Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
26 Barchamiz mana shu o‘t-o‘lanlarday qovjiraymizmi shu yerda, barchaning xayolida shu savol. Oldindagi mashinadan tushgan vakil baland ovozda gapirib, odamlarga tasalli bermoqchi bo‘ladi: — Ozgina chidanglar, o‘rtoqlar. Hozir non-suv, oziq-ovqat, chodirlar olib kelishadi. U yoqda olomon tinchlangunicha shu yerda kutamiz. — Shunday deb avrab jo‘nab qolasizlar, biz qovjirab o‘tiraveramiz. — Jo‘namaymiz. Biz sizlar bilan shu yerda qolamiz. Fojia biz uchun ham tasodifan bo‘ldi, qurbonlar soni ko‘paymasligi uchun shunday qilishga majburmiz. — O‘zbeklarga nima yomonlik qiluvdik? — dedi kimdir. — Bunaqa gaplarni qo‘yib turing, iltimos. Oldin tinchib olaylik, jinoyatchilar bilan keyin gaplashamiz. «Gaplashib bo‘psan!» dedi Zelixon o‘zicha. So‘ng vakilning gaplaridan ensasi qotib, nari ketdi. Kunni oftob tig‘ida, ochlik, tashnalik azobida o‘tqazishdi. Va’da etilgan narsalar o‘rniga yana avtobuslarda odamlar kelishdi. Faqat quyosh bota boshlagan onda yuk mashinalari ko‘rindi. Odamlar hech narsaga qaramay suvli mashina atrofini o‘rab olishdi. Boshqa paytda ko‘ngilni aynitishi mumkin bo‘lgan iliq suv jonga rohat ato etdi. Shundan so‘nggina ochlik esga tushdi. Shundan so‘nggina tunni qay ahvolda o‘tkazish tashvishi uyg‘ondi. Shundan so‘nggina tahlika bilan o‘tgan kundagi fojialar ko‘z oldilarida qayta qad rostladi. Kechagina kimsasiz bo‘lgan bu adirga yana odamlar keldi. Odamlar bu yerga qo‘lga ilingan narsalari bilan kelishardi. Kim to‘n, kim ko‘ylak, kim choyshab... olishga ulgurgan. Kimdir bolasini yo‘rgaklashga ham ulgurmagan. To‘plagan mol- mulklari uylarida qoldi. Bu yerdagilarning yagona mulki — tashvish, alam, tahlika... Bu mulkdan barchaga mo‘l berilgan. Zelixon botayotgan quyoshga qarab o‘tirib, o‘yga toldi. Ayollarning nolalari, bolalarning chinqirab yig‘lashi uni unutib bo‘lmas xotiralarini qitiqlab uyg‘otdi. Tun... ikki tugunni orqalab yo‘l yurish... bobosi, onasi... So‘ng poezddagi yo‘l mashaqqati... Ayollarning nolalari, go‘daklarning big‘illab yig‘lashi, qorni och bolalarning ingrashlari... qariyalarning yaratganga munojotlari... Qandaydir o‘xshashlik bor. Farq shundaki, qishloqlarga o‘t qo‘yishmadi. Bir kechada, hech kutilmaganda, vaj-korson ko‘rsatib o‘tirmay ko‘chirishdi. Bunisiga ham vaj-korson ko‘rsatilmadi. Tunda emas, kuppa-kunduzi yoqishdi... o‘ldirishdi... Eng ashaddiy jinoyatchilar ham bunchalik ochiq ishlashga jur’at etisholmas edi. Fedya... ular qanday jur’at etishdi? Nima uchun hech kimdan qo‘rqishmadi? Ularni kim yollagan o‘zi? Zelixon dastlab bu ish tepasida Asadbek yoki Hosilboyvachchaga o‘xshaganlar turibdi, deb fikr qilgan edi. Bugungi dahshatni ko‘rib, fikridan qaytdi. «Yo‘q, ular bunday keng miqyosda ishlay olishmaydi», degan xulosaga keldi. Bugungi ishboshi lozim bo‘lsa yuzta, balki mingta, balki undan ham ko‘proq Asadbeklarni o‘lik sichqonday o‘ynatib, so‘ng bir chekkaga taxlab qo‘yishi mumkin. Zelixonning o‘tkir zehni buni fahm etib turibdi. U faqat bir narsaga tushunmaydi: nima uchun qirg‘inga aynan turklar tanlandi? Ismoilbey asta yurib kelib Zelixonning o‘ng tomonidagi do‘nglikka Yigitali tashlab ketgan chorsini yoydi. Tayammum qildi-da, shom namoziga azon chaqirdi. Azon chaqirig‘ini eshitganlar orasida namoz o‘qig‘uvchilar yo‘q edi. Ismoilbey takbir tushirib, yolg‘iz o‘zi o‘qiy boshladi. Zelixon unga qarab turib yana bobosini esladi. Ko‘nglida o‘zi ham tushunmagan g‘alati bir tuyg‘u uyg‘onib, entikdi. O‘rnidan turib, Ismoilbey yonida namoz o‘qigisi keldi. O‘rnidan turdi ham, cholga yaqinlashdi ham... Ammo namoz o‘qishni bilmasdi. Hatto namoz o‘qiyotgan mo‘’min bandaga iqtido qilib turmoqni ham bilmas edi. Shu bois Ismoilbeydan bir qadam orqaroqda o‘tirdi. Ismoilbey namoz o‘qib bo‘lib ham joyidan jilmadi. «Qiblaga qarab Xudodan bir narsalar so‘rayotgandir», deb o‘yladi |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling