Muhandislik geologik tadqiqotlar
Aerofotosuratlarda tektonik strukturalar va stratigrafik
Download 6.17 Mb. Pdf ko'rish
|
-qullanma
22.2.Aerofotosuratlarda tektonik strukturalar va stratigrafik komplekslarni talqin qilish. Aerofotosuratlarni talqin qilishning asosiy vazifalari bo’lib ularda tasvirlangan tog’ jinslarining yotish sharoitlarini, har xil qatlamalar orasidagi nomuvofiqliklarni, burmali va yoriqli strukturalarni aniqlash va o’rganish masalalari sanaladi. Qulay shariotlarda aerofotosuratlarda tasvirlangan geologik strukturalarni talqin qilish asosida geologik kesmalar va xaritalar tuzish mumkin. Bunday sharoitlarga tub jinslarning ochilganligi darajasi, geologik kesmada turli litologik tarkibdagi qatlamlarning almashinib yotishi, tektonik strukturalar elementlari bilan relyef shakllari, suv tarmoqlari va o’simliklarning tarqalishi orasidagi bog’liqlikning mavjudligi kiradi. Bundan tashqari aerofototasvirga olish sharoiti, uning miqyosi va sifati ham ahamiyatli hisoblanadi. Tub tog’ jinslari qancha yaxshi ochilgan bo’lsa, joyning geologik tuzilishini belgilovchi strukturalar xususiyatlari ham shuncha aniq ifodalangan bo’ladi. Bunda talqin qilish uchun interpolyasiyadan foydalanmasa ham bo’ladi. O’rganilayotgan joyning geologik kesmada tog’ jinslarining moddiy tarkibi qanchalik xilma-xil bo’lsa, aerofotosuratlarda qatlam va gorizontlarning yotish sharoiti va ular orasidagi munosabatlar shuncha batafsil ko’ringan bo’ladi. Tog’ jinslari o’zlarining rangi va nurash jarayoniga bardoshliligi bilan keskin farqlanuvchi joylarda aerofotosuratlarni talqin qilish yaxshi natijalar beradi. Har xil struktura shakllarini talqin qilishda aerofotosuratlarda eng yaxshi ko’rinadigan qatlamlardan tayanch gorizontlari sifatida foydalaniladi. Ular yondosh jinslarning yotish sharoitini aniqlashda katta yordam beradi. Bunday tayanch gorizontlari bir xil tarkibli qalin qatlamalarni va yaxshi ochilmagan 172 maydonlardagi geologik strukturalarni talqin qilishda asosiy belgi sifatida ishlatiladi. Darzliklar va klivajalar kuchli rivojlangan bir xil tarkibli, burmalangan tog’ jinslarini talqin qilishda o’zgacha fototonga ega bo’lgan qatlam yoki gorizontlarning mavjudligi asqotadi. Bunda ularning ma’lum relyef shakllarini hosil qilishi ham yordam beradi. Aerofotosuratlarda tasvirlangan tektonik strukturalarni aniqlashda relyefning ham ahamiyati katta bo’ladi. Relyef qanchalik notekis bo’lsa, strukturalarni talqin qilish belgilari shuncha ko’payadi va uning aniqligi oshadi. Relyef shakllarini tahlil qilish bilan bir qatorda suv tarmoqlariga ham e’tibor berilishi lozim. Chunki ularning yo’nalishi, vodiylarning tuzilishi, ko’llarning joylashishi, qirg’oqning shakli joyning geologik tuzilishidagi struktura shakllarini bevosita aks ettiradi. O’simlik koplamalari yaxshi rivojlangan joylarda geobotanik belgilardan unumli foydalanish darkor. Chunki ularning tarqalishidagi qonuniyat joyning geologik tuzilishiga bog’liq bo’lishi mumkin. Har xil o’lchamdagi burmali strukturalarni talqin qilishda bir vaqtning o’zida aerofotosuratlar, fotosxema va fotoplanlardan foydalanish yaxshi natija beradi. Ko’proq va yaxshi ochilgan joylarning aerofotosuratlarida burmalarning butun tafsilotlari va mayda uzilmali strukturalar o’rganiladi. Yirik tektonik strukturalar fotosxema va fotoplanlarda ancha yaxshi ifodalangan bo’ladi. Shuni yodda tutish kerakki, relyefi ancha tekis va tub jinslar yaxshi ochilmagan hududlarda aerofotosuratlarda ko’rinmaydigan yirik strukturalar fotosxemalarda aniqlovchi belgilarining ko’payishi va boshqa strukturalar bilan bo’lgan munosabati bo’yicha ancha oson ajratiladi. Ko’p hollarda yirik burmalar tog’ tizmalarining shakli va yo’nalishi hamda nurashga chidamliroq bo’lgan tog’ jinslaridan tuzilgan turli tepaliklar orasidagi ma’lum qonuniyatlar yordamida aniqlanadi. Litologik tarkibi bo’yicha farq qiluvchi qatlamlardan tuzilgan burmalarda topografik tasavvur talqin qilish vaqtida muhim ahamiyatga ega bo’ladi. Yotish burchagi kichik bo’lgan burma qanotlarida 173 va monoklinal strukturalarda kuestali relyef turi rivojlangan bo’ladi. Sinklinal va antiklinal strukturalarning yadrolari o’rnida botiq va qavariq relyef shakllari hosil bo’ladi. Aerofotosuratlarda burmali strukturalarni talqin qilish belgilari tog’ jinslari orasidagi munosa-batlarni tahlil qilishda va kontaktlarni aniqlashda yordam beradi. Aerofotosuratlarda burmali strukturalarni talqin qilishda relyef bilan bir qatorda suv tarmoqlari va ularning shakli, yo’nalishi ham asosiy belgilar qatorida turadi. Asimmetrik tuzilishga ega bo’lgan vodiylarning o’zaro parallel joylashganligi shu joyda monoklinal strukturaning mavjudligi va ularning yo’nalishi bo’yicha ushbu vodiylarning hosil bo’lganligidan darak beradi. Cho’kindi jinslar rivojlangan bir markazdan yoki suvayirg’ichdan turli tomonlarga radial yo’nalgan soylar yadrosi mustahkam tog’ jinslaridan tuzilgan antiklinal strukturalarda kuzatiladi. Burmalarning turlari va ular orasidagi munosabatlarni aniqlashda yana bir muhim xususiyat - aerofotosuratlarda tasvirlangan qatlamlarning stratigrafik ketma-ketligi masalasidir. Aerofotosuratlarda qatlamlarning stratigrafik ketma- ketligini aniqlash natijasida burmali strukturalarning konturi, uzilmali struktura- larning morfologik turlari aniqlanadi. Bulardan tashqari burmalarning simmetrikligi xususiyatlari, qanotlarining yotish elementlari, burmalarning to’ntarilib yotganligi, yirik burmalarda mahalliy murakkablanishlarning mavjudligi talqin qilinadi. Aerofotosuratlarda tasvirlangan geologik strukturalarni talqin qilishda qo’shimcha belgilar sifatida (ba’zi hollarda etakchi sifatida) tabiiy geologik jarayonlar (nurash shakllari, karstlarning rivojlanishi va b.), tuproq qatlamining mavjudligi va o’simliklarning tarqalish xususiyatlaridan ham foydaniladi. Burmalar tuzilishda qatnashuvchi karbonatli va tuzli jinslar yer yuzasida ochilib yotmasada, ular relyefning karstli shakli bo’yicha aniqlanishi mumkin. Oddiy tuzilishdagi yirik burmalar qanotlarining yotish burchagi o’rtacha va kichik bo’lganda, ularda nurashga chidamliligi bo’yicha turli tog’ jinslarining mavjudligi tufayli, bir-biriga nisbatan parallel joylashgan kuestali relyef qatorlari 174 rivojlangan bo’ladi. Kuestali relyef qatorlari orasida odatda o’zaro parallel joylashgan asimmetrik tuzilishga ega bo’lgan soyliklar vujudga keladi. Bunda hosil bo’lgan qatlam uchburchaklari bir tomonga qiyalangan va kuestali relyef qatorlarining yo’nalishi bo’yicha rivojlangan bo’ladi. Antiklinal va sinklinal burmalar turli qattiqlikka ega qatlamlardan tarkib topganda yadrosiga nisbatan simmetrik joylashgan burma yollari, qoyali zanjirlar va cho’zinchoq tepaliklar rivojlanishi tufayli aerofotosuratlarda aniq ko’rinadi. To’g’ri va simmetrik antiklinal burmalarda qatlamlarning yotishi burma o’qidan qarshi tomonga qiyalangan, qatlam uchburchaklari va trapesiyalarining uchi esa burma o’qiga qaragan bo’ladi. Antiklinallarning periklinal tugallanish joylarida har ikkala qanotlarni tashqil qilgan qatlamlar tutashadi va aniq ifodalangan gumbaz hosil qiladi. Agar qatlamlarning stratigrafik ketma-ketligi ma’lum bo’lsa, antiklinal burmalar yadrosida nisbatan qari va qanotlarida yoshroq tog’ jinslarining ochilib yotganligidan foydalanib osongina aniqlanadi. O’rta Osiyoning ko’plab hududlarida kontrast ranglardagi kaynozoy yotqiziqlari qatlamlaridan tuzilgan burmalar va monoklinal strukturalar aerofotosuratlarda o’zlarining barcha tafsilotlari bilan ifodalangan. Antiklinallarning aksi sifatida sinklinal burmalarda qatnashuvchi qatlamlar hamma joyda ham burma o’qiga qarab qiyalangan, qatlam uchburchaklarining uchi burma o’q chizig’iga qarshi tomonga qaragan bo’ladi. Burmalarning asimmetrikligi aerofotosuratlarda qanotlarining turli qiyaliqda yotganligi va ularga mos keluvchi burmada qatnashuvchi qatlam va gorizontlarning er yuzasiga chiqish kengligining kichirayishi yoki qattalashishi orqali aniqlanadi. Ularning yer yuzasiga chiqish kengligi qalinligiga to’g’ri va yotish burchagiga teskari munosabatda bo’ladi. To’ntarilgan burmalarda har ikkala qanot ham bir tomonga yotgan, qatlam uchburchaklarining uchi esa bir tomonga qaragan bo’ladi. Aerofotosuratlarda burma qanotlarining tutashgan joylari, qatlamlar yaxshi ochilgan sharoitda, qatlamlarning bevosita tutashishi va yotish burchagining pasayishi orqali topiladi. 175 Relyefi notekis va tog’ jinslarining tarkibi bir xil bo’lgan joylardagi oddiy strukuralarni xaritalash ham ancha murakkab bo’ladi. Bu hollarda aerofotosuratlardan foydalanilsa joyning geologik tuzilishi xususiyatlari ancha tez va to’g’ri talqin qilinadi. Yotish sharoitlari tez o’zgaruvchi, murakkab burmalangan, bir tarkibli qalin slanes qatlamlaridan tuzilgan va relyefi notekisligi tufayli yurish qiyin bo’lgan hududlarni dala kuzatuv marshrutlari bo’yicha xaritalashda aerofoto- suratlardan foydalanish katta ahamiyatga ega. Aerofotosuratlarda o’zaro yo’nalishi va yotishi to’g’ri kelmaydigan qatlamlar orasidagi burchakli nomuvofiqliklar juda yaxshi aniqlanadi. Yer yoriqlaridan farqli o’laroq nomuvofiqlik yuzasi pastda yotuvchi, nisbatan qari jinslar kompleksi strukturalarini ma’lum burchak ostida qirqib o’tadi va ustida yotuvchi qatlamlarga parallel bo’ladi. Turli yotqiziqlarning relyefda har xil shakllar hosil qilishi, fototonlari orasidagi farq va o’zgacha dislokasiya darajasi orqali, yotqiziqlarning stratigrafik ketma-ketligini hisobga olgan holda, aerofotosuratlarda nomuvofiqliklarni aniqlash mumkin. Tog’ jinslaridagi yirik tektonik yoriqlardan tortib to mayda darzliklargacha bo’lgan uzilmali strukturalarni o’rganish ma’danli va neft konlarini, mineral buloqlarni qidirish bilan bog’lik har xil geologik hamda gidrogeologik va muxandislik geologiyasi tadqiqotlarida birinchi darajali ahamiyatga ega. Gidrogeologik va muxandislik geologiyasi tadqiqot ishlarida tog’ jinslarining darzlanish darajasi mukammal o’rganiladi. Chunki tog’ jinslaridagi darzliklar bilan erosti suvlarining to’planishi, zahirasi, sifati va sarfi singari xususiyatlar, muxandislik inshootlari qurilishida hisobga olinadigan tog’ jinslarining mexanik mustahkamligi bevosita bog’lik. Mintaqaviy geologik xaritalashda ham uzilmali strukturalarni o’rganish muhim ahamiyatga ega bo’ladi. Yirik yoriqli strukturalar bevosita geologik xaritalarda tasvirlanadi. Darzliklarni o’rganish orqali burmalanish davridagi 176 tektonik kuchlanish yo’nalishi va intensivligini, burmali strukturalarning turini aniqlash mumkin. Aerofotomateriallarda kuzatiladigan uzilmali strukturalar orasida cho’kindi va metamorfik jinslaridagi darzlanish, otqindi jinslardagi darzlanish hamda yer po’stida uni tashkil etuvchi tog’ jinslarining tarkibiga bog’liq bo’lmagan yirik yer yoriqlari singari turlari ajratiladi. Cho’kindi va otqindi jinslardagi darzlanish tub jinslarning yaxshi ochilganligi sharoitida hamda aerofotosuratlarning sifati yaxshi va miqyosi 1:20000 va undan yirik bo’lgan hollardagina etarli darajada aniq va to’g’ri talqin qilinishi mumkin. Darzliklarni talqin qilishning asosiy belgilari bo’lib, ularning tog’ jinslardagi mikrorelyeflari bilan ifodalangan chiziqli tasviri, o’simliklar, darzlik bo’shlig’ini to’ldirovchi tomirli jinslar va darzliklar bo’ylab rivojlangan jarlik va soylik tarmoqlari sanaladi. Odatda ma’lum bir to’plamni tashkil etuvchi tik yotgan ochiq darzliklar aerofotosuratlarda osongina aniqlanadi. Cho’kindi jinslarning burmalanish davrida rivojlanuvchi ochiq o’zilish darzliklari hamda cho’kindi va otqindi jinslarni kesib o’tuvchi boshqa darzliklar ham aerofotosuratlarda yaxshi talqin qilinadi. Qumli slaneslarda va karbonatli tog’ jinslarida rivojlangan klivajalar ham yirik miqyosli aerofotosuratlarda aniqlanishi mumkin. Intruziv jinslarda ko’p hollarda o’zaro kesishuvchi radial va konsentrik darzliklar rivojlangan bo’ladi. Darzliklar bo’yicha maysalarning o’sishi ularni aerofotosuratlarda aniqlashda ancha qo’l keladi. Aerofotosuratlarda yirik uzilmali strukturalarni aniqlash eng ma’suliyatli ish hisoblanadi. Bunday strukturalarning oddiy uzilish, tog’ jinslarining surilish yuzasi bo’ylab harakati tufayli hosil bo’ladigan uzilma, uzilma-siljima va yopilma singari turlari vujudga keladi. Ularni aniqlashda geomorfologik, strukturaviy va geobotanik belgilardan foydalaniladi. 177 Yer yoriqlari relyefda tektonik pog’onalar, tog’ yonbag’irlarining tektonik etaklari, tektonik vodiy va cho’kma shaklida hamda qattiq va tomirli jinslar hosil qiluvchi relyeflar hosil qiladi. Tik yotuvchi yer yoriqlari aerofotosuratlardagi boshqa konturlardan to’g’ri chiziqligi bilan ajralib turadi. Yer yoriqlarining yoshi aerofotosuratlarda har xil yoshdagi tub jinslar bilan bo’lgan munosabati hamda hozirgi zamon relyef shakllari va to’rtlamchi davr yotqiziqlari orasida tutgan o’rni bilan aniqlanadi. Yer yoriqlarining o’zaro munosabatlari va ularning qayta harakatga kelishi hodisalari ham ularning yoshini aniqlashda foydalaniladi. Eng yosh yer yoriqlari ko’p aniqlash belgilari borligi tufayli aerofotosuratlarda tez talqin qilinadi. Bunday belgilardan asosiysi yer yorig’ining relyefda ifodalanishidir. Yondosh jinslarning burdalanishi bilan kechadigaan yer yoriqlari bo’ylab chuqur yuvilish jarayoni rivojlangan bo’ladi. Bunda bevosita yer yorig’i bo’ylab soyliklar shakllanadi. Ko’p hollarda to’rtlamchi davrda hosil bo’lgan yirik yer yoriqlari hozirgi relyef yuzasida blokli surilish bo’yicha aniqlanadi. Neogen va to’rtlamchi davrlarida yirik maydonlarning blokli harakati tufayli hosil bo’lgan va tog’ etaklari bo’ylab cho’zilgan yer yoriqlari aerokosmosuratlarda juda aniq talqin qilinadi. Quruq iqlimli o’lkalardagi yosh uzilmali strukturalarni talqin qilishda ularning yuzalari bo’ylab rivojlangan namlikni sevuvchi o’simliklar muhim ahamiyatga ega. Bunday yer yoriqlari odatda suvli bo’ladi. Bundan tashqari er yoriqlari bo’ylab o’simliklarning rivojlanishi surilish yuzalarida yondosh jinslarning burdalanganligiga ham bog’liq bo’ladi. Yer yoriqlari aerokosmosuratlarda o’zining nisbatan to’g’ri chiziqli shakli bilan talqin qilinadi. Notekis relyefli joylardagi yer yoriqlarining to’g’ri chiziqli shakli ularning vertikal yotganligidan dalolat beradi. Yuqorida sanab o’tilgan barcha talqin qilish belgilari stratigrafik maqlumotlar bilan ham tasdiqlanishi kerak. Yer yoriqlarini aerokosmosuratlarda 178 talqin qilishda yetarli darajada ishonchli belgilarga tayanish kerak bo’ladi. Aerokosmosuratlarda talqin qilish belgilarini topish va ulardan ustalik bilan foydalanish uncha aniq bo’lmagan uzilmali strukturalarni ajratishda qo’l keladi. Stratigrafik ma’lumotlar yordamida oldin noto’g’ri talqin qilingan yer yoriqlarini topish mumkin. Bunday yer yoriqlari oddiy darzliklardan iborat bo’lishi mumkin. Geologik xaritalash jarayonida har xil yoshdagi va tarqibdagi tog’ jinslarining komplekslari aerofotomateriallar yordamida va dala sharoitida o’rganilgan kesma asosida ajratiladi. Aerokosmosuratlar va geologik xaritalash miqyosidan kelib chiqqan holda bunday komplekslar cho’kindi jinslar uchun qatlamlar, svitalar va gorizontlardan, otqindi jinslar uchun esa har xil tuzilishga, tarkibga va yoshga ega bo’lgan massivlardan iborat bo’ladi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling