Saylanma.
Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
8
U quyun ichida ungan bir daraxt.
1981
* * *
Yerdan o‘zga joyda hayot yo‘q emish,
Yo‘q emish samoda biror-bir jonzot.
Olimlar shundayin qarorga kelmish,
Sira ajablanmang bu holdan, ustod.
Ular xo‘p tinchibdi,
tolei kulib,
Asli yo‘q narsani axtarmoq bekor.
Men esa to hanuz umidga to‘lib
Izlayman zaminda do‘sti vafodor.
1981
QAYRAG‘OCH
Assalom, azizim, qayrag‘och og‘a,
Balki men jiyanman, sen menga tog‘a.
Farqimiz bittadir: sening tiling yo‘q,
Yurarga oyog‘ing, ketar yo‘ling yo‘q.
Lekin baxtlidursan,
soya solursan,
Bahra olganlardan duo olursan.
Tog‘ajon, mening-chi, ahvolim mushkul,
Mendan panoh topgan qarg‘aydi nuqul.
Bitta iltimos bor: o‘rin almashsak,
Men ham daraxt kabi yashasam andak.
Sen-chi, bu dunyoga Inson bo‘lib boq,
Mayli, bir kun meni o‘tin qilib yoq.
1981
QIRQ YOSH
Qirq yosh ham keldiyu qo‘limdan tutdi,
Borman
na ertakda, na afsonada.
Qirq yilning naq yarmi yo‘llarda o‘tdi,
Yarmi esa o‘tdi bemorxonada.
Shu mo‘’jaz uyimda yonsin deb chiroq,
Ne aziz zotlarga yondoshdim gohi.
Birin aka dedim, birini o‘rtoq,
Ba’zan nom chiqardim: davron maddohi!
Kim alam chekmabdi umrida bir bor .
U
meni anglamas, anglamas aslo!
Kim haqqa tashnadir, kim mehrga zor,