Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
203 — Telpon qilib qolsa, yo kelsa aytib qo‘y, men bir joyga ketadigan bo‘lib qoldim. Uydan xabar olib tursin, senam kelib opangga qarashgin. To‘y yaqinlashib qoldi-yu, qorangni ko‘rsatmaysanam. Sendaqa singilni bobovlarga berib yuborish kerak, — Asadbek bu gaplarni mehribon akaning ginali ohangida aytdi. Bu bilan sobiq a’yonining oilasiga qadrdonligi saqlanganini bildirib qo‘ymoqchi edi. Uning rejasi juda sodda bo‘lishiga qaramay, amalga oshishi ishonchli edi. Ya’ni, mehribonlik bilan aytilgan gaplar xotinga moydek yoqib, eriydi. Bu mehribonlikni ikki-uch karra bo‘rttirib eriga ta’riflaydi. Sergak dushmandan ko‘ra g‘aflatdagisini ma’qul ko‘ruvchi Asadbekka bu ham kerak. Bir ozdan so‘ng Jamshidni chaqirib, safarga ketayotganini bildirdi. — Bir o‘zingizmi yo Rasul bilanmi? — ajablanib so‘radi Jamshid. — Bo‘tqa kuzatib qo‘yadi. Sen uydagi ishlarga qarash, ziyrak bo‘lgin. — Yolg‘iz bormasangiz bo‘lardi. — Tbilisida Iliko kutib oladi, yolg‘iz emasman. Ha, aytmoqchi, sen Jalil akangga uchrashgin. Muhiddin akani olib kelinglar. Ota qadrdonimiz to‘yga bosh bo‘lib tursinlar. Keyin Jalil akang bilan Samad borib Abdurahmon tabibni to‘yga aytib kelishsin. To‘y kuni tabibga moshina yuboramiz. Jamshid topshiriqlarni olayotganida mutelik holatida turdi. Biron narsani aniqlashtirish maqsadida qo‘shimcha savol bermadi. Asadbekka uning aynan shu fazilati yoqardi. Chuvrindi ham shunaqa edi. Hozir Jamshidga qarab a’yonini esladi-yu, yuragi bir o‘rtandi. Ayni damda Jamshidning o‘ychan boqishlari Chuvrindining qarashlariga juda- juda o‘xshashligini kashf etdi. Nazarida a’yoni bu dunyodan barvaqat ketarini bilib, yaxshi fazilatlarini unga singdirganday edi. Balki... o‘shanda «mendan keyin Bek akamga xizmat qiladi», deb o‘limdan olib qoldimikin?.. Asadbek shularni xayolidan o‘tkazib, o‘zicha «Xudo asrayman, desa mendaqadan mingtasi daf qilsin, hech qanaqa balo urmaydi. Xudo mening rahmimni yeb buning jonini saqlab qolgan ekan. Buning joniga qo‘shib meni katta gunohdan ham asrabdi...» deb qo‘ydi. — O‘tir, nimaga tikka turibsan? — dedi Asadbek, mehribonlik bilan. — Agar xizmat bo‘lmasa, bora qolsam... Qozi bilan uchrashadigan va’dam bor edi. — Qozi bilan ancha chiqishib qoldilaringmi? — Eski qadrdonlarmiz-ku? — Qanaqasiga? — Birga o‘tirganmiz. — Esimda yo‘q ekan. Haydar akang topgan mayda o‘g‘rilardan, deb yurarkanman. Nimaga qamalgan? — O‘zining aytishicha, hazillashib turib, o‘rtog‘ini suvga itarib yuborgan ekan. Men chiqadigan paytimda bitta bolani hazillashib so‘yib qo‘yuvdi. Shunaqa hazillari bor. Uni Haydar akamga men ro‘para qiluvdim. — Ehtiyot bo‘l, yana senga ham hazil qilib qo‘ymasin. — Bek aka, Selim qaytib kelibdi. — Kim deding? Selimmi? Farg‘onadagi anavi turk-mi? Nimaga qaytibdi? Hozir qaerda? Farg‘onadami? — Yo‘q, shu yerda? Haydar akam bilan oldi-berdisi borga o‘xshaydi. — Uning oldi-berdisi nimaligini bilasanmi? — Sal-pal bilaman. — Bilsang, uni nazardan qochirma. U o‘zicha qaytib kelolmasdi. Balki... Xongirey yuborgandir? — Asadbek savolni o‘rtaga tashladi-yu, Jamshiddan javob kutmay unga ijozat berdi: — Sen boraver, choyxonada Haydar akangni ko‘rsang, ketayotganimni aytib qo‘y. Yana jazavaga tushib qolmasin. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling