Soliqlarni rejalashtirishning asosiy maqsadlari va vazifalari
Soliqlarni rejalashtirishning maqsadi nafaqat soliq majburiyatlarini qonuniy tarzda minimallashtirish, balki korxonaning ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish, soliq yukining eng kichik miqdorini ta'minlay oladigan optimal xo‘jalik yuritish modelini qurish hamdir. Belgilangan maqsadlarga erishish uchun soliqlarni rejalashtirish bir qator vazifalarni hal qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ular soliq yukini optimallashtirishga qaratilgan:
• asosiy soliq to‘lovlarini qonuniy asoslarda minimallashtirish;
• prognozlanayotgan davrda soliq yuki darajasini aniqlash;
• navbatdagi moliya yilida byudjetga va byudjetdan tashqari fondlarga aniq to‘lovlar kesimida va ular bo‘yicha umuman to‘lanishi kerak bo‘lgan soliq majburiyatlari miqdorini aniqlash;
• mahsulot ishlab chiqarishga umumiy xarajatlarni hisoblab chiqish hamda korxona biznes-rejasining moliya qismini puxta ishlab chiqish;
• soliq to‘lovlarining hisoblanishi ustidan nazoratni amalga oshirish hamda ularning o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishini ta'minlash.
Soliqlarni rejalashtirish nimalardan tashkil topadi?
Korxonada soliklarni rejalashtirish strategik va taktik (joriy) rejalashtirishdan tashkil topadi. Xo‘sh, ularning farqi nimada?
1. Soliqlarni strategik rejalashtirishda korxonaning tashkiliy huquqiy shakli, uning joylashgan joyi, tadbirkorlik faoliyati turlari va ixtisoslashuvi hamda soliqqa tortishning amaldagi rejimlari tanlanadi. Ushbu bosqichda qarorlar nafaqat soliqqa tortishning eng qulay imtiyozli rejimi nuqtai nazaridan, balki ikkiyoqlama soliq solishga yo‘l qo‘ymaslik va h.k. maqsadida ham qabul qilinadi. Mazkur bosqich doirasida kapitalni joylashtirish, investitsiya siyosati, moliyalashtirish strategiyalari belgilanadi;
2. Taktik (joriy) rejalashtirishda amaldagi qonunchilik doirasida soliqlarning miqdorini optimallashtirish va minimallashtirish uchun nazarda tutilgan barcha imkoniyatlardan foydalangan holda navbatdagi hisobot davriga barcha soliqlar turlari bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |