Microsoft Word islom karimov asarlar 19-jild ziyouz com doc
Download 2.84 Kb. Pdf ko'rish
|
19tom2011yilpdf
- Bu sahifa navigatsiya:
- SHAKLLANTIRISH — MAMLAKATIMIZ TARAQQIYOTINING ASOSIY MEZONIDIR 19
www.ziyouz.com kutubxonasi 1 ISLOM KARIMOV DEMOKRATIK ISLOHOTLARNI YANADA CHUQURLASHTIRISH VA FUQAROLIK JAMIYATINI SHAKLLANTIRISH — MAMLAKATIMIZ TARAQQIYOTINING ASOSIY MEZONIDIR 19 ISBN 978-9943-01-746-7 Toshkent «O‘zbekiston» 2011 www.ziyouz.com kutubxonasi 2 O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 19 YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI TABRIK SO‘ZI Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar! Hurmatli mehmonlar! Bugun go‘zal va betakror yurtimizda buyuk ayyom, katta tantana. Xalqimiz asrlar davomida orziqib kutgan o‘z milliy mustaqilligining o‘n to‘qqiz yillik bayramini baland ruh va xursandchilik bilan kutib olmoqda. Haqiqatan ham barchamiz uchun eng ulug‘, eng aziz bo‘lgan ana shu bayram bilan siz azizlarni, sizning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklash men uchun katta baxtdir. Aziz do‘stlar! Bugun, shu qutlug‘ ayyom arafasida Vatanimiz ozodligiga erishish, hech kimga tobe va qaram bo‘lmasdan, o‘z taqdirimizni o‘z qo‘limizga olib, yurtimiz boyliklariga, uning tabiiy, iqtisodiy va intellektual salohiyatiga ega bo‘lish, bir so‘z bilan aytganda, ham siyosiy, ham iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash yo‘lida xalqimiz qanday og‘ir va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgani beixtiyor ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi. Biz bu yo‘lda har qanday murakkab va tahlikali sinovlar, to‘siq va g‘ovlardan o‘tib, yovuz va zo‘ravon harakatlar oldida bosh egmasdan, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘z tanlagan yo‘limizdan qaytmadik, ezgu maqsadlarimizga yetish uchun qat’iyat va matonat bilan qadam qo‘ydik. Bugun mustaqil taraqqiyot yillarida bosib o‘tgan, oson kechmagan yo‘limizni, amalga oshirgan ishlarimizni, erishgan yutuq va marralarimizni sarhisob qilar ekanmiz, hech shubhasiz, xolisona bir xulosaga kelishimiz tabiiydir. Ya’ni, bundan o‘n to‘qqiz yil oldin yurtimizda erkin va mustaqil demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurish, iqtisodiyotimizni keskin va chuqur isloh etish, aholimiz manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilgan azmu qarorimiz yakkayu yagona to‘g‘ri ekanini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda. www.ziyouz.com kutubxonasi 3 Buning isbotini avvalo shu yurtda yashayotgan har qaysi inson o‘zi va oilasi, yaqinlari misolida, shahar va qishloqlarimiz, butun mamlakatimizning har tomonlama rivojlanib, obod bo‘lib borayotgani misolida yaqqol ko‘rishi mumkin. Buning tasdig‘i sifatida hali-beri davom etayotgan jahon moliyaviy– iqtisodiy inqirozining salbiy ta’siriga qaramasdan, O‘zbekiston dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida iqtisodiy va ijtimoiy o‘sishning yuqori va barqaror sur’atlarini namoyon etmoqda. Oxirgi ikki yil davomida mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘sish darajasi mos ravishda 9 va 8,1 foizni tashkil etgani, bu yil esa 8,5 foizni tashkil etishi kutilayotganining o‘zi ko‘pchilikning hayrat va havasini uyg‘otmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz erishgan marralarni o‘zimizga tasavvur qilish uchun quyidagi raqamlarni keltirish o‘rinli deb bilaman. 1990 yilga nisbatan yalpi ichki mahsulotimizning o‘sishi taxminan 3,5 karra, aholi jon boshiga hisoblaganda, 2,5 barobar oshgan, o‘rtacha oylik ish haqi esa shu yilning oxirigacha qariyb 500 AQSH dollarini tashkil qilib, taxminan 14 karraga ko‘payadi. Yana bir raqam – Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va yurtimizda inson salomatligini asrash, unga munosib sharoit yaratish va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uzluksiz o‘sib borayotganining tasdig‘i sifatida aholimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi so‘nggi yigirma yil davomida 67 yoshdan 73 yoshga yetganining o‘zi ko‘p narsadan dalolat beradi. Hammamiz yaxshi tushunamiz: bunday natijalarga albatta bir-ikki yil mobaynida erishib bo‘lmaydi. Bu marralarni biz mustaqillik yillari davomida xalqimizning kundalik mashaqqatli va o‘ta og‘ir mehnati evaziga qo‘lga kiritganmiz. Shuning uchun bu mo‘tabar zaminda istiqomat qilayotgan har bir yurtdoshimiz bu yutuqlardan g‘ururlanib-faxrlanib yashashga to‘la haqlidir. Qadrli yurtdoshlarim! Bizning eng ezgu maqsad-muddaomiz – dunyodagi taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirishdan iboratdir. Buning uchun o‘z mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra bir-biriga teng, bir-birini to‘ldiradigan ikki hal qiluvchi vazifani amalga oshirish bizning doimiy e’tibor markazimizda turishi zarur. www.ziyouz.com kutubxonasi 4 Birinchidan, iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni va olib borilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy-ijtimoiy o‘sishimiz va texnologik rivojlanishimiz sur’atlarini yuksaltirish hisobidan Vatanimiz taraqqiyoti va aholimiz farovonligini munosib darajaga ko‘tarishdir. Ikkinchidan, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va erkinlashtirishni, siyosiy-huquqiy va iqtisodiy tizimni demokratik yangilashni, yurtimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirishni davom ettirishdir. Biz bugun mana shunday buyuk maqsadlarni oldimizga qo‘yar ekanmiz, chuqur anglab olishimiz zarurki, bunday orzu-intilish mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab olib borayotgan siyosatimizning mantiqiy va qonuniy davomi bo‘lib, butun xalqimizdan tinimsiz mehnat va kuch-g‘ayratni safarbar etishni talab qiladi. Shu bilan birga, bu vazifa zamon o‘zgarishi bilan har birimizdan dunyoqarashimiz, ongu tafakkurimizni, siyosiy va huquqiy saviyamizni yuksaltirish, yon-atrofimizda bo‘layotgan voqealarga daxldorlik tuyg‘usini yanada kuchaytirishni, sodda qilib aytganda, bu go‘zal va betakror yurt – men uchun yagona Vatan, uning boshidan kechirayotgan quvonch va tashvishlari – mening quvonch va tashvishlarim, deb, shunday hissiyot bilan yashashni talab qiladi. Shu borada mening eng katta umidim va ishonchim – mana shu muhtasham maydonga chiroy berib o‘tirgan siz aziz farzandlarimda, sizning timsolingizda bugun quvvatga to‘lib, hech kimdan kam bo‘lmayman, deb, zamonaviy bilim va tajribalarni egallashga bel bog‘lagan, tobora hal qiluvchi kuch bo‘lib hayotga kirib kelayotgan yosh avlodda, desam, hech qanday xato bo‘lmaydi. Bunday avlodni hech qachon yengib bo‘lmaydi. Mamlakatimizda 2010 yilga “Barkamol avlod yili” deb nom berganimizning o‘zi aynan shunday ezgu orzu-niyatlarimizni amalga oshirish yo‘lida, hech shubhasiz, yana bir qat’iy qadam bo‘lib qolajak. Ishonchim komil, ko‘pni ko‘rgan, boshidan ko‘p sinovlarni o‘tkazgan xalqimiz chuqur anglaydiki, bunday yuksak vazifalar va olijanob orzu- niyatlarimizni amalga oshirish uchun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni, osuda hayotimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, jamiyatimizdagi millatlar va dinlararo totuvlik va bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashimiz darkor. www.ziyouz.com kutubxonasi 5 Eng muhimi, mintaqamizda, yaqin yon-atrofimizda yangi qarama- qarshilik va tajovuz o‘choqlarini alanga oldirishga harakat qiladigan har qanday kuchlardan doimo sezgir, ogoh va hushyor bo‘lib, bunday urinishlarning oldini olish va bartaraf etishga tayyor turishni bugungi notinch va tahlikali zamonning o‘zi taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, jahon hamjamiyati bilan hamkor bo‘lib yashashni, barcha uzoq va yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlashni biz hamisha eng dolzarb vazifa deb bilganmiz va bunday siyosatni albatta izchil davom ettiramiz. Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda bayram quvonchini biz bilan baham ko‘rayotgan xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlarning vakillariga, muhtaram mehmonlarimizga xalqimiz nomidan hurmat-ehtirom bildirib, dunyodagi barcha do‘stu hamkorlarimizga samimiy salom va tilaklarimizni yo‘llashga ruxsat bergaysiz. Aziz va qadrli vatandoshlarim! Shu munavvar oqshomda hammangizni Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor qutlar ekanman, avvalambor, yurtimizni tinch-omon saqlab, asrab kelayotgan, ezgu ishlarimizga o‘zi madadkor bo‘lgan Yaratganimizga shukronalar aytib, erishgan barcha yutuq va marralarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lmish xalqimizga bosh egib ta’zim qilaman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin! www.ziyouz.com kutubxonasi 6 Download 2.84 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling