To‘rtinchi (tuzukim)–davlatim ishlarini to‘ra va tuzukka asoslangan holda boshqardim. To‘ra va tuzukka tayanib,
saltanatda o‘z martaba va maqomimni mustahkam sakdab turdim. Amirlar, vazirlar, sipoh, raiyat, har biri o‘z lavozim
va martabasidan mamnun holda xizmatimda bo‘lib, undan ortig‘iga da’vogarlik qila olmadi.
Beshinchi (tuzukim)–amirlarim va askarlarimni martabayu unvonlar, oltin-kumush bilan xushnud etdim.
Bazmlarda ularga (munosib) o‘rin berdim, shuning uchun janglarda jonlarini fido qildilar. Dirham va dinorlarni
ulardan ayamadim. Ularning yumushlarini yengillashtirish uchun mehnatu mashaqqatlarini o‘zimga yukladim va
ularni tarbiyat etdim. Amirlar, sipohsolorlar, bahodirlar bilan ittifoq bo‘lib, ularning mardligu mardonavorligiga
tayanib, shamshir zarbi bilan yigirma yetti podshohning taxtini egalladim. Eron, Turon, Rum, Mag‘rib, Shom, Misr,
Iroqi arab, Iroqi ajam, Mozandaron, Gilon, Shirvon, Ozar-bayjon, Fors, Xuroson, Jeta Dashti, Dashti qipchoq,
Xorazm, Xo‘tan, Kobuliston, Boxtarzamin, Xindiston mamlakatlariga podshoh bo‘lib, hukm surdim.
Saltanat to‘nini kiygach, o‘z to‘shagimda rohatda uxlash huzur-halovatidan voz kechdim. O‘n ikki yoshimdan
jahongashtalik qismatim bo‘ldi, ranju mehnatlar tortdim. Har xil tadbirlar qo‘lladim, (g‘anim) favjlarini sindirdim.
Amirlar va askarlarning isyonlarini ko‘rdim, ulardan achchiq so‘zlar eshitdim. Lekin sabru bardosh bilan o‘zimni
eshitmagan, ko‘rmaganga solib, ularni tinchitdim. Qilich ko‘tarib jang maydoniga otildim va viloyatlar, mamlakatlarni
bo‘ysundirib, dunyoda nom chiqardim.
Do'stlaringiz bilan baham: |