Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
III b o b
1 Zelixon hushiga kelib, o‘zini Yigitalining ayvonida ko‘rdi. Uni bir qavat ko‘rpacha ustiga yotqizishgan, boshiga yostiq qo‘yish hech kimning esiga kelmagan edi. Bu kutilmagan ofat barchaning esini teskari qilib tashlagandi. Ismoilbey ayvon panjarasiga suyanib, nimalardir deb pichirlardi. Ahadbey Zelixonning yaqinida o‘tirardi. Uning xotini, bolalari ichkarida, qo‘rquvdan dir-dir titrashardi. Qo‘rquv shu darajada qudrat kasb etgan ediki, bunday paytda yig‘lash mumkin ekanini ham kishi yodidan surib chiqardi. Atrofni go‘yo tuman qoplagan — hammayoq qop-qora achimsiq tutun bag‘rida edi. Nafas olish Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik www.ziyouz.com kutubxonasi 23 og‘irlashgan, kattayu kichik ko‘zlari yoshlanib, dam-badam yo‘talib qo‘yar, shu yo‘talgina ularda jon mavjud ekanidan dalolat berar edi. Zelixon qaddini ko‘tardi. Ahadbey «tuzukmisan?» degan ma’noda qarab qo‘ydi. Uning gapirmoqqa holi yo‘q edi. Zelixon o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi — boshi aylanib ayvon ustunini ushladi-da, joyiga o‘tirdi. Ro‘paradagi uy, Ismoilbeyning omonat Vatani yonar edi. Dastlab shu yer berilib, bir bostirma solib ko‘chib kirganida «Shu uy bizning omonat Vatanimiz, Xudo hohlasa, kattalarga insof bersa, Mesxetiyamizga ketamiz» degan edi. Ahadbeyning ikki singlisi shu bostirmada tug‘ildi, shu bostirmada jon berdi. So‘ng onasi... Yillar o‘taverdi. Omonat bostirma yoniga kengroq xonalar qurildi. Kelin tushdi... Ismoilbey ham, uning tengqurlari ham Mesxetiyaga yo‘l yo‘q ekaniga ishona boshlashgan edi. Demokratiya degan gap chiqdiyu yana umid chirog‘i yonganday bo‘ldi. (Ana shu umid chirog‘ining oxir-oqibat uylarga o‘t qo‘yajagini kim o‘ylabdi?) Yuragida o‘ti borlar Moskvaga qatnay boshlashdi. Ko‘pchilik Vataniga qaytajagiga ishonardi. Ular ertakdagi adolatga ishonuvchi go‘dak holiga tushgandilar. Ismoilbeyga esa bularning bari xatarli o‘yinday bo‘lib tuyulardi. U davlat yuritish sinoatidan bexabar, lekin Mesxetiyadan quvg‘in bo‘lishlari uzoqni ko‘zlab qilingan siyosat ekanini sezib turardi. Urush tugaganidan beri qancha rahbar kelib-ketdi. Yurg‘izgan siyosatlarining oyog‘i osmondan bo‘ldi, lekin vatangadolar taqdirini birontasi o‘ylamadi. Oqibat esa mana bu: Vatanidan ajralgan bechoralarning omonat Vatani ham yonyapti! Bor mol-mulklariga qo‘shilib umidlari ham yonyapti. Kechagina bu xonadonda to‘y gulxani yoqilmog‘i lozim edi, bugun ajal alangasi yayrab quloch otadi. Bir sidra kiyim bilan qolgan bu odamlar jonlari hozircha o‘zlarinikimi yo bu omonatni ham egasiga hademay topshiradilarmi, bilishmaydi. Zelixonning qulog‘iga olomonning shovqini kirmadi. U avvaliga karaxtman, deb o‘yladi. Boshini silkidi, barmog‘i bilan qulog‘ini uqaladi. Keyin ayvon zinasida tik turgan Yigitaliga qarab: — Odamlar jimib qoldimi? — deb so‘radi. — Qaysi odamlarni aytasiz? Haligilarmi? Ular odammidi? — dedi Yigitali yonayotgan uylardan ko‘z uzmay. — Bunaqasini ko‘rmaganman. Selday kelib, selday ketishdi. — Qayoqqa ketishdi? — Bilmadim. Tushunmadim, birodar, men hech narsaga tushunmadim, — Yigitali shunday deb o‘girildi. Zelixon uning yuzi shilinib, qontalash bo‘lib qolganini ko‘rdi. Bu ko‘chaga faqat yong‘in hukmron emas ekan, fig‘onning ham haqqi bor ekan. Olomon bu ko‘chadan nari ketgach, jon talvasasida o‘tirganlar nimaga giriftor bo‘lganlarini anglab, ko‘rayotganlari tush emasligiga ishondilar. Ana shunda bir-birlarini qidirish, yo‘qlash boshlandi. Ana shunda dastlabki nola eshitildi. Nolaga nola ulanib, birpasda atrofni qiy-chuv bosdi. Bir necha daqiqa ilgari yovuzlik nafasi kelib turgan shovqin o‘rnini yaralangan qalblarning nolasi tutdi. Ismoilbeyga o‘xshaganlar Ollohga munojot etib «Gunohimiz ne edi, bizga bu ofatni ravo ko‘rding? Endi rahm qil. Parvardigorim, o‘z panohingda asra, shayton vasvasasiga tushganlarga insof ber», deb yolborsa, boshqalar og‘izlariga qanday gap, qanday qarg‘ish kelsa, qaytarmay baqirib, faryod urishardi. Kulfat millat tanlamaydi, odamlarni ajratib o‘tirmaydi. Ustiga sholcha yoki to‘n yopib, yoki suv sepib o‘chirilgan murdalar atrofida turk ham, o‘zbek ham, tatar ham baravar yig‘lardi. Zelixonning diqqatini hovlidagi odam tortdi. Boshqalarga nisbatan ko‘rkamroq solingan bu uy egasi kranga rezina ichak ulab, o‘tni o‘chirmoqchi bo‘lardi. Suv tashna sahro bag‘riga singganday yo‘q bo‘ladi, alanga derazalardan olov tillarini chiqarib uni kalaka qiladi. «Mol achchig‘i ham yomon», deb o‘yladi Zelixon, so‘ng xayoliga «Ichkarida bola bo‘lsa-chi?» degan fikr urilib, hovliga otildi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling