5-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oyoqlari shishib ketguncha
nafl o'qiganlari
Oisha onamiz: «Hatto oyoqlari yorilib ketar erdi»,— degandilar.
Mug'iyra ibn Shu'ba raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va
sallam kechasi turib namoz o'qir erdilar, hatto (ruku', sajda qilaverib), oyoqlari (yokim
boldirlari) shishib ketar erdi. Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Axir,
sizning butun gunohlaringizni Olloh afv qilgan-ku!» - deyishdi. Shunda Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam: «Shukr qilguvchi banda bo'lmayinmi?»-dedilar».
6-bob. Saharda (turmay) uxlagan kishi haqida
Abdulloh ibn Amr rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi' va sallam (bir kuni
menga) bunday degandilar: «Olloh taologa ko'proq Dovud alayhissalomning namoz
o'qimaklari va ro'za tutmaklari yoqar erdi, Dovud alayhissalom yarim kechagacha uxlar
erdilar. Kechaning 1/3 qismida ibodat qilar erdilar va 1/6 qismida uxlar erdilar. Kunora
ro'za tutar erdilar».
Masruq raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam nima
qilmoqni yaxshi ko'rar erdilar?» -deb Oisha onamizdan so'radim. «Doimiy ibodatni»,-
dedilar. «Qachon turib namoz o'qir erdilar?»-dedim. «Xo'roz qichqirganda»,- dedilar».
Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
xo'rozning birinchi qichqirig'ini eshitiboq turib namoz o'qir erdilar».
Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam mening hujramda
yotib qolgan kunlari biror marta ham turib saharni qarshi olgan ermaslar».
Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Bir kecha Rasululloh birlan
birga namoz o'qidim. «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qiyomda uzoq turib
qolganlaridan hatto niyatim buzildi»,- dedim Abu Voilga. «Ne qilmoqchi bo'ldingiz?» -
deb so'radi Abu Voil. «Rasulullohni qiyomda qoldirib, o'zim o'tirib olsammikin, degan
xayolga bordim, dedim».
Huzayfa raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
kechasi tahajjud namoziga tursalar, og'izlarini misvok birlan tozalar erdilar».
Do'stlaringiz bilan baham: |