Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek haqida
Download 17.04 Kb.
|
maqola
Oltin xazina asarlari“Navoiy” romani Adibning «Navoiy» romani yaratilguniga qadar Yevropa, shu jumladan, rus ijtimoiy fanlarida «Navoiy – fors shoirlarining taqlidchisi», degan qarash hukmronlik qilgan. Sho‘ro mafkurasi Navoiyga berilgan bunday «baho» bilangina kifoyalanib qolmay, ulug‘ o‘zbek shoirini dastlab «feodal davr kuychisi», deb ham atadi. Bu, o‘z mohiyatiga ko‘ra, Navoiy bilan XX asrdagi o‘zbek xalqi o‘rtasiga qo‘yilgan temir parda edi. Oybek o‘z romani bilan ana shu temir pardani parchalab tashladi. U «Navoiy» romanini yozishdan avval shoir yashagan davrni, uning hayoti va ijodini tadqiqotchi olim sifatida puxta o‘rganib, shunday ilmiy maqolalar yozdiki, bu maqolalar o‘zbek adabiyotshunosligida navoiyshunoslik fanining vujudga kelishida poydevor bo‘lib xizmat etdi. Shunday katta tayyorgarlik bilan asar yozishga kirishgan adib Navoiyni o‘zbek xalqi tarixining burilish nuqtasida maydonga kelgan, shu davrdagi milliy uyg‘onishning timsoli hisoblangan mutafakkir va gumanist (insonparvar) shoir sifatidagi purviqor obrazini yaratdi. Roman Gʻarb va Sharqdagi qator tillarga, jumladan, xitoy tiliga ikki marta tarjima qilindi. Turli mamlakatlardagi kitobxonlar roman muallifiga Navoiyni xalqqa tiriltirib, qaytib bergan yozuvchi sifatida hurmat qiladilar. Oybek bu o‘lmas asari bilan o‘zbek adabiyotida tarixiy-biografik roman janriga asos soldi. «Navoiy» romanining «O‘tgan kunlar» tarixiy romanidan farqi avvalo shundaki, birinchidan, Oybek o‘z asariga tarixiy shaxslarni asosiy qahramonlar sifatida olib kirgan bo‘lsa, ikkinchidan, asarda bosh qahramonning muhabbati tarixini emas, balki Sultonmurod bilan Dildorning – ikkinchi rejadagi qahramonlarning muhabbatini tasvir etdi va kitobxonning «ishqiy chizig‘i»ga bo‘lgan ruhiy ehtiyojini shunday yo‘l bilan qondirdi. Ayni paytda bu muhabbat chizig‘ini romandagi asosiy voqealar tizmasi bilan uzviy ravishda bog‘lay bildi. Uchinchidan, adib adolatli shoh va xalq, Navoiy va xalq, Navoiy va urush, Navoiy va madaniyat taqdiri, Navoiy va xalqlar hamjihatligi singari masalalarni badiiy talqin etdi hamda zamondoshlari uchun muhim, kelgusi avlodlar uchun esa ibratli bo‘lgan ijtimoiy-falsafiy qarashlarini shoir obrazi orqali olg‘a surdi. Download 17.04 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling