Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
140 tushdi. So‘ng Margarita boshqa hech nimani o‘ylamay, Aleksandr bog‘idan shoshgancha chiqib ketdi. Yigirmanchi bob AZAZYeLLONING YoG‘UPASI Oqshom. Beg‘ubor osmonga qalqqan to‘linoy zarang daraxti shoxlari orasidan mo‘ralardi. Jo‘ka va akas daraxtlari bog‘ sahnida g‘oyat murakkab naqshlar hosil qilgan. Binodan yarim doira shaklida bo‘rtib chiqqan sahnga joylashgan yotoqxonaning lang ochiq, ammo darparda bilan to‘silgan uch qavatli derazasi elektr shu’lasi bilan charog‘on yoritilgan. Margarita Nikolaevnaning yotoqxonasidagi barcha chiroqlar yoqib qo‘yilgan bo‘lganidan xonadagi tartibsizliklar yaqqol ko‘zga tashlanib turar edi. Karavotga yozilgan adyolda ko‘ylak, paypoq, ichki libos yoyilib yotar, yechib tashlangan, ichki kiyimlar esa oyoqostida, shoshqaloqlik bilan bexosdan bosib majaqlangan bir quti papiros yonida g‘ijimlanib yotardi. Tufli tungi stolcha ustida kofesi ichib bo‘linmagan chashka va papiros qoldig‘i tutab turgan kuldon yonida turardi, stul suyanchig‘iga kechki qora ko‘ylak ilib qo‘yilgan. Xona atir hidiga to‘lgan, bundan tashqari, qayoqdandir qizdirilgan dazmol hidi ham kirib kelayotgan edi bu xonaga. Yalang‘och Margarita Nikolaevna cho‘milganda kiyadigan xalatini yelkasiga tashlab, oyog‘iga baxmal teridan tikilgan qora tufli kiyib toshoyna qarshisida o‘tirardi. Uning qarshisida Azazellodan olgani quticha soatli oltin bilaguzuk yonida yotar, Margarita soat milidan ko‘zini uzmasdi. Ba’zan unga soat buzilib qolgan-u, millari joyidan jilmayotganday tuyulardi. Lekin millar, garchi xuddi ilinib- ilinib qolayotgan-dek, juda imillab bo‘lsa ham yurib turgan edi, mana, nihoyat, soatning uzun mili to‘qqizdan yigirma to‘qqiz minut o‘tganini ko‘rsatdi. Margaritaning yuragi shu qadar qattiq tepa boshladiki, dastlabki paytda qutichani qo‘liga olishga ham majoli qolmadi. Nihoyat u o‘zini tutib olib, axiri qutichani ochdi — unda sarg‘ishrang yog‘upa bor ekan. Undan balchiq hidi kelayotgandek tuyuldi. Margarita barmog‘ining uchi bilan yog‘upadan qittak olib, kaftiga surgan edi, balchiq hidi o‘rmon hidi bilan omixta bo‘lib dimog‘iga gupillab urildi, shundan so‘ng Margarita yog‘upani kafti bilan peshonasi va yonoqlariga sura boshladi. Yog‘upa osongina surilar va Margaritaning payqashicha, shu zahoti terisiga singib ketayotgan edi. Margarita yuziga yog‘upadan uch-to‘rt marta surgach, ko‘zguga qaradiyu birdan qo‘lidagi oltin qutichani tushirib yubordi. Quticha soatning shisha qopqog‘i ustiga tushib, uni xuddi o‘rgimchak uyasi shaklida darz qildi. Margarita ko‘zlarini chirt yumdi, keyin yana ko‘zguga tikildiyu birdan xandon tashlab kula boshladi. Uning mo‘ychinakda terilib silliq qilingan ingichka qoshlari quyuqlashgan va ikkita timqora yoy bo‘lib, ko‘m-ko‘k ko‘zlari ustiga yotgan edi. O‘tgan yili oktyabrda, ya’ni usta g‘oyib bo‘lganida qansharida paydo bo‘lgan ingichkagina tik ajin tekislanib yo‘q bo‘ldi. Shuningdek, ikki chakkasida paydo bo‘lgan sarg‘ish dog‘ ham, ikki ko‘zining tashqi milklari oldida hosil bo‘la boshlagan ko‘z ilg‘amas ajinlar ham yo‘qoldi. Yonoqlari bir tekisda qizg‘ish rang kasb etdi, peshonasi oppoq va beg‘ubor bo‘ldi, sartaroshning mahorati bilan jingalak qilingan sochlari yoyilib ketdi. O‘ttiz yoshli Margaritaning ro‘parasida endi, ko‘zguda timqora sochlari tug‘ma qo‘ng‘iroq bo‘lgan yigirma yoshlardagi juvon sadafdek oq tishlarini ko‘rsatib, qotib-qotib kulardi. Margarita kula-kula charchagach, bir silkinib yelkasidan xalatni otib tashladi va nafis yog‘upaga besh panjasini botirib, uni butun badaniga qattiq-qattiq sura boshladi. Badani bir lahzada qizarib, qizib ketdi. Shunda Aleksandr bog‘idagi uchrashuvdan so‘ng ikki chakkasining, xuddi miyasiga igna qadab qo‘yilganday tinimsiz lo‘qillab og‘riyotgani birdan taqqa to‘xtab, oyoq-qo‘llarining mushaklari kuchga to‘ldi va Margarita o‘z jismining vaznsiz bo‘lganini sezdi. U bir sakrab, gilam uzra havoda muallaq osilib qoldi, keyin ohista pastga tusha boshladi. — O‘rgilay yog‘upadan! Qanday yaxshi-ya! — deb chinqirdi Margarita o‘zini kresloga «tappa» tashlarkan. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling