Milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari kafedrasi intellektual va ma’naviy tarbiya asoslari fanining
Milliy xavfsizlikni ta’minlash tamoyillari
Download 1.72 Mb. Pdf ko'rish
|
intellektual va manaviy tarbiya asoslari MAJMUA 2020
Milliy xavfsizlikni ta’minlash tamoyillari
O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini mustahkamlash, uning hududida barqarorlikni ta’minlash, mamlakatimizning jahon xo‘jaligi tizimida va jahon hamjamiyatida munosib joyni egallashiga erishish - davrimizning asosiy vazifasidir. 45 Milliy xavfsizligimizning keng qamrovli konsepsiyasini ishlab chiqish, uning asosini belgilovchi qonunlarni yaratish g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega. Albatta, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida, qator qonunlar hamda mudofaa muammolariga bag‘ishlangan boshqa me’yoriy hujjatlarda bu masalaning negizlari mavjud. Biroq milliy xavfsizlikni ta’minlash bir yoqadan bosh chiqarib kompleks yondashuvni taqozo etadi. Milliy xavfsizlik masalasida yagona davlat siyosati bo‘lmog‘i, barcha siyosiy, iqtisodiy, tashkiliy, harbiy, huquqiy va boshqa chora-tadbirlarning o‘zaro uyg‘un va mukammal tizimi bo‘lmog‘i shart. Milliy xavfsizlik haqida gapirar ekanmiz, avvalambor, hozirgi davr xususida, O‘zbekistonning bugungi dunyoda tutgan o‘rni xususida aniq tasavvurga ega bo‘lishimiz zarur. Ilgari ikki sistema - SSSR va AQSH yetakchi bo‘lgan va bir-biriga mafkuraviy jihatdan zid ikki tizim, ikki blok mavjud edi. Dunyo xavfsizlik tizimi ham xuddi shu ikki blokning o‘zaro muxoliflik muvozanatiga asoslangan edi. SSSR parokanda bo‘lgach, yangi - g‘oyat murakkab va qaltis bir davr yuzaga keldiki, uning asosiy belgilari quyidagilardan iborat: Birinchi. Davlatlararo munosabatlar tizimidagi muvozanat buzildi. Jahonda siyosiy- iqtisodiy bo‘linish ro‘y berdi. Kuchlar markazi ilgari ikki joyda bo‘lsa, endilikda bunday ahvol va vaziyat o‘zgardi. Ikkinchi. Jahonda mulkiy tengsizlik - sanoati rivojlangan mamlakatlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi tafovut va ziddiyatlar kuchaymoqda. Bu holat jahon resurslarini taqsimlashda yaqqol ko‘rinadi. Ya’ni, tabiat resurslari aslida rivojlanayotgan mamlakatlarning asosiy boyligi hisoblansa ham, sanoati yuksak rivojlangan mamlakatlar bu boyliklarni nazorat qilishni o‘z qo‘llariga olishga intilmoqdalar. Qolaversa, ilmiy va texnikaviy bilimlar, shuningdek, ilg‘or texnologiyalar sohasida, erkin sarmoyani to‘plash va joylashtirish sohasida ham juda katta tafovutlar mavjud. Uchinchi. Dunyoda insonning biologik tur sifatida yashashiga bevosita xavf-xatar mavjud. Ya’ni yalpi yadro urushi xavfi ancha kamaygan bo‘lsa ham, ekologik tanglik xavfi, biogenetik buzilishlar xavfi hamon tahlikali holatda saqlanib qolmoqda. To‘rtinchi. Jahon miqyosidagi umumiy taraqqiyot, odamlar dunyoqarashining o‘zgarishi, kommunikatsiyalar yuksalishi, xalqaro munosabatlarning rivojlanishi va uning odamzod hayotiga ta’siri davlatlar va xalqlar o‘rtasida o‘zaro birlashishga intilishni kuchaytirmoqda. Ayni vaqtda milliy xususiyatlar va an’analarni, siyosiy va ma’naviy merosni saqlab qolish tamoyillari ham yaqqol sezilmoqda. Turli davlatlararo va hukumatga daxli bo‘lmagan xalqaro tashkilotlarning ahamiyati oshmoqda. Va, ayni zamonda, dunyo yangi tizimga o‘tishi davrida ularning faoliyatini qayta qurish va isloh etish zarurati tug‘ilmoqda. Xo‘sh, nega shunday qilish kerak, degan savol tug‘iladi. Buning javobi oddiy: ko‘pchilik xalqaro tashkilotlar dunyoda ikki tizim va ularning raqobati mavjud davrda tuzilgan edi. Bu tashkilotlarning faoliyatlari ko‘proq ularning o‘zaro muvozanati va murosasini ta’minlashga qaratilgan edi. Bugungi ahvol xalqaro tashkilotlardan eng yirik muammolarga ahamiyat berishni va, birinchi navbatda, barchaga nisbatan odilona va xolisona munosabatda bo‘lishini talab etadi. Xalqaro tashkilotlar hozirgi voqelikni to‘g‘ri aks ettirish va jahon hamjamiyati a’zolarining ehtiyojlariga samarali xizmat qilishi zarur. Beshinchi. Bugungi dunyoda har qanday mamlakatning nufuzi, avvalo, uning eng yangi texnologiyalarni qabul qilish va foydalanish qobiliyatiga qarab belgilanadi. Agar yuqorida sanalgan xususiyatlardan kelib chiqib, xulosa qiladigan bo‘lsak, O‘zbekistondagi o‘tish davrini tezroq tugallash zarurati ayon bo‘ladi. O‘zbekiston jahon hamkorligi jarayoniga tezroq kirishi kerak. Agar xalqaro huquqiy me’yorlar asosida hal qilinadigan yangi umumjahon tartiboti o‘rnatilsa, O‘zbekiston undan ham o‘ziga munosib o‘rinni olishi darkor. Hozircha men murakkab holatlarni sanab o‘tdim. Endi esa, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o‘rinni egallashi uchun qulay shart-sharoitlarga qisqacha to‘xtalib o‘tishga ijozat bergaysiz. 46 Avvalo, jug‘rofiy-siyosiy omillar haqida gaplashib olaylik. Ma’lumki, O‘zbekiston jug‘rofiy-siyosiy jihatdan ancha murakkab va shu bilan birga qulay ahvolda. Ya’ni u Markaziy Osiyo mintaqasining transport, kuchli avtonom energetika va suv tizimlari markazida joylashgan. Ikkinchi jihat shuki, O‘zbekiston aholi soni jihatidan, ilmiy-texnikaviy va boshqa imkoniyatlari jihatidan mintaqadagi qo‘shnilaridan ma’lum darajada ustun turadi. Uchinchi tarafdan, O‘zbekiston qulay tabiiy-iqlim sharoitiga ega. Bizda qadimiy dehqonchilik madaniyati va boy mineral-xom ashyo resurslari bor. Respublika oziq-ovqat bilan o‘zini-o‘zi ta’minlashga, texnika ekinlarining eng qimmatli turlarini, paxta tolasi yetishtirish va eksport qilishga, shuningdek, jahon bozoriga yuqori sifatli, ekologik jihatdan sof, raqobatga bardoshli meva-sabzavot mahsulotlarini chiqarishga hamda ularni qayta ishlangan holda yetkazib berishga qodir. To‘rtinchidan, davlatimiz nafaqat o‘zini-o‘zi ta’minlaydigan, balki chetga chiqarishga neft, neft mahsulotlari, gaz va umuman, iqtisodiyotning asosi bo‘lmish tarmoqlarga ega. O‘zbekistonda sanoatning eng zamonaviy tarmoqlari mavjud. Deylik, bizda mikroradioelektronika kabi murakkab sohani rivojlantirish imkoni bor. Beshinchidan, O‘zbekistonning insoniyat sivilizatsiyasida salmoqli o‘rni bor. Yurtimiz ma’naviy meros bilan boy, u nafaqat mintaqada, balki dunyoda ham turli ma’naviy va siyosiy jarayonlarga kuchli ta’sir o‘tkazib kelgan. Shu jihatlarni hisobga olsak, O‘zbekiston o‘zining barcha ko‘rsatkichlari bo‘yicha jahondagi madaniy, ilmiy, texnologiya va iqtisodiy yuksaklikka erishib, bemalol Markaziy Osiyoda integratsiya markaziga aylanishi mumkin. Albatta, bu yo‘lda qator qiyinchiliklar ham mavjud. Agar jug‘rofiy-strategik tarafdan olib qarasak, Markaziy Osiyoda kommunikatsiyalar nomaqbul rivoj topgani va uning tarmoqlari ancha buzilganini ko‘ramiz. Bu - bir. Markaziy Osiyoda suv resurslari cheklangan va Orol ekologiya falokati ta’siri seziladi. Bu - ikki. Uchinchidan, mintaqada xavfsizlik tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Bu yerda atrofdagi kuchli davlatlar va siyosiy kuchlar markazlarining bir-biriga mos kelmaydigan ta’sir etish istaklari borligini ham hisobga olmasdan bo‘lmaydi. To‘rtinchidan, musulmon dunyosidagi ba’zi kuchli mamlakatlarning bir-biriga mos kelmaydigan manfaatlari ham ayni bizning mintaqamizda o‘zaro duch kelishini nazardan soqit etolmaymiz. Qolaversa, atrofimizda turli etnik, iqtisodiy va boshqa qiyin muammolar ichida qolgan "uchinchi dunyo" davlatlari mavjud. Beqarorlik va xavf-xatarning bugungi kunda ikki o‘chog‘i - Afg‘oniston bilan Tojikiston davlatlari ham shu mintaqada. Bayon etilgan bu muammolarni kuchaytirib va ma’lum darajada ko‘p ishlarni ijobiy hal qilishga to‘siq bo‘lib turgan yana bir masala bor. Sovet tizimidan qolgan meros - bu shu mintaqada Turkiston atalmish yagona zaminda yashayotgan millat va elatlarni sun’iy ravishda bo‘lib tashlash va shu holdan foydalanib o‘z siyosatini o‘tkazish, ularga hukmronlik qilish asoratlari hali-beri yo‘qolgan emas. Hurmatli do‘stlar! Xalqaro vaziyatga beriladigan umumiy strategik baho ana shunday. Ko‘rinib turibdiki, biz juda murakkab, qarama-qarshiliklarga to‘la dunyoda davlatchiligimizni qurishimiz, mustaqilligimizni mustahkamlashimiz, jahon hamjamiyatida o‘zimizning munosib o‘rnimizni egallashimiz lozim. Shu munosabat bilan mintaqada barqarorlik va milliy xavfsizlik kafolatlarining shart-sharoitlarini aniqlash va ta’minlash g‘oyat muhimdir. Ular, menimcha, quyidagilardan iborat: Birinchi. O‘zbekiston jahon hamjamiyati va davlatlararo xavfsizlik tizimida o‘z o‘rnini topishi lozim. Buning uchun respublikaning dunyo hamjamiyatiga kirish sur’atlarini tezlashtirish, turli xalqaro davlat va nodavlat tashkilotlari, birinchi galda, BMT va Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ishlarida faol ishtirok etishini ta’minlash zarur. 47 Xalqaro tashkilotlar iqtisodiyotimizni qayta qurishga ko‘maklashadigan eng samarali vositadir. Ular kredit olish, xorijiy sarmoyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etish, respublikaning jahon bozorida olg‘a siljishiga bebaho yordam ko‘rsatishi mumkin. Asosiysi, O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki milliy xavfsizligimiz, mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash garovidir. BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993 yil fevralida ish boshlagan edi. Albatta, bu unchalik katta muddat emas. Biroq 1994 yil yanvariga kelib, vakolatxona BMTning Taraqqiyot dasturi, Qochoqlar ishi bo‘yicha vakolatli oliy komissari, Bolalar jamg‘armasi, Sanoat taraqqiyoti dasturi, Narkotiklarni nazorat qilish bo‘yicha dastur, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Aholi joylashishi jamg‘armasi singari ixtisoslashgan muassasalarni o‘z tarkibiga birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday qilib, BMT bilan hamkorlik qilish rejalari amalga oshib bormoqda. Bu hamkorlik iqtisodiyot, ijtimoiy soha, sog‘liqni saqlash, madaniyatni tiklash, atrof- muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarni ham qamrab olmoqda. Biz BMT bugungi kunda o‘z tuzilmalarini qayta qurish arafasida turganini yaxshi bilamiz. Bu zalda xorijiy mehmonlarimiz o‘tirganidan foydalanib, O‘zbekiston BMTning kelajakda yalpi tinchlik va barqarorlikni ta’minlaydigan kuchli tashkilotga aylanishi tarafdori ekanini qayd etishni istardim. Respublikamiz BMT rahbarlik organlari va ixtisoslashgan muassasalarini tubdan qayta qurish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu milliy, mintaqaviy va jahonshumul muammolarni xal qilishdagi dunyo davlatlari sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish va birlashtirishda ularning ahamiyatini kuchaytirishiga ishonchim komil. Bundan buyon ham O‘zbekistonning Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tuzilmalaridagi ishtirokini kengaytirish zarur. Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda bu tashkilot imkoniyatlaridan, uning Shimoliy Atlantika hamkorlik kengashi, Yevropa Ittifoqi, Yevropa Kengashi, NATO va boshqa tashkilotlar bilan aloqalaridan keng foydalanish zarur. O‘zbekiston BMT Bosh Assambleasining 48-sessiyasida Toshkent shahrida mazkur tashkilotning Markaziy Osiyoda xavfsizlik, farovonlik va hamkorlik muammolariga bag‘ishlangan doimiy seminarini tashkil etish taklifini o‘rtaga tashladi. Bizning fikrimizcha, respublikamiz Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Osiyodagi tayanchi bo‘la oladi. U mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlikni, ehtimol tutilayotgan mojarolarning oldini oluvchi diplomatiyani ta’minlashda, ziddiyatlarni bartaraf etishda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va BMT hamjihat ish yuritadigan maydonga aylanishi mumkin. Qo‘shilmaslik harakati, Islom konferensiyasi tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar ishida faol ishtirok etish zarur. Ikkinchi. Milliy xavfsizlikka erishishda davlatlararo bitimlar tizimini barpo etish muhim yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekiston qanchalik ko‘p mamlakat bilan do‘stona, amaliy muloqot va hamkorlik munosabatlarini o‘rnatsa, uning xavfsizligi shunchalik ko‘p kafolatlanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonni jahonning 125 mamlakati tan oldi. 84 mamlakat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Respublika rahbariyati, mustaqillikning dastlabki oylarida birinchi bo‘lib Turkiyaga rasmiy tashrif buyurdi. Keyinchalik rasmiy delegatsiyalarimiz Germaniya, Fransiya, Avstriya, Gollandiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Indoneziya, Malayziya, Eron, Korea, Yaponiya kabi Yevropa va Osiyo qit’asining bir qancha boshqa mamlakatlariga safar qildi. Iqtisodiyot, ilm-fan va madaniyat kabi sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha shartnoma va hujjatlar imzolandi. Yangi mustaqil davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalar rivojlandi. Mazkur bitim va shartnomalar O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini yaratishiga ishonchim komil. Uchinchi. Imzolangan davlatlararo bitimlarga so‘zsiz amal qilish - xavfsizlik kafolati va shartidir. Biz bu sohada ta’nalarga sabab bo‘ladigan ish qilmasligimiz, tanqidga nishon bo‘lmasligimiz lozim. Xuddi ana shu holdagina biz bilan hamkorlik qilayotgan davlatlardan zimmalariga olgan majburiyatlarini ijro etishni talab qilishimiz mumkin bo‘ladi. 48 Imzolangan hujjatlarga so‘zsiz rioya qilish inson huquqlari, kam sonli millatlar huquqlari, bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, tinch-totuv yashash tamoyillari singari sohalarda, ayniqsa, dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu holat yangi mustaqil davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda ham o‘ta muhim rol o‘ynaydi. Hamdo‘stlik barpo etilganidan buyon o‘tgan uch yildan oshiqroq vaqt ichida turli muammolar yuzasidan bir necha yuz bitim va shartnomalar qabul qilindi. Taassufki, ularning aksariyati qog‘ozda qolib ketdi. Shu bois gohida bir masala yuzasidan bir necha qaror qabul qilindi. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga, do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatishga monelik qilmoqda. To‘rtinchi. Tashqi siyosatni mafkuradan to‘la xoli etish xavfsizlikni ta’minlashning muhim kafolatidir. O‘zbekiston shu paytgacha dunyoning barcha mamlakatlari, qit’alari va mintaqalari bilan o‘z munosabatlarini, bu mamlakatlarning ustqurmasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, faqat xalqaro huquqning barcha tan olgan qoida va mezonlari asosida qurib keldi va bundan keyin ham shu yo‘ldan boradi. G‘oyaviy muxoliflik o‘tmishda davlatlararo munosabatlarga soya solib, davlatlarning bir- biriga qarshi ikki guruhga bo‘linishiga sabab bo‘ldi. Dunyoni halokat yoqasiga olib keldi. Bunday kelishmovchiliklar bugun ham davlatlararo ixtiloflarni kuch ishlatish yo‘li bilan hal qilishga, begunoh odamlarning qurbon bo‘lishiga, butun-butun xalqlarning fojiasiga sabab bo‘layotir. Davlatlararo munosabatlar sohasida yagona g‘oya amal qilishi lozim. Bu g‘oyaning ma’nosi shuki, birgalikda tinch hayot kechirish, hamkorlikka intilish, egamen davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, turli nuqtai nazar va fikrlarga bardoshli bo‘lish tamoyillarini o‘zida aks ettirgan qonunlar ustuvorlik kasb etishi darkor. Beshinchi. O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga a’zo bo‘lgani sababli hech qaysi blokka qo‘shilmaydi. Biz buni milliy xavfsizlikning muhim kafolati deb bilamiz. Shu bilan birgalikda, harbiy bloklar bilan hamkorligimiz tinchlik ishiga, mamlakatlar va xalqlarning xavfsizligi maqsadlariga, demakki, O‘zbekistonning milliy xavfsizligi mustahkamlanishiga xizmat qilsa, biz hamisha muloqotga tayyormiz. Shu o‘rinda O‘zbekiston 1994 yilning iyulida NATOning kollektiv xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan "Tinchlik yo‘lida hamkorlik" loyihasini imzolaganini eslash o‘rinlidir. Oltinchi. O‘zbekistonning MDH tarkibida kollektiv tizimdagi ishtiroki mintaqada barqarorlik va tinchlikning muhim kafolatidir. Bizning davrimizda faqat kollektiv xavfsizlik bo‘lishi mumkin. Xavfsizlikni bu tarzda tushunish nafaqat har bir alohida davlatning imkoniyatlari cheklangani, qolaversa ma’naviy- siyosiy tusdagi mulohazalarga ham bog‘liq. Davlatlarning imkoniyatlari va sa’y-harakatlarini xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida birlashtirish muhim ahamiyatga ega. U, birinchidan, kollektiv xavfsizlik tizimida ishtirok etuvchilar o‘rtasida keskinlik yo‘qligidan dalolat bersa, ikkinchidan, ularning birlashishiga intilishlarini namoyish etadi. O‘zbekiston ayni shu sababli mintaqada va sobiq Ittifoq hududida kollektiv xavfsizlik tizimini barpo etish tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi. MDH mamlakatlari o‘rtasida tuzilgan kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnomalarning dastlabkilaridan biri 1992 yil may oyida aynan Toshkentda imzolangani ham tasodif emas. Shu oyning boshlarida Almatida mazkur muhim muammoga bag‘ishlangan hujjatlar majmui imzolandi. Kollektiv xavfsizlik tizimida Rossiya Federatsiyasining alohida o‘rin tutishini ta’kidlash zarur. Rossiya iqtisodiy jihatdan ham, harbiy-texnikaviy jihatdan ham buyuk davlatdir. Shuning uchun ham kollektiv xavfsizlik tizimini barpo etishda ham, MDH doirasida davlatlarning bir- biriga yaqinlashuvi masalasida ham O‘zbekiston Rossiya bilan yaqindan hamjihatlik aloqalarini mustahkamlashga va strategik hamkorlik o‘rnatishga intilmoqda. Bunday hamkorlik nafaqat O‘zbekistonning, balki Rossiyaning ham milliy manfaatlariga mos ekanini aytib o‘tish kerak. Chunki yaqin qo‘shni davlat bilan yaqindan hamkorlik qilish va tinch-totuv yashash har qanday davlatning manfaatlariga mos tushadi. 49 Qolaversa, mamlakatlarimiz iqtisodiyoti, ularning millatlararo, madaniy, ilmiy-texnikaviy munosabatlari bir-biriga bog‘liq ekanini ham hisobga olish lozim. Kollektiv xavfsizlik tizimini barpo etishda harbiy xavf bilan bir qatorda boshqa xavflar ham mavjudligini hisobga olishimiz zarur. Orol dengizi qurib borayotgani, ekologik vaziyat yomonlashayotgani, uyushgan jinoyatchilik, narkobiznes, mineral resurslarning cheklangani va kamayib borayotgani shular jumlasidandir. Mazkur muammolarni hal etish ayrim davlatlarning imkoniyatlari doirasidan chetga chiqadi va sa’y-harakatlarni birlashtirishni taqozo etadi. Shu jihatdan respublikamiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda boshqa nufuzli dalatlararo tashkilotlar homiyligida barpo etilayotgan kollektiv xavfsizlik tizimiga faol qo‘shilishi zarur. Yettinchi. Yaqin qo‘shnilarimiz - Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama o‘zaro hamkorlik milliy xavfsizlikning asosiy shartlaridan biridir. Xalqlarimiz tarixi, madaniyati, an’analari, diniy e’tiqodining mushtarakligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va hamjihatlikning asosiy poydevori hisoblanadi. Afsuski, ba’zan Markaziy Osiyo mintaqasida birlashishga qarshi chiqadigan ba’zi siyosiy doiralar oramizni buzishga qaratilgan har xil bo‘hton-uydirmalar tarqatishga urinadilar. Shularga qarata aytmoqchimanki, Markaziy Osiyo xalqlari hech narsani talashmaydi. Bizning maqsadlarimiz bir, taqdirimiz bir. Bizda milliy munosabatlarda keskinliklar yo‘q, hal qilib bo‘lmaydigan vaziyatlar ham yo‘q. Integratsiya yo‘lidan olg‘a tomon harakat qilayotganimiz ham buni tasdiqlab turibdi. Sakkizinchi. Armiyamiz, Qurolli Kuchlarimiz, harbiy doktrinamiz davlatimiz xavfsizligining muhim kafolatidir. Biz davlatlarning tinch-totuv yashash, xalqaro masalalarni hal qilishda kuch ishlatmaslik, tahdid qilmaslik tamoyilini tashqi siyosatimizga asos qilib olganmiz. O‘zbekiston 1995 yilda muddati uzaytirilishi lozim bo‘lgan yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani yadro qurolini yo‘q qilib tashlash to‘g‘risidagi shartnomaga aylantirish tarafdoridir. Biz xuddi kimyoviy qurollar bo‘yicha qabul qilingan shartnoma kabi biologik qurollarni ham taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma qabul qilinishi tarafdorimiz. Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston urush, harbiy mojarolarning oldini olishga qaratilgan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Atrofimizdagi notinch dunyoda do‘stlarimiz bor, lekin O‘zbekistonni o‘z ta’sir doirasiga kiritishni xohlaydiganlar ham yo‘q emas. Buning uchun ular barcha nayranglardan, qolaversa, harbiy kuchdan ham foydalanishlari mumkin. Shu sababli bizning yaxshi tayyorlangan va qurollangan, istiqlolimiz va chegaralarimizni himoya qilishga qodir armiyamiz bo‘lishi kerak. Shu bilan birga Vatanimiz mudofaa qudratining asosi - respublika iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash darkor. So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda Qurolli Kuchlar uchun eng zarur va yuksak malakali zobitlar tayyorlashga mo‘ljallangan bir qancha harbiy o‘quv yurtlari tashkil etildi. Armiyani texnik jihatdan jihozlashni mustahkamlash chora-tadbirlari ko‘rildi. Iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, bundan keyin ham harbiy salohiyatni ta’minlash uchun zarur mablag‘ ajratish davom etaveradi. Bizning harbiy doktrinamiz mudofaa va xavfning oldini olish xarakteriga ega. Shu bois O‘zbekiston BMT, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning tinchlikni saqlash tadbirlarida ishtirok etishga tayyor. Milliy xavfsizlik tizimi uchun xavf-xatarning oldini olish va uni bartaraf etishda oldindan chora ko‘rish uslubi ko‘proq qo‘l keladi. Shu bilan birga chuqur va keng miqyosli tahlil qilishga qodir tadqiqot va axborot markazlarini barpo etish muhim ahamiyatga ega. Xavfsizlik Kengashi - davlatdagi oliy mansabdor shaxslarning maslahat organi ana shunday vosita bo‘lishi mumkin. Xavfsizlik Kengashi Respublika Prezidenti huzurida tuzilishi maqsadga muvofiqdir. Xavfsizlik kengashi milliy xavfsizlik muammolari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalarni chuqur ishlab chiqish va muvofiqlashtirishni ta’minlashi, buning uchun javobgar bo‘lishi lozim. 50 Kengashning vazifalari ko‘p qirrali va murakkabdir. U ushbu sohada milliy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlarini va davlat siyosati asoslarini ishlab chiqishga javob bermog‘i kerak. Shaxsning, jamiyatning va davlatning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha dasturlar majmui Xavfsizlik Kengashi rahbarligida rejalashtiriladi va amalga oshiriladi. To‘qqizinchi. Hozirgi dunyoda davlat barqarorligini ta’minlash jamiyatning ijtimoiy- ruhiy, ma’naviy va axloqiy, madaniy va tarixiy ildizlariga tayanadi. Davlat mustahkamligi va qudrati uning jahon jamoatchiligi oldidagi ma’naviy-axloqiy qiyofasi va nufuzi bilan ham aniqlanadi. Ayni shu bois xalqimizning, millatimizning ma’naviy jihatdan uyg‘onishi mustaqilligimiz, milliy xavfsizligimiz garovidir. Ushbu muhim ishda biz Sharqning buyuk ma’naviy ta’limotidan, xalqlarni tinch hayot kechirishga, do‘stlik va hamkorlikka, o‘zaro jipslik va sabr-toqatga chaqiruvchi islom falsafasidan keng va oqilona foydalanishimiz lozim. Biz Sharq farzandlarimiz. Sharq mamlakatlarining qayeriga bormang, odamlar bir-birlari bilan uchrashganda, avvalambor, "Assalomu alaykum" deyishadi. Ushbu kalom arabchadan olingan bo‘lib, "Sizga tinchlik yor bo‘lsin" degan ma’noni anglatishini yaxshi bilasizlar. "Salom", ya’ni "tinchlik" so‘zi Qur’oni karimda 40 marta uchrar ekan. Bu muqaddas kitobning oyatlaridan birida shunday deyiladi: "Mehribon Parvardigor tomonidan odamlarga olqish ma’nosida "tinchlik" so‘zi aytilur". Ko‘rinib turibdiki, tinchlik, totuvlik, hamkorlik g‘oyasi Allohga ham, bandalarga ham xush keladigan ezgu g‘oyadir. Davlatimiz xavfsizligini ta’min etishning asosi - mamlakatimiz yoshlari. Yoshlar - bizning tayanchimiz, ertangi kundan umidimiz, savob ishlarimizning davomchilaridir. Hammamiz ham bu dunyoda farzandlarimizni deb, ularning baxt-saodati, iqboli deb yashaymiz va mehnat qilamiz. Nafaqat xavfsizligimiz, shu bilan birga milliy uyg‘onish g‘oyasining amalga oshishi, davlatimizning kelajakda barqaror bo‘lishi ham yoshlarimiz qanday shakllanishiga bevosita bog‘liq. Farzandlarimiz bizdan afzalroq, bizdan o‘tkirroq, bizdan pokroq, savob ishlarni bizdan ham ko‘proq qiladigan bo‘lishlari lozim. Ular jahon umumbashariy yutuqlarini egallashi, tariximizni, madaniyatimizni, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni chuqur bilmog‘i kerak. Bizning asosiy kuch-qudratimiz va kelajagimiz ana shunda. Bugun zo‘r umidlar bilan qurayotgan yangi jamiyatimizning mazmun-mohiyati ham aslida ana shundadir. Download 1.72 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling