Xodimning sog’lig’iga shikast etkazilganda mehnat shartnomasi taraflarining aralash javobgarligi
Agar jabrlanuvchining qo’pol ehtiyotsizligi zararning kelib chiqishi yoki ko’payishiga sabab bo’lsa, to’lanishi lozim bo’lgan zarar miqdori jabrlanuvchining aybi darajasiga qarab, muvofiq ravishda kamaytiriladi. Jabrlanuvchi tomonidan qo’pol ehtiyotsizlik qilingan va ish beruvchining aybi bo’lmagan hollarda, uning aybidan qat’i nazar javobgarlik kelib chiqadigan bo’lsa, to’lanadigan zarar miqdori ham shunga muvofiq ravishda kamaytiriladi. Bunday vaqtda zararni to’lashni rad etishga yo’l qo’yilmaydi.
Aralash javobgarlik to’lanishi lozim bo’lgan zararning qo’shimcha turlariga, bir yo’la beriladigan nafaqaga, shuningdek boquvchining vafoti munosabati bilan zararni to’lash hollariga tatbiq etilmaydi.
Boquvchining vafot etganligi munosabati bilan zararni ish beruvchi tomonidan to’lash majburiyati
Xodim mehnatda mayib bo’lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bog’liq holda sog’lig’iga boshqacha tarzda shikast etishi sababli vafot etgan hollarda, ish beruvchi marhumning qaramog’ida bo’lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o’n olti yoshga to’lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo’lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug’ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo’ldoshiga yoki oilaning boshqa a’zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga etmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo’lsa, zararni to’lashi shart. Qaramoqda bo’lish farazan olinadi va buning uchun dalil talab etilmaydi.
Quyidagilar mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblanadi:
o’n olti yoshdan katta shaxslar, agar ular shu yoshga to’lgunga qadar nogiron bo’lib qolgan bo’lsalar;
oltmish yoshga to’lgan erkaklar va ellik besh yoshga to’lgan ayollar;
belgilangan tartibda nogiron deb topilgan shaxslar.
Oila a’zosining mehnatga qobiliyatsizligi boshlangan vaqt (boquvchining vafotiga qadar yoki undan keyin) uning zararni undirishga bo’lgan huquqiga ta’sir etmaydi. O’n olti yoshdagi va undan katta o’quvchilar, o’quv yurtlarining kunduzgi bo’limlarida o’qishni tugatgunlarigacha, lekin o’n sakkiz yoshga qadar bo’lgan davrda, zararni undirish huquqiga egadirlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |