Miniatyura va kitob grafikasi


I BOB. MINIATYURA TARIXI VA UNDAGI MAKTABLAR


Download 113.11 Kb.
bet14/18
Sana09.01.2022
Hajmi113.11 Kb.
#256840
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18
Bog'liq
Bitimalish JO'RAB(1)АбдМ

I BOB. MINIATYURA TARIXI VA UNDAGI MAKTABLAR

1.1. Sharq miniatyurasida inson obrazining ifodalanishi

San’atda inson obrazi jamiyat tarqqiyotining tarixiy sharoitlari, mazkur davrga xos insonga munosabatni belgilovchi ahloqiy va estetik tasavvurlar bilan uzviy bog’liqdir.

Miniatyura singari ko’plab san’at turlari ham adabiyot bilan bog’liq bo’lgani bois avvalo, inson obrazining adabiyotdagi o’rni haqida fikr yuritamiz. Adabiyotda inson obrazini tasvirlash masalasiga munosabat Rudakiy (vafoti 941 y.) ijodidan boshlanganini bilamiz. Uning ijodida, ayniqsa "Qarilikdan shikoyat" qasidasida real insonga yaqinlashishga intilish yorqinroq ifodalangan. X asrning ikkinchi yarmi XI asrning boshlarida boshqa bir ulkan shoir Firdavsiy o’zining "Shohnoma" asariga mavzu qilib epik dostonlar syujetlarini oladi. Ko’zlangan maqsadlari tufayli Firdavsiy real voqelikdan uzoqlashib, konkret tarixiylikdan ajralgan, umum manfaati va bxti uchun kurashuvchi g’ayritabiiy kuchga ega bo’lgan ideal qahramon siymosini yaratish yo’lidan bordi.

Keyingi asrlarda Sharqning atoqli shoirlari estetik va ahloqiy ideallarni tavsiflash uchun Xusrav va Shirin, Layli va Majnun, Farhod va Shirin, Baxrom Go’r va Iskandar larning an’anaviy obrazlaridan foydalanganlar.

Adabiyotning bundan keying tarqqiyoti so’fiylik mafkurasining tobora kuchayib borgan tasirida o’tdi, uning asosiy qoidasi: dunyo sarob, tangri barhaq. Moddiy dunyo o’z xoliqini o’rab turgan qobiqdir. Ana shu g’oya insonga bo’lgan insonga bo’lgan munosabatni ham ifodalagan. Bu esa insonning ruh va jism uyg’unligidan iboratligini asarda ochib berishga yordam bergan. Keyinchalik so’fiylik dunyoqarashidagi ko’pchilik shoirlar mazkur diniy-falsafiy oqim g’oyalarini keng yoymoq uchun ijod qila boshladilar. Sharqning buyuk shoiri Jaloliddin Rumiy (1207‒1273) ana shunday shoirlardan edi.

Sharqning eng barkamol miniatyurachi musavvirlari o’z asarlarida Nizomiy dostonlarida ifodalangan g’oyalarni taraqqiy ettirib axloqan pok inson qiyofasini yaratishga intildilar. Sharq miniatyurasining mashhur asarlarida odil shoh obrazi rivojlanishda davom etdi. Insonning she’riyatdagi, shuningdek, aziz-avliyolar siymosidagi umumlashma va majoziy tavsifi janrga ega bo’lgan ixlos belgisidir. Shuning uchun ham biz adabiyotning eng realistic sohasi bo’lmish tarixiy solnomalardagi inson tasviriga murojat etamiz. Solnomalarda odil shoh obrazini yaratish an’anasi rivojlantiriladi. Biroq solnomachilar Iskandar podshoh timsoliga murojat eta olmasdan, unga xos xislatlarni muayyan hukmdorlar shaxsiga nisbat berganlar. Solnoma real arboblar to’g’risida hikoya qilsa ham, unda insonning shartli obrazi yaratildi, unga ko’pincha farz bo’lgan xislatlar berildi. Masalan, odil shoh siymosi odatda barcha mushkulliklarni qilich kuchi bilan hal qila oluvchi botir pahlavon, iste’dodli sarkarda xislatlariga ega bo’lar edi. Bundan tashqari bu hukmdor tangri inoyatiga e’timod qilib, kunu tun namozini kanda qilmaydigan porso musulmon qiyofasida ham ko’rinadi. Shu taxlit tarixiy shaxs tasviri ham adabiyotda, ham miniatyurada ikki xil obrazga ega bo’ldi: bahodir pahlavon va xudojo’y porso. Birinchi va keyingi me’yor ham sharoit taqozosi bilan qo’llanilgan. Ijodning bu uslubi miniatyurada ham tasvirlana boshlangan. Muayyan adabiy personajni turli qiyofada tasvirlashda musavvir turli tasviriy usullardan foydalangan. Masalan, Nizomiyning "Iskandarnoma" sidagi suratlarda bosh qahramon turlicha tasvirlanadi. Chunki, ba’zi vaziyatlarda uning qahramoni kuch-qudratning ramzi bo’lsa, boshqa o’rinda odatda uni xudojo’ylik va shafqatlilik ajratib turadi.

Keyingi davr solnomalarida (XIII asr) inson tasvirida Jaloliddin Rumiy she’riyatidagi kabi ramz va umumlashma bilan muayyan detal o’rtasida bo’lganidek ikki xillikni ko’ramiz. Mashhur tarixchi Rashididdinni olaylik, mo’g’ullar hujumi tufayli sodir bo’lgan voqealarni tasvirlar ekan, mo’g’ul xonlarining tugal qator obrazlarini yaratadi.

XIII asr solnomalarida umumiy ofat ramzi murakkablashtiriladi. Bu qiyofada gunohkor insonlar ustiga yuborilgan tangrining g’azabi, jazosi deb e’tirof etilgan Chingizxon ko’rsatilgan. Sulton Jaloliddin Xorazmshoh obrazi esa unga qarama-qarshi qo’yiladi. Miniatyuralarda ham buni yaqqol ko’rishmiz mumkin.

Shunday qilib solnomachilar real insonning takrorlanmas o’ziga xosligini, ichki dunyosini qayta tiklashdan uzoqlashib, tarixiy arbobni ma’lum guruhdagi odamlarning abstrakt vakiliga aylantirish yo’lidan bordilar. XIII‒XIV asarlar solnomalarida ba’zi personajlarning namunaviy xislatlari, ba’zilarini namunali hukmdor, boshqalarini bahodir jangchi, uchinchilarini xalqni jazolovchilar qilib ko’rsatish xarakteri seziladi. Biroq bu yerda ham she’riyatda bo’lgani kabi inson ta’rifidagi ikki yoqlamalikni ko’ramiz: kitobxon ko’z o’ngida yarmi niqob ostiga berkitilgan shaxs qiyofasi namoyon bo’ladi.

Adabiyotda bo’lgani kabi miniatyura san’atida ham inson obrazi yuqorida zikr etilgan uch usul sintezi tufayli yaratildi: shartlilik, odob-muomala va realistik detallar. Musavvir shoir singari dunyoni qanday mushohada qilgan bo’lsa shunday emas, balki o’z zamonasi mafkurasidan kelib chiqib, qanday bo’lishi lozim bo’lsa shunday tasvirlaydi. Ya’ni o’zi yaratayotgan obrazni o’zining davriga moslaydi. Adabiyotda bo’lgani kabi bu yerda ham azaliy g’oyalar mahfuz bo’lishi lozim edi. Shuning uchun musavvirni moddiy dunyoni tasvirlash qiziqtirmaydi: u tasvir fazosini to’g’ri tasvirlashni o’ylamaydi, hajm va perspektivani tan olmaydi, inson anatomiyasi va jussaning mutanosibligi, yoki uning xissiyotlarini berishga qiziqmaydi. Muhimi uning harakati yoki g’oyasini belgilash, zotan musavvir shoir va musavvir darajasida fikr yurituvchi o’qimishli kitobxonni mo’ljallaydi.

Miniatyuradagi shartlilik obraz yaratish vositalarining eng muhimi hisoblanadi. Chunki, kitobxon asar g’oyasini xissiyotlari orqali emas, farosati bilan tushunib oladi. Ikki-uch daraxtning tasviri kitobxonga voqeaning tabiat qo’ynida kechayotganini anglash uchun kifoya, yoki yakkama-yakka jang tasvirida kitobxon qo’shinlar jangini uqib oladi. Pastdan yuqoriga qarab rivojlanuvchi kompozitsiya ham shartli. O’rta asr kishisi fazoni shunday "baliqdan oygacha" deb tushungan. Vaqt ham (nuqul bahor va kuz tasvirlangan, ba’zi o’rinlarda Kamoliddin Behzodning qish mavzusida ishlangan asarini uchratish mumkin: "So’fiy va yo’lovchi suhbati" K.Behzod. Tabriz. 1525. 19.6 x 13.5. Freer Gallery of art Smithsonian.) kolorit ham (oltinrang osmon ochiq oftobli kunni bildirgan) shartli. Shunga qaramay inson ham, manzara ham, ashyolar ham ko’rinishlari o’xshatilgan. Chunki, musavvir mavjud borliq va reallikdan qochmagan. Ammo reallik bunda butunlik detallarida ko’rinadi.

Bezatilayotgan kitob asosiy qahramoni obrazini tasvirlashda musavvir berilgan matnga va "bayoniy portret"ga suyangan holda tasvirning ko’zga tashlanuvchi belgilarini chekadi, biroq adabiyot va miniatyura uchun umumiy bo’lgan estetika qonunlariga bo’ysunadi. Musavvir ideal erlar va ayollar belgilarini yaratadi. Ularni oqbadan, kulchayuz, ko’zlarini bodom shaklida (obrazning muhim tomoni) tasvirlab, yoshining belgilariga ham ishora qiladi. Mimikasi va harakatini turlicha yasash yo’li bilan o’ta ifodalilikka erishadi, go’yo tasviriga "tilu zabon beradi". Asosiy unsurlari doimiy, ammo almashtirib qo’yilganda yangi naqshlar hosil qiluvchi musavvir personajlarning shartli o’ziga xosligini yaratadi.

Miniatyurachi rassomning asosiy vazifasi odil shoh, qahramon, jangchi, go’zal hokazolarning tasviriy "ekvivalentini" yaratishdir. Bu vazifa obrazlar ixtiyorida bo’lgan barcha vositalar: kompozitsiya, kolorit, e’tiborli detallardan foydalanish bilan hal qilinadi. Masalan, hukmdor tasviri asosiy o’rinda turadi. Kompozitsiyada uning qiyofasi eng muhimdir ‒ u hajman ajratib qo’yilgan, biroq butun kompozitsiyani qoplab olarli darajada emas, o’lchov va uyg’unlik hissi musavvirga hamisha hamroh. Hukmdor kiyimi hashamdor va yorqinroq, bundan tashqari uni toj va jig’ali sallasi ajratib turadi. Unga nisbat berilgan olijanoblik, odillik, hukm chiqaruvchi, ideal hukmdor, epchil sayyod va jasur jangchi, xudojo’y musulmon va faylasuf xislatlariga muvofiq u hukm berayotganda, qabul marosimida, ovda yoki jangda, piri murshid huzurida tasvirlanadi. Ideal jangchi esa hamisha urush qurollari bilan tasvirlanadi. Uning bahodirligi va jasoratiga doimo harakati orqali urg’u beriladi: u o’zidan bir necha barobar katta bo’lgan ajdar yoki dev bilan olishayotgan yoki ko’psonli dushmanga qarshi jang qilayotgan, yakkama-yakka kurashda g’olib chiqayotgan bo’ladi.

Muayyan mazmunlarni tasvirlash uchun tanlash, ulardan nusxa ko’chirish va o’rganish ba’zi kompozitsion sxemalarni va epik qahramonlarga xos belgilarni qolip tarzida qo’llashga olib keldi. Masalan, Firdavsiyning qahramoni Rustam hamisha yo’lbars terisida va uning kallasidan yasalgan dubulg’a tasvirlanadiki, bu uning mislsiz kuch-qudratidan dalolatdir. U qachon va qayerda ishlanganidan qat’i nazar biz uni "Shohnoma" ning boshqa barcha miniatyuralaridan mazkur belgilar orqali tanib olamiz. Firdavsiyning boshqa bir qahramoni Siyovush doimo poklik ramzi oq kiyimda tasvirlanadi. Jomiyning "Yusuf va Zulayho" si bosh qahramoni Yusufning boshi atrofi shu’la bilan o’ralgan. Shunday qilib so’z yuritilayotgan sifatlar shartli belgilarga aylanadi, ana shu belgilari orqali asar qahramoni tanib olinadi.

Miniatyurada insonni tasvirlash evolutsiyasi uning siymosining adabiyotdagi evolutsiyasi, shuningdek butun kitob bezash sistemasi evolutsiyasi bilan bog’liqdir. Turli davrlar miniatyura maktablarini ko’zdan kechirish natijasida biz bu aloqadorlikni bilib olamiz. XIII asr boshlari XIV asrlarda musavvir shoir singari inson chehrasini go’zallik idealiga muvofiq tasvirlaydi va uni kompozitsiyaning muayyan bir naqshiga aylantiradi. XV asrda Behzod dahosi tufayli inson o’z qimmatiga ega bo’ldi, kompozitsiyada unga alohida o’rin beriladigan, ilgarigi yuzakichilikdan qochib tabiiylik, mutanosiblik yuzaga keldi, imo-ishoralari turli tuman bo’ldi. XVI asrda musavvir matndan yanada uzoqlashadi, uning uchun dunyo haqidagi o’z tasavvurlarini ko’rsatish muhimroq bo’la boradi. Shuning uchun u kompozitsiyaga avtor nazarda tutmagan personajlarni kiritadi, turmushdagi holatlarga qiziqish kuchayadi (Sulton Muhammad). XVII asrda yevropa tasviriy san’atining ta’siri natijasida hajm va perspektivani berishga intilish, personajlar hissiyotlarini belgilash, ahloqiy va etnografik xususiyatlarga e’tiborning kuchayishi va klassik xos belgilardan chetlashish yuz berdi. Masalan, Rustam XVII asr miniatyurasida yo’lbars terisida tasvirlanmagan, Siyovush esa rangli kiyimda berilgan.

XVIII‒XIX asrlarda inson tasviri oddiylashdi, suratlar qo’pollashib ranglar uyg’unligi yo’qola bordi. Asta-sekin miniatyura san’ati tanazzulga yuz tutdi. Chunki, qo’lyozma o’rnini yangi texnika ‒ toshbosma egallaydi.

Shoirlar murakkab mavhum tushunchalarni ifodalab yorqin siymolardan taqqoslash uchun foydalanganlarida musavvirlar aksar paytlarda falsafiy xulosalardan voz kechib bo’lsa ham o’z asarlarini bunday siymolar timsolini yaratishga bag’ishlaganlar. Miniatyuralar albomida keltirilgan Hofiz Sheroziy g’azaliyoti devoniga ishlangan miniatyuralar bunga misol bo’la oladi. Sayohatchi toshbaqa to’g’risidagi mashhur masalga ishlangan ko’psonli suratlarda musavvir ni aslida asosiy personaj yoki hikmat qiziqtirmaydi. Ular diqqat markazida ajoyib manzarani kuzatayotgan turli kishilarga turli ta’siri turadi.

Ko’pincha musavvir ramziy belgilar orqali badiiy asarda bayon etilgan murakkab mavhum g’oyalarni ifodalaydi. Masalan, suhbat qurilayotganlar yonida sarv daraxtining tasviri suhbatning diniy, gul butasi va bulbul ‒ ishqiy mavzuda ekanligi ramzidir. Bunday usullar davrlar o’tishi bilan shoir va solnomachilardagi ramziy va jumboqli ifodalarga bo’lgan mayllarning kuchayishi bilan tipologik jihatdan yaqindir.

XVI asrda musavvirlar tasvirni ko’plab turmush ikir-chikirlari bilan to’ldirib o’zlaricha tasviriy sharxlar topa boshlaydilar. Ular tufayli adabiy syujetga xalal yetadi. (Metropoliten muzeyidagi "Majnun Layli qarorgohida", Sulton Muhammad). Bunday paytda adabiyot va tasviriy san’at uchun umumiy bo’lgan an’anaviy mavzu va kompozitsiyalarga aniq detallarni kiritish qonuniyati kuzatiladi. Miniatyura tasviriy san’atiga realistic detallarning ishlatilishi miniatyurani bezatilayotgan matndan ajratadi va uni musavvir zamonasiga yaqin qildi. Masalan, Behzod Nizomiy "Xamsa" sining an’anaviy mavzulariga ishlagan asarlarida ba’zi badiiy asar personajlariga o’z zamondoshlari shakli shamoyilini beradi.

O’rta Sharq adabiyoti va miniatyurasi o’rta asr qo’lyozma kitob san’ati shoh asarlarida o’z ifodasini topgan so’z va tasvirning uzviy sintezi tarzida jahon madaniyati xazinasiga qo’shilgan bebaho hissadir.




Download 113.11 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling