Mundarija kirish bob
BOB ADIBNING HAYOT VA IJOD YO‘LI
Download 51.71 Kb.
|
SAROBʼʼ ROMANIDA DAVR VA SHAXS TASVIRI
BOB ADIBNING HAYOT VA IJOD YO‘LI.
1934-yili yozib tugatgan «Sarob» romani uni chinakamiga elga-jamoatchilikka yetuk yozuvchi sifatida tanitdi. Roman respublika konkursida mukofotlandi. So‘ng u mashhur hikoyanavis sifatida shuhrat qozondi.’ Jahon novellistik adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan bir qatorda turuvchi hikoyalar, deb baho olgan-»Anor», ,,O‘g‘ri», «Bemor», «Adabiyot muallimi», «San’atkor» kabi asarlari maydonga keldi. Hikoya janrida qalamini qayrab yurgan yozuvchi yana yirik janrga qo‘l urdi. «Sarob»dagi kabi hayot oqimidan chetda turgan kimsa-bu yerda endi ziyoli emas, batrak dehqonning boshdan kechirganlarini tasvir qilmoqchi bo‘ladi. 30-yillar oxirlarida yozila boshlagan asar 1947-yili dunyo yuzini ko‘rdi. .,Qo‘shchinor» nomi bilan atalgan bu romarl o‘sha davr adabiy qoliplariga mos kelmagani uchun jiddiy tanqidga uchraydi; muallif asarni qayta ishlashga majbur bo‘ladi. ,,Qo‘shchinor chiroqlari» nomi bilan chiqqan roman, tanqidni xush qabul qilgan bolsa ham, ta’bimdagi kitob emas», «o‘zimga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan maqsadimga yetolmadim», deydi adib. Qahhorning Stalin vafotidan keyingi o‘n yildan ortiqroq hayoti va ijodiy faoliyati g‘oyat sermahsul va samarador bo‘ldi. Shaxsga sig‘inish, mustabid siyosatning tanqid ostiga olinishi, mamlakatda qisman demokratiyaga yo‘l berilishi tufayli Abdulla Qahhor o‘zini erkin his eta boshladi. O‘zbek xalqining, xususan, millat ko‘pchiligini tashkil etgan paxtakor dehqonning nochor ahvoli, paxta dalalarida odamlarning qiynalayotgani, ayollarning mayib bo‘layotgani, bolalarning pachoq bo‘lib o‘sayotgani haqida bong uradi. «Mavsumda bir necha tonna paxtani bittalab terish, shuncha yukni bo‘yniga osib, necha yuzlab kilometr yo‘l bosish uchun afsonaviy Rustamning ham quvvati yetmaydi», deydi adib, mana. shu yumushni qishloqdagi o‘zbek ayoli ado etayotganidan nadomatlar chekadi. Ruslashtirish siyosatining noxush oqibatlari-»ko‘pgina oilalarda bolalar o‘z ona tilisini mutlaqo bilmasligi», bu hol «ota-onani zarracha ham tashvishga solmayotgani», «ba’zi bir oilalarda bola o‘z ona tilisida gapirgani nomus qilayotgani», shu narsa «internatsionalizm»-deb atalayotgani haqida 60-yillarda dangal gapirish-bu hazilakam ish emas edi. El-yurt, millat, milliy adabiyot, ona tilining sofligi yo‘lidagi jonbozliklari, adabiyotidagi soxtalikka qarshi chiqishlari, bu borada yozuvchilikka da’vogar eng yuksak martabadagi shaxslarni ham ayamasligi-chindan-da katta jasorat edi. Abdulla Qodiriy tavalludining 70-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgah anjumanda so‘zlagan nutqi, Qodiriy kabi buyuk siymolarni baholashda «kult davri qoqib ketgan temir qoziq atrofidan yiroq ketilmayotgani» xususidagi achchiq istehzosi, o‘zining oltmish yoshlik tantanasidagi nutqi-bular ajdaho komiga o‘zini tutib berish bilan barobar edi. Abdulla Qahhor bunga jur’at eta oldi. Abdulla Qahhor bu yillarda badiiy ijodda ham o‘zgalarga ibrat bo‘larli faoliyat ko‘rsatdi. 1956-yili «Ming bir jon, «To‘yda aza» hikoyalari bosildi, so‘ng birin-ketin ,,Dahshat, «Mahalla», ,,Nurli cho‘qqilar» e’lon etildi. Bular milliy hikoyachiligimiz rivojiga o‘zgacha ruh yangi to‘lqin olib kirdi. Adibning 1958-yilda tugatgan «Sinchalak» qissasi katta dovruq qozondi. 1962 yili «Tobutdan tovush» satirik komediyasi, 1965-yili .,O‘tmishdan ertaklar» avtobiografik asari maydonga keldi. Adib ulug‘ maqsadlarni diliga jo etib katta g‘ayrat bilan ijodiy ishlarini davom ettirayotgan bir pallada og‘ir xastalikka-qorason kasaliga uchradi, so‘ng unga yurak xastaligi qo‘shildi. Abdulla Qahhor 1968-yil 25-mayda Moskvadagi kasalxonada vafot etdi. «Muhabbat» qissasi, tugallanmay qolgan «Zilzila» asari vafotidan keyin e’lon etildi. Hayoti davomida ko‘p jasoratlari bilan el og‘ziga tushgan adib umri poyonida o‘limni ham mardona kutib oldi. Yozuvchining so‘nggi kunlariga shohid bo‘lganlar buni hayrat bilan eslaydilar. Jumladan, rus adibi K. Simonov shunday yozadi: «Qahhor umuman jasoratli, mard kishi edi. Mening u haqdagi so‘nggi xotiram Qahhor shaxsiyatining mana shu xislati bilan bog‘liqdir. Men uni vafotidan atigi bir kun oldin kasalxonada ko‘rganman. U ajal chang solayotganini bilsa ham o‘lishni istamas va o‘zigagina xos tabiatiga ko‘ra, o‘lim oldida ham o‘zini bardam tutar edi. U karavotda ustma-ust qo‘yilgan yostiqqa suyanib yotarkan, og‘ir-og‘ir nafas olar va qo‘rquvni bilmaydigan nuroniy chehrasida xuddi yor-do‘stlarining istiqboliga yugurib chiqolmaganidan biroz xijolat chekkandek bir ifoda mujassam edi. Qahhor dunyodan ketayotganini bilsa ham, to joni bor ekan, o‘zini ona-Yerning asl farzandidek sezar edi. Bu mening Qahhor bilan so‘nggi uchrashuvim edi. Men olamdan ko‘z yumayotgan odamning bardam qo‘l siqishlari-yu, teran nigohlarini ko‘rib hayratda qoldim. Qahhor chin inson edi...» XX asrning ulkan adibi Abdulla Qahhor ana shunday umr kechirdi. Zamonaviy o‘zbek hikoyachiligining rivojida Qahhorning o‘rni, hissasi nihoyatda katta. XX asr yangi o‘zbek adabiyotida realistik hikoya janrining shakllanishi va rivoji, avvalo, shu adibning nomi bilan bog‘liq. To‘g‘ri, Qahhorga qadar ham ayrim yaxshi hikoyalar yozilgan. A. Qodiriyning «Uloqda», Cho‘lponning «Oydin kechalarda», «Qor qo‘ynida lola», «Novvoy qiz» asarlari o‘zbek adabiyotida realistik hikoyalar yaratish yo‘lidagi dadil intilishlar bo‘lgan edi. Qahhor ana shu tajribalarga tayanib, o‘zbek hikoyachiligini zamonaviy jahon hikoyachiligi darajasiga ko‘tardi va o‘zbek realistik hikoyachiligining asoschisi degan nom oldi. «Abdulla Qahhorning shunday hikoyalari borki, ularni jahon novellistik adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan bir qatorga qo‘yish mumkin», -deb yozgan edi rus tanqidchisi V. Smirnova. Shunday savol tug‘iladi: Nega yozuvchining ilhom to‘la mahorat bilan yozilgan eng barkamol hikoyalari, xususan, o‘tmishdan olib yozilgan novellalari 30-yillarning ikkinchi yarmida maydonga keldi? Bu hikoyalar maydonga kelgan davrni eslaylik. Totalitar rejim siyosati, Stalin qatag‘onlari, inson haq-huquqlari sha’nini toptash avjiga chiqqan yillar edi bu davr. Ana shunday bir sharoitda ko‘plab qalamkashlar sho‘ro davrini, partiya siyosatini, xalqlar dohiysini sharaflab asarlar bitayotgan bir pallada Qahhorning sovet voqeligini qo‘yib, kechmishga yuz o‘girishi, zamonning ilg‘or kishilari, ijobiy qahramonlari qolib, qandaydir kichik odamlar, qoloq kimsalar hayotidan asarlar yozishini qanday baholash mumkin? 30-yillarda Qahhorni kechmish haqida, haq-huquqi, insonlik sha’ni poymol etilayotgan, xo‘rlangan, tahqirlangan kichik odamlar, nodon kimsalar haqida yozishga ilhomlantirgan bosh omil aslida adibning zamonasiga munosabati emasmikan? Bunday tamoyil 40-yillarda yozilgan qator asarlarida ham davom etdi. Adib dunyoga kelib, esini tanib, ilk bor ko‘nglida og‘ir taassurot qoldirgan narsa-hayotda keng tarqalgan tengsizlik, mutelik, fikrlashdan mahrumlik, qullik psixologiyasidir. Yozuvchining ilk muvaffaqiyatli chiqqan hikoyasi «Boshsiz odam»dayoq mustaqil fikrlashdan mahrum, mute bir kimsaning hajviy xarakteri yaratilgan. Shundan keyin yozuvchi butun ijodi davomida bu toifa nomustaqil, mute odamlar obraziga takror-takror murojaat etadi. Har gal bu ijtimoiy illatning qandaydir yangi bir qirrasini ochadi. «Bemor»dagi Sotiboldining boshiga tushgan kulfat-og‘ir kasal yotgan xotini dardiga davo izlab yelib-yugurishlari, bu soddadil odamning omonat dalda, maslahatlarga umid bog‘lab yanada xarob, nochor holga tushishi; «O‘g‘ri»dagi jabrdiyda cholning najot kutib mansabdorlar huzurida dovdirab, dildirab turishlari, himmat o‘rniga tahqirlanishi, kamsitish-u xo‘rlashlarga befarqligi; ,,O‘tmishdan ertaklar»dagi Babarning ro‘y bergan falokatlardan gangib, o‘zini yo‘qotar holga tushishi, o‘g‘irlikda gumon qilinib, otqorovul yur desa yurib, tur desa turib, o‘q uzganda kiprik qoqmay jovdirashi, siyosat uchun do‘konga qamab qo‘yganida, ochiq turgan eshikdan chiqib ketmay, qish sovug‘ida tarashadek qotishi-mana shunday jabrdiyda, mute, nochor, xo‘rlangan odamlar qismati bilan tanishganda, bir tomondan, ular holiga behad achinasiz, ikkinchi tomondan, beixtiyor Cho‘lponning «Na faryoding, na doding bor, Nechun sen buncha sustlashding? Haqorat dilni og‘ritmas, Tubanlik mangu ketmasmi? Tiriksan, o‘lmagansan. Sen-da odam, sen-da insonsan» degan satrlari yodga tushadi. Shaxs erki, huquqi, mutelik, qullik psixologiyasi ifodasi, talqini bobida XX asr adabiyotida Cho‘lpon an’analarini eng izchil davom ettirgan adib ayni shu Qahhorning o‘zidir. Qahhorning yuqorida tilga olingan asarlari, personajlari xuddi Cho‘lpondagi kabi mustabid tuzum sharoitida inson haq-huquqining poymol etilishiga qarshi o‘ziga xos isyondir. Abdulla Qahhorning XX asr o‘zbek adabiyotida realistik hikoya ustasi bo‘lib yetishishi, shuhrat qozonishi tasodifiy emas. Birinchidan, Qahhor ko‘p asrlik o‘zbek adabiyoti real hayotga keskin yuz o‘girgan, bu davrda Ovrupa zamonaviy jahon adabiyoti tajribalariga tayanayotgan, Qodiriy romanlari, Cho‘lpon lirikasi, hikoyalari, Fitrat, Hamza dramalari orqali yangi yo‘lga tushib olgan, realizm milliy adabiyotda yetakchi oqimga aylanib borayotgan bir pallada ijod maydoniga tushdi. Garchi Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, qolaversa, tengdoshlari Oybek bilan G‘afur G‘ulomlar hikoya janrida qalam tebratayotgan bo‘lsalar-da, ular iste’dodi, tabiati, badiiy tafakkur tarziga ko‘ra bu Janrning odami» emas edilar. Qahhorning «yozuvchi janrni emas, janr yozuvchini tanlaydi», degan gapi bor. Qahhor iste’dodi, badiiy tafakkur tarzi har jihatdan hayot hodisalarini hikoya shaklida ko‘rish, idrok etishga moyildir. Go‘yo u hikoya uchun tug‘ilgan edi, roman, qissa, dramalarida ham adibning hikoya shakliga xos fikrlash tarzi shundoq sezilib, ko‘rinib turadi; uning roman, qissa, dramalari o‘ziga xos alohida-alohida epizodlar, bir-biri bilan bog‘langan hikoyalar majmuasidan iboratga o‘xshaydi. Xullas, Alloh in’om etgan iste’dodi, tabiati Qahhor zimmasiga milliy adabiyotimizda realistik hikoyachilikning asoschisi bo‘lish mas’uliyatini yukladi. Download 51.71 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling