni beraman. - Yaʼni? - Bahslashamiz. Bir kuch sinashib koʻrmaymizmi? Meni ham oʻsha bolani oʻldirgandek urib oʻldira olasanmi? Komil miyigʻida kulimsirab qoʻydi. - Beshta zarbamga ham chidolmaysan. - Buni hali koʻramiz. Komil mushtlari bilan hujumga tashlandi. Komil ketma-ket zarbalar berar, raqibi esa himoyalanardi. Birdan raqib tashlanib Komilni yiqitdi va ustiga chiqib olib zarbalar bera boshladi. Komil oyoqlarini koʻtarib uning orqasidan boʻynini qisib orqaga itardi va uni yiqitdi. Komil tezlik bilan uning ustiga tashlandi. Endi u Komilning boʻynini oyoqlari bilan mahkam qisib oldi. Komil uni koʻtarib yerga urdi. U Komilni qoʻyib yubormadi. Komil uni qayta koʻtarib bu safar oynali stolga soldi. Komil uning iskanjasidan qutulib chiqib ketdi. Raqibi oʻrnidan turayotgan edi hamki, Komilning kuchli zarbasidan xonaning burchagiga uchib tushdi. Komil borib uni yoqasidan tortib turgʻizdi. Shunda u Komilga kalla qoʻydi. Komil uni qoʻyib yuborib yuzini changalladi. U esa paytdan foydalanib Komilga ikkita zarba yoʻlladi. Ulardan biri chap yuzga, ikkinchisi jagʻga berilgan edi. U shundan keyin ham toʻxtamay qarshisida turgan tunggi yoritgichni olib Komilning boshiga soldi. Kutilmaganda Komil uning oyogʻini yon tomoniga tepdi. Zarbadan oyoqlari egilib ketdi va yiqilay deb turganda, Komil uning orqasiga oʻtib qoʻllari bilan boʻynidan boʻgʻa boshladi. Komil uni mahkam qisib olgandi. Har qancha harakat qilmasin Komilning changalidan chiqib ketolmadi. Shunda u orqasiga qistirib olgan hanjarni olib Komilning biqiniga tiqdi. Komilning koʻzlaridan oʻt chiqib ketdi. Bir lahzaga oyoq qoʻllari boʻshashdi. Lekin u yana oʻzida kuch toʻplab uni yanada kuchliroq boʻgʻdi. U hanjarni chiqarib yana oʻsha joyga zarba berdi. Keyin yana bir bor. Keyin Komilning qoʻliga, keyinroq esa oʻlim tahlikasida duch kelgan yeriga hanjarni sanchaverdi. Komilning qoʻllari esa sira boʻshashmasdi. Oxiri holsizlanib qolgan Komil uni qoʻyib yubordi va yerga choʻkkalab tushdi. Komil oʻzining qotiliga qarab: - Unga tegma, - deya oldi xolos. Qotil unga yana ketma-ket yetti bor zarba berdi. Komil yuztuban boʻlib yerga yiqildi. *** Mayor Mirkomilov qoʻlida fotorobotni ushlab turardi. Ikkinchi qoʻliga Sodiq bergan maʼlumotni oldi. - Demak bizda yagona gumondor bor. U ham boʻlsa oʻlgan. - Afsuski shunday, oʻrtoq boshliq. - U haqida deyarli maʼlumot yoʻq. Biz uni qachon va qayerda tugʻilganini bilamiz. 1987-yil harbiy xizmatni oʻtash uchun Afgʻonistonga joʻnatilgan. 1989-yilda u yerdan nogiron boʻlib qaytgan. Undan keyin u haqida umuman maʼlumot uchramaydi. Birorta davlat idorasida ishlamagan. Uylanganligi toʻgʻrisida ham qayd qilinmagan. - Oilasi haqida qandaydir maʼlumot bormi? - Ota-onasi u Afgʻonistondaligida vafot etishgan. Avtohalokatda. Akasi bor ekan. - Juda soz. U bilan gaplashish kerak. - Bajariladi, oʻrtoq boshliq. Suhbatga boyadan beri ularni kuzatib oʻtirgan Hamidulla Rustamov aralashadi. - Biz toʻgʻri yoʻldan ketyapmizmikan? Undan shubha qilishimiz uchun nima asosimiz bor? Bir bolakayning gapimi? Uning savollariga Sodiq javob berdi. - Bizda boshqa tanlov bormi? - Hamidulla javob berolmadi. - Yoʻqdan koʻra shu ham yaxshi- ku. Keyin koʻp narsa bir-biriga mos kelyapti. U «Empire Co» kompaniyasining ishchisi boʻlgan. Bu Erkin Turgʻunovning qurilish kompaniyasi. - Nima? Shu gap rostmi? – dedi mayor. Sodiq mayor tomonga burildi. - Ha, oʻrtoq boshliq. Turgʻunovning ishchilari ishlaydigan joyda kran uzilib tushgan. Ishchilar oʻlgan, ogʻir jarohat olishgan. Ularning orasida gumondorimiz ham boʻlgan. Ehtimolki buning uchun u Turgʻunovdan qasd olmoqchi bolgandir. Kasalxonada yotganida bolakay bilan tanishib qolgan va aktyorimiz Jahongir Azizov haqida bilib olgan. Hammasi mos kelyapti. - Bir narsani unutding Sherlok Xolms, - dedi Rustamov. - Nimani? - U oʻlgan. Jinoyatni uning arvohi bajarganmi? - Yoʻq, u tirik boʻlganda ham bu ishlarni qilolmasdi. U xasta edi. Ancha qarib ham qolgandi. Agar u voris tayyorlab ketgan boʻlsa-chi? - Davom et. - U tinmay komgadir xat yozganini bilamiz. Kimgadir murojaat qilgan. Unga mana shu oʻzi bajara olmaydigan ishlarni vazifa qilib topshirgan. Unga kimlarni nima qilish kerakligini tayinlagan. - Xoʻsh, seningcha oʻsha odam kim? - Shuni aniqlash niyatidaman. Shu mahal eshik taqillab qoldi. - Kiring, - dedi mayor. Xonaga Umarov kirdi. Uning koʻrinishi bejo edi. - Tinchlikmi? Nima boʻldi? - Navbatdagi qotillik. Xonadagi uchchala shaxs oʻrnidan sapchib turdi. - Nima? Qachon? Qayerda? - Borib koʻrasizmi? - Albatta, jin ursin. Bu safargi qurbon kim? - Boks boʻyicha chempion Komil Turdiyev. *** Mayor Mirkomilov jinoyat joyidagi besaranjomlikni koʻrib tushunolmadi. - Bu yerda nima boʻlgan? Bomba tushganmi? - Aftidan bu yerda qurbon bilan qotil oʻrtasida kurash ketgan, - dedi Umarov. Mayor murdaga koʻzi tushdi. Umarov uning bermoqchi boʻlgan savolini ilgʻagandek javob berdi. - 17 ta joyidan pichoqlangan. - Chempionimizning yaxshigina qarshilik koʻrsatgan koʻrinadi. - Mayor murdadan nigohini olib Umarovga yuzlandi. – Uyda hech kim boʻlmaganmi? - Boʻlgan. Marhumning rafiqasi. - Nima? Unga nima boʻlgan? - U tirik. Hozir kasalxonada. Bu manzarani koʻrib ayol shoʻrlik koʻtarolmadi. Hushidan ketdi. Kasalxonaga olib ketishdi. - U uyda boʻlganmi? Hammasini koʻrganmi? - Yoʻq, u hech narsani koʻrmagan. - Qanday qilib? - Yaxshisi marhumning doʻsti bilan gaplashganingiz maʼqul. U hammasini aytib beradi. - Qani u? - Pastda, xizmat mashinasida. Xodimlar uni oʻziga keltirish uchun olib chiqishgandi. Boʻlib oʻtgan ish unga ham qattiq taʼsir qilgan. Mayor chiqishga hozirlik koʻrib endi eshik tomon burilayotgan ediki, Umarov uni toʻxtatib qoldi. - Yana bir narsa bor. Siz koʻz tashlashingiz kerak. - Nimani aytyapsiz? Umarov ularni xona oʻrtasidagi stol oldiga olib bordi. Stol ustida oq qogʻoz turardi. Qogʻozga nimalardir yozilgandi. Mayor yaqinroq borib oʻqidi: « Meni toʻxtatinglar, lekin avval tutib olinglar». - Bu gʻalamis ustimizdan kulyapti. Agar uni toʻxtatmaslik, u bundan battarini ham qiladi. Ular jinoyat joyini tark etishdi va koʻchaga chiqishdi. Ular marhumning doʻsti Sherzod oʻtirgan mashinaning oldiga borishdi. Sherzod mashinadan tushdi. U hamon shok holatidan chiqib ketmaganligi bilinib turardi. - Nima bolganini gapirib bering, - deya maqsadga oʻtdi mayor. - U bilan mashinada ketayotgan edik. Birdan unga qoʻngʻiroq boʻldi. Bu Nargizning raqami edi. - Yaʼni uning rafiqasi, shundaymi? - Ha. U qoʻngʻiroqqa javob berdi. Keyin darhol aft-angori oʻzgarib ketdi. U Nargizni oʻgʻirlashganini aytdi. Men ham u bilan bormoqchi edim. U koʻnmadi. Meni yoʻlda qoldirib ketdi. Uni yolgʻiz joʻnatmasligim kerak edi. Nima boʻlganda ham u bilan borishim kerak edi. - Unda hozir men bilan gaplashib turmagan boʻlardingiz. Sherzod mayorga tushunqiramay qaradi. -A? - Keyin nima qildingiz? Militsiyaga xabar berdingizmi? - Dastlab qoʻngʻiroq qilish-qilmaslikka oʻylandim. Komil menga militsiyaga qoʻngʻiroq qilmaslikni qattiq tayinlagan edi. Shundoq boʻlsa ham keyinroq oʻylab-oʻylab qoʻngʻiroq qilishga qaror qildim. Ammo kech qolibman. - Ha, kech qoldingiz. Darhol qoʻngʻiroq qilish kerak edi. Endi bir muhim savolimga javob bersangiz. Faqat rostini aytishingizni soʻrayman. Jinoyatni fosh qilishda muhim bu. - Albatta. Har qancha savolingiz boʻlsa javob beraman. - Marhum biror bir odamning joniga suiqasd qilganmi? Sherzod biroz oʻylanib soʻng javob berdi. - Ha, shunday voqea boʻlgan. 4 oy avval jang payti u raqibini urib oʻldirib qoʻygan. Lekin bu atayin qilingan ish emasdi. Ringda bunday hol avvallari ham uchragan. - Va sizlar yaxshigina advokat yoʻllab uni qutqarib qolgansizlar. Sherzod bu savolga javob berdi.Mayor Mirkomilov qayrilib orqasiga yurib ketdi. Sodiq Hamidullaning oldiga yaqinlashib keldi va soʻradi: - Boshliqqa nima boʻldi? Nega oʻzini bunday tutyapti? - Asablari charchagan. Qotilni tutolmay hunob boʻlyapti. Sodir boʻlayotgan qotilliklarni oldini ololmaganligi uchun oʻzini ayblamoqda. Sodiq mayorning ketidan borib unga yetib oldi. - Yoʻq demasangiz menda bir taklif bor. - Qanday taklif? - Meni yaxshi profayler tanishim bor. Uni ishga jalb qilib koʻring. - Profayler yollash? - Mirjamol Husanov. U oʻz sohasida anchagina taniqli. Ichki ishlar bilan hamkorlik qilib turadi. Bir nechta jinoyatchilarni uning yordami bilan topishgan. - Yoʻqotadigan narsamiz qolmadi. Mayli, chaqiraver. ***. Mayor marhumning rafiqasi yotgan palataga kirdi. Ayol koʻz yosh toʻkib oʻtirardi. Xonaga odam kirganini koʻrib koʻz yoshlarini artdi, oʻrnidan turdi. - Assalomu alaykum, keling. Kimsiz? - Men jinoyat qidiruv boʻlimidan mayor Mirkomilov boʻlaman. Eringizni qotilligi boʻyicha tergov olib boryapman. Agar imkoningiz boʻlsa, sizga beradigan savollarim bor edi. - Ha, albatta. Savollaringizni berishingiz mumkin. - Avvalo hamdardligimni qabul qiling. Alloh sabr bersin. - Rahmat. - Bu qanday sodir boʻldi? Sizga hujum qilishdimi? Uni koʻra oldingizmi? - Yoʻq. Menga hamla qilgan odam kimligini bilmayman. U ortimdan hujum qildi. Men doʻkonga tushib qaytayotgandim. Zinapoyadan chiqayotganganimda pastda kimdir borligini koʻrgandek boʻlgandim. Ammo unga unchalik eʼtibor bermagandim. Eshikni ochayotgan edim birdan kimnidir qoʻli yuzimni changalladi. Burnimni toʻsgan matoning oʻtkir hidi hushimni ketkazdi. Keyin yana qandaydir oʻtkir hiddan oʻzimga keldim. Qarasam tepamda toʻla begona erkaklar, yana yotoqxonamda. Qoʻrqib ketdim. Keyinroq ular orasida Sherzodakani koʻrdim? Undan nima boʻlayotganini soʻradim. U esa javob berish oʻrniga tinmay yigʻlardi. Keyin… Ayol yana koʻz yoshlariga erkinlik berib yubordi. - Uyogʻini gapirmasangiz ham boʻladi. Jinoyatchini biror nimasini eslab qola oldingizmi? - Yoʻq. 6 Sodiq Mirjamolga ishni qisqacha tushuntirdi. Soʻng uni jinoyat sodir etilgan joyga olib kirdi. Mirjamol xonani aylanib hamma narsani sinchiklab tekshirib chiqdi. Uning eʼtibori xatga tushdi. Sodiq uning savolini sezgandek oldindan javob berdi. - Buni qotil qoldirgan. Mirjamol uzoq vaqt xatga termulib turdi. Sodiq Mirjamolni bu bir parcha qogʻoz ichidan nimani bunchalik izchillik bilan qidirayotganini tushunmadi. Mirjamol xatdan koʻzini uzib Sodiqga yuzlandi. - Menga bu xat kerak. Uni tekshirish uchun olib tursam boʻladimi? - Albatta. Mirjamol sellofan qopchaning ogʻzini ochib xatni ichiga joyladi. Soʻng murdaga yaqinlashdi. Uni ham koʻzdan kechirgach Sodiqning oldiga keldi. - Menga qotilliklar sodir boʻlgan sana va vaqt, shuningdek manzilni ayt. - Birinchisi 24-mart kechki 7da. - Manzil? - Zavqiy koʻchasi. Ikkinchi qotillik 30-mart kechki 8da. Jinoyat joyi Gʻallakorlar. Uchinchisi shu yer. Oʻlim vaqt kunduzgi 3. - Tahririyatga qoʻngʻiroq nechida boʻlgandi? - 13:00da. Istiqlol prospektidan. - Bu qachon sodir boʻlgan? - 28-da. - Ana u birinchi qurbonning haydovchisi kirgan pivoxona manzili qayerda? - Yangi yoʻl koʻchasida. - U doim bir xil vaqtda kirardi, shundaymi? - Ha. Kechki 8da. Ishdan soʻng. - Tushunarli. Mirjamol smartfonini olib gugl xaritaga kirdi va aytilgan manzillarni qidiruvga kiritdi. Birozdan soʻng telefonini qulflab choʻntagiga soldi. - Men birinchi va ikkinchi jinoyatlar sodir etilgan joylarni koʻrishim kerak. - Yaxshi, yur seni oʻzim olib boraman. *** Oybek «Emirates» kafesi qarshisida biroz toʻxtab turdi-da, soʻng ichkariga kirdi. Koʻzlari qidirayotgan insonini tezda topdi. Kelishgan mallasoch ayol uni qoʻli bilan imladi. Oybek Umarov u oʻtirgan stolning oldiga keldi. Ayol turib uni qarshi oldi. - Assalomu alaykum, Oybek aka. - Vaalaykum assalom, Diyora. Yaxshimisan? Koʻp kutib qolmadingmi? - Yoʻq, oʻzim ham biroz avval keldim. - Unda oʻtiraylik. Ular oʻtirishlari bilan ofitsiant yigit yetib keldi. - Xush kelibsiz, nima buyurasizlar? Oybek ayolga yuzlandi. - Nima buyuraylik? – Ayol yelka qisib qoʻya qoldi. Oybek ofitsiantga qarab: - Bizga 2ta norin va non bersangiz, - dedi. - Ichishgachi? - Qora choy. - Yana nimadir buyurasizmi? - Hozircha shu. Ofitsiant ularni tark etdi. - Ahvollaring qalay, - deya gap boshladi Oybek. - Yaxshi. Oʻzingizdachi? Ishlaringiz yaxshimi? - Ha, rahmat boʻlyapti. Nima yangiliklar? - Aytarli hech qanday. Lavozimimni oshirishdi. - Rostanmi? Tabriklayman. - Rahmat. - Iqtidoringa hech qachon shubhalanmaganman. Bundan ortigʻiga munosibsan. Oybek sekin uning stol ustida turgan qoʻlini ushladi. Ayol qoʻlini tortib oldi. - Iltimos, bunday qilmang. - Hali ham hech narsa oʻzgarmaptida? Hali ham mendan nafratlansanmi? Shuncha vaqt oʻtsa ham-a? - Bas qiling. Yana shu mavzuga toʻxtalmoqchi emasman. Sizni buning uchun chaqirmadim. Bugun oʻgʻlimizning tugʻilgan kuni. Yodingizdami? - Albatta. Qanday unutay? Agar hayot boʻlganida bugun 10 yoshni qarshi olardi. Shu mahal ofitsiant kelib qoldi. U taomlarni qoʻyib yoqimli ishtaha tilab ketdi. Oybek gapida davom etdi. – Bilaman, uning oʻlimida meni ayblaysan. Haqsan, albatta. Lekin ishon buni istamaganim. Agar imkoni boʻlganida edi, uni saqlab qolish uchun hamma nasa qilardim. Biror-bir kun yoʻqki, bu haqida oʻylamagan boʻlsam. - Ammo u yoʻq. Tushunyapsizmi? Uni qaytarolmaysiz. - Haqsan. - Qabrini ziyorat qilishga bordingizmi? - Yoʻq hali. Endi boraman. Erta tongdan ishga chaqirishgan. Vaqtim bolmadi. - Hali ham oʻshandaysiz. Hech oʻzgarmagansiz. Har doimgidek ishingiz hammasidan ustun. Koshki edi boshqa ishda ishlaganingizda. Balki bari boshqacha boʻlarmidi. Mayli buni qoʻyaylik. Nimaga sizni chaqirganimga keladigan boʻlsak, - u sumkasidan bir varoq qogʻoz bilan bitta oqqogʻoz oldi va uni Oybekka uzatdi. – Buni yaqinda uning narsalarini yigʻishtirayotganimda topib oldim. - Oqqogʻozda rasm chizilgandi. Unda kichkina bolakay dadasining qoʻlidan mahkam ushlab olgani tasvirlangandi. Dadasi supermen kiyimida koʻkragini kerib turardi. Oybek varoqqa nigohini olib oʻtdi. Unda insho yozilgandi. Sarlavhasi quyidagicha: «Mening qahramonim» Oybek varoqdan koʻzini olib qochdi. Ayol qarshisida koʻz yoshini yashirish uchun boshini quyi solib oldi. – U inshosini topshirishga ulgurmagan ekan. Bu sizda turishi kerak oʻyladim. Bunda haqqingiz bor. Mayli endi men boray. Yaxshi qoling. Ayol shu soʻzlarni aytib chiqib ketdi. Oybek inshoni oʻqishda davom etdi. «Mening dadam dunyodagi eng zoʻr dada. Ularni juda ham qattiq yaxshi koʻraman. Ular ham meni yaxshi koʻradilar. Ular doim menga «koʻzlaringda oʻzimni koʻraman» deydilar. Dadam mening eng yaqin doʻstim. Ularga hamma sirimni ayta olaman. Ular hamisha menga yordam beradilar, qoʻllab-quvvatlaydilar. Meni dadam militsiyachi. Ular yomon odamlarni ushlab jazolaydilar. Katta boʻlsam ularga oʻxshab militsiyachi boʻlaman. Men bilan faxrlanib yuradilar. Xuddi men ulardan faxrlanganimdek». Oybek varoqni yuziga bosdi. -Bolajonim… Meni kechir… Bu voqea Oybekning yodidan hech qachon chiqmaydi. Oʻshanda u oilasi bilan mashinada ketardi. Xotini doʻkonga kirib chiqishi kerakligini aytdi. U doʻkon oldida mashinani toʻxtatdi. Xotini doʻkonga kirib ketdi. Oʻgʻli orqa oʻrindiqda oʻtirardi. Oʻgʻli bilan gaplashib oʻtirar ekan, bir mahal yoʻlning narigi yuzdagi taqinchoqlar doʻkonidan 3ta niqobli odamlar chiqib kelayotganini koʻrib qoldi. Darhol oʻgʻliga mashinadan chiqmay oʻtirishni buyurib mashinadan tushdi va oʻgʻrilar tomonga yugurib ketdi. Ular mashinaga chiqishayotgan edi. Yugurib yetib borib eshikni ochdi va bittasini tortib tashqariga chiqardi. Qolganlari esa mashinani oʻt olgizib juftakni rostlashdi. Ammo Oybek qachon oʻgʻli mashinadan tushganini koʻrmay qolgandi. Balki ketidan darrov tushgandir. Nima boʻlganda ham uni yolgʻiz qoldirish kerak emasdi. Bola unga qarab yoʻlni oʻrtasida turardi. Mashina esa toʻxtay demasdi. Toʻxtamadi ham. Buning bari juda tez sodir boʻldi. Oybek jon holatda 1-2 qadam tashlashga ulgurdi xolos. Oybek shuncha yildan beri oʻzini bu qilmishi uchun kechirolmaydi. Oʻzini jazolashga harakat qiladi. Ammo qanday jazo tayinlashni bilmaydi. Aytishadiku, aybingni vijdoningdan soʻra. Javob boʻlmasa ikkisidan biri yoʻq. Yoki aybing, yoki vijdoning. Lekin Oybek har ikkisini ham his qilardi. Xotini undan nafratlanganchalik bor. U oʻzini-oʻzi kechirolmayapti-yu, xotini qanday kechirsin? Oʻsha voqeadan soʻng Oybek xotinidan ham ayrildi. Ular ajralishdi. Oʻgʻlining qabri ustida tura turib Oybek shularni esladi. - Sening qahramoning boʻlolmadim. Senga pand berdim. Onang haq. Men ishimdan boshqa narsani oʻylamaydigan badbaxtman. U mendan qattiq xafa. Toʻgʻri qiladi. U seni menga ishonib topshirib ketgandi. Men-chi? Men nima qildim? Nega seni yolgʻiz qoldirdim? Koshki oʻshanda aytganimni qilib mashinada qolganingda edi. Qani edi vaqt mashinasini yaratsamu, vaqtni orqaga qaytarib seni saqlab qolsam. Bu haqida har kuni oʻylayman. Bizga sen yetishmayapsan. Sen yoʻq oilamizning quvonchi yoʻqoldi. Sensiz oilamiz parchalanib ketdi. - Oybek choʻkkalanib qabrga qoʻlini qoʻydi. - Tugʻilgan kuning muborak. U yoʻlakka chiqib qaytayotgan edi qarshisida 50 metrcha narida ketayotgan odam uni eʼtiborini tortdi. Toʻq-koʻk sport kiyimida. Boshiga kapyushon tashlab olgan. Yelkasiga ryukzak ilib olgandi. Qotilning tashqi belgilariga juda mos. Oybek ovozini biroz koʻtarib «kechirasiz» dedi. Boyagi odam bir lahzaga toʻxtadi-da, yana yoʻlida davom etdi. Oybek uni yana chaqirdi. – Menga qarang. Bir daqiqa toʻxtang. - Notanish kimsa qadamini tezlatdi. Oybek ham tezlashdi. – Joyingdan qimirlama, jinoyat qidiruv boʻlimi. Birdan notanish kimsa yugurishga tushdi. Ketidan Oybek quvlay ketdi. Yugura-yugura ular qabristondan ham chiqib olishdi. Oybek izma-iz quvlardi. Borgan sari Oybek unga yetib ola boshladi. Mashina yoʻlidan yugurib oʻtishayotganda Oybek yetib olib ryukzagidan changalladi va oʻziga tortdi. Notanish kimsa ryukzakni yechib uning qoʻlidan chiqib ketdi. Xuddi shu mahal bir mashina kelib Oybekni urib yubordi. - 7 – Mirjamol Sodiqqa shu yerda toʻxtat» dedi. Sodiq hayron boʻlib «nega?» dedi. Mirjamol unga tikildi. – Aytganimni qil. – Sodiq mashinani toʻxtatdi. - Bu yerda nima ishing bor? - Men shu yerda qolaman. - Sabab? - Oʻylab olishim kerak. Hozir mahkamaga borasanmi? - Ha. - Oʻsha yerda boʻlib tur. Men yarim soatlardan keyin yetib boraman. - Nimanidir aniqladingmi? - Oʻsha yerda gaplashamiz. U mashinadan tushib qoldi. Sodiq Mirjamolni aldagan edi. U mahkamaga bormadi. U Oydinning ishxonasini oldida turardi. Uni juda koʻrgisi keldi. «Ishqilib ketib qolmadimikan?» deb oʻyladi u oʻzicha. Shu payt darvoza oldida Oydin paydo boʻldi. «Va nihoyat», - dedi Sodiq. Uning yuragi yana qandaydir kimyoviy reaksiyalar sodir boʻldi. U mashinadan tushib qizning oldiga bordi. - Salom Oydin. - Voy, salom. Bu yerda nima qilyapsiz? - Ish bilan kelgan edim. Endi ketay deb turgandim. Sizni koʻrib qoldim. - Tushunarli. - Ish vaqtingiz tugadimi? - Ha. - Yuring mashinada uyingizgacha kuzatib qoʻyaman. - Hojati yoʻq. - Yoʻq deman, iltimos. Yoʻlimku, axir. - Mayli. Sodiq yosh boladek quvonib ketdi. Borib qizga eshikni ochib berdi. Soʻng oʻzi oʻtirib mashinani joyidan qoʻzgʻatdi. - Endi boshligʻingiz kim? - Akram aka. - U bilan ishlash qiyinchilik tugʻdirmayaptimi? - Yoʻq, nega? - Endi aytamanda. Xafa qilmayaptimi sizni? - Yoʻq. - Ha unda yaxshi. - Anchadan berimi? - Nima? Tushunmadim? - Anchadan beri meni poylab turganmidingiz? - Yoʻq, sizni poylaganim yoʻq. - Shundaymi? - Ha, shunday. - Kimni aldamoqchi boʻlyapsiz? Sodiq yolgʻoni fosh bolganini sezib jimib qoldi. - Unday qilmang. - Qoʻlimdan kelmayapti. Bari shunchalik oson boʻlsa edi. Boʻldi hammasi tamom, uni unut deyapmanu, lekin – u yuragini koʻrsatib dedi – bu oʻlgur quloq solmayapti. Oʻzi bu yurak degani quloqsiz boʻlar ekan. Gapga koʻnmaydi. Nima qilay hammasini bilsamda sizni har kuni koʻrgim keladi. - Sizni qiynalishingizni istamayman. Siz yaxshi insonsiz. Sizni sevgan har qanday qiz baxtli boʻladi. - Siz-chi? - Iloji yoʻq narsani soʻramang. Men ham siz kabi qalbim asirasiman. - Mana shu oʻxshashlik bizni ayirib turibdi. - Yetib keldik. Shu yerda tushaman. Sodiq mashinani toʻxtatdi. - Raqamim sizda bor-a? Biror nima boʻlsa qoʻngʻiroq qiling. Men uchib kelaman. - Hoʻp. - Ketishingizdan avval bir savolimga javob bersangiz. Esingizda boʻlsa, boshligʻingiz oʻlgan kunidan 1 oycha avval Akram Turgʻunov uning xonasida hujjatlarini titkilayotganda koʻrib qolganingizni aytgandingiz. - Ha shunday. - Oʻsha kuni marhumning nomiga koʻp pochta xatlari kelganmidi? - Ertalabda 15ta joʻnatma olib kirib bergandim. - Akram Turgʻunovdan oldin xonaga hech kim kirmaganmidi? - Yoʻq. Nima uchun bu savolni beryapsiz? - Shunchaki, bir narsaga oydinlik kiritmoqchi edim. Qiz mashinadan tushayotib shunday dedi: - Sizdan iltimos meni noqulay vaziyatga tushmasin desangiz, bugungi voqea qaytarilmasin. *** Sodiq boshqarmaga kelganda navbatchi qism xodimi unga uni mayor Mirkomilov kutayotganini aytdi. Sodiq toʻgʻri mayorning xonasiga kirdi. - Mumkinmi? - Kel. Qayerlarda yuribsan? - Mirjamol… Sizga aytgan profaylerim bor-ku. - Xoʻsh? - Unga avvalgi jinoyat joylarini koʻrsatib keldim. - Ish bilan tanishdimi? - Ha. - Oʻzi qani? - Hozir kelib qoladi. Unga shu yerdaligimni aytganman. Shu payt eshik taqillab qoldi. -Kiring, - dedi mayor. Xonaga Mirjamol Husanov kirib keldi. Sodiq uni tanishtirdi. - Oʻrtoq boshliq, bu sizga aytganim oʻsha Mirjamol Husanov boʻladi. Mayor joyidan chiqib borib Mirjamol bilan koʻrishdi. Ularga oʻtirishni taklif qilib joyiga qaytib borib oʻtirdi. Ular ham mayorning qarshisidan joy olishdi. - Sodiq sizni ish bilan tanishtiribdi. - Shunday. - Ishni qanchalik jiddiy ekanligini anglagan boʻlsangiz kerak? - Albatta. - Hamkorligimiz muvaffaqiyatli boʻladi deb oʻylayman. - Men ham. - Xoʻsh, nimadir aniqlay oldingizmi? - Ha. U yonidan sellofan qopchadagi xatni oldi va stol ustiga qoʻydi. – Uning shaxsiy portretini yaratishimda shu xat koʻproq qoʻl keldi. – Mirjamol xatni mayorga uzatdi va davom etdi. – Xat kuchli bosim bilan yozilgan. U kuchini namoyon qilishdan lazzatlanadi. Sport bilan shugʻullanadi. Yozuv oʻrtasida kuchli bosim ohista bosim bilan birga kelgan. Bu shuni anglatadiki, u istasa-da, har doim ham oʻzini idora qila olmaydi. Bu koʻpincha hissiy portlashlarga olib keladi. Yozuv oʻta qiya. Bunday odam kuch-quvvatini atrofdagilarni qoyil qoldirish evaziga orttiradi. Yapaloq harflar jinoiylikni bildiradi. Oʻziga odamlar eʼtiborini jalb qilishni xohlaydi. His-tuygʻusini qoʻpol namoyon qiladi. Tashqi koʻrinishiga keladigan boʻlsak: baland boʻyli, ozgʻin, qorasoch. Yoshi taxminan 30lar atrofida. Boʻydoq. Ehtimolki ishsiz yoki uyda turib ishlaydi. - Nega bunday xulosaga keldingiz? - Jamoat bilan yaxshi chiqisholmaydi. Jamoaviy ishlarda ishlolmaydi. His-tuygʻularini qoʻpol namoyon qilganligi uchun ayollar bilan munosabati yaxshi emas. Yozuvi oʻzgaruvchan, chalkash boʻlmagan harflar. Baland boʻylilarga xos. Soʻzlar choʻzib yozilgan, tinish belgilari juda ingichka va mayda oʻzgʻinlikni bildiradi. Harflar choʻzilganligi, ravon, toʻgʻri chiziqli satrlar uning yoshligidan dalolat. Suhbatga shu tobgacha diqqat bilan tinglab turgan Sodiq aralashdi. - Manzillarni nega soʻrading? - Ularni xaritadan hududiy joylashuvdan koʻrib chiqdim. Ular qanchalik bir-biriga yaqin ekanligini tekshirib koʻrdim. Ehtimol qotilning joylashuv joyiga yaqindir deb oʻylagandim. Lekin turli hududdagi joylar ekan. Ammo men Istiqlol prospektiga koʻproq eʼtibor qaratgan boʻlardim. U istagan butkadan qilsa boʻlardi. Nega aynan shu yer? Uyali telefonning jiringlashi ularni sergak tortqizdi. Mayor goʻshakni olib qulogʻiga tutdi. - Eshitaman. – Mayorning yuzini hayrat chulgʻab oldi. – Qanaqasiga? Qachon? Qaysi kasalxona? Tushunarli. U goʻshakmi qoʻyishi bilan Sodiq savolini berdi. - Tinchlikmi? - Oybekni mashina urib ketibdi. - Nima? - Ketdik. Kasalxonaga borishimiz kerak. *** -Ahvoli qanday? -Qoʻrqinchli joyi yoʻq. Ozgina lat yegan. Arzimagan narsa. Tez orada koʻrmagandek bo'lib ketadi. - Oldiga kirishimiz mumkinmi? -Ha, bemalol. Ulugʻbek Mirkomliov, Sodiq va Mirjamol palataga kirishdi. Oybek yarim yotgan holda qarshi oldi. – Kelinglar. – Uchchovi Oybekning yonidagi boʻsh kravatga oʻtirishdi. Birinchi boʻlib mayor Mirkomilov savol berdi. - Bu qanday sodir boʻldi? Oybek Mirjamolga tikilib qoldi. Notanish odamni koʻrib hayron qoldi. Sodiq buni sezib unga Mirjamolni tanishtirdi. -Bu Mirjamol Husanov. Profayler. Mening doʻstim. Uni ishga qoʻshdik. -Xush kelibsiz. Tanishganimdan xursandman. - Men ham. Sogʻayib keting. - Rahmat. Sodiq endi Mirjamolga uni tanishtirdi. -Sen ham uni tanib ol. Bu katta leytenant Oybek Umarov. – Tanishuvni Ulugʻbek Mirkomilov oʻz savoli bilan toʻxtatdi. -Xoʻsh, nima boʻlganini aytasizmi? - Men uni koʻrdim. - Kimni? -Qotilni. -Koʻrdingizmi? - Oʻsha kiyim, oʻsha kapyushon. Xuddi oʻzi edi. - Qayerda koʻrdingiz? - Qabristonda. - Qabristonda? - Ha. Oʻgʻlimning qabrini ziyorat qilishga borgandim. Qaytayotib qarshimda uni koʻrdim. -Yuzini koʻrdingizmi? -Yoʻq, koʻrolmadim. Uning ortidan ketayotgandim. Uni chaqirib koʻrdim, ogohlantiridim, ammo u qochdi. Ortidan quvladim. Ancha uzoq qochdi. Unga deyarli yetgandim. Uning ryukzagida tutgandim. U ryukzagini yechib qochdi. Shu mahal mana shu baxtsizlik sodir boʻldi. Xuddi paytini topgandek. Agar shu ish boʻlmaganda uni tutgan boʻlardim. - Rukzak haqida gapirgandek boʻldingiz? -Ha. -Qani u? Oybek yotgan joyining ostidan ryukzakni olib uzatdi.Ulugʻbek Sodiqdan rezina qoʻlqop olib kelishni soʻradi. Sodiq bir zumda qoʻlqop bilan qaytib keldi. Ulugʻbek qoʻlqopni taqib ichidagi narsalarni birma-bir ola boshladi. Birinchi olgan narsasi rezina arqon boʻldi. Keyingisi idishchada qandaydir suyuqlik. - Nima bu? - Morfin, -dedi Mirjamol. Undan keyin bir juft rezina qoʻlqop chiqdi. Keyin dastroʻmol. Keyingi olgan narsasiga qarab Mirrkomilov «nima bu reklama tarqatmasimi?» dedi. Keyingi boʻlib kalit chiqdi. U ryukzakdan yana fotokamera va shprits kabilarni oldi. Oxirida ryukzakdan uchga buklangan oqqogʻoz chiqdi. Uni ochdi. Unda xat yozilgandi. Ulugʻbek ovoz chiqarib oʻqiy boshladi. «Oʻgʻlim, avvalgi maktubimda senga oʻz tariximni va nega ketganimni aytib bergandim. Buni sizlarga ziyon yetmasin deb qildim. Meni toʻgʻri tushunyapsan deb oʻylayman. Bularni senga yozishdan avval rosa oʻylandim. Oxiri haqiqatni bilishing kerak deb hisobladim. Urush meni oʻzgartirib yubordi. Men afgʻon sarhadlarida oʻlib boʻlganman. Ular meni ruhimni, jismimni yoʻq qilishdi. Hayotimni oʻgʻirlashdi. Qanchadan-qancha yosh yigitlar halok boʻldi. Mayib-majruh, nogiron boʻldi. Biz nima uchun kurashdik? Nima uchun jonimizni tikdik? Oʻz manfaatlaridan boshqasini oʻylamaydigan yuqori tabaqadagilarning buyrugʻini bajaribmiz, xolos. Ularning manfaati yoʻlida jang olib boribmiz. Ular burch, Vatan soʻzlari bilan shuurimizni zaxarlashdi. Shuncha zahmat va qon chekishning oxiri nima boʻldi? Hech bir tomon gʻalaba qozonmadi. Aslida bizning u yerlarda qiladigan ishimiz yoʻq edi. Afsus, buni kech tushundim. Urushdan qaytgach bu hayotga moslasha olmadim. Oʻz hayotim oʻzimniki boʻlmay qolgandi. Bu hayot, bu odamlar begonadek edi. Men oʻz oʻrnimni yoʻqotib qoʻydim. Goʻyoki hech kim edim. Keyinroq meni shu holga tushishimga sababchi boʻlganlardan oʻchimni oldim. Biroq shunda ham ichimda yonayotgan olovni oʻchirolmadim. Keyinroq bu dunyodagi oʻrnim qanday ekanligini tushunib yetdim. Bir haqiqatni angladim. Kimnidir hayotini yoʻq qilganlar, albatta, jazolanmogʻi kerak. Bu ilohiy vazifa menga yuklatilgan edi. Dunyoda bir hikmat bor. «Toshqindek falokat yaqin, insonlar, toʻxtanglar, hushyor boʻlinglar, gunohlardan asraninglar, tiyilinglar!» deydigan kishi doim kerak. Vaqti-vaqti bilan shunday kishilar chiqadi. Ular borliqni gʻaflatdan, yovuzlikdan poklaydi. Bundaylar qachon, qayerda boʻlmasin, ismi Nuh. Men Nuhman. Afsuski vazifamni oxirigacha ado etolmayapman. Umrim poyoniga yetib qoldi. Saraton baribir oʻz soʻzini aytmoqda. Sen xuddi oʻzimga oʻxshaysan. Senga vasiyatini ishimni oxiriga yetkaz. Buni uddalay olasan. Sen mening vorisimsan. Agar shu ishni bajarsang meni oʻchimni olgan boʻlasan. Qila olmasang adolatsiz ravishda oʻlib ketgan urush qurbonlaridan biri boʻlib qolaveraman. Mana bu ikki ism sharifini yaxshilab eslab qol. 1.Erkin Turgʻunov. 2.Jahongir Azizov. Keyingi maktubimda ular nima gunoh qilishganliklarini batafsil aytib beraman». - Mana gap qayerda ekan, - dedi Ulugʻbek xatni oʻqib boʻlgach. U narsalarni qayta joyladi. *** Sodiq va Mirjamol manzilga yetib kelishdi. Ular mashinadan tushishdi. Sodiq darvoza yonidagi qoʻngʻiroqni bosdi. Ikkinchi qoʻngʻiroqdan keyin eshik ochildi. Sodiq eshikni ochgan ayolga salom berdi. Ayol salomga alik oldi. - Biz jinoyat qidiruv boʻlimidanmiz. Shuhratakani xonadonlarimi bu? - Ha, xoʻjayinim boʻladi. - Oʻzi bormi? - Ha uyda. Tinchlikmi? Biror kor hol boʻldimi? - Chaqirib yuborsangiz, iltimos. - Ha albatta. Ichkariga kiringlar. Ostonada turmanglar. Marhamat. Ular hovliga kirishdi. Ayol xonalardan biriga kirib ketdi va bir erkak bilan chiqdi. Erkak Sodiq va Mirjamol oldiga keldi va ular bilan koʻrishdi. - Xush kelibsizlar. Kelinglar. - Bezovta qilganimiz uchun uzr. Biz siz bilan ukangiz Samandar Qobilov haqida gaplashib olmoqchi edik, - deya maqsadga oʻta qoldi Sodiq. Erkakning yuzidagi hayrat u bu ismni ancha yillardan beri eshitmay qoʻyganini bildirib turardi. Xonadon egasi mavzuning ahamiyatini anglab ularni ichkariga taklif qildi. Xonaga kirib oʻtirishlari bilan uy bekasi choy olib kirdi. Mezbonning qoʻlidan choyni olib Sodiq gapini davom ettirdi. - Boyagi gapga qaytsak… - Ukam haqida nimani soʻramoqchisiz? - Uni oxirgi bor qachon koʻrgandingiz? - Bunga 30 yildan oshdi. Nimaga soʻrayapsiz? - Qanday qilib? - Oʻzi nega u haqida surayapsiz? Bilsam boʻladimi? - Gap shundaki, biz bir ashaddiy qotilni qidiryapmiz va bunda ukangizni qandaydir aloqasi bor deb oʻylayapmiz. Menimcha, ukangiz uni tanigan. - Ukammi? Ishonchingiz komilmi? - Shuning uchun bu yerdamiz. Afgʻonistondan qaytgach unga nima boʻlganini bilmoqchimiz. Mezbon aft angoridan eslash ogʻir boʻlgan xotiralarni yodga olayotgani bilinib turardi. - U oʻz yigitlik burchini oʻtashni juda ham istardi. Uning harbiy qismi Afgʻonistonga tushganini bilganimizda dadam, oyim juda qoʻrqishdi. Menimcha, ular oʻshandayoq boʻlajak falokatni sezishgan. Ukam oʻshanda ham Vatan himoyasi uchun oshiqdi. U ketganidan 1 yil oʻtib dadam va oyim avtohalokatda vafot etdi. Ular mehmonga ketishgancha qaytib kelishmadi. Men xayoli boʻlinmasin deb ukamga buni aytmadim. Xatlarda buni yashirdim. Xizmat muddati tugashi yaqinlashib qolganda undan xatlar kelmay qoʻydi va bir kuni u kirib keldi. Ishonasizmi, uni dastlab taniy olmadim. Odam 2 yil ichida shunchalar oʻzgarib ketishiga ishonmagan boʻlardim. U bir qoʻlidan ayrilgan, yuzi chandiqlarga toʻlib ketgandi. U goʻyoki 15 yilga qarib ketgandek edi. Oʻylaganimdek ota-onamizning vafoti haqidagi xabar uni ado qildi. Shunday qilib kunlar oʻtardi. U garchi yonimda boʻlsa-da, goʻyoki mendan yiroqdadek edi. Men ukamdan ayrilganimni tushunib yetdim. U avvalgi Samanadar emasdi. Avvalgi Samandarni qaytarib ham boʻlmasdi. Urush undan koʻp narsalarini tortib olgandi. Yuzini, qoʻlini, ota-onasini, hayotini. Bir kuni u hech narsa demay, xayrlashmay ketib qoldi. Undan faqat maktub qolgandi. Uning maktubida shunday jumla bor edi: « Meni kechiringlar. Men oʻzligimni topganimda qaytaman». Haligacha uning bu ishini hazm qilolmayman. Nimaga u oilasini tashlab ketdi? Nima uchun? Nima uni majbur qildi? U hikoyasini tugatdi. - Boshqa hech narsani aytmoqchi emasmiz? – dedi Sodiq. - Yoʻq, nimani bilmoqchisiz? - Uning farzandi boʻlmaganmidi? - Farzandi? Yoʻq. - Bizdagi maʼlumotlarga koʻra uning oʻgʻli boʻlgan. - Nima? Oʻgʼli? Oila qurganakanmi? - Buni bilmaymiz. Sizdan biror nimani aniqlashtirarmiz deb kelgandik. - Jiyanim bormi? – u goʻyo oʻzi bilan gaplashardi. - Sizga shuni maʼlum qilishimiz kerakki, ukangiz oʻtgan yili 15-avgustda 1-shahar markaziy shifoxonasida vafot etgan. - Nima? - U saratondan aziyat chekkan. - Samandar… Oʻldimi? - Sizda unga doir narsalar qolganmi? Boʻlsa biz koʻrishimiz kerak. - Ha… ha, albatta. U oʻziga kelib olib, ombordan quti koʻtarib chiqdi. Uni ularni oldiga qoʻydi. - Bu undan qolgan narsalar. Ular qutining ichidan narsalarni birma-bir olib koʻra boshladi. Koʻplab suratlar bor edi. Har biri har xil davrga oid. Baʼzilari harbiy xizmatda olingan, baʼzilari doʻstlari, yaqin insonlari bilan. Sodiqni eʼtiborini bir surat oʻziga tortdi. Unda Samandar yosh bir qiz bilan suratda aks etib turardi. Bir qarashda ular oʻrtasida yaqinlik borligi bilinib turardi. Sodiq suratni uy sohibiga koʻrsatdi. - Bu ayol kim? - Bu Gulchehra. Qoʻshnimiz boʻlgan. Ular bir-biriga ahd paymon qilib qoʻyishgandi. Lekin afsus nasib emas ekan. - Nima boʻlgandi? - Samandar afgʻondan qaytgach hammasi oʻzgargandi. Qizning uyidagilari ham qizini nogironga berishni istashmadi. Samandar ham uylanishni xohlamadi. Ukam uydan ketgach qiz ham boshqasiga turmushga chiqib ketdi. - Hozir u qayerda? - U oilasi bilan chet elda yashaydi. - Yaqinlari-chi? - Opasi bor. *** Ayol uygʻonib ketdi. Televizor koʻrib yotib uxlab qolgan edi. Koʻrayotgan seriali allaqachon tugab boʻlgandi. Kirib kelgan bahor uni eziltirib uyquchi qilib qoʻygandi. U turib borib tahorat olib keldi va namozini oʻqidi. Soʻngra yana avvalgi joyiga oʻtirdi. Oshxonada ovqatga urinayotgan qiziga gapirdi: - Asti havolar ochilmadi-da, qizim? - Ha nimasini aytasiz. - Bu yil qish juda uzoq keldi. Ha mayli, nima boʻlganda ham Allohning qudrati. - Toʻgʻri. - Xolang negadir 5 kundan beri qoʻngʻiroq qilmayapti. Tinchlikmikan ish qilib? - Qilib qolar. Vahima qilmang. Ishlari koʻpayib ketgandir. Kunora qo'ng'iroq qilib sizni oʻrgatib qoʻyibdi. - Ha, qayerda boʻlsa ham sogʻ boʻlsa boʻldi. - Shu pallada eshikning qoʻngʻirogʻi jiringlab qoldi. - Qara-chi, qizim. - Hoʻp boʻladi, oyijon. Qiz yengil qadamlar bilan yugurib borib eshikni ochdi. Qiz ikki begona erkakni ayolning oldiga boshlab kirdi. - Oyijon, sizni soʻrab kelishibdi. Ulardan biri guvohnomasini koʻrsatib oʻzlarini tanishtirdi. - Biz jinoyat qidiruv boʻlimidan boʻlamiz. Siz Gulbahor Sattorova boʻlasizmi? - Ha, men. Tinchlikmi? Nimadir sodir boʻldimi? Ularning kimligini eshitib ayolning yuragida darrov nimadandir qoʻrquv paydo boʻldi. Goʻyo hozir noxush xabar eshitadigandek edi. - Biz singlingiz Gulchehra Saidova haqida gaplashgani kelgandik. - Gulchehraga nima boʻldi? - Tinchlaning. Unga hech narsa boʻlgani yoʻq. Oʻtirsak boʻladimi? Ayol hayajonda ularga oʻtirishni ham taklif qilmagandi. Qilgan ishidan hijolat tortdi. - Kechirasizlar. Marhamat oʻtiring. Ular oromkursiga oʻtirishdi. - Avvalambor tinchlanib oling, - dedi Sodiq, - Unga hech narsa boʻlgani yoʻq. Biz oʻzi u bilan gaplashmoqchi edik. Lekin u chetdm elda ekan. Shunga yaqin qarindoshi sifatida sizning oldigizga keldik. - Nima boʻldi oʻzi? - Suhbatimiz mavzusi oʻtmishga bogʻliq. Iloji boʻlsa raqamini bersangiz, oʻzi bilan gaplashsak degandik. - Menga aytishingiz mumkin. Men ham bilishim kerak. - Singlingiz yoshligida Smanadar Qobilov degan shaxs bilan yaqin munosabatda boʻlgan ekan. Ayolning vahimasi battar oshdi. Mirjamol ayolni diqqat bilan kuzatardi. - Samandar? - Ha, qoʻshningiz boʻlgan. Esladingizmi? - Ha, esladim. Nega buni surishtiryapsiz? - Berayotgan savolimiz oʻta muhim. Iltimos, haqiqatni va faqat haqiqat ayting. Javobingiz insonlarni hayotini saqlab qolishi mumkin. Savolim nojoiz boʻlsa ham soʻrashga majburman. Aytolmaysiz mi, singlingiz undan farzand koʻrgan boʻlishi mumkinmi? - Bu nima deganingiz? Singlimga bunday tuhmat qilishga qanday haqqingiz bor? - Oʻzingizni bosib oling. - Qanday tilingiz bordi bunga? Bir oqila ayolni nomini bulgʻashga nima haqqingiz bor? Ustingizdan arz qilaman. - Opa? - Chiqib keting. Uyimdan hoziroq chiqib keting. Suhbatga Mirjamol aralashdi. -Nimani yashiryapsiz? Nimadan buncha qoʻrqyapsiz? - Nima deyapsiz? Tushunmadim. - Juda yaxshi tushundingiz. Qorachiqning kattalashuvi yolgʻon, kuchli azob alomati. Bosh barmoqni yashirish – havotir. Qoshlar biroz koʻtarilgan, qovoqlar zoʻriqqan va koʻtarilgan, ogʻiz ochiq, chuqurlashgan ajinlar, koʻzlar kengaygan – bu qoʻrquv alomatlari. Bularni barini sizda kuzatdim. Balki endi haqiqatni aytarsiz? Agar shunda ham jim turishga qaror qilgan ekansiz, unda masalaning mohiyatiga chuqurrroq yondoshamiz. Samanadarning oʻgʻli borligini bilamiz. Smanadar ruhiy va jismoniy nosogʻlom odam boʻlgan. Shaharda ashaddiy qotil paydo boʻldi. U hozircha 3 kishining jonini olishga muvaffaq boʻldi. Qotil oʻsha mavjudligini hech kim bilmaydigan bola. Uni bunga Samandar Qobilov undagan. Uni topib tezroq toʻxtatishimiz kerak. - Ayol gapirishni ham, gapirmaslikni ham bilmasdi. – Menimcha, vaqtimizni bekor ketkizyapmiz, - Mirjamol shunday deya oʻrnidan turdi. Sodiq telefon raqamini qoldirdi. - Gaplashishga tayyor boʻlganingizda mana shu raqamga qoʻngʻiroq qiling. Ular chiqib ketishdi. Koʻchaga chiqishgach Sodiq Mirjamolga «Nega bor haqiqatni aytding?» deya eʼtiroz bildirdi. - Unga taʼsir koʻrsatishning boshqa yoʻli yoʻq edi. Bizning tahminimiz toʻgʻriga oʻxshaydi. U nimani yashirayotganini bilishimiz kerak. Ularning ortidan qadam tovushi eshitildi. Ikkisi ham bir vaqtda ortlariga oʻgirilishdi. Bu boyagi ayol edi. - Boya aytganlaringiz rostmi? - Hammasi haqiqat, - dedi Mirjamol. - Unday boʻlsa uni toʻxtating. Men hammasini aytaman. Qilgan gunohimizni toʻgʻrilashimiz kerak. Men qizimni oldida bu gaplarni aytolmasdim. - Keling yaxshisi qolgan gapni mashinada davom ettirsak, - deya taklif bildirdi Mirjamol. Ular mashinaga oʻtirishdi. Ayol orqa oʻrindiqdan joy oldi. - Ha ular bir-birini sevishardi. Samandar harbiy xizmatdan qaytgach turmush qurushmoqchi edi. Biroq u nogiron boʻlib qaytib keldi. Avvalgi Samandardan asar ham qolmagandi. Tabiiyki oilamiz bilan Gulchehrani unga uzatmaslikka qaror qildik. Gulchehra ham eʼtiroz bildirmadi. Menimcha u ham bu nikohni istamagandi. Men uni ogohlantirdim. U xonadonga kirma dedim. U quloq solmadi. Bir kuni qandaydir yumush bilan u oʻsha xonadonga kirganda uyda hech kim yoʻqligidan foydalanib oʻsha maraz, maxluq singlimga tajovuz qilibdi. Singlim oldimga kelib yigʻlab dardini toʻkib sochdi. Oʻsha hayvonni oʻsha zahoti boʻgʻib oʻldirishga tayyor edim. Lekin bilishimcha u uyidan chiqib ketib, dom daraksiz yoʻqolgan ekan. Singlim mendan maslahat soʻradi. Daxshatlisi u homilador edi. U ancha kech aytgandi. Bolani oldirib tashlashga kech qolgandik. Ota-onamiz bilishini xohlamadik. Keyin bir reja tuzdik. Koʻzi yoriguncha ota-onam koʻrmasligi uchun uni menga koʻmaklashadi deb shaharga olib keldim. Keyin bir xonadonga joyladim. Uyimga olib kirolmasdim. Turmush oʻrtogʻim bilib qolardi. Shunday qilib uni ota-onamizdan, mahalla- kuydan uzoqlashtirdim. Kunda undan xabar olardim. Oy kuni yaqinlashib uning koʻzi yoridi. Oʻgʻil koʻrgan edi. Biz uni bolalar uyi ostonasiga tashlab keldik. Gulchehra avvaliga istamadi. Ammo majbur edik. Gulchehrani saqlab qolish uchun bolani qurbon qilishga toʻgʻri keldi. Katta gunoh qildim. Bilaman. Ammo buni singlim uchun qilgandim. Keyin tanish shifokor topib hech kim shubhalanmaydigan qilib bokiraligini «tikladik». Shunday qilib bu ikkimiz oramizda sir boʻlib qoldi. U qishloqqa qaytdi. Tez orada sovchilar keldi va u turmushga chiqdi. Keyinroq u ham shaharga koʻchib keldi. Turmush oʻrtogʻining ishini deb keyin chet elga koʻchib ketishdi. - Bolani qaysi bolalar uyiga tashlab kelgandinglar? - 3-sonli mehribonlik uyiga. - Bu voqea qachon sodir boʻlgandi? - 1990-yil 22-noyabrda. - Biroq Samanadar Qobilov farzandi haqida qanday xabar topgan? - Bunda ham mening aybim bor. - Qanday qilib? - 20 yil avval men uni koʻrgandim. Tasodifan uchratib qoldim. Uni boʻgʻib oʻldirishdan arang oʻzimni tiydim. Agar holi koʻrishib qolganimizda bu ishni qilardim. Uni ayamay tilimga kelgan gap bilan haqoratlab ketdim. Singlimga qancha kulfat keltirganini aytdim. Shuning orasida bola haqida ham aytib yubordim. Bolani eshitib darrov oʻzgarib qoldi. Bola qayerdaligini soʻradi. Men uni mehribonlik uyiga tashlab kelganimizni aytdim. U esa manzilni soʻradi. - Siz aytdingiz? - Ha. U Gulchehraga nima boʻlganini soʻradi? Men u baxtli ekanligini, oila qurganini aytdim. U Gulchehraga uzrini yetkazib qoʻyishimni, pushaymon ekanligini aytdi. Keyin shoshib ketib qoldi. Bor gap shu. - 8 – -Xoʻsh xizmat? – dedi mehribonlik uyi mudirasi. - Biz bir odamni qidirayotgan edik. Bilishimiz boʻyicha u shu yerda tarbiyalangan ekan. - Kim ekan? - Bilgan maʼlumotimiz shuki, uni 1990-yil 22-noyabrda ostonaga tashlab ketishgan. – Sodiq biroz tin olib gapini davom ettirdi. – Uni bir erkak soʻrab kelgan boʻlishi kerak. Yuzi chandiqli, oʻng qoʻli yoʻq. Yoshi oʻsha paytlarda 35larda boʻlgan. - Ha esladim. Oʻsha odam kelgandi. 20 yil avval. Sodiq va Mirjamol jonlanib ketishdi. - Rostanmi? - Ha. U Davlatjonni soʻrab kelgandi. - Davlat? - Ha. Unga shunday ism bergandik. - Xoʻsh, u bolani koʻrganmi? - Yoʻq. - Nega? - Chunki uni asrab olishgandi. - Nima? - Bilasizmi, Davlatjon hamma bolalar singari emasdi. Yovvoyiroq edi. Bolalarga qoʻshilmas, oʻynamasdi. Nuqul oʻzini olib qochardi. Nihoyatda tortinchoq, kamgap edi. Uni oʻzgartirishga boʻlgan barcha urinishlarimiz besamar ketdi. Urushqoq edi. Bolalar bilan koʻp urushardi. Unga qattiq turib jazolab ham koʻrdik. Foyda bermadi. Uni hech kim asrab olmasa kerak deb oʻylagandik. Lekin shunga qaramay uni asrab olishdi. - Bu qachon boʻlgandi? - Yangi asr boshida. - 2000-yildami? - Ha. - Uni kimlar asrab olgan? - Biroz kutib tura olasizmi? - Albatta. Ayol chiqib ketdi. Xonaga sukunat choʻmdi. - Oshna, - deya Mirjamol Sodiqqa murojaat qildi. Sodiq unga qaradi. – Senga nima boʻldi, oshna. Shu kunlarda koʻrinishing bejo. Nimadan bezovtalanyapsan? - Hech narsadan. Sodiq yuzini pastga qaratib oldi. - Qani menga qara-chi. Sodiq boshini koʻtardi. Mirjamolni yuziga tabassum yugurdi. - Tabriklayman. Qachondan beri? - Nima? Nima deyapsan, tushunmadim? - Qachongacha mendan yashirmoqchi eding? Axir, sevib qolibsan-ku. - Nimalar deyapsan oʻzingcha? - Qoʻysang-chi? Tan ol endi. Koʻzlaring aytib turibdi-ku. Kim u? Ismi nima? - Oydin. - Qayerda, qanday tanishding? - Birinchi qurbon Erkin Turgʻunov boridi-yu… - Xoʻsh? - Oʻshaning kotibasi. - Nima? Buyogʻi qiziq boʻldi-yu. Xoʻsh, nega paysalga solasan. - Hammasi sen oʻylagandek emas. U boshqa insonni sevadi. Ularni oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Bolaning oldida u qanchalik oʻzgarib ketishini koʻrsayding. Meni alamim keladi. Nega oʻsha bolani oʻrnida men boʻlolmayman deyman. Unga juda havasim keladi. Oʻsha bola yoʻqligida u umuman oʻzgarib qoladi. Mahzun yuradi. Men bilan ham atigi bir bor shunday munosabatda boʻlishi uchun borimni berardim. Lekin u doim men bilan sovuq munosabatda boʻladi. Ayt-chi, men yaxshi munosabatga arzimaymanmi? - Doʻstim, gap senda emas. Shunchaki biroz kech qolibsan. Shu mahal xonaga mudira ayol qaytib kirdi. - Aniqladim. Nosir Solijonov oilasi. - Buni 20 yil avval kelgan odamga ham aytganmidingiz? - Ha. Shunchaki oradan shuncha yil oʻtgani uchun ism-sharifini unutgandim. - Tushunarli, rahmat sizga. Ha, aytmoqchi… Mobodo, sizda oʻsha Davlatning surati yoʻqmi? - Menimcha topolmasam kerak. - Agar biror nima topsangiz bizga qoʻngʻiroq qiling. - Hoʻp. Ular mehribonlik uyidan chiqib mashina tomon ketishayotganda Sodiqning telefoni jiringlab qoldi. U raqamni tanimadi. Javob berish tugmasini bosib, qulogʻiga olib keldi. - Allo. - Salom, oʻrtoq Matkarimov. - Kim bu? - Men sizga salom berdim. - Oʻzingizni tanishtiring. - Oʻzimni qaysi nom bilan tanishtirsam ekan? Sodiq balandlatish holatini yoqdi. - Qoldirgan xatimni oldingizmi? Uni anavi bokschini uyida qoldirgandim. Sodiq va Mirjamol bu kim ekanligini payqashdi. - Sen… - Va nihoyat. Tanidingizmi? Yoʻqsa xafa boʻla boshlagandim. - Ablah, yana qanday oʻyinni boshlading? - Yoqyaptimi? Tan oling juda qiziqarli-a? Sodiq ishora qildi. Mirjamol chetga chiqib telefon qildi va Sodiqning telefoniga qoʻngʻiroq qilayotgan raqamning joylashuv joyini aniqlashni soʻradi. Soʻng yana qaytib keldi. - Maqsading nima? - Koʻngilxushlik. Bu zerikarli hayotni biroz boʻlsada qiziqarli qilish. - Seni deb begunoh odamlar oʻlyapti. - Sizni oʻrningizfa boʻlganimda xulosa qilishga shoshilmagan boʻlardim. Hammaning gunohi bor. Ularning qilmishini aytishimga hojat boʻlmasa kerak? Shusiz ham bilsangiz kerak. Mening vazifam muqaddas. Men oʻzimga topshirilgan ilohiy vazifamni sharaf bilan bajaryapman. Yerni jirkanch odamlardan tozalayman. - Esini yegan ahmoq. - Tan olishim kerak ancha oldinga siljidinglar. Hatto, bir hamkasbingiz sal qolsa meni ushlab olay dedi. Bu meni ehtiyotsizligim sababli. Ahvoli qalay? - Senga nima? - Biroz xushmuomala boʻlsangiz-chi. Sizga har doim ham qo'ng'iroq qilavermayman. Mayli, koʻp gaplashib yubordim. Endi ketishim kerak. Yaxshi qoling. Koʻrishguncha. - Toʻxta. Aloqa uzilgandi. Sodiq Mirjamolga qaradi. - Aniqlashdimi? *** Sodiq va Mirjamol manzilga yetib kelishdi. Ekspertlar guruhini koʻrib Sodiq taajjublandi. Ular hovliga kirishdi. Hamma kirib olgan xonaga kirib borishdi. - Keldinglarmi? – dedi mayor Mirkomilov. Xonaning markazida murda yuztuban yotardi. - Bu kim, - dedi Sodiq. - Navbatdagi qurbon. - Qanaqasiga? Ulugʻbek sellofan paketdagi telefonni koʻrsatib, - u mana shu telefondan senga qoʻngʻiroq qilgan, - dedi. Soʻng yana gapida davom etdi: - U avval qotillikni sodir etib keyin senga qurbonining telefonidan qoʻngʻiroq qilgan. Keyin telefonni tashlab ketgan. Kelganimzida shu holatning guvohi boʻldik. - Demak u hali uzoqqa ketmagan. Uni qidirish kerak. - Barchani qidiruvga joʻnatdim. Shu hudud atrofidagi barcha yoʻllarni yoptirish toʻgʻrisida buyruq berdim. Agar qochishga ulgurmagan boʻlsa ushlanadi. - Shu yaqin hududagi barcha xonadonlarda tintuv oʻtkazish kerak. - Ordersiz odamlarning uylariga bostirib kirolmaymiz. - Order olish uchun vaqt kerak. Ungacha kech boʻladi. - Tinchlan. Nima uni hibsga olishni faqat sen xohlaysanmi? - U mashinada kelgan. Hamma bu gapni aytgan Mirjamolga qaradi. Mirjamol bunga eʼtibor bermay fikrini bayon etishda davom etdi. - Murdaning yonida uchoyoq izlari turibdi. U murdani uchoyoqqa osib qoʻygan. Qotil uchoyoqni katta ehtimollik bilan qoʻlida koʻtarib kelmagan boʻlsa kerak. Chunki eʼtiborni jalb qiladi. Uning gaplarini ekspertlar guruhi rahbari Siddiqov maʼqulladi. -Juda toʻgʻri. Qurbonimiz uchoyoqqa oyogʻi bilan osilgan. Yuzi bilan oʻtkir, uchli, uzun qandaydir jismlarga tushgan. Batafsil tekshiruv natijalari chiqqach ayta olaman. Shu payt xonaning kiraverishdagi oʻng tomonida devor bilan jipslab qoʻyilgan shkafdan tovush chiqdi. Hamma sergak tortib oʻsha tomonga qaradi. Koʻpchilik qoʻliga qurolini oldi. - Bu yana nima boʻldi? – dedi Ulugʻbek. Sodiq sekin borib tutqichni ushladi. Atrofdagilarga qarab oldi-da, keskin eshikni ochdi. U yerdan ayol kishining xushsiz tanasi qulab tushdi. Ayolning atrofini oʻrab olishdi. Sodiq uning boʻyin tomiridan tekshirib koʻrdi. - U tirik, - dedi u bunga amin boʻlgach. - Shifokorlarni chaqiringlar, - dedi Ulugʻbek. Darhol shifokorlar kelib uni olib ketishdi. - Qotil qanday qilib bunday xatoga yoʻl qoʻydi. U guvoh qoldiribdi. Omadimiz keldi, shekilli, - dedi Hamidulla Rustamov. - Erta quvonmay turaylik. Oldin uni oʻziga keltirib olishsin. Nima boʻlganini keyin soʻraymiz. Ishqilib u qotilni koʻrgan boʻlsinda. – Mayor Sodiqni koʻzlari bilan qidirib topdi va dedi: - U telefonda senga nimalar dedi? Sodiq ular oʻrtasidagi oʻzaro suhbatni toʻliq gapirib berdi. - U nega bunday qilayotganini tushunmayapman. Jinoyat joyida turib ichki ishlar xodimiga qoʻngʻiroq qilish… Ulugʻbek Mirkomilovning fikrini Mirjamol ilib ketdi. - Uning oʻziga ishonchi ortib boryapti. Qoʻlga tushmagani sari uning oʻziga boʻlgan ishonchi ortyapti. Xat qoldirish, endi esa qoʻngʻiroq. Munozaraga konsultant-psixolog Zokirov qoʻshildi. - Uning gapiga ishonadigan boʻlsak, u ilohiy vazifani bajarayotganiga ishonadi. U goʻyo oʻzini Azroildek koʻryapti. Uning bu ishonchini sindirish kerak. Mayor murdani koʻrsatdi. - Unda bu kimni oʻldirgan? - Oʻzi uning shaxsiyati aniqlandimi? – dedi Sodiq. Uning savoliga Siddiqov javob berdi. - Nima uni tanimaysizmi? Axir, bu teleboshlovchi Ahror Karimov-ku. Nima televizor koʻrmaysizmi? Mirjamol endi Sodiqqa murojaat qildi. - U suhbat oxirida nima degani esingdami? «Koʻrishguncha». Bu soʻz oʻyini. U avval ham sen bilan koʻrishgan va yana qarshingda paydo boʻladi. - Demoqchisanki, men uni avval koʻrganman? - Shunday. Bir xodim xonaga kirib Ulugʻbekka murojaat qildi. - Kichik muammo chiqib qoldi. - Nima boʻldi? - Jurnalistlar, blogerlar eshik oldida yigʻilib olishdi. - Ular qayerdan xabar topishipti? - Bilmadim. Hamidulla « men hal qilaman» deb chiqib ketdi. Boya kelgan xodimga mayor topshriq berdi. - Mahalladagi har bir xonadondan marhum haqida soʻrab chiqinglar. Keyin hech kim uy qarshisida begona mashina koʻrmaganmi shuni ham aniqlashtiring. *** Sodiq va Mirjamol mashinaga oʻtirishayotganda bir odam ularni toʻxtatdi. - Kechirasiz? Sodiq ortiga oʻgirildi va qarshisidagi odamni tanidi. Bu oʻsha qahvaxonada Oydin bilan koʻrgan yigit edi. - Yaxshimisiz? Meni tanidingizmi? - Ha, albatta. Bu yerda nima qilyapsiz? Yigit unga guvohnomasini koʻrsatdi. - Davron Pirimov. «Info media» muxbiri. - Ha-ya muxbir edingiz-a? - Ha, shunday. Ahror Karimovni qanday qilib oʻldirishibdi? - Afsuski buni aytolmayman. - Nimaga? Notanish emasmiz-ku, ayta qoling. - Ilojim yoʻq. Bu meni qoʻlimda emas. - Menga bitta sensatsiya kerak. Ishimni saqlab qolgan boʻlarding. Iltimos, kichik bir yangilik yetarli. U goʻyo iltijo qilgudek qarardi. - Sizga hech qanday yordam berolmayman. Sodiq mashinaga oʻtirib haydab ketdi. Boyagi yigit oynadan kichrayib-kichrayib oxiri yoʻq boʻlib ketdi. - U kim edi? – dedi Mirjamol. - Oydinning yigiti. - Rahmni keltirvorar ekan. Rostan haydalib ketsa-chi? - Menga nima? - Sen unda dushman sifatida qarayapsan. - Bas qil. Sodiq telefonini olib kimgadir qoʻngʻiroq qildi. - Allo. Qalaysan, yaxshimisan? Ahvollar qalay? Ishlaring yaxshimi? Menga bir odamning manzilini aniqlab ber… Nosir Solijonov. Tezroq. Menga zarur edi… Hoʻp, rahmat. 5 daqiqadan soʻng Sodiqqa qoʻngʻiroq boʻldi. U javob berdi. - Topdingmi? Nima? Yongʻin qayerdan chiqqan? Hech kim tirik qolmaganmanmi? Mayli manzilini sms qilib joʻnatvor. Suhbat yakuniga yetdi. - Nima boʻldi? Qanaqa yongʻin haqida gapirding? – dedi Mirjamol xavotirlanib. - Bor umid shundan edi. - Gapirsang-chi! - 2005-yil Solijonovlar uyida yongʻin chiqib oilaning barcha aʼzosi halok boʻlgan. - Barchasi deganing… - Ha, Mirjamol. Tirik qolganlar yoʻq. Oʻt oʻchiruvchilar 1 ayol, 1 erkak, 1 oʻsmir va 1 chaqaloqning kuyib ketgan tanasini topishgan. - Bu yerda qandaydir sir yashiringan. U oʻlgan boʻlishi mumkin emas. Oʻshaligi aniqmi? - Jasadlar tanib boʻlmaydigan darajada boʻlgan. Uyda boshqa odam yashamagan. - Yongʻin nimadan chiqqan? - Gaz yoniq qolgan. Oshxonadan chiqqan. - Samandar Qobilovni ishimikan? - Bilmadim. Har holda borib koʻrish kerak. Aynan shu mahal Sodiqning yana telefoni jiringlay boshladi. U telefonni oldi. - Allo… Tushunarli… Ketyapmiz. U telefonni oʻchirdi. - Yana nima? - Ayol koʻzini ochibdi. Ular palataga kirganda Mirkomilov allaqachon oʻsha yerda edi. Mayor ayolning qarshisida hunob boʻlib oʻtirardi. Ayolning nigohi nomaʼlum qayergadir qaratilgan, yuzi arvohni koʻrgandek oqarib ketgan, tinmay bir soʻzni qaytarardi. - Aidem… a-i-dem. - Singlim, - dedi Ulugʻbek, - savolimga tushunyapsizmi? Qotilni koʻrdingizmi? Uni taniy olasizmi? Ayol yana oʻsha soʻzlarni takrorladi. Mayor oʻrnidan turib Sodiq bilan Mirjamolni oldiga keldi. - Foydasi yoʻq. U hali ham shok holatida. Alahsirayapti. Tinmay bir gapni qaytaryapti. Kutishdan boshqa choramiz yoʻq. U bilan psixolog ishlaydi. Oʻziga keltirgach bizga xabar beradi. *** Majlisda soʻz navbati Nodir Siddiqovga berildi. - Men taxminan qotil uni qanday oʻldirganini aniqladim. Avval aytganimdek qotil uni oyogʻidan uchoyoqqa osgan. Keyin uning ostiga oʻtkir tigʻli jismlarni joylagan. Qurbonning kaftining ichki tomoni archilib ketgan ekan. Menimcha, qotil arqonga osib uni uchini qurbonning oʻziga tutqizib qoʻygan. Shuning uchun u kuchdan qolguncha arqonni qoʻyib yubormaslikka harakat qilgan. Qotil qurbonining oyoq-qoʻlini qattiq boylab qoʻygan. Keyin esa uni kuzatib turgan. Qurbonimiz arqonni qoʻldan chiqarib yuborish bilan tigʻli jismlarning ustiga tushgan. U uzoq vaqt oʻz ogʻirligini koʻtarib turishga toʻgʻri kelgan. - Qanchalar dahshatli, - dedi Mirkomilov. – Ayol qanday qilib shkafga tushib qolgan? - Bilmadim. Qoʻshnilarining aytishicha hovlida er-xotin oʻzi yashagan. Marhum oʻsha vaqt endi uyiga kirib kelgan payt boʻlgan. - Demak, uni kuzatgan. - Shunday. - Mashina-chi? - Bir-ikki odam uyning oldida mashina koʻrganini aytishdi. Lekin raqamini bilishmayapti. Eʼtibor berishmagan. - Anavi bergan ryukzagimizdan barmoq izi oldinglarmi? - Ha, oldik. Ammo bazamizda buncha mosi topilmadi. - Demak, izlar kimnikiligi nomaʼlum? - Ha, lekin gumondor chiqsa solshtirishimiz mumkin. - Anavi ayol nima diyapti? - Hali ham oʻzida emas. - Aidem. Bu nima boʻlishi mumkin? Hech kimda javob boʻlmadi. - 9 – Sodiq mashinada yolgʻiz oʻzi oʻtirardi. U anchadan beri fikrlari bilan yolgʻiz qolmagandi. Mirjamolning bir gapi yodiga keldi. « U bilan oldin uchrashgandan». Qachon? Qachon boʻlgandi bu? Qayerda? Nahotki qotil bilan koʻrishib, gaplashib taniyolmagan boʻlsa. Mirjamolning taʼrifi boʻyicha qotilni koʻz oldiga keltirdi. Baland boʻyli, qora soch, ozgʻin, 30 yoshlar atrofida. Kim boʻlishi mumkin? Savollar quyulib kelaveradi. Birdan u barcha savollariga javob topgandek boʻldi. Javobning oʻzi chiqa boshlagandek boʻldi. Uning miyasiga bir fikr keldi. Kalitni ohista burab mashinani oʻt oldirdi. *** Mirjamol Sodiqning raqamiga qoʻngʻiroq qildi. Bir necha chaqiruvdan soʻng Sodiq javob berdi. - Allo. Sodiqning ovozi odatdagidan boshqachadek tuyuldi. - Sodiq, ahvoling yaxshimi? - Mirjamol men uni topgandekman. - Kimni? - Biz hammasiga yuqoridan qaragan ekanmiz. Hammasiga javob oʻsha yerda edi. -Nima haqida gapiryapsan tushunmadim? - Keyinroq oʻzim qoʻngʻiroq qilaman. Ruldaman. Vaqtim ziqroq. Mayli, gaplashamiz. -Allo… Allo Sodiq. Sodiq goʻshakni qoʻygandi. Mirjamol Sodiqning gaplarini tushunolmay oʻzicha tahlil qilishga harakat qilardi. *** Sodiq mashinadan tushdi. U haroba uy qarshisida turardi. U borib eshikni sekin turtdi. Eshik ochilib ketdi. Yoʻlak boʻylab biroz yurgach, katta zalga chiqdi. Hamma narsa yongʻin natijasida kuyib, qorayib ketgandi. Devor burchaklari oʻrgimchak uyiga toʻla edi. Sodiq birma-bir hamma xonaga kirib chiqdi. Albatta bu yerdan hech narsa topib boʻlmasdi. Lekin u biror nima aniqlayman degan ishonch bilan kelgandi. Ammo hamma narsa kuyib bitgandi. Xonalarni koʻzdan kechirib chiqqach, u yertoʻla borligini koʻrib qoldi. Yertoʻlaga tushdi. U yer qop-qorongʻu edi. Qoʻl fonarini yonidan chiqardi. Baʼzi yogʻochlar toʻkilib tushgan, chirigan edi. Yongʻin bu yergacha kirib kelgandi. Yongʻin tafsilotlarini eslashga urindi. Erkakning tanasi oshxonadan topilgan. Ayol va chaqaloq yotoqxonadan, oʻsmir bola esa yertoʻladan. - Yertoʻlada nima qilayotgan eding? – dedi u oʻziga-oʻzi. Shu mahal u qarshisida yerga suqib qoʻyilgan ketma-ket 4ta uzun yogʻochni koʻrdi. - Bu nima boʻldi? U yorugʻlikni birinchi taxtaga yaqinroq olib keldi. Unda oʻyib yozilgan yozuv bor edi. Sodiq ovoz chiqarib oʻqidi. - Dadam. Nosir Solijonov. Bu nima qabrmi? U ikkinchi taxtaga yorugʻlikni tutdi. - Onam. Nozima. Uchinchi taxtaga oʻtdi. - Ukam. Usmon. Va nihoyat u toʻrtinchi taxtaga oʻtdi. Yozuvni oʻqidi-yu butun tanasi junjikib ketdi. Adashmayotganligiga ishonish uchun qaytadan oʻqidi. - Qanaqasiga? Bu qanday boʻlishi mumkin? Shu mahal yertoʻla zinasidan qadam tovushlari eshitildi. Qadamlar ohista zinadan tushdi. Sodiq bu qadamlar kimniki ekanligini bilgandek edi. U haqiqatning yuziga tik boqish uchun ortiga oʻgirildi. *** Mirjamol qabr ustida uzoq turib qoldi. - Sen uni topgan eding-a? – dedi u qabrga qarab. – Shuning uchun u seni oʻldirdi. Nega bir oʻzing ish qilding? Nega oʻzing bilan meni olib ketmading? Sirni ham oʻzing bilan olib ketding. Koshki oʻshanda telefon qilganimda qotilni kimligini aytganingda edi. Nega endi oʻshanda senga qayta qoʻngʻiroq qilmadim? Uni qanday fosh etding? Oʻshanda telefonda gapirgan gaplaring bilan nima demoqchi boʻlding? Senga soʻz beraman. Ruhing taskin topishi uchun uni albatta topaman. U qabristondan chiqib mashinasiga oʻtirdi. Telefonini olib kimgadir qoʻngʻiroq qildi. - Allo, Mahmud… Ha, yaxshimisan… Yordaming kerak boʻlib qoldi… Senga bir raqamni aytaman. Oʻsha raqamning seshanba kungi barcha kirish-chiqish qoʻngʻiroqlarini aniqlab ber… Ha, raqamlar roʻyxati kerak… Rahmat. Kutib qolaman. Oydin ishdan chiqib doimiy yoʻnalish boʻylab ketarkan yoʻliga mashina sekin kelib toʻxtadi. Mashinadan Mirjamol tushdi. Qiz oldidan chiqqan notanish kimsaga hayron boʻlib qaradi. - Salom Oydin. Men Mirjamol Husanov boʻlaman. Sodiqning doʻstiman. Uni tanisangiz kerak? - Ha, taniyman. Qiz kelsihgan, chiroyli, qaddi-qomati joyida edi. Qizil yubka va oq koʻylak kiyib olgan boʻlib, u oʻziga juda yarashib turardi. Mayin, silliq sochlarini yozib olgandi. Moviy koʻzlari ummonni elsatib yuborardi. Yorqin rangdagi lab boʻyogʻi esa kishini eʼtiborsiz qoldirmasdi. - U seshanba kuni vafot etdi. Xabaringiz yoʻq boʻlsa kerak? Qizning hayratdan yoki qoʻrquvdan moviy koʻzlari katta-katta boʻlib ketdi. - Nima? Vafot etdi? Qanday qilib? - Oʻsha kuni u sizga qoʻngʻiroq qilgan ekan-a? - Ha, qilgandi. - Suhbatlaringiz uzoq davom etmagan ekan. - Ha, aloqa uzilib qolgandi. - U sizga nimalar degandi? - Begona raqamdan qoʻngʻiroq boʻldi. Qoʻngʻiroqqa javob berdim. U « Oydin, bu men Sodiq Matkarimovman. Jinoyat qidiruv boʻlimidan. Bir ikki koʻrishgandik siz bilan, esladingizmi?» dedi. Men «Ha, tanidim. Yaxshimisiz?» dedim. Qandaydir uning ovozida xavotir bor edi. U jiddiy ohangda « Gaplarimga diqqat bilan quloq soling. Siz…» dedi-yu gapini oxiriga yetkaza olmadi. Aloqa uzildi. Shu bilan boshqa qo'ng'iroq qilmadi. Nima demoqchi boʻlganini bilolmadim. Unga nima boʻldi oʻzi? - Avtohalokat. Sizga ishonch bilan aytishim mumkinki, buni qotil qilgan. U uyushtirgan buni. Ishonchim komil Sodiq sizga juda zarur gapni aytmoqchi boʻlgan. - Ha-ya, bir narsa yodimga tushdi. Unutay debman. - Nimani? - Goʻshakni olishim bilan bir odamning «Ha, Jannatmomo oʻsha tomonda» degan ovozini eshitgandim. - Jannatmomo? - Ha. - U yerga nimaga bordi ekan? Halokat u yerdan ancha olisda boʻlganku. Soʻng Mirjamol yana qizga qaradi. - Rahmat sizga. Menga katta yordam berdingiz. *** Mirjamol soʻnggi qotillik sodir boʻlgan xonada turardi. U Sodiqning yoʻnalishi boʻylab borardi. - Avval bu yerga kelibsan. Bu yerda nima qilding? Nimaga kelding? Bu yerdan nimani topding? U Sodiqning «Biz hamamsiga yuqoridan qarabmiz» degan gapini yodga oldi. - Nima demoqchi boʻlding bu bilan? Uning miyasiga chaqmoqdek nimadir urildi. Xona burchagidagi ayol topilgan shkaf oldiga bordi. Uni ochdi. Ichiga kirib eshikni yopdi. U yerda kalit solinadigan teshikdan boshqa tashqarini koʻradigan tirqish yoʻq edi. Tirqishdan moʻraladi. Roʻparasida katta oyna bor edi. U endi hammasini tushundi. Shkafdan chiqdi. U bu yerdan turib qotillikni koʻrolmasdi. U barini oynadagi aksdan korgan. *** Mirjamol Sodiqning soʻnggi manzili bolgan haroba uyga ham keldi. Uyni aylanib chiqqach, yertoʻlaga tushdi. Telefonining yorugʻligini yoqdi. Bir necha qadam yurgach yerga suqilgan yogʻoch taxtalarga duch keldi. Yorugʻlikni ularga tutdi. Toʻrtinchi yozuv tactasida quyidagilarni oʻqidi: « Doʻstim. Davron Pirimov» Zudlik bilan yertoʻladan chiqib kimgadir qoʻngʻiroq qildi. - Darhol «Info media» muxbiri Davron Pirimovni hibsga olinglar. Qotil oʻsha. *** Tergovchi gumondor Pirimov oʻtirgan soʻroq xonasiga kirib, uning qarshisiga oʻtirdi. Zoʻi bilan olib kelgan bir necha hujjatlarni oldiga qoʻydi. - Oʻzingizga shunchalik ishonganingizdan qochishni xayolingizga ham keltirmadingiz, shundaymi? Pirimov iljaydi. - Qoʻrqoq odam qochadi, oʻrtoq tergovchi. Men esa undaylardan emasman. Agar qoʻrqqanimda bularning bariga qoʻl urmasdim. - Ha qoʻrqoq emassan. Bu aniq. Senga qanday murojaat qilay? Davron Pirimov debmi yo Davlat Solijonov. - Istaganingiz bilan. - Roʻparamdagi hujjat xodimimiz sendan tortib olgan ryukzakdagi barmoq izlari bilan sendan olingan barmoq izlari 100% mos ekanligini tasdiqlaydi. Qolaversa, bizda seni koʻrgan guvoh bor. Oxirgi qotillikda xato qilgansan. Ayolni unutgansan. U tirik qolgan. - Nima ham derdim. Omadlaring kelibdi. - Sodir etgan qotilliklaringni tan olasanmi? - Meni tan olishim ahamiyatsiz. Axir, sizlarda dalil yetarlicha bor-ku. - Savolimga javob ber. - Ha, tan olaman. Boʻldimi? - Tergovchi bir hujjatni unga surdi. – Imzo chek. Pirimov ruchkani olib imzo qoʻydi. - Endi gapirib ber. - Nimani? -Hammasini. Bir boshdan boshla. Bizga baʼzi narsalar maʼlum. Qanday mehribonlik uyiga tushib qolganing, kim asrab olgani. Yongʻinga toʻxtalaylik. U qanday sodir boʻlgan? - Hammasi bir yaxshi edi. Chiroyli hayot kechirardim. Borganimdan keyin bir yil oʻtib asrab olgan oyim oʻgʻil koʻrdi. Ismini Usmon qoʻyishdi. Bu ularning uzoq kutgan farzandi edi. Ular farzandini yer-u koʻkka ishonishmasdi. Ammo bola nimjon edi. Koʻp kasal boʻlardi. Ular bolani oʻlishiga qoʻymay qiynashardi. Yolgʻiz men uni tushunardim. U menga meni qutqar biz azoblardan deya yolvorardi. Bir kun men unga yordam bermoqchi boʻldim. Ammo oyim koʻrib qoldi. Oʻshandan keyin mendan qoʻrqib qoldi. Dadamga men haqimda gapirib berdi. Oʻshandan keyin kunda kechqurun xonamning eshigini qulflab qoʻyadigan boʻlishdi. Bolakayga umuman yaqinlashtirishmadi. Bir kuni oyimning Nosir dadamga aytgan gapini eshitib qoldim. U «Uni tashlab keling. U bilan bir uyda turolmayman» dedi. Dadam ham rozi boʻldi. Men yana oʻsha yerga qaytishni istamasdim. Oʻsha tun men oʻz rejamni amalga oshirdim. Tunda hojatga chiqish bahonasini qilib dadamga eshikni ochtirdim. Oshxonaga oʻtib gazni yoqdim. Oshxonaga oʻt qoʻydim. Keyin dadam kelib qoldi. U jon holatda oʻtni oʻchirishga harakat qilayotganida tova bilan boshiga urdim. U hushidan ketdi. - Seni oʻrningda boshqa bola u yerda qanday boʻlib qoldi? - Ha, Davronmi? U meni yagona yaqin insonim va doʻstim edi. Uni koʻchada uchratgandim. Uyimizdan nariroqda tashlandiq joy bor edi. U oʻsha yerda yashirincha yashardi. Hech kimi yoʻq edi. Yashashga uyi ham. U bilan tez chiqishib oldik. Uni ota-onasi oʻlgan ekan. Qarindoshlari yomon munosabatda boʻlganligi uchun qochgan. Agar asrab olgan ota-onam buni bilib qolishsa meni u bilan koʻrishishimga yoʻl qoʻymasdi. Men uni yashirincha uyga olib kirdim. Yertoʻlaga berkitdim. Ha deb oʻsha tashlandiq yerga qatnolmasdim. Unda shubhalanib qolishardi. Uni oʻz oldimga olib keldim. Imkoni boricha u yerga tez-tez yegulik olib tushardim. U bilan uzoq-uzoq suhbatlashardim. U yerda yashashi uchun imkoni boricha sharoit qildim. Hech kim shubhalanmadi ham. Yongʻin boshlanganda uni qutqarish uchun borayotganimda qoqilib tushib hushimdan ketdim. Hushimga kelganimda esa mutlaqo boshqa yerda edim. Meni otam qutqarib qolgan ekan. Haqiqiy otam. Albatta buni avval bilmaganman. U haqiqatni aytmagan. Shunchaki oʻtib ketayotib yongʻinni koʻrib qolganligini, keyin kirib meni qutqarib olganligini, qolganalarga yordam bera olmaganligini aytdi. U yana menga u yerdan toʻrtta jasadni topishganini xabarini berdi. Uning maslahati bilan men oʻsha tun oʻlgan boʻldim. Oʻzimga yangi shaxsiyatni qabul qildim. - Aniqrogʻi oʻsha bolaning shaxsiyatini oʻgʻirlading. - Men dadam bilan 5 yil birga yashadik. U meni boqib tarbiyaladi. Lekin shu vaqt davomida biror marta otam ekanligini aytmadi. Bunga unda jasorat yetishmagan. Keyinchalik men «Info media»ga ishga kirdim. Ijaraga uy olib alohida boʻlib chiqib ketdim. U buni istamadi. Ammo men unga ortiqcha yuk boʻlishni istamagandim. Qarorim qatʼiy edi. U noiloj koʻndi. Lekin aloqalarni saqlab qolgandik. Bir kuni menga undan xat keldi. U xatda bor haqiqatni yozgandi. Bariga iqror boʻlgandi. Birinchi bor oʻz oʻtmishimni, kim boʻlganligimni anglab yetgandim. Keyin yana xatlar keldi. Men pochta orqali xatlar qayerdan joʻnatilayotganini topib bordim. U bilan ota-bola sifatida gaplashdik. - Oʻsha yerda bu rejalarni tuzgansizlar, shundaymi? U bu savolni javobsiz qoldirdi. - Erkin Turgʻunovni qanday oʻldirding? - Menga uning kotibasi katta yordam berdi. Biroz eʼtibor va shirin soʻzlar, natijada bechora qiz meni sevib qoldi. U Turgʻunovning xonasiga oʻsha uni fosh qiluvchi hujjatlar va suratlarni olib kirib qoʻydi va keyinchalik meni iltimosim bilan qaytarib olib chiqdi. Buni undan men soʻragandim. U hatto shubhalanmadi ham. - Oʻsha hujjatlarda nima bor edi? - Otam u qurayotgan binoda ishlardi. Uni jihozlar nosoz ekanligi haqida ogohlantirishgan. Ammo u ularni yangilamagan. Oqibatda kran qulab tushgan. Halokat oqibatida koʻplab odamlar jarohatlandi va hatto oʻldi. Otam birinchi boʻlib undan boshlash kerakligini aytdi. Men biroz izlanib shuni aniqladimki, u yangi texnik uskunalar uchun kerakli pullarni boshqa qora ishlariga sarflayotgan ekan. Uni qoʻrqitib qoʻyish uchun oʻsha dalillarni unga koʻrsatdim. Oydin, yaʼni oʻsha qiz orqali men hamma maʼlumotlarga ega boʻldim. U qachon ishga keladi, qachon ketadi. Qanday mashinada ketadi. Qayerda kamera yoʻq kabi. Qulay vaqtni kutdim va rejamni amalga oshirdim. Haydovchini yoʻldan olib tashladim. Erkinni mashina oʻrindigʻiga qimirlay olmaydigan qilib boʻylab qoʻydim. Oʻzim esa orqasidagi oʻrindiqdan joy oldim. Keyin oʻsha yerdan rezina arqon orqali boʻgʻdim. Ish bitgach qizdan voz kechmoqchi boʻldim. Ammo qiz ancha shilqim chiqib qoldi. U tinch qoʻymasdi. Qoʻngʻiroq qilar, xabar joʻnatardi. Keyin undan hali ham foyda boriligini bilib qoldim. Anavi xodimlaring unga ilakishib qolgandi. Ishlaringni kuzatib borish uchun qiz bilan munosabatimni tiklab oldim. Keyingi navbat aktyorga keldi. U bolakayga qilgan ishini otam aytib bergandi. Uni ham dastavval yaxshilab oʻrgandim. U bilan ish ancha oson boʻldi. Undan keyin navbat chempionga keldi. Unga hech kimga bermagan imkoniyatni berdim. Tirik qolish uchun imkon. Kurashishni taklif qildim. - Ammo sen gʻirromlik qilding. Uni baribir oʻldirding. - Bu mening qoidalarini. Ularni istagancha bzua olaman. - Keyingi qotillikka oʻt. - Boshlovchimi? Uni ham ancha oʻrganib chiqdim. Oʻsha kuni uni kuzatib uyigacha bordim. Ortidan xonagacha kirdim. Urib hushidan ketkazdim. Arqon bilan oyoq-qoʻlini bogʻladim. Oʻzim bilan uchoyoq olib kelgandim. Oyogʻidan unga osdim. U bilan avvalgilarga qaraganda ancha qiziqarli boʻldi. Oyogʻidan osilgan arqonining uchini qoʻliga tutqazdim. Qoʻyib yuborsa ostidagi nayzachalarga tushardi. Anchagacha chidadi. Rafiqasini uydan qidirdim, ammo topolmadim. Uyda boʻlmasa kerak degan xayolga bordim. Adashgan ekanman. Anavi xodimlaringni raqamini Oydindan olgandim. Vazifamni bajarib boʻlgach boshlovchining telefonidan unda qoʻngʻiroq qildim. Oʻzi ham juda qiziqarli boʻldi-da. Shunday emasmi? - Uning aybi nima edi? - Nima aniqlay olmadinglarmi? U ablah oʻz koʻrstuvlaridan birida bir qizning nomini badnom qilgan. Oxiri qiz oʻz joniga qasd qilishga majbur boʻlgan. Shu orqali u isnoddan qutulgan. - Sodiqni ham sen oʻldirdingmi? - Ha, u rejalarimda yoʻq edi. Lekin u hammasini fahmlab qoldi. Majbur boʻldim. Boshqa choram yoʻq edi. - Sen buni qanday bilib qolding? - U Jannatmomoga keltayotganida Oydinga qoʻngʻiroq qilgandi. Oʻsha payt uning yonida edim. U Jannatmonoga ketayotganidan sirim fosh boʻlishini angladim. Ortidan yetib bordim. - Uni qanday oʻldirding? - Qiynaganim yoʻq. Dastlab oʻrtamizda kurash kechdi. Oʻsha payt boshiga tosh bilan urib hushidan ketkazdim. Keyin avtohalokatni oʻxshatib yubordim. - Uning mashinasidan telefoni topilmadi. Uni sen oldingmi? - Ha. Tekshirib koʻray desam oʻchgan ekan. Ichida dalillar boʻlishi mumkin deb uni yoʻlda uloqtirib yubordim. - 10 – Mayor Mirkomilov oʻzini qiziqtirayotgan savolni Mirjamolga berdi. - Uni qanday fosh qildingiz? - Avvalo, shuni aytishim kerakki, uni mendan oldin Sodiq fosh etgandi. - Nima? - Ha, shunday. Qotil uni shuning uchun ham oʻldirdi. Men shunchaki uning izidan borib javobni topdim. Esingizdami guvoh ayol «aidem» deb alahsirayotgandi. - Ha , esimda. - Ana shu alahsirash emasdi. Biz voqeaga tashqaridan razm solganmiz. Voqeaning ichiga tushib koʻrish kerak edi. Ayol shkaf ichida oʻtirib qotillikni ham, qotilni ham koʻrolmasdi. U jinoyatni qarshisida turgan oynadan aksini koʻrgan. Aidem – u soʻzni teskari oʻqigan. Toʻgʻrisi esa «media». Bu qotilning kiyimidagi yozuv boʻlgan. - Nima degani bu? - «Info media» nashriyoti. Oʻsha qotillik kuni men Sodiq bilan jinoyat joyidan ketayotganimizda bizni Davron Pirimov toʻxtatib qolgandi. U bizga guvohnomasini koʻrsatgandi. U xuddi shu nashriyotda ishlardi. Jurnalistlarni ham u chaqirgan. Shubham yoʻq bunga. U oʻsha atrofda bioʻlgan. Uzoqqa ketmagan. Bu telba yongʻin boʻlgan uyda oʻzicha oʻlganlarga 4ta qabr yasab qoʻygan ekan. Biz haqiqiy Davron Pirimovning oʻtmishini oʻrganib chiqdik. Uning ota-onasi avtohalokatda halok boʻlgach qarindoshlarining qoʻlida qolgan. Keyin bola qochib ketgan. Uni hatto qidiruvga berishmagan. - Qanchalik dahshatli hikoya. Sodiqni yoʻqotganimiz hammasidan ham dahshatliroq. *** Oydin ishdan chiqishiga Mirjamol uni kutib turardi. Oydin uning oldiga keldi. - Assalomu alaykum. - Vaalaykum assalom, yaxshimisiz Oydin? - Rahmat, yaxshi. - Boʻlib oʻtgan ishlardan xabar topgan boʻlsangiz kerak? - Ha. - Uning koʻzlaridan yosh tomchiladi. – Naqadar tentak boʻlgan ekanman. - Unday demang. Siz sevib qolgansiz. Sevganlar esa sevgan insonining kamchiliklarini koʻrmaydi. Sodiq ham sizni sevardi. Oʻlimidan avval sizni xavfdan ogohlantirish uchun qo'ng'iroq qilgandi. Bunga aminman. Ammo ulgurolmadi. Qiz battardan koʻz yosh toʻkdi. - Men esa uning oʻlimiga sababchi boʻldim. - Sizning bunda aybingiz yoʻq. Bularning bari taqdirning ishi. Uni qahramon deb eʼlon qilishdi. Uning oilasiga «jasorat» medalini taqdim etishdi. Sizni xavfsizlikda koʻrib ruhi shod boʻlsa kerak. Sizga tilagim oʻzingizga munosib odamni uchrating va u bilan baxtli hayot quring. Sodiq ham shuni istagan boʻlardi. - Rahmat sizga. - Soʻzlarimni unutmang. Muallif: Fazliddin Raxmonaliyev Download 0.53 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling