TERTULLIAN KVINT SEPTIMIY FLORENS
(Taxminan 160-220yillar)
Qadimiy lotin faylasufi Tertullian Kvint Septimiy Florens qudratli Rim imperiyasining Shimoliy Afrikadagi Karfagen deb nomlanuvchi viloyatida dunyoga keldi.
Tertullian dunyoqarashining shakllanishida Sitseron va Senekaning asarlari katta o‘rin tutdi. (Darvoqe, Senekaga murojaat qilgan har bir odam undan nimadir oladi. Seneka ta’limotini qiziqish bilan chuqur o‘rgangan kishi esa uning uslubi va dunyoqarashini beixtiyor qalbiga chuqur singdirib oladi. U — insonning ko‘ngliga kirgach, undan qaytib chiqmaydigan yagona faylasufdir. Senekaning inson qalbi va tafakkurini tark etolmasligi uning o‘z istagi bilan ro‘y bermaydi. Aksincha, odamlarning o‘zlari undan ajralishni istamaydilar. Chunki Senekaning fikrlari g‘aroyib va favqulodda go‘zal hamda teran ma’noli. Masalan, uning mana bu so‘zlariga e’tibor bering-a: «O’limdan so‘ng hamma narsa barham topadi. Hatto, o‘limning o‘zi ham»). Tertullian falsafaga Senekani o‘qish orqali kirib kelgan. U Rimdagi sud idorasida notiqlik vazifasida xizmat qilgan.
* 38 *
Haqiqat eng boshdanoq mavjud bo‘lgan. Xatolar va yanglishishlar esa undan so‘ng tug‘ilgan.
* * *
Til — panjaralari tishdan ishlangan, lab qafasi ichidagi hayvon.
* * *
Yomon odamlarning ruhi o‘limidan so‘ng iblisga aylanadi.
AVGUSTIN AVRELIY (Saodatli)
(354-430)
Avgustin Avreliy Shimoliy Afrikadagi Tagasta (hozirgi Jazoir davlatining Suk-Aras) shahrida tug‘ildi. Avgustin ulg‘aygach, Karfagendagi notiqlik maktabida uch yil davomida tahsil oldi. Ana shu vaqt ichida u Sitseronning falsafiy qarashlarini katta qiziqish bilan o‘rgandi.
Avgustin 375 yildan boshlab 8 yil davomida notiqlik san’ati bo‘yicha talabalarga saboq berdi.
384 yilda u Italiyaga yo‘l oldi va Milan shahridagi notiqlik maktabida muallimlik qildi. Bu yerda nasroniylik diniga kirib, uni chuqur o‘rganishga kirishdi. 388 yili Avgustin Afrikaga qaytib, oradan uch yil o‘tgach, o‘zini butkul diniy ilmlarni o‘rganishga bag‘ishladi. Va ko‘p vaqt o‘tmay Gippon shahrining yepiskopi Valeriy homiyligi ostida ruhoniylikni qabul qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |