Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc


Download 0.94 Mb.
Pdf ko'rish
bet81/177
Sana25.08.2023
Hajmi0.94 Mb.
#1670328
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   ...   177
Bog'liq
chingiz aytmatov -qiyomat roman

www.ziyouz.com kutubxonasi 
82
Ular yana sukutga cho‘mdilar. Shunda aftidan har ikkovlari saroydan tashqarida soya-salqin 
bog‘lardan narida Quddusning oftob o‘rtagan past-baland ko‘chalarida dam o‘tmay portlashga tayyor 
teran sukunat cho‘kkanligini bab-baravar his qildilar. Hozircha quloqlariga noayon shovqin elaslab 
chalinar — erta tongdan odamlar, ot-ulovlar aralash-quralash bo‘lib ketgan bozorlarning g‘ala-g‘ovuri 
kelardi. Past va yuqori olam o‘rtadan ikkiga bo‘lingan edi: saroy devorlari ortida qurolli soqchilar 
aylanib yurishar, pastroqda, chog‘roq daraxtzorda esa suvoriylar qo‘r tashlagan edilar. Otlar dumlari 
bilan pashsha qo‘rayotganlari shundoq ko‘zga chalinardi. 
Qo‘limni yuvaman degach, prokurator o‘zini bir qadar yengil sezdi, zero, endi bemalol aytsa 
bo‘lardi: «Men qo‘limdan kelgancha harakat qildim. Xudolar shohid, unga o‘jar bo‘l, oyog‘ingni tirab 
tur, omolingni hayotingdan baland tut, deganim yo‘k. Lekin u so‘zidan qaytmadi, mayli, u aytgancha 
bo‘lsin. Bizga shunisi ham ma’qul. U o‘limiga o‘zi muhr bosdi...» Pontiy Pilat shularni o‘ylarkan, 
birvarakay xotiniga beradigan javobini ham pishitardi. Qazovu qadarda yozilgan taqdirini jimgina, sirli 
jilmayib kutayotgan Isoga qiya nigoh tashlarkan, hukmdor yana shularni hayolidan kechirdi: «Shu 
tobda nimalarni o‘ylayotgan ekan bu odam? Hoynahoy, ichida qattiq afsus chekayotgandir? To‘qib 
chiqargan g‘alati gap-so‘zlari o‘z boshiga yetganligini balki tushunib qolgandir? Lekin negadir ulardan 
voz kecholmadi. O’z tuzog‘iga ilindi. Ana endi, qutulib ko‘r-chi: xamma-hamma uchun — butun 
zaminu zamona, butun bani bashar uchun — bitta Xudo. Bitta imon. Hamma-hamma uchun bitta 
Adolat Saltanati. U nimaga shama qilyapti? Nesini aytasiz, hamma-hamma shuni xohlaydi. U xuddi 
shuni ko‘zlab ish tutgan! Lekin, hayot bizni ana shunday o‘rgatadi, haddan oshib, mug‘ambirlik qilsak, 
jazolaydi. Peshonangda yozilmagan taxtu baxt uchun talashsang, holing ana shunday zabun bo‘ladi. 
Ko‘ngli taxt tilaganini qarang! Qora xalqqa qutqu solib, Qaysarga qarshi g‘alayonga chaqirgan, u 
to‘dadan bu to‘daga o‘tib dunyo tinchini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan. Odamning azal tartibot qurilmasini 
ostin-ustun kilishni o‘ylagan. Bevosh tentak! Qoyil-e! Yo‘q, bunday odamni sira tirik qoldirish 
mumkin emas. Ko‘rinishdan kaltaklangan, sho‘riga sho‘rva to‘kilgan parrixtaga o‘xshaydi. Lekin 
yuragida nimalar yashiringan, Xudo biladi — ko‘zlagan ishlarini ko‘ring, faqat buyuk aql egasigina 
bunaqa reja tuzishga qodir. Unga qaragan odam sira shunday deb o‘ylamaydi!» 
Prokurator Pontiy Pilat o‘zini shu kabi o‘ylar bilan ovutardi. Unga yana boshqa bir narsa ham 
taskin berardi. Endi Iso Masiho yuzasidan sinedrion hukmini tasdiqlashni ochiqdan-ochiq talab 
qilayotgan muftilar muftisi Kayafa bilan tortishib, talashib o‘tirishga hojat qolmagan edi. 
— Dargumon bo‘lmagilki, ey hakim hukmdor, o‘z ishingdan o‘zing mamnun bo‘lasan va ne 
qilsang, haq qilasan,— deb ko‘ydi Iso, xuddi hukmdorning ichidagi fikrlarni o‘qiganday. 
Pontiy Pilatning fig‘oni oshdi. 
— Mening g‘amimni yemay qo‘ya qol,— Isoni siltab tashladi u,— men uchun Rimning manfaati 
har narsadan yuqori. Sen o‘zingni o‘yla, ey sho‘rlik! 
— Ma’zur tut, shavqatli hukmdor, menga bu so‘zlarni aytmasang ham bo‘lardi. 
— Ayni muddao. Hali ham kech emas. Yana o‘ylab ko‘r. Keyin achinib yurma. Men hozir 
ichkariga kirib chiqaman. Kelgunimcha o‘z fikringni o‘zgartirmasang, unda oxirgi so‘zimni aytaman. 
Bani Isroilning shohiman, olamning tayanchiman, men bo‘lmasam, yerning holi ne kechadi, deb 
havolanma. Bil’aks, hamma narsa o‘chakishganday senga qarshi. Vaqting ham allaqachon tugadi. 
So‘zingdan qaytsanggina boshingni xalos etasan. Uqdingmi? 
— Uqdim, hukmdor... 
Pontiy Pilat yelkasiga tashlagan keng ridosini to‘g‘rilab, saroy ichkarisiga kirib ketdi, U suyaxlari 
yirik, boshi katta va sochi qolmagan, ulug‘vor, o‘z sha’ni-shavkati va kuch-qudratiga ishongan kishi 
edi. Ark ayvoni hovlisidan o‘tib borarkan, uning ko‘zi yana osmon bag‘rida parvoz qilib yurgan 
qushlar shohiga tushdi. Bu burgutmidi yoki shunga o‘xshash bir qush, u bilolmadi, bunga hozir 
qiziqayotgani ham yo‘q edi, hozir hayolini qushga aslo kuchi yetmasligi, uni o‘z izmiga 
bo‘ysundirolmasligi tamomila band etgandi — rost-da, na uni ko‘rqita va na haydab yubora oladi va na 
chaqirib, qo‘liga qo‘ndira oladi. 


Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman) 

Download 0.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   ...   177




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling