Muallifdan bismillohir Rohmanir Rohiym


Download 0.78 Mb.
bet24/30
Sana18.06.2023
Hajmi0.78 Mb.
#1565564
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   30
Bog'liq
Tohir Malik. Shaytanat (2-kitob)

XXII b o b

1

Mashina o‘rnidan jilganida biqiniga ikki musht tushgach, Anvar o‘zini u yoq-bu yoqqa urishning foydasi yo‘qligini, haqiqat talab qilsa yana musht yemog‘i mumkinligini fahmlab, tinchidi. Uning g‘azabdan yonayotganini tez-tez nafas olishigina oshkor etib turardi.


Mashinadan tushib o‘zini notanish jinnixonada ko‘rdi-yu, hayratlandi. Qabriston yaqinida jinnixona mashinasi kutib turganidan u ajablanmagan edi. G‘azab otashida yonayotgan bo‘lsa-da, bu ishni Xolidiy ustalik bilan uyushtirganini tushungan edi. «Yana eski tos, eski hammom», degan fikrda o‘zini avvalgi jinnixonada ko‘rarman, devdi. Boshqa jinnixona uning uchun kutilmagan zarba bo‘ldi.
— Nimaga meni bu jinnixonaga olib keldinglar?— deb so‘radi u, yetaklab kelayotgan yigitdan.
— Senga atab qurilayotgani hali bitmabdi,— dedi yigit do‘ng‘illab.
— Men to‘g‘rilikcha so‘rayapman.
— Men qiyshaytiribroq aytyapman.
— Odam emas ekansan.
— Haligi musht kamlik qildimi?
Anvar uning basharasiga bir qarab olib «Turqi sovuq odamdan iliq gap chiqarmidi», deb qo‘ydi.
Tibbiy tekshiruv naridan-beri o‘tkazildi-da, ikki oshyonli imoratning birinchi qavatidagi to‘rt kishi yotishiga mo‘ljallangan xonaga boshlab kelishdi. Deraza yonidagi karavotdan tik turib olib o‘ng qo‘lini olg‘a cho‘zgan bemor Anvar kirib kelishi bilan unga qarab xitob qildi:
— Yashasin, sovet jinnilari, ura! — Shunday degach, u quvonib chapak chaldi-da, indamay turgan Anvarga o‘shqirdi: — Sen nima uchun olqishlamayapsan? Sen sovet jinnilariga qarshimisan? Ha, ha, sen jinni dushmanisan! — U shunday deb barmog‘ini bigiz qilganicha karavotidan tushayotgan edi, Anvarni kuzatib kelgan yigit unga qarab baqirdi:
— Joyingga qayt, qimirlama! Bu ham o‘zingdan, dushman emas. G‘iring desang, yeysan!
Xitobchi barvasti mushtni ko‘rgach, nafasi qaytdi. U, garchi esi og‘ib qolgan bo‘lsa-da, mushtning qadrini bilar edi.
Xonadagi yana ikki bemor indamaslar toifasidan ekan. Kuzatuvchi chiqib ketgach, xitobchi yana Anvarga qaradi:
— Men bilan kommunizmga bormaysanmi?
«Bitta arbob, ikkita indamas jinni hamkorligida yana qayoqqa borish mumkin?» deb o‘yladi Anvar. Savolga javob berguday bo‘lsa bu «arbob»dan qutula olmasligini bilib, o‘zini indamaslar safiga qo‘shishni ma’qul ko‘rdi. «Arbob» bir-ikki savoliga javob ololmagach, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoldi.
Kechki ovqatdan so‘ng dori-darmonlarni qabul qilishgach, hamxonalari odobli bolalar kabi yotib, uyquga ketishdi. Anvar ham yotdi, ammo ostiga tikonli to‘shak solinganday orom topmadi. Avval qaddini ko‘tarib o‘tirdi. So‘ng turib, dahlizga chiqdi. Navbatchi hamshira o‘rnida barvasta, yonog‘ida tukli xoli bor ayol katta daftarga nimadir yozib o‘tirardi.
— Nimaga chiqding, kirib yot,— dedi u qo‘pollik bilan.
— Uyqum kelmayapti, bugun olib kelishdi meni. Kelajagi porloq jinnilardan bo‘lsam kerak. Qo‘rqmang, qochib ketmayman.
— Qochib go‘rga borarmiding, bor kirib yot, boshimni og‘ritma.
Avvalgi jinnixonada ham navbatchi hamshira uni kirib yotishga undagan edi. Ammo bu tarzda emas, yalinish ohangida iltimos qilib edi. Shunda Anvar unga bir she’r aytgan, u «yaxshi she’r ekan», deb bir oz suhbatlashgan edi. Anvar garchi bu xotindan yaxshi gap chiqishiga gumonda bo‘lsa-da, o‘sha she’rni o‘qigisi keldi:

Bahorda gurkirab avj olgan chechak,
So‘lar xoh istama, xohi sen ista.
Unga yor na o‘tmish, na-da kelajak,
Tuproqqa jo bo‘lib ketar ohista.
Shuning-chun so‘nggi bor kuylaydi qumri
Bilmam ne marsiya, bilmam ne vola.
Hey, mening umrimdir chaqmoqning umri
Bir chaqnab mahv bo‘lsam chekmagin nola!

Navbatchi yozishdan to‘xtab, unga g‘alati qaradi:


— Nima balo, shoirmisan? — deb so‘radi, she’r o‘qib bo‘lingach.
— Yo‘q, jinniman,— dedi Anvar istehzo bilan.
Jinniliging bilinib turibdi, kirib yot dedim senga.
Anvar «xo‘p bo‘ladi» dedi-da, orqasi bilan yura turib yana bir to‘rtlik o‘qidi:

— Yomg‘irdan so‘ng ochildi bog‘lar,
Endi yellar girdikapalak.
Astagina titrar yaproqlar,
Xayr dema, beozor malak...

Navbatchi ayol so‘nggi satrni noto‘g‘ri anglab, qo‘lidagi qalamni taq etib stol ustiga qo‘ydi-da, o‘rnidan turdi:


— Qani, kir ichkariga, deyapman! Hali men senga malay bo‘ldimmi, huv turqing qursin!
Anvar bu yer she’r o‘qiydigan, hazillashadigan joy emasligini anglab, shoshib ichkariga kirdi. Navbatchi hamshira eshikni ochib, to u joyiga yotgunicha qarab turdi.
Anvarga alam qildi. Aslida u yurakni siqayotgan iskanja azobidan bir damgina bo‘lsa ham qutularman, degan niyatda dahlizga chiqqan edi. Avvalgi jinnixonada aynan shunday bo‘lardi. «Bu yer nima o‘zi — jinnixonami yo qamoqxonami?» deb o‘yladi u.
Alamdan holi bo‘lmoq uchun xayolini chalg‘itishga urindi. Qo‘lini bolish qilib, chalqancha yotganicha o‘y o‘yladi: «Uyimga xabar bergani kim borgan ekan? Har holda «eng kichik ilmiy xodim»ni yugurtirishadi. U bechoragina bo‘ynini qisib turib ming‘irlaydi. Nima deydi? «Ishda birdan kasallari tutib qoldi», dermikin yo... ha, «ustozlarining o‘limidan qattiq qayg‘urdilar» der. Shunday degani durust, shunisi sal obro‘liroq. «Bir oz dam olsin, davolansin, deb kasalxonaga («jinnixonaga» demaydi) joylashtirishdi» deydi. Deydi-yu, zipillab iziga qaytadi...»
— Ha, aynan shunday bo‘ldi.
Anvar tanish ovozni eshitib, sergaklandi.
— Kim bu? — dedi pichirlab.
— Tanimadingmi? Asqar akangman.
— Siz?..
— Men seni ko‘rgani keldim. Meni ham shu yerda sen kabi «davolashgan».
— Navbatchi xotinni taniysizmi?
— Tanimay-chi? Agar uni mol desang, dunyodagi barcha mollar haqoratga chiday olmay «meni kelib-kelib shunga o‘xshatdingmi», deb o‘zini osadi.
— Sizning she’ringizdan o‘qigan edim, tushunmadi.
— She’rni xor qilma, uka.
— Odamlar nima uchun bunday tuyg‘usiz bo‘lib ketishyapti?
— Buni anglashing uchun yonimga kelishing kerak. Men bilan sening olaming boshqa.


Download 0.78 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   30




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling