7-modda. Muvofiqlikni baholashni amalga oshirish
Muvofiqlikni baholash:
akkreditatsiya qilish;
sertifikatlashtirish;
muvofiqlikni deklaratsiyalash;
inspeksiya nazorati;
yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiya;
mahsulot sinovi;
sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalari yoki ekologik ekspertiza yo‘li bilan amalga oshiriladi.
(7-moddaning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-416-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
8-modda. Akkreditatsiyani amalga oshirish
Akkreditatsiya akkreditatsiya qilinishga talabgor bo‘lgan yuridik shaxslarning vakolatli ekanligini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladi.
Akkreditatsiya akkreditatsiya qilinishga talabgor bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlarning tahlili va ekspertizasini, olingan dalillarni tekshiruvlar o‘tkazish yo‘li bilan baholashni o‘z ichiga oladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Mazkur Qonunning 3-bobi (“Akkreditatsiya”).
9-modda. Muvofiqlikni deklaratsiyalash
Muvofiqlikni deklaratsiyalash — mahsulotning normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ijrochi tomonidan tasdiqlash.
Muvofiqlikni deklaratsiyalashda muvofiqlikni tasdiqlash qoidalari, tartibi va usullari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi tegishli normativ hujjatlarda belgilanadi.
Agar muvofiqlikni deklaratsiyalashda muvofiqlikni tasdiqlash qoidalari, tartibi va usullarida mahsulot sinovini o‘tkazish zarur ekanligi belgilangan bo‘lsa, bunday sinov akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyasi (markazi) tomonidan ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ijrochi bilan tuzilgan shartnoma asosida o‘tkaziladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-iyuldagi 318-son “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibotini soddalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 2-bandi va “Mahsulotning xavfsizlik talablariga muvofiqligini deklaratsiyalash tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1465, 06.04.2005-y.).
Do'stlaringiz bilan baham: |