Turizm sohasi mutaxassislari.
Sayyohlik sohasi dunyoning juda koʻp mamlakatlarida iqtisodiyotning jon tomiri hisoblanadi. Bu yoʻnalish yurtimizda ham birmuncha rivojlangan, hozir yanada taraqqiy etyapti. Odamlarning turmush darajasi oshib, moddiy ahvoli yaxshilangani sari sayyohat qilish istagi ham kuchaya boradi. Ularga yaxshi xizmat koʻrsatish esa sohaning ertasini kafolatlaydi. Shu sababli yaxshi xodimlarga talab ham ortadi.
Logist-naqliyotchilar.
Bozor iqtisodiyotidagi keskin raqobat sharoitida transport-logistika va mahsulotlar oqimini boshqarish strategik ahamiyatga ega. Bozorda munosib oʻringa va doimiy xaridorlarga ega boʻlishni istagan firma va kompaniyalar bu yoʻnalishda muntazam ish olib borishi shart. Buning uchun ularga naqliyot sohasini chuqur biladigan, iqtisodiyotni nozik his qiladigan mutaxassislar kerak boʻladi.
Ekologlar.
Sanoat va ishlab chiqarish rivojlanib, isteʼmol hajmi ortgani sari ekologiya va atrof-muhitni asrashning ahamiyati oshib boraveradi. Bu hol, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda yaqqolroq koʻzga tashlanadi. Shu sababli ham bunday hududlarda ekologiya mutaxassislariga ehtiyoj katta.
Kimyogarlar va energetiklar.
Resurslar cheklangani, ulardan oqilona foydalanish hayot-mamot masalasi ekani bugun hammaga maʼlum. Tejamkor usullarni ishlab chiqish, yangi energiya manbalarini izlab topish dunyoning iqtisodiy kelajagini belgilab beradi. Bu vazifani uddalashda kimyogarlar va energetiklarning xizmati katta.
Do'stlaringiz bilan baham: |