Mundarija Kirish I bob. O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarining o‘rnatilishi va rivojlanishi
Xalqaro konvensiya va shartnomalarda O’zbekistoning roli
Download 134.16 Kb.
|
O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bila
1.2. Xalqaro konvensiya va shartnomalarda O’zbekistoning roli
1996 yilda Shanxayda, 1997 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat rahbarlarining sammitida harbiy sohada hamda chegara hududlarida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, qurolli kuchlarni qisqartirish to‘g‘risida shartnoma imzolanib, shu tariqa “Shanxay forumi” yoki “Shanxay beshligi” tashkiloti tuzilgan edi. 2001 yil 14-15 iyun kunlari Xitoyda navbatdagi Shanxay sammiti bo‘lib o‘tdi. Uning ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov qatnashdi va O‘zbekistonning “Shanxay forumi”ga to‘la huquqli a’zo bo‘lishi to‘g‘risida bayonot imzolandi. O‘zbekiston Prezidentining taklifi bilan “Shanxay forumi” nomi “Shanxay hamkorlik tashkiloti” – SHHT deb o‘zgartirildi. O‘zbekiston uning asoschilaridan biri bo‘ldi. Ushbu sammit yakunida Shanxay hamkorlik tashkilotini tuzish to‘g‘risida Deklaratsiya qabul qilindi. Shuningdek, terrorchilik, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi kurash borasida “Shanxay konvensiya”si ham imzolandi. Sammit qabul qilgan Deklaratsiyada Shanxay hamkorlik tashkilotining maqsadi, a’zo mamlakatlarning bir-biriga o‘zaro ishonchi, do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, ular o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, ta’lim, energetika, taransport, ekologiya va boshqa sohalardagi samarali hamkorlikni rag‘batlantirishdan iborat ekanligi belgilab qo‘yilgan. Hindiston, Eron, Mo‘g‘uliston, Pokiston – tashkilotning kuzatuvchi maqomidagi, Belarus Respublikasi va Shri-Lanka muloqotlar bo‘yicha hamkor davlatlar sanaladi. SHHT doirasida a’zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirliklari kengashi, Mudofaa vazirliklari kengashi tuzilgan va faoliyat yuritmoqda. Davlat va hukumat, tashqi ishlar va mudofaa vazirliklari, huquq tartibot, xavfsizlik organlari rahbarlari va ekspertlarning uchrashuvlari va maslahatlashuvlari muntazam o‘tkazilmoqda. 2002 yil 6-7 iyun kunlari SHHTga a’zo mamlakatlar davlat boshliqlarining Sankt-Peterburg shahrida navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Deklaratsiyasi, Tashkilotning ta’sis hujjati-SHHT Hartiyasi, SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi haqidagi bitim imzolandi. 2003 yil 29 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan sammitda SHHTning doimiy amal qiluvchi idoralari-Pekinda, Toshkentda kotibiyat Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) ijroiya qo‘mitasini ishga tushirishga qaror qilindi. 2003 yil sentyabrda Pekinda SHHT davlatlari hukumat boshliqlari (bosh vazirlar) Kengashi bo‘lib o‘tdi, uning qarori bilan ko‘p tomonlama hamkorlikning uzoq muddatli dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. SHHT doirasida a’zo mamlakatlarning tashqi ishlar vazirliklari, iqtisodiy va savdo vazirliklari, xavfsizlik kengashlari o‘rtasida muntazam aloqalar yo‘lga qo‘yildi. 2004 yilning 17 iyunida Toshkentda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda ikki asosiy masala xavfsizlik va savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Sammitda 2004 yil mart oyida O‘zbekistonda sodir etilgan terrorchilik harakati nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida vaziyatni izdan chiqarishga qaratilganligi qayd etildi. Butun dunyoda terrorchilik kuchayib, yadroviy, kimyoviy, biologik, elektron terrorchilik xavfi paydo bo‘lganligi, terrorchilarning bazalarini yo‘qotish, odamlarning ongini zaharlaydigan, terrorchilikni moliyalashtiradigan markazlarga qarshi keskin kurash olib borish zarurligi ta’kidlandi. SHHTning ushbu sammitida savdo iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi va shu sabab, SHHTni xavfsizilik orqali hamkorlik sari boshlaydigan tashkilotdir, deb ta’kidlandi. Sammit yakunida Toshkent Deklaratsiyasi, SHHTning vakolatlari to‘g‘risidagi konvensiya, Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tashkilot va uning organlari faoliyatiga doir hujjatlar imzolandi. 2003 yil sentyabr oyida SHHTga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari 20 yilga mo‘ljallangan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini imzolashdi. Uzoq muddatli maqsad sifatida SHHT makonida erkin savdo hududini tashkil etish, qisqa muddatli istiqbolga – savdo va investitsiya sohasida qulay sharoit yaratish jarayonini faollashtirish masalasi qo‘yildi. Bugungi kunda SHHT doirasi energetika, tarnsport, qishloq xo‘jaligi, telekommunikatsiya va ilmiy-taxnikaviy, madaniy, ta’lim, sayyohlik va gumanitar sohalarni qamrab olmoqda. A’zo davlatlar Tashkilotga navbat bilan bir yil muddatga raislik qilishadi, muddatning tugatilishi sammit vakolatiga kiradi. SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining 2009 yil 15-16 iyun kunlari Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlariga ko‘ra, Tashkilotga raislik qilish navbati O‘zbekiston Respublikasiga keldi. O‘zbekiston raisligi doirasida SHHTning shartnomaviy-huquqiy bazasini tashkilot faoliyati va boshqa xalqaro tashkilotlar tajribasi asosida yanada takomillashtirish hamda mustahkamlashga yo‘naltirilgan faol tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, SHHT tadbirlarini o‘tkazish jarayonnini tashkil etishning aniq tizimini yaratish, shuningdek, tayyorlanayotgan hujjatlarning samaradorligi va sifatini oshirish muhim sanaladi. Shu o‘rinda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkilot doirasida me’yoriy-huquqiy hujjat bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish, ishlab chiqish, kelishuv olib borish va qabul qilish tartibini qat’iy belgilab beradigan SHHT ish tartibi qoidalari loyihasi ustida ish olib borildi. Shuningdek O‘zbekiston Respublikasining tashabbusiga ko‘ra SHHT bilan BMT kotibiyatlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum ham ishlab chiqildi va kelishib olindi. 2012 yil 6 iyunda Pekinda bo‘lib o‘tgan SHHT Davlat rahbarlari kengashining o‘n ikkinchi majlisida ham tashkilot oldida turgan dolzarb vazifalarni hal qilish borasida hamkorlikda sa’y-harakatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan masalalar muhokama etildi. O‘zbekiston Respublikasi Islom konferensiyasi tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati kabi mintaqaviy tashkilotlar bilan ham samarali aloqalar o‘rnatdi. Bular orasida, ayniqsa, yuzdan ortiq a’zoga ega, 1985 yilda tuzilgan Qo‘shilmaslik harakati tomonidan olib borilayotgan siyosat O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillariga, xalqaro kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilish, turli harbiy-siyosiy bloklar faoliyatida qatnashmaslik, tinchliksevarlik kabi yo‘nalishlarga to‘la mos keladi. O‘zbekiston bu tashkilotga 105-a’zo bo‘lib kirdi. O‘zbekiston 1996 yilda Islom konferensiyasi tashkilotiga a’zo bo‘lib, ikki o‘rtadagi aloqalarning samaradorligi keyingi yillarda yanada oshdi. 1969 yilda tuzilib, Osiyo va Afrika qit’alaridagi 57 mamlakatni o‘ziga a’zo qilgan bu tashkilotning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha muassasasi (AYSЕSKO) tomonidan mamlakatimizning bosh shahri Toshkentni 2007 yilda Islom madaniyatining poytaxti deb e’lon qilindi. Bu yuksak maqomning berilishi zamirida yurtimizda “Vijdon erkinligi diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning (1991) qabul qilinishi, har bir musulmon uchun muqaddas Ro‘za va Qurbon hayitlarining umumxalq bayrami sifatida dam olish kuni deb e’lon qilinganligi, islom madaniyati va me’morchiligini o‘zida mujassam etgan qadimiy shaharlarning bir necha ming yillik yubileylarini xalqaro YUNЕSKO tashkiloti bilan hamkorlikda dunyo miqyosida nishonlanishi, bu shaharlarda islom tarixi, madaniyati va san’atiga oid mavjud inshootlarni ta’mirlanishi, qaytadan qurish kabi obodonchilik ishlarining amalga oshirilishi, islomiy ishlar va islom falsafasi rivojiga o‘zlarining o‘lmas asarlari va ta’limotlari bilan salmoqli hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning tavallud sanalarini nishonlanishi, bu shaharlarda va ayniqsa Toshkentda islom tarixi, madaniyati va san’ati, me’morchiligiga mansub ko‘plab bebaho boyliklar davlat muhofazasida bo‘lib, ularni asrab-avaylab saqlanishi va kelgusi avlodga yetkazilishi va hokazolar yotadi. Mustaqillik yillarida Markaziy Osiyo davlatlari uchun dini, urf-odatlari va an’analari yaqin bo‘lgan Sharq mamlakatlari bilan o‘zaro aloqalar ham kengaydi. Bu borada Quvayt, Qatar, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) davlatlari bilan yaqin aloqalarni aytib o‘tish joiz. Masalan Quvayt O‘zbekistonning arab dunyosidagi muhim iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biridir. Yurtboshimizning 2004 yil yanvarida Quvayt davlatiga, Quvayt Amiri shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning 2008 yil iyulida mamlakatimizga rasmiy tashriflari o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi yangi qadam bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekistonning arab dunyosida jadal rivojlanayotgan, jahonda salmoqli nufuzga ega mamlakatlardan biri – Qatar davlati bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlari ham kengaymoqda. 2010 yilning noyabrida O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimovning Qatar davlatiga tashrifi ikki mamlakat siyosiy va iqtisodiy hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Tashrif chog‘ida Prezident I.A.Karimovning O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon – Qatar yo‘nalishidagi transport kommunikatsiyalari tarmog‘ini shakllantirish borasidagi tashabbusini hayotga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimiz rahbari bu tashrif chog‘ida Qatardagi Islom san’ati muzeyi bilan Doha markazidagi yuz gektardan ziyod maydonni egallagan, bir necha universitet va ilmiy markazlarni o‘z ichiga olgan, dunyodagi ko‘plab yirik universitetlarning filiallari joylashgan, nafaqat Qatar, balki butun Fors ko‘rfazi mintaqasining eng nufuzli ilm-fan va ta’lim muajmuasi hisoblangan “Ta’lim shaharchasi”ga ham tashrif buyurdi. O‘zbekistonning Turkiya, Pokiston, Eron davlatlari bilan hamkorlik aloqalari ham yildan-yilga kengayib bormoqda. 1992 yil 6 fevralida O‘zbekiston bu davlatlar tomonidan tuzilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lib kirdi va 1992 yil Eron, Turkiya, Pokiston, Turkmaniston, Qozog‘iston davlat va hukumat rahbarlari bilan imzolangan “Trans-Osiyo” temir yo‘l aloqasini tiklash maqsadida Tajan-Seraxs-Mashhad yo‘li qurilishi haqidagi bitimda faol ishtirok etdi. Bu O‘zbekiston uchun dengiz yo‘llariga, xalqaro transport tarmog‘iga, tovar va kapital xalqaro bozoriga chiqish imkoniyatini berdi. Bu mamlakatlar orasidan O‘zbekistonning Pokiston bilan har tomonlama aloqalari yanada kengayib bormoqda. Chunki, mamlakatlarimizning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka tahdidlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalirga yondashuvlari o‘xshashdir. Ikki mamlakat ham Afg‘onistonda tinch hayot qaror topishi va ushbu davlatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishidan manfaatdordir. Pokistonda Alisher Navoiy, Abu Ali ibn Sino, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy anjumanlar va boshqa madaniy tadbirlar ikki o‘rtadagi madaniy aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. 2011 yil mart oyida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Yusuf Rizo G‘iloniyning O‘zbekistonga tashrifi va ikki davlat o‘rtasidagi Veterinariya, Transport va tovarlar tranziti sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlarning ratifikatsiya yorliqlarini almashish haqida bayonnomaning imzolanishi O‘zbekiston va Pokiston hamkorligi aloqalarini yanada mustahkamlamoqda. Mustaqil O‘zbekiston davlatining Osiyoning yirik rivojlangan Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlari bilan mustahkam aloqalari ham o‘z samarasini bermoqda. Bu borada Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) bilan aloqalarni alohida qayd etmoq lozim. XXR O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini 1991 yil 27 dekabrda e’tirof etgan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992 yil 2 yanvarda o‘rnatilgan. Prezident Islom Karimovning 1992 yil martda Xitoyga amalga oshirgan ilk rasmiy tashrifi o‘zaro ishonchga asoslangan do‘stona aloqalarga mustahkam poydevor qo‘ydi. Natijada o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari ko‘p qirrali ko‘rinish kasb etdi va jo‘shqin rivojlandi. Terrorizmga, ekstremizm, separatizm, giyohvand moddalar savdosi, noqonuniy qurol savdosi va xavfsizlikka tahdid soladigan boshqa noqonuniy harakatlarga qarshi kurashish singari dolzarb masalalar bo‘yicha ikki davlat nuqtai nazarining yaqinligi o‘zaro manfaatli hamkorlikka imkon yaratmoqda. Prezident Islom Karimovning Xitoyga 2005 yil 25-27 may kunlarida amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalarda muhim bosqich bo‘ldi. Ushbu tashrif doirasida Sheriklik aloqalari bo‘yicha do‘stlik va va hamkorlik shartnomasi imzolandi. XXR raisi Xu Szintaoning 2010 yil 9-10 iyun kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning yangi davrini boshlab berdi. Mazkur tashrif yakuniga ko‘ra, texnik-iqtisodiy, xom ashyo va yuqori texnologiyalar, neft-gaz sohalarida hamkorlikka oid qator hujjatlar, shuningdek, Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlarini har tomonlama rivojlantirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Unda O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikning sheriklik aloqalari o‘rnatilishi va rivojlantirilishi ikki mamlakat xalqlarining asosiy manfaatlariga to‘la mos kelishi hamda mintaqada va butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlanadi. Umuman, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarining salmoqli qismini bu ikki davlatlarning Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi munosabatlar tashkil etmoqda. O‘zbekiston va XXR o‘rtasidagi aloqalarda harbiy sohadagi hamkorliklar ham muhim rol o‘ynamoqda. 2011 yil 18 mart kuni XXR Davlat kengashi va Markaziy harbiy kengashi a’zosi, mudofaa vaziri Lyan Guanle boshliq delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi va ularning O‘zbekiston Respublikasi Mudofa vazirligidagi uchrashuvlar ikki mamlakat o‘rtasida harbiy sohadagi aloqalarni yanada rivojlantirishga, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 2011 yil 19-20 aprel kunlari XXR Raisi Xu Szintaoning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi va bu tashrif jarayonidagi yangi kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik rivojida yana bir yangi qadam bo‘ldi. Tashrif chog‘ida Yurtboshimiz XXR Raisi Xu Szintao, XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Ven Szyabao, Butunxitoy xalq vakillari kengashi raisi U.Bango, Tashqi ishlar vaziri Yan Szechilar bilan uchrashib, O‘zbekiston va XXR o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi sifat va samaradorlik bosqichiga o‘tkazish borasida kengashib oldilar. Tashrifning yana bir muhim natijasi O‘zbekiston bilan XXR o‘rtasida oliy darajadagi hamkorlik qo‘mitasi tuzish to‘g‘risidagi kelishuv bo‘ldi. Bu bilan ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni tizimli rivojlantirish uchun ishonchli institutsional asos yaratildi. Eng muhim hujjat – ikki davlat o‘rtasidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Ikki davlat rahbarlari dunyodagi “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstrimizm va separatizmga qarshi prinsipial pozitsiyada turishlarini alohida ta’kidladilar. 2012 yil 6 iyunida Davlatimiz rahbari I.A.Karimovning XXR raisi Xu Szintaoning taklifiga binoan XXRga rasmiy tashrifi ikki davlatning yanada yaqin hamkor bo‘lishiga keng yo‘l ochdi. Tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani hamda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2012-2015 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi va boshqa hujjatlarning imzolanishi bunga yaqqol misoldir. O‘zbekiston bilan Xitoyning SHHT doirasidagi serqirra hamkorligi ham mazkur yo‘nalishdagi o‘zaro manfaatli sheriklikni faollashtirishga imkoniyat yaratmoqda. 2010 yilda Toshkentda SHHT mamlakatlari rassomlarining “Buyuk Ipak yo‘li – tanchlik uchun sayohat” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilib, unga tashrif buyurgan san’at ixlosmandlari SHHTga a’zo mamlakatlar xalqlarining an’analari, madaniyati, noyob tarixiy-madaniy merosi va o‘ziga xos zamonaviy tasviriy san’ati haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lishdi. Shuningdek, ta’lim sohasidagi hamkorlik ham jadal sur’atlarda rivojlanib borayapti. O‘zbekistonda yoshlar orasida xitoy tilini o‘rganishga va xitoyda turli sohalar bo‘yicha ta’lim olishga bo‘lgan qiziqish yil sayin ortib bormoqda. Bu borada 2005 yilda Toshkentda tashkil etilgan Konfutsiy institutining xizmati beqiyos bo‘lib, ushbu ilm maskani xitoy tili asoslarini o‘rganishga, Xitoyning tarixi, madaniyati va bugungi kuni bilan yaqindan tanishishni istovchilarga keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi. 2005 yilning sentyabr oyidan boshlab XXRning Millatlar markaziy universitetida o‘zbek tili kafedrasi faoliyat yuritib kelmoqda. 2007 yilda Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xitoy tili markazi ochilib, u Xitoy tomonining beg‘araz ko‘magida to‘liq jihozlangan edi. O‘zbek va yapon xalqlari o‘rtasidagi yaqin aloqalar ham O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi samarali hamkorlikning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda. Yaponiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 28 dekabrda e’tirof etdi va 1992 yil 26 yanvardan boshlab mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlari sifat jihatdan yangi pog‘onaga ko‘tarildi. 1994 yilning may oyida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Yaponiyaga uyushtirgan dastlabki rasmiy tashrifi o‘zaro ishonch va ikki mamlakat xalqlarining ma’naviy qadriyatlariga nisbatan hurmatga asoslangan do‘stona aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi. Mamlakatimiz Prezidentining 2002 yil iyul oyida Yaponiyaga uyushtirgan tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzolandi. Yaponiya bosh vaziri Jyun’itiro Koidzumining 2006 yil avgust oyida mamlakatimizga uyushtirgan rasmiy tashrifi O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga yangi turtki bo‘ldi. O‘zbekiston va Yaponiya turli xalqaro ahamiyatga molik vazifalarni hal etishda yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda va dunyo siyosatining ko‘plab masalalarida o‘xshash nuqtai nazarga ega. Yaponiya birinchilardan bo‘lib Prezident I.A.Karimovning O‘rta Osiyoda yadro qurolidan holi hududni tashkil etishga oid taklifini ma’qullagan edi. O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari madaniy-gumanitar sohadagi hamkorliklarni ham mustahkamlamoqda. Mamlakatlarimizning siyosiy sohadagi aloqalari haqida gap ketganda, Yaponiyaning O‘rta Osiyo mamlakatlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga doir tashabbuslarini aytib o‘tish joiz. O‘zbekistonning mintaqadagi geosiyosiy ahamiyati e’tirofi o‘laroq hamda mamlakatimiz bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida Yaponiya 2004 yilda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqot shaklidagi hamkorlikning yangi bosqichini ilgari surdi. U quyidagi beshta yo‘nalishni: siyosiy muloqot, mintaqa ichidagi hamkorlik, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rag‘batlantirish, intellektual muloqot, madaniy aloqalar va inson resurslari almashinuvi kabi sohalarni o‘z ichiga oladi. Terrorizm va giyohvand moddalarning tarqalishiga qarshi kurash, atrof-muhit muhofazasi, mintaqada savdo va sarmoyalar hajmini kengaytirish bilan bog‘liq masalalar qisqa va o‘rta muddatli vazifalar etib belgilandi. 2010 yil 7 avgustda Toshkentda mazkur muloqotning Yaponiya tashqi ishlar vaziri Katsuya Okada ishtirokidagi Tashqi ishlar vazirlarining uchinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning Bosh vazir Naoto Kanning taklifiga binoan 2011 yil fevralidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi esa ikki o‘rtadagi munosabatlarni yanada mustahkamlanib borishiga xizmat qildi. Tashrif muzokaralari yakunida ikki davlat o‘rtasida Qo‘shma bayonot imzolandi. Ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida “Taraqqiyotga rasmiy yordam” dasturi loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum va boshqa hujjatlar imzolandi. Bu ikki davlat aloqalarini kengaytirishda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki davlatda ham faoliyat ko‘rsatayotgan “O‘zbekiston-Yaponiya” va “Yaponiya-O‘zbekiston” qo‘mitalari muhim o‘rin tutmoqda. Download 134.16 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling