Mundarija: Kirish I bob. Xondamirning hayoti va ijodi
Mavzuning o‘rganilish darajasi
Download 100.5 Kb.
|
Habib us siyar
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kurs ishining maqsad va vazifalari.
- I bob. Xondamirning hayoti va ijodi 1.1 Xondamirning hayot yo’li
Mavzuning o‘rganilish darajasi. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi yillarida tarixchi olim Bo‘riboy Ahmedov Alisher Navoiy, uning asarlarida so’z borgan Xondamir haqida bir qancha ilmiy tadqiqotlarini e’lon qildi. SHuningdek, temuriylar davri tarixini yoritishda sharqshunos olim Turg‘un Fayziev yozgan asarlar ham katta ahamiyatga ega.
Mustaqillik yillarida olimlarimiz Xondamir haqida bir qator ilmiy asarlar va maqolalar yaratdilar. Jumladan, A. Muhammadjonovning “Temur va temuriylar saltanati”, professor R.T. SHamsutdinovning “Sohibqiron Amir Temur va uning saltanati” kabi asarlari xalqimiz mulkiga aylandi. Keyingi yillarda tarix fanlari doktori SH.O‘ljaeva Amir Temur va temuriylar davriga oid ko‘plab darslik, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar yaratdi. Jumladan, SH.O‘ljaevaning “Amir Temur va temuriylar davrida milliy davlatchilikning rivojlanishi”, “Amir Temur va temuriylar davri tashqi siyosati va diplomatiya”, kabi asarlari nashr etildi. Kurs ishining maqsad va vazifalari. Kurs ishi uchun tanlangan mavzuning dolzarbligi va muhimligidan kelib chiqib, Xondamir yashagan davr tarixi tarixshunosligi mavzusini manbalar va mavzuga aloqador ilmiy adabiyotlar asosida o‘rganish, muammoni bugungi kun talablari darajasida milliy g‘oya ruhida tahlil qilishdan iborat maqsad belgilandi. Ushbu maqsaddan kelib chiqib, tadqiqotda quyidagi vazifalarni hal etish belgilandi: Xondamir tomonidan yaratilgan asarlarni mazmunini yoritish; O‘rganilgan muammo bo‘yicha tahlil qilingan masalalar, ma’lumotlarni nazariy jihatdan umumlashtirish va nazariy xulosalar chiqarish asosida ushbu mavzuni keng va har taraflama tadqiq etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berish. I bob. Xondamirning hayoti va ijodi 1.1 Xondamirning hayot yo’li Mashhur tarixchi Xondamir bo‘lib, to‘liq ismi G‘iyosiddin Muhammad ibn Xoja Humomuddin ibn Jaloliddin Muhammad ibn Burhoniddindir. U hijriy 880-yil / milodiy 1476-yilda Hirotda dunyoga keldi. Hazrat Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” asarida: “Mavlono Xondamir Mirxondning farzandidur, salohiyatlik yigitdur. Tarix fanida mahorati bor” - deb qayd etgan. Alisher Navoiy asarlaridan shu narsa ma'lumki, Xondamir “Naqiy” taxallusi bilan she'rlar ham bitgan. Xondamirning otasi Xoja Humomuddin Muhammad ibn Jaloliddin Muhammad ibn Xoja Burhoniddin Muhammad Sheroziydir. U zamonasining ziyolilaridan bo‘lib, Temuriylardan Hisori Shodmon va Badaxshon hukmdori Sulton Mahmud Mirzoning (1453-1494) vaziri bo‘lgan. Ona tomondan mashhur tarixchi olim “Ravzat us-safo” (“Soflik bog‘i”) asari muallifi Mirxondning nabirasi bo‘lgan. Hirot maktablarida tahsil olib, solmona va tarixiy asarlar o‘qishga qiziqadi. Tarix, adabiyot, insho va boshqa ijtimoiy fanlar bo‘yicha chuqur va keng bilim sohibi bo‘lib, o‘z davrining ulkan olimi sifatida tanildi. Albatta uning yetuk tarixchi olim bo‘lib yetishishida bobosi Mirxondning o‘rni beqiyos. Shu bilan birga buyuk mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari ham Xondamirning tarix faniga bo‘lgan ixlos va sadoqatidan xabardor bo‘lgach, uni ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turadi. Xondamir o‘zi haqida keltirgan ma'lumotlardan ayon bo‘ladiki, u yoshlik chog‘idayoq Navoiy qo‘liga keladi. Dastlab uning kutubxonasida kutubxonachi, keyinroq 1498-yildan esa mudir bo‘lib ishlagan. Navoiy unga o‘zining shaxsiy kutubxonasidan foydalanishga ruxsat berib, tarixiy-ilmiy ishlariga rahnamolik qilib turadi. Ulug‘ shoir ko‘rsatgan homiyligi va murabbiyligi uchun Xondamir unga atab o‘zining “Maosir ul-muluk” asarini yaratdi. Xondamir Alisher Navoiy hazratlari vafotigacha(1501-yil 3-yanvar), ulug‘ shoirning kutubxonasi mudiri bo‘lib ishlagan. So‘ng u Xurosondagi siyosiy voqealar girdobiga tushib, dastlab, 1503-yildan Balxda Sulton Husayn Boyqaroning katta o‘g‘li Badiuzzamon saroyida xizmat qiladi. Ayni shu paytda Badiuzzamon Mirzo Qunduz hokimi Xusravshohni Shayboniyxon (1500-1510) lashkari tomonidan kutilayotgan hujumdan Xurosonni himoya qilishda ishtirok etishga og‘dirish orzusida yuborilgan elchilar qatoriga Xondamir ham qo‘shilib, shaxsan o‘zi Badiuzzamonning maxsus topshirig‘ini bajaradi. Ammo Amir Xusravshohning o‘zi Muhammad Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sulton qo‘shinlari hujumiga duch kelganligi sababli Badiuzzamon Mirzoga yordam bera olmasdi. Shu sababli Xondamir va elchilar hay’ati biror natijaga erisha olmay ortiga qaytadi. Shu davrda unga “sadr” unvoni beriladi. Hijriy-qamariy 911-yil zulhijja oyining o‘n birinchisida, dushanba kuni (milodiy 1506- yilning 4-mayida) Husayn Bayqaro vafot etadi. Hirot taxtiga Sulton Husayn Bayqaroning ikki o‘g‘li Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzolar chiqariladi. Badiuzzamon Mirzo Xondamirni o‘ziga vazir qilib tayinlaydi. Xondamir bir oz fursatdan so‘ng, ya’ni, hijriy 912-yil / milodiy 1506-yilda yana Badiuzzamon topshirig‘i bilan Shayboniyxonga qarshi tuzilgan ittifoqqa Qandahor hokim Amir Shujo‘bekni birlashtirish maqsadida u yerga jo‘natiladi. Ammo Badiuzzamon Mirzoning qizi Chuchukbegimning vafoti tufayli Xondamir safarni to‘xtatib Hirotga qaytishga majbur bo‘lgan. U Badiuzzamon topshirig‘i bilan ko‘plab diplomatik missiyalarni bajaradi. Afsuski, olimning hayoti o‘ta tahlikali davrga Temuriylar davlatining inqirozi, Muhammad Shayboniyxon (Movarounnahr), Zahiriddin Muhammad Bobur (Hindiston), Shoh Ismoil Safaviy (Eron) sulolalari tashkil topayotgan paytga to‘g‘ri keladi. Hijriy 913-yil / milodiy 1507-yil may oyida olim Shayboniyxonning Hirotni zabt etishi shohidi bo‘ldi va Xuroson markazi Hirotni topshirishdagi shartlarni ishlab chiqishda ishtirok etib, xonga yozilgan omonlik xatini insho qiladi. Sulolalar hukmronligi oʻzgargandan soʻng, Xondamir Shayboniyxon xizmatiga kirishga majbur bo‘ladi va ushbu shaharda ikki yarim yil davomida Shayboniylar davlati bosh vaziri Xoja Abdurahim Turkistoniy devonida sadrlik vazifasini bajaradi. Hijriy 916-yil / milodiy 1510-yil 5-dekabrda Muhammad Shayboniyxon Marvda Shoh Ismoil Safaviyga qarshi jangda halok bo‘ldi. Hirot Eron shohi Ismoilning qo‘liga o‘tadi. Xondamir 1511-yil yanvarida shoh topshirig‘i bilan Hirot hukumati devonida vazirlik ishiga jalb etiladi. Muarrix ushbu notinch va alg‘ov – dalg‘ov davrning voqealarini tarix sahifalariga muhrlab boradi. Milodiy 1512-yil qishida Temur Sulton ibn Muhammad Shayboniyxon Hirotni egallaydi. Isfahon qishlovida o‘tirgan Shoh Ismoil bu xabarni eshitib Xuroson tomon yuradi. Shoh qo‘shin tortib kelayotgani uchun Temur Sulton 1513-yilning aprelida shaharni tashlab ketar ekan, hirotlik taniqli olimlardan bir qanchasini Samarqandga ko‘chirib ketadi. Xondamir 1513-yilning boshidayoq Hirotni tark etib, Shimoliy Afgʻonistondagi Pasht qishlogʻida ijod bilan shugʻullanadi. O‘sha kezlari Badiuzzamon Mirzoning o‘g‘li Muhammad Zamon Mirzo Tabrizda Shoh Ismoil huzurida edi. Ammo Muhammad Zamon Mirzo Eron shohi Ismoil Safaviy va Usmonlilar hukmdori Sulton SalimYovuz o‘rtasida 1514-yilda Choldaron mavzesida ro‘y bergan urushda qatnashishdan bosh tortib, Shoh Ismoil oldidan Xurosonga qochib kelib, Astrobodni egallaydi. 1515-yilda Muhammad Zamon Mirzo G‘archiston va Pashtni egallaydi va o‘shanda Xondamir mazkur Mirzo xizmatiga kiradi. Hijriy 921- yil/milodiy 1516-yilda ular Balxga borib shohning xos maslahatchisi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Hijriy 923-yil / milodiy 1517-yilda Muhammad Zamon Mirzo Qandahorga ketadi va Xondamir Muhammad Zamon Mirzodan ijozat olib G‘archistonda yashab qoladi. Oradan biroz vaqt o‘tib, Xondamir Hirotga qaytib, tarixni o‘rganish va tadqiq qilish bilan shug‘ullanadi. Hijriy 927-yil / milodiy 1520-yilda Hirot hokimi Sayyid Amir G‘iyosiddin Muhammad ibn Amir Yusuf al-Husayniy al- Qozi uni tarixiy asar yozishga undaydi. Bu davrda olim Safaviylar davlati xizmatida bo‘lib ba’zida elchilik vazifalarini ham bajaradi. Xondamir 1524-yil Shoh Ismoil vafotidan soʻng, Hirotdan butkul yuz oʻgirib, hijriy 932-yilning shavval oyi o‘rtalarida (1526-yining iyul oyi oxirlarida) Qandahorga, hijriy 934-yil jumodi us-soniy oyining o‘ninchi kunida (1528- yilning 2-martida) u yerdan Boburiylar poytaxti Agraga (Hindiston) Zahiriddin Muhammad Bobur huzuriga yoʻl oladi. Yo‘ldagi vaziyatning yomonligi bois ushbu safar yeti oyga cho‘zilib, nihoyat hijriy 935-yil muharram oyining to‘rtinchi kuni (milodiy 1528-yilning 18-sentabrida) Xondamir Agraga yetib keladi. Hijriy 935-yil rabi’ ul-avval oyining sakkizinchi kuni (milodiy 1528-yilning 20-noyabrida) Bobur Mirzoning bir oz muddat davom etgan kasallikdan shifo topganidan keyin “Hasht behisht” bog‘da bo‘lgan bir to‘yda ishtirok etadi. U yerda Xondamir Hindiston podshohi Zahiriddin Muhammad Bobur bilan uchrashadi. Agraga kelgach, Boburning yaqin odamlari qatoridan joy oladi va 1529-yili Boburni Bengaliya va Gang daryosi sohili tomon qilgan yurishi paytida kuzatib boradi. Ayni vaqtda, u “Humoyunnoma” (“Qonuni Humoyuniy”) asarini yozadi va bu xizmati uchun “Amir al-muarrixin” (“Tarixchilar amiri”) unvoniga sazovor boʻladi. Xondamir hijriy 942-yil/milodiy 1535- yili Humoyun bilan Manduga qaytib kelayotganda vafot etadi. Uning vasiyatiga koʻra jasadi Dehlidagi qabristonga – Nizomiddin Avliyo, shoir Xusrav Dehlaviylar yoniga dafn etiladi. Xondamirning ikki farzandi bo‘lib, birining ismi Amir Mahmud, ikkinchisi Sayyid Abdullohxon boʻlgan. Britaniya muzeyida saqlanayotgan qo‘lyozmalar katalogi muallifi Charlz Ryo “Xulosat ul-axbor” asari to‘g‘risida ma’lumot berar ekan, Xondamirning o‘g‘li Sayyid Abdullohxonning qisqacha tarjimai holi bayonida shunday yozadi: “Xondamirning o‘g‘li Sayyid Abdullohxon Buyuk Akbarshohning zamondoshi bo‘lib, uning saroyida xizmat qilgan. Akbar unga “Xoniy” taxallusini bergan. U Sayyid Abdullohxon nomi mashhur bo‘lgan va hijriy 996-yil ( milodiy 1557-yilda) Kashmir viloyatida vafot etgan.” Marhum Said Nafisiy “Dastur ul-vuzaro” so‘zboshisida Xondamirning ikkinchi o‘g‘li to‘g‘risida quyidagilarni qayd etgan: “Xondamirning Mir Mahmud degan o‘g‘li bo‘lib, yo otasining vafotidan so‘ng Hindistondan Hirotga qaytib kelgan, yoki umuman otasi bilan Hindistonga bormagan. Nima bo‘lgan taqdirda ham u Hirotda yashagan. Amir Mahmud Shoh Ismoil (1502-1524) va Shoh Tahmasp (1524–1576) hukmronlik qilgan davr tarixini yoritgan asar muallifi boʻlib, u bu asarini hijriy 950-yil (milodiy 1543-yilda) Eronda hukmron bo‘lgan safaviy saroy amirlaridan Muhammadxon Sharafiddin o‘g‘li Takaliyga bagʻishlagan. Asarni “Zayli Habib us-siyar” deb nomlab, hijriy 957-yil (milodiy 1550-yilda) yozib tugatgan. Bu kitobdan ma’lum bo‘lishicha, u otasi vafotidan o‘n besh yil keyin ham hayot bo‘lgan.” Shunday qaltis va tahlikali davrda yashashiga qaramay, Xondamir forsiy tilida o‘n uchta asar yozib katta meros qoldirdi. Hozirgi paytda ulardan faqat sakkiztasi ‐ “Maosir ul-muluk”, “Xulosat ul-axbor”, “Dastur ul-vuzaro”, “Nomayi nomi”, “Ravzat us-safo” ning yettinchi jildi, “Habib us- siyar fi axbori afrodi bashar” va “Humoyunnoma” bizgacha yetib kelgan. Muarrixning “Maosir ul-muluk” (‘Hamasr podshohlarning tarixi”) asari Alisher Navoiy iltimosiga ko‘ra va unga minnatdorchilik izhori tariqasida 1498-1499-yillarda yozilgan. Bu asar podshohlar va qadimgi donishmandlarning xayrli ishlar haqida aytilgan hikmatnamo gaplarini o‘z ichiga oladi. Jumladan, Qayumarsdan Anushirvongacha, Odam Atodan Buzurgmehrgacha bo‘lgan hamda payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) va imomlar haqida bitilgan naqllardan iborat. So‘ngra muallif Ummaviylar, Abbosiylar, Somoniylar, G‘aznaviylar va boshqa sulolalarga tegishli hukmdorlar tarixi bilan birga kurd podshohlari va turk xoqonlari tarixini yoritgan. Asarning oxirigi qismida Husayn Bayqaro va Alisher Navoiyga zamondosh hukmdorlar, olimlar va donishmandlar haqida ma'lumotlar beradi. Bu asarning yagona nusxasi Britaniya muzeyida 29-raqam bilan saqlanadi. Ushbu asar 1993-yilda Mirhoshim Muhaddis tomonidan Tehronda nashr etildi. Download 100.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling