Ettinchi (tuzukim)–sayyidlar, ulamo, mashoyix, oqilu donolar, muhaddislar, tarixchilarni sara, e’tiborli
odamlar hisoblab, izzatu hurmatlarini o‘rniga qo‘ydim. Shijoatli kishilarni do‘st tutardim, chunki Tangri taolo jasur
kishilarni ardoqlaydi. Ulamo bilan suhbatda bo‘ldim va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpindim. Bularning
himmatlaridan ulush tilab, muborak nafaslari bilan duo-fotiha berishlarini iltimos qildim. Darvish, faqir va
miskinlarni o‘zimga yaqin tutdim, ularning ko‘ngillarini og‘ritmadim va biron talablarini rad etmadim. Buzuqi,
og‘zi shaloq, g‘iybatchi odamlarni majlisimga yo‘latmadim, so‘zlariga amal qilmadim. Biror kimsaga nisbatan
tuhmatu g‘iybat qilsalar, quloq solmadim.
Do'stlaringiz bilan baham: |