UMAR IBN ABDULAZIZ
Qadimgi arablarning «Umaviya» sulolasi halifalaridan Umar ibn Abdulaziz eng odil va hech kimning ko‘nglini og‘ritmagan, zulm, haqsizliklarni bitirishga kirishgan zot edi. Xalifaning bu xislatlarini ko‘rolmagan shaxslar bir odamni yollab, xalifani zaharlabdilar. Lekin zahar bergan odam qochib qutula olmadi. Uni Umarning huzuriga keltirdilar.
Umar u odamdan:
— Menga nima uchun zahar berding? Bundan maqsading nima?—deb so‘radi. U odam:
Xalifam, men sizni olijanob xalifa ekaningizni bilaman. Dushmanlaringiz menga ming oltin berib, sizni zaharlashni buyurdilar. Pul uchun vijdonimni sotib shu yaramas ishni qilishga majbur bo‘ldim, o‘z ishimdan o‘zim xijolatdaman,— dedi.
Xalifa u odamdan ming oltinni olib davlat xazinasiga topshirdi. Keyin u kishiga xitob qilib:
— Pul, mol uchun birovga yomonlik qilishning zo‘r gunoh ekanini bilmadingmi? Agar zo‘r gunoh ekanini bilsang edi, bunday ishga jasorat qilmasding. Men seni afv etdim, chunki inson, yomonlik qilgan kishidan o‘ch olmasligi, uning gunohini kechirishi lozimdir. Agar sen bergan zahardan vafot etsam, odamlarim seni pora-pora qilib yuborardilar. Shuning uchun tavba qil, pul, molga ta’ma qilib, birovning hayotiga qasd qilma,— dedi.
U kishi yig‘lab, tavba qildi, xalifadan uzr so‘radi, xayrlashib ketdi. Xalifa hamma xodimlariga bu kishiga aslo tegmaslikni buyurdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |