Microsoft Word oz-oz urganib dono bolur lot ziyouz com doc
Download 0.74 Mb.
|
Shorasul Zunnun. Oz-oz o'rganib dono bo'lur
DO’STLIK
Bir kishi bir oz pulga muhtoj bo‘lib qoldi, do‘stidan yordam olish maqsadida uning uyiga kelib eshikni taqillatdi. Do‘sti chiqib, u bilan ko‘rishdi, uyga taklif qilsa ham u kishi qabul qilmay: — Do‘stim, meni kechir, uyga qilgan taklifingni hozircha qabul eta olmayman, vaqtim ziq. Bir kishidan yuz so‘m qarzdor edim, bugun kelib pulini qistadi. Qo‘limda pul yo‘q edi. Shuning uchun sening huzuringga keldim, yordam etarsan deb umid qilaman,— dedi. Uy egasi darhol ichkaridan yuz so‘m olib chiqib, do‘stining qo‘liga berdi. — Do‘stim, biror narsaga muhtoj bo‘lib qolsang, mendan yashirma, qo‘limdan kelgancha yordam berishga tayyorman,— deb do‘stining ko‘nglini ko‘tardi. Do‘sti xursand bo‘lib, u bilan xayrlashib uyiga qaytdi. Uy egasi do‘sti qaytib ketgandan keyin yig‘lab uyiga kirdi. Xotini: «Erim ko‘p pul berib yuborganiga pushaymon qilib yig‘layotgan bo‘lsa kerak»,— deb eriga: — Biror narsani bahona qilib pul bermasdan qaytarib yuborsangiz bo‘lmasmidi? Endi pushaymon qilib yig‘laysiz,— degan edi, eri shunday javob berdi: — Yo‘q, sen o‘ylagancha emas, do‘stim pulga muhtoj bo‘lib qolganini bilmaganman. U kelib so‘ramasdan oldin o‘zim borib: — Do‘stim, biror narsaga muhtojmisan, tortinma, ayt,— deb so‘rashim kerak edi,— g‘aflatda qolganimga achinib yig‘layman. Bayt:
Tut ul do‘stingni sut ustida qaymoq, Aziz joningcha ko‘rgil, balki behroq. HASAD Aytishlaricha, Iskandar Rumiy zamonida bir jonivor paydo bo‘ldi, unga kim ro‘para kelsa darhol halok bo‘lardi. Iskandar donishmandlari bu baloni daf qilish uchun har qancha urinsalar ham, hech narsa qila olmadilar. Nihoyat, bu baloni daf qilish chorasini Arastu hakim topdi. Uning buyrug‘i bilan juda ham katta oyna tayyorladilar, u oyna orqasida bir-ikki kishining bekinib o‘tirishi mumkin edi. O’sha oyna sig‘arlik juda katta arava tayyorlab, uni aravaga ko‘tarib qo‘ydilar. Arastu oyna orqasida bekinib o‘tirdi. Aravani u jonivor turadigan joyga yaqinroq yerga keltirib qo‘ydilar. Jonivor odam isini olib, arava tomoniga qarab kela boshladi. Aravaga yaqin kelgan edi, ko‘zi oynaga tushdi, oynada o‘z suratini ko‘rib, darrov yiqilib o‘ldi. Iskandar bu ishdan juda taajjublanib Arastudan buning hikmatini so‘radi. Arastu shunday bayon qildi: — Ey Iskandar, bu jonivor yer ostida necha yil yotgan badbo‘y bug‘lardan vujudga kelgandi, uning ko‘zida zahari qotil bor edi, kimga ko‘zi tushsa, u kishi darrov o‘lardi. Men oldiga oyna olib bordim, uning aksi oynada paydo bo‘ldi, nazari unga tushdi. U nazar bu aks vositasi bilan o‘ziga qaytdi va o‘z nazarining asari o‘ziga urib halok bo‘ldi, Iskandar Arastuga tahsin o‘qidi. Hasadining yomonligi o‘ziga qaytadi. O’t kuydirish uchun biror narsa topmasa, o‘zini o‘zi kuydiradi. Download 0.74 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling