Milliy iqtisodiyotni tahlil qilishda qo‘llaniladigan asosiy ko‘rsatkichlar
Yalpi ichki mahsulot tushunchasi va uni hisoblashning
Download 467.01 Kb.
|
Yalpi ichki mahsulot tushunchasi va uni hisoblashning
asosiy shartlari Makroiqtisodiy statistika va tahlilda uzoq davr mobaynida yalpi milliy mahsulot va yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlaridan baravar foydalanib kelindi. Har ikkala agregat ko‘rsatkich ham mamlakatdagi iqtisodiy faollik darajasini xarakterlasada kapital va ishchi kuchi migratsiyasi mavjudligi sababli ular o‘zaro farq qilishadi. Bugungi kunga kelib Milliy hisobchilik tizimini qo‘llaydigan deyarli barcha davlatlarda yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkich sifatida tan olindi. Ko‘pgina iqtisodiy adabiyotlarda YaIMga ishlab chiqarilishida qo‘llanilgan resurslar qaysi davlatga tegishliligidan qat’iy nazar, mamlakatning jug‘rofiy hududida yaratilgan pirovard tovarlar va xizmatlarning bozor baholari yig‘indisi deb ta’rif berib kelingan. 1993 yilda qabul qilingan (2008 yilda yangi tahrir) BMT MHTning yangi talqiniga ko‘ra Yalpi ichki mahsulot (YaIM) tushunchasiga aniqliklar kiritildi. Yangicha talqiniga ko‘ra: Yalpi ichki mahsulot - mamlakat hududida ma’lum muddat davomida ishlab chiqarilgan pirovard tovarlar va xizmatlar bozor baholarining umumiy yig‘indisidan iborat.1 YaIM ning «ichki» deb atalishiga sabab uning mamlakat rezidentlari tomonidan yaratilishidir. Rezident deganda faqatgina mamlakatning yuridik va jismoniy shaxslari tushunilmaydi. Chunki mamlakat yuridik shaxsi boshqa mamlakat hududida bir yildan ortiq faoliyat yuritsa o‘sha mamlakat rezidenti deb qaraladi. «Milliy tegishliligi va fuqaroliligidan qat’iy nazar, mazkur mamlakatning iqtisodiy hududida iqtisodiy manfaat markaziga ega bo‘lgan (ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanadigan, yoki mamlakat hududida bir yildan ortiq yashayotgan) barcha iqtisodiy birliklar(korxonalar, uy xo‘jaliklari) rezident hisoblanishadi» 2. Elchixonalar va harbiy bazalar o‘zlari tegishli bo‘lgan mamlakatlarning iqtisodiy makoni bo‘lib qolaveradilar. Aynan shu jihat YaIMni hisoblashda iqtisodiy va jug‘rofiy hudud o‘rtasidagi farq deb qaraladi. YaIM uch xil usul bilan hioblanadi: ishlab chiqarish usuli; xarajatlar usuli; daromadlar usuli. Har uchala usul bilan hisoblangan YaIM ko‘rsatkichi hajmi statistik xatolar istisno etilganda o‘zaro teng bo‘lishi lozim. Shu bilan birga har uchala usul bilan YaIM ko‘rsatkichni hisoblashda o‘ziga xos talablarga amal qilinishi talab etiladi.11 Yalpi ichki mahsulotni hisoblashning asosiy shartlari quyidagilar: -yakuniy tovarlar va xizmatlar bahosini ifodalaydi; -bozor baholarida hisoblanadi; -faqat joriy yilda ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlar bahosini o’z ichiga oladi; -sof moliyaviy bitimlar bahosini o’z ichiga olmaydi. Yalpi ichki mahsulotni hisoblash usullari YaIMni ishlab chiqarish usulida aniqlash. Ishlab chiqarish usulida hisoblangan YaIM yakuniy tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarishning turli bosqichlarida qo‘shilgan qiymatlar yig‘indisi sifatida aniqlanadi. YaIMni bu usulda aniqlash statistik jihatdan qulay bo‘lishi bilan birga uni hisoblashning muhim shartiga amal qilish, ya’ni bir qiymatni ikki bor hisobga olish, yoki oraliq mahsulot qiymatini YaIMga kiritib yuborishning oldini oladi. Ishlab chiqarish hajmini to‘g‘ri hisoblash uchun joriy yilda ishlab chiqarilgan tovar va ko‘rsatilgan xizmatlar qiymati bir marta hisobga olinish kerak. Ko‘pgina mahsulotlar bozorga borguncha bir nechta ishlab chiqarish bosqichini o‘taydi. Shu sababli YaIMda ayrim mahsulotlarni ikki va undan ko‘p marta hisobga olmaslik uchun, faqat pirovard mahsulotning bozor qiymati hisobga olinadi, oraliq mahsulotlar esa hisobga olinmaydi. Yakuniy tovarlar va xizmatlar deganda ularning ishlab chiqarish, yoki ichki ayirboshlash siklidan chiqqan, yakuniy iste’mol, jamg‘arish yoki eksport uchun foydalaniladigan qismi tushuniladi. Yakuniy tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarishda sarflangan oraliq tovarlar va xizmatlar bahosi YaIMga qo‘shilmaydi. Qo‘shilgan qiymat tovar va xizmatlarning sotish bahosi bilan ularni ishlab chiqarish uchun foydalanilgan xom ashyo va materiallarni sotib olishga qilingan xarajatlar o‘rtasidagi farq ko‘rinishida aniqlanadi.12 Ishlab chiqarish usulida aniqlangan YaIM ko‘rsatkichinig strukturasini va undagi siljishlarni tahlil qilish juda muhim xulosalar beradi. Alohida tarmoqlarning mamlakat iqtisodiyotida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymatdagi ulushi, bu ulushning o‘zgarishi bu mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasi va kutilayotgan istiqboliga baho berish imkonini beradi. Iqtisodiyot rivojlanishi, real sektorda ishlab chiqarish samaradrligi oshib borishi bilan sanoat va ayniqsa xizmat ko‘rsatish sohalarining YaIMdagi ulushi ortib borilishi jahon iqtisodiy tarixida kuzatilgan hodisadir. O‘zbekiston Respublikasida 2000-2018 yillarda sanoat tarmoqlarining YaIM dagi ulushi ortib borayotganligi progressiv tarkibiy siljishdan dalolat beradi. Mamlakatimizda iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishini takomillashtirish borasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida ijobiy sifat o‘zgarishlariga erishildi. Bu avvalambor YAIMning tarmoq tarkibida ro‘y bergan o‘zgarishlarda o‘z aksini topadi. jadval ma’lumotlariga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan YalMning tarmoq tuzilishini ko‘rib chiqamiz. Mustaqillik yillarida xomashyo resurslarini chuqurroq qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ulushining ortishiga qaratilgan tarkibiy siyosatni amalga oshirish natijasida mamlakat yalpi ichki mahsulot tarkibida qishloq xo‘jaligi ulushining pasayishi va sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalarining ulushini ortishi kuzatilmoqda. Download 467.01 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling