MATLUB MEROS
Misr hukmdori Rum hukmdori bilan kelishib, oralaridagi adovatni bartaraf qildilar. Do‘stlik ahdin tuzdilar. Do‘stliklarini ham kuchaytirish, abadiylashtirish uchun Misr hukmdori o‘z qizini Rum hukmdorining o‘g‘liga berdi. Rum hukmdori ham o‘z qizini uning o‘g‘liga nikohladi. Shunday qilib, har ikki hukmron bir-birlariga qarshi quda bo‘ldilar. Bu oshnolik tufayli har ikki tomondan elchi va maktub bot-bot borib kelib turdi, har ikkisi bir-birlari bilan maslahatlashib ish olib bordilar.
Bir kuni Misr hukmdori qudasi Rum hukmdoriga shu mazmunda xat yozib yubordi:
— Ko‘zlarimizning nurlari bo‘lgan farzandlarimizning vafotimizdan keyin ham rohat va farog‘atda yashashlari uchun shu topdan boshlab chora ko‘rishimiz kerak. Men o‘g‘lim uchun juda ko‘p moldunyo jamladim. Chiroyli bog‘ va imorat vujudga keltirdim. Siz ham kuyovim bo‘lgan o‘g‘lingiz uchun shunday qilgan bo‘lsangiz kerak.
Rum hukmdori qudasi Misr hukmdorining xatini o‘qib tabassum qildi va shu mazmunda maktub bitdi:
— Men sizdan ko‘ra boshqacharoq yo‘l topdim. Vafosiz mol-dunyo, matolarga iltifot etmayman. Shuning uchun men o‘g‘limga molu dunyo emas, ilm, hunar, odob, axloqni meros etib qoldirishni istadim, uni ilmli, hunarli, odob, axloqli qilib o‘stirdim, adab libosi bilan uni bezadim, yaxshi xislatlarni o‘g‘lim uchun meros etib qo‘ydim. Mol-dunyoga zavol yetadi, ammo odobga zavol yetmaydi.
Misr hukmdori qudasining xatini o‘qigach, uning so‘zini ma’qullab:
— Qudam to‘g‘ri aytadi, odob, axloq — oltindan ham qimmatli,— dedi.
Qit’a:
Emas manzur xush aqliga moli, Nechukkim molning bordir zavoli. Ular matlubi bo‘lgan ilmu odob,
Ki topganlar adabdan yaxshi alqob,
Do'stlaringiz bilan baham: |