ER KISHINING ISHI
Bobolarimiz: «Yaxshilikka yaxshilik har kishining ishidir, yomonlikka yaxshilik er kishining ishidir», deb juda to‘g‘ri aytganlar.
Qadim zamonda bir viloyatning boshlig‘i olim, fozil bir odamni tuhmat orqasidan qamoqqa oldi. Bir yilgacha o‘z huzuriga keltirib yuz marta kaltaklab azoblardi. Bir yildan keyin ahvol tamom o‘zgardi. Haligi zolim boshliqning o‘rniga shu olim, fozil odam viloyat boshlig‘i bo‘ldi.
Hamma odamlar:
— Oldingi boshlig‘imiz bu olim boshlig‘imizga ko‘p jabr, zulm qilgandi, bu ham endi intiqom olsa kerak,— deb o‘yladilar, lekin ish odamlar o‘ylaganlaricha bo‘lmadi. Yangi boshliq eski boshliqni o‘z huzuriga keltirib, unga ko‘p iltifotlar ko‘rsatdi, sarpolar kiygizdi. Xazinachisini chaqirib olib, har kun yuz marta urgan kaltagining har biriga bir tangadan yuz tanga berishga va buni har kuni davom ettirishga buyurdi.
Oradan bir necha vaqt o‘tgandan keyin oldingi boshliq juda ham xijolat chekib, o‘limiga rozi bo‘ldi, olim boshliqning huzuriga kelib:
— Meni qatl eting, yoki har kuni berayotgan in’omingizni to‘xtating, buni sizdan iltimos qilaman,— dedi.
Yangi boshliq bir yil mobaynida badaniga urilgan kaltak zarbidan to‘kilgan badan po‘stlarini yig‘ib qo‘ygan edi, avvalgi boshliqning iltimosini eshitgach, o‘sha po‘stlarini keltirib tarozuga tortishga buyurdi. Po‘stlar anchagina og‘irlikda edi. Avvalgi boshliqqa shu po‘stlar og‘irligi miqdorda oltin berishga buyurib:
— Yemonlik qilganga yomonlik qilish oson, lekin men yaxshilik qilish istayman. Bu oltinlarni olsin va o‘zining kimligini bilsin!— dedi.
Do'stlaringiz bilan baham: |