AL-MAARRIY ABUL ALA
(979-1057)
Al-Maarriyning asl ismi Ahmad bo‘lib, Suriyaning Maarra shahrida tug‘ilib o‘sgan. Ahmadning otasi qozilik vazifasida xizmat qilgan. Ahmadda go‘daklik chog‘idanoq noyob qobiliyatlar namoyon bo‘la boshlagan. U uch yoshida o‘qishni o‘rganib, she’rlar yod olgan, to‘rt yoshida chechak kasaliga chalinib, ko‘zlari ko‘rmay qolgan. Al-Maarriy 20 yoshga yetganda deyarli barcha fanlarni puxta egallagan, bir nechta falsafiy hamda she’riy asarlar to‘plamini yaratib ulgurgan. Ahmaddagi iste’dod va haqiqatsevarlik uni poytaxtga — Bag‘dod shahriga yetaklaydi. Maarriy bir do‘stiga yozgan maktubida shunday degandi: «Qasam ichib aytamanki, Bag‘dodga men boylik orttirish va mashhur kishilar bilan uchrashish uchun kelmadim. Men bu ilm mehvariga kelib, uning o‘zim uchun noma’lum durdonalaridan bahramand bo‘lishni orzu qilgandim». Ahmad tez orada o‘z ijodi bilan Bag‘dodda shuhrat qozondi.
Uning asarlarini odamlar qo‘lma-qo‘l qilib o‘qiy boshladilar. Qisqa fursatda iste’dodini munosib qadrlovchi do‘stlar orttirdi. Shoir 79 yoshida vafot etdi. Uning o‘limidan chuqur qayg‘uga botgan 84 nafar shoirlar marsiyalar, g‘azallar bitishdi. Hozirgi kunda Al- Maarriyning qabri ustida maqbara bunyod etilgan. Hanuz bu yerdan odamlarning qadami uzilmaydi.
Ko‘pchilikka mavjudlikning ma’nosini qabr anglatadi. Meni esa hayotsevarlik xarob qildi.
Ehtiroslarni kim jilovlay bilar,
Davru davron osha bizni yetaklar.
Ba’zan yaqinlaring ham begonalar kabi qalbingni yaralaydi. Shunday damlarda Allohdan madad kut.
Xotirjamlik yor bo‘lgan kishilarga hech qachon havas qilma. Zero, ularning umri ham chegaralangan va biz hammamiz tasodiflarga bo‘ysunamiz.
Yaxshilik qilish qanchalik qiyin bo‘lsa, tubanlikka yuz tutish shunchalar oson.
Bir paytlar qalbimga oltindan tamg‘a qo‘ydim,
Bugun sukut saqlashni men oltinga yo‘ydim.
Aqliga umidsizlik soya tashlagan odam o‘tkinchi narsadan imkon izlaydi.
Tilanganga so‘nggi tangangni bergil,
Berganing olamni aylanar, ko‘rgil.
* * *
Bizga ne atalgan aytib bo‘lmag‘ay, Toki taqdir yuki ustun kelmag‘ay.
Farzand ko‘rdim deb, uni o‘limga yuzlatar, Farzand noqobil bo‘lib, bir umr bo‘zlatar.
Laganbardor, xushomadgo‘y bo‘lsa kim, Do‘stlikni tovoqda keltirurlar jim...
Taqdir, menga do‘st bo‘laqol, deb bo‘lmas, U senga hech qachon o‘grilib kulmas.
Ey muqaddas zamin, yig‘la, yig‘i kelganda, Qashshoqlar haqorat... boy sharmanda qilganda.
Tilini tiysa kim bezgaklikda ham, Baxt unga tez kunda bo‘lg‘usi hamdam.
Xatolaring oyog‘ing ostida qumdir.
O, tavba-tazarruga yetarmi umr...
Do'stlaringiz bilan baham: |