Muhokamat ul lug'ataynning ilmiy qimmati


Download 15.65 Kb.
Sana19.06.2020
Hajmi15.65 Kb.
#120083
Bog'liq
Muhokamat ul lug'ataynning ilmiy qimmati


MUHOKAMAT UL LUG'ATAYNNING ILMIY QIMMATI

1975 yili shu maqsad bilan Hindistonga qilingan ilmiy-arxeografik safar ham samarali boʻlgan edi. Oʻshanda keltirilgan mikrofilmlar orasida Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn”ning koʻchirma nusxasi ham boʻlgan. Biroq bu nusxa Boburning devoni bilan bir muqovada saqlanayotgani bois eʼtibordan chetda qolib kelayotgan ekan. Adabiyot muzeyining katta ilmiy xodimi Otabek Joʻraboyev mazkur devonni oʻrganish chogʻida ushbu holatni aniqlagan edi. Hindistonning Haydarobod shahridagi Salorjang kutubxonasida 18-raqami bilan saqlanayotgan qoʻlyozma hijriy 1180 (milodiy 1766–1767) yili kitobat etilgan. Kotibi Ali Kotibiy. Agar shu vaqtga qadar manbashunoslarimizga “Muhokamat ul-lugʻatayn”ning atigi uchta qoʻlyozma nusxasi maʼlumligi nazarda tutilsa, mazkur topilmaning qimmati oʻz-oʻzidan ayonlashadi. Qolaversa, qoʻlyozma oʻziga xos jihatlari, matniy xususiyatlari bilan eʼtiborlidir. Undagi dastlab koʻzga tashlanadigan holat matnning gʻayriodatiy yoʻsinda koʻchirilganidir, yaʼni bir necha satr dioganal holda, soʻngra odatiy tarzda yoki bir sahifa toʻliq dioganal koʻrinishda, navbatdagi sahifa boshdan oxirigacha gorizontal tarzda. Kotibning qay maqsadda bunday yoʻl tutganini tushunish qiyin, u bir xillikdan qochgan boʻlsa, ehtimol. Har qalay, kotibning ishga erkin yondashganligi, oʻzining istak-mayliga koʻra ish tutgani matndagi yana bir jihatdan ham maʼlum boʻladi. U baʼzi soʻz va iboralar oʻrniga ularga maʼnodosh boʻlgan soʻz yoki iboralarni yozadi: “bahramand” oʻrniga “bahravar”, “gulistonining” oʻrnida “gulshanining”, “yana” oʻrniga “taqi” kabi.

Asarda Navoiy turklar kattaroq xolni “meng” deb atashlari taʼkidlanib, soʻngra bunga misol tariqasida keltirilgan:

Aningkim, ol enginda meng yaratti,

Boʻyi birla sochini teng yaratti –

baytidagi “enginda” soʻzini “yuzida”ga oʻzgartirish “maqbul” topilgan. Hatto “nazm silkiga kirmaydur” jumlasini “nazm silkiga tortmaydur” qilib oʻzgartirishga “jazm etilgan”.

Nusxaning yana bir jihati shundaki, undagi juda koʻp soʻz, ibora hamda jumlalar ostiga ularning forsiy muqobillari qizil siyohda yozib qoʻyilgan. Chunonchi: “chu olamni yaratti maʼbud” jumlasidagi “yaratti” soʻzi ostiga “paydo kard”, “Somni Abul-fors bitarlar” jumlasidagi “bitarlar” tagiga “minavishad”, “ul tillar iborati” jumlasi ostiga “iborati on zabonho” deb yozilgan. Yana “koʻzu qoshlari” – chashmu abru, “oʻz mahalida” – ba joyi xud, “oʻzgalarni” – digaronro, “choqin” – barq, “ayturlar” – miguyand, “bilmaslar” – namidonand, deb berilgan. Bunday holat muallif misol tariqasida keltirgan baytlarda ham uchraydi.

Darvoqe, mazkur holatni “Muhokamat ul-lugʻatayn” bilan bir muqovada kitobat etilgan Bobur devonida ham koʻramiz – har bir sahifadagi nazmiy matnda koʻplab qizil rangdagi mazmunan muqobil soʻz va iboralar qayd etilgan, hatto baʼzi misralar ostiga ularning toʻliq forscha tarjimasi berilgan. Aftidan, devon biron-bir forsiyzabon muxlis, ehtimolki, boburiylar saroyining farzandlaridan biri uchun maxsus koʻchirilgan koʻrinadi. Qolaversa, fors tilini kamsitmagan holda, unga qiyosan turk tilining salohiyati-yu imkoniyatlari yuqori ekanligini dalillar asosida koʻrsatib berilgan “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarining devonga ilova tariqasida koʻchirilishi ham tasodifiy hol boʻlmasa kerak. Har qalay, qoʻlyozmani kitobat etishdan koʻzlangan muayyan bir maqsad boʻlgan.

Bu aytayotganlarimiz qoʻlyozmaning muayyan nusxa sifatida tavsifi hamda matnining tarkibiy jihatlari bilan bogʻliq gaplar. Asosiy masala esa, maqola avvalida zikr etganimiz, yaʼni qoʻlyozma nusxaning fan uchun ahamiyatliligi qay darajada ekanligidadir. Bu borada esa gapni uzoqroqdan boshlashga toʻgʻri keladi.

“Muhokamat ul-lugʻatayn”ning mamlakatimiz qoʻlyozmalar xazinalarida bironta ham shunday nusxasi mavjud emas. Toʻgʻri, OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida asarning 5829-raqamli qoʻlyozma nusxasi saqlanadi. Biroq mazkur institutning keksa ilmiy xodimlaridan biri Abdulla Nosirovning maʼlumotiga koʻra, bu nusxa institut ilmiy xodimi, malakali xattot Ibodulla Odilov tomonidan “1941 yili Istanbul bosmasidan aynan koʻchirilgan” ekan. Kutubxona fondlarimizda faqat Istanbul bosma nusxasi emas, balki Parij (1841), Bogʻchasaroy va 1916 yili Qoʻqonda maʼrifatparvar jurnalist va olim Ashurali Zohiriy chop ettirgan nashrlari ham saqlangan.

1940 yili P. Shamsiyev va O. Usmonov Parij bosmasiga tayangan va, shu bilan birga, Istanbul va Qoʻqon nashrlaridan yordamchi nusxa sifatida foydalangan holda oʻsha vaqtdagi joriy lotin grafikasida “Muhokamat ul-lugʻatayn”ni nashr ettirganlar. Noshirlarning maqsadi asarning muallif variantiga yaqin matnini yaratish boʻlgan esa-da, Parij bosmasiga xos jiddiy va juzʼiy xato hamda kamchiliklar mazkur nashrda ham aks etgan. Mamlakatimizda birinchi bor oʻtgan asrning 60-yillarida amalga oshirilgan Navoiy asarlari toʻplamining oʻn toʻrtinchi jildiga kiritilgan “Muhokamat…” matni ana shu mualliflar nashri asosida tayyorlangan va Parij bosmasiga xos oʻsha nuqsonlar ham aynan takrorlangan. Faqat bugina emas, ular Navoiy asarlarining keyingi koʻp tomlik toʻplamlarida yana koʻzga tashlanadi.

Bu holat esa soʻzsiz “Muhokamat ul-lugʻatayn”ning muallif matniga yaqin variantini, yaʼni ilmiy-tanqidiy matnini yaratishni taqozo etadi. Tabiiyki, bu ish faqat asarning qadimgi hamda ishonchli nusxalari asosidagina amalga oshiriladi. Qoʻlyozma nusxalar esa… Muhtaram ustozimiz, marhum Hamid Sulaymonov Navoiy asarlari jamlanmasi boʻlmish kulliyotlarning dunyo fondlarida saqlanayotgan sakkizta qoʻlyozmasining fotonusxalarini yigʻib, ular ustida olib borgan tadqiqotlari natijasi oʻlaroq mazkur kulliyotlarning qiyosiy jadvalini tuzgan edi. Oʻsha jadvaldan maʼlum boʻlishicha, mazkur sakkizta kulliyotning atigi uchtasininggina tarkibida “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari mavjud, xolos. Bu “kamchillik”ning sababi oʻz-oʻzidan maʼlum – asar sof ilmiy asar boʻlganligi bois unga, asosan, ilmiy qatlamgina talabda boʻlgan. Shunga koʻra u kam koʻchirilgan. Yuqoridagi uchta nusxa ham, albatta, kulliyot tuzilishi munosabati bilangina kitobat etilgan.

Oʻsha uchta qoʻlyozmaning birinchisi Navoiyning oʻzi tasnif etgan kulliyot tarkibidagi nusxadir. 1496 va 1499 yillar orasida davomli tarzda kitobat etilgan bu qoʻlyozma 808-raqami bilan Turkiyaning Istanbul shahridagi Toʻpqopi saroy kutubxonasida saqlanadi. Ikkinchisi Parij Milliy kutubxonasida 316-317-raqamlari bilan saqlanuvchi ikki jildli qoʻlyozmadir. XVI asrning birinchi choragida koʻchirilgan bu nusxa Istanbul nusxasi bilan bir qator umumiy jihatlarga ega. Shunga koʻra u ana shu nusxadan koʻchirilgan boʻlsa, ehtimol va nihoyat, uchinchi qoʻlyozma ham Turkiyaning ikkinchi bir xazinasi – Sulaymoniya kutubxonasining Fotih boʻlimida 4056-raqami bilan saqlanadi. Qoʻlyozmaning kitobat sanasi (XVI asr birinchi yarmi) avvalgilarinikidan unchalik farq qilmasa-da, matniga koʻra ulardan bir qancha afzalliklarga ega. Chunonchi, unda jiddiy toʻldirish va tahririy oʻzgartirishlar uchraydi. Bir soʻz bilan aytganda, uni asarning qay bir darajada toʻldirilgan va mukammallashtirilgan keyingi varianti deyish mumkin. Haydarobod nusxasining matni ana shu redaksiyani beradi. Unga Fotix nusxasi manba boʻlgani aniq. Yuqorida aytganlarimiz – toʻldirish va tahririy oʻzgartirishlar bu nusxada ham aynan namoyon boʻladi. Bunga misollar keltirsak.

Navoiy asarda forsiyda muqobili boʻlmagan yuzta turkiy tildagi feʼlni sanab oʻtadi, soʻngra ulardan biri, ezilmoq, qiynalmoq maʼnosidagi “boʻxsamoq” qoʻllangan baytni misol tariqasida keltiradi va yozadi: “Forsiygoʻy turk beklar va mirzodalar boʻxsamoqni forsiy til bila tilasalarki, ado qilgʻaylar”. Mazmunan darak maʼnosidagi mazkur gap Istanbul, Parij qoʻlyozma nusxalarida hamda Parij bosma nusxasi va 1940,1967 yillardagi nashrlarda shu tarzda bitilgan va bosilgan va undan forsiy tilda ijod qiluvchi turk beklari va mirzodalari “boʻxsamoq”ni forsiy tilda qoʻllamoqchi boʻlsalar, uni ado qila oladilar, degan maʼno uqiladi. Bu esa Navoiy aytmoqchi boʻlgan gapga ziddir. Shuning uchun boʻlsa kerak, yigirma jildlikning oʻn oltinchi jildidan oʻrin olgan “Muhokamat ul-lugʻatayn” matnida gapga “ne” soʻroq olmoshi kiritilgan va shu bilan soʻroq gapi hosil qilingandek boʻlgan: “Forsigoʻy turk beklar va mirzodalar boʻxsamoqni ne forsiy til bila tilasalarki, ado qilgʻoylar?”.

Endi soʻz borayotgan gapni Haydarobod nusxasidan oʻqiymiz: “Forsiygoʻy turk beklari va mirzodalar boʻxsamoqni forsiy til bila tilasalarki, ado qilgʻaylar, oyo, ne navʼ qila olgʻaylar?”.

Bunda endi maʼnoni uqish qiyin emas: forsiy tilda ijod qiluvchi turk beklari va mirzodalari istasalarki, “boʻxsamoq”ni forsiy tilda qoʻllasalar. Ajabki, buni qanday qila olgaylar?

Asarda ichish va taomlanish bilan bogʻliq atamalar ustida ham soʻz boradi. Oʻsha qism Istanbul va Parij qoʻlyozma nusxalarida, barcha nashrlarda quyidagicha koʻchirilgan va bosilgan: “Yana gʻizo va har taomki, yesa boʻlur, yegulik derlar va sort (fors) elining koʻpi, balki barchasi yemakni ham va ichmakni ham “xoʻrdani” lafzi bila ado qilurlar”.

Shu parchani Haydarobod nusxasidan oʻqiymiz: “Yana gʻizo va har taomki, yesa boʻlur, yegulik derlar va suv ichmak va har nimaniki ichsa boʻlgʻayyo ichkulik derlar va sort ahlining koʻpi, balki barchasi yemakni ham va ichmakni ham “xoʻrdani” lafzi bila ado qilurlar”.



Bu keltirganlarimiz, asosan, Istanbul qoʻlyozma nusxasi kotibi gʻayriixtiyoriy ravishda tushirib qoldirgan gap va jumlalardir. Yana shunday oʻrinlar ham borki, ularda muallif oʻzining fikrlarini dalillovchi misollar davomidan qoʻshimcha tarzda yangi misollar kiritgan.

Bu kabi tuzatilgan va toʻldirilgan oʻrinlar nusxada talaygina. Shunga koʻra aytish mumkinki, “Muhokamat ul-lugʻatayn”ning Haydarobod nusxasi asarning ilmiy-tanqidiy matnini yaratishda ishonchli manba boʻla oladi.
Download 15.65 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling