Muzaffar mamatqulov navoiyshunoslik


Download 335.49 Kb.
bet70/92
Sana10.01.2023
Hajmi335.49 Kb.
#1086231
1   ...   66   67   68   69   70   71   72   73   ...   92
Bog'liq
portal.guldu.uz-NAVOIYSHUNOSLIK

Bazl aro sochqon o‘zi, terg‘on o‘zi.
Hikoyatdan kelib chiqadigan xulosa shuki, Mansur Xalloj tavhid mohiyatini to‘la anglab etmagani uchun “menlik” xayoli bilan “Anal Haq” jumlasini takrorlab yurar edi. Aslida tavhid vodiysida “menlik”ka yo‘l yo‘q.

  1. Hayrat vodiysi – Simurg‘ning ulug‘vorligidan hayratga tushib, aqldan mahrum bo‘lish.

Alisher Navoiy mazkur vodiy haqida shunday deydi:
Hayrat aylar tilni gungu lol ham,
Aql zoyil, hushni pomol ham...
Yo‘qni bilmas, borini ham onglamas,
Ne bularni tonglaru, ne tonglamas...


Foniy erkanniyu boqiylig‘ni ham,
Mast erkanniyu soqiylig‘ni ham.
Alisher Navoiy mazkur vodiy bilan bog‘liq qarashlarini ifodalash uchun bir bora vasl sharobidan mast bo‘lib, o‘zini yo‘qotgan va hajrda qolgan yigit haqidagi hikoyatni ilova qiladi. Unga ko‘ra, bir podshohning husnda yagona qizi tushida bir yigitni ko‘rib, sevib qoladi. Bir kuni otasining bazmida u yigitni ko‘rib, hushidan ayriladi. Yigit ham qizni ko‘rib, ishqda yona boshlaydi. Podshohning qizi o‘ziga yaqin bo‘lgan ikki mahram kanizagiga o‘z sirini ochib, dardiga davo topishlarini o‘tinadi. Bu ikki kanizak juda ustomon va aqlli bo‘lib, o‘z malikalarining hajr o‘tini bartaraf etish uchun yigitni izlab topib, u bilan do‘st tutinadilar. Suhbatlarda yigit o‘z ishqi haqida ularga aytib beradi. Ikki kanizak bazm uyushtirib, yigitni chorlaydilar, qo‘shiq aytib, may bilan mast qiladilar. So‘ng podshohning qizi huzuriga yigitni eltadilar. Yigit u erda ham may ichadi, aqlni olguvchi bazmda mast bo‘ladi, mutlaqo o‘zini unutadi... Nihoyat hushi o‘ziga qaytgach, ma’shuqa vaslining tushmi, o‘ngmi ekanini fahm etolmay, parishon bo‘ladi. Atrofdagilar uning holini so‘rashsa, men hajr o‘tida yonyapman, yana holimni so‘rab, azobga solmang, deb javob beradi. Buyuk shoir bu hikoyatni aynan hayrat vodiysi bilan bog‘lab keltirar ekan, Haq vasli sari intilgan solik hali chinakam visolga erishmay turib, undan benihoya hayratga chulg‘anib, o‘zligini unutishiga ishora qilyapti. Bu esa o‘z o‘rnida chinakam diydor uchun solik ruhini tayyorlash bosqichini o‘taydi.
7.Faqru fano vodiysida o‘zlikdan voz kechib, Simurg‘ bilan birlashish, abadiylikka qaytish mohiyati mujassam. Navoiy bunga shunday ta’rif beradi:
Yo‘q bu vodiy ichra juz xomushluq,
Gungu kar bo‘lmog‘lig‘u behushluq...


Har nekim qilsang gumon topg‘on vujud,
Budi yo‘q, bu nav’ erur bori namud.


G‘ayri haqkim, qodiri barhaqdur ul,
Borcha foniy, boqiyi mutlaqdur ul.
Ushbu vodiy sharhida Navoiy bir emas, to‘rt hikoyat keltiradi. Ular orasida “Parvonalar va sham” hikoyati alohida ahamiyatga ega. Hikoyatga ko‘ra, bir kecha parvonalar jam bo‘lib, shamga etishmoqni maqsad qilishibdi. Qanotlarini o‘tda yoqishga hozirlab, o‘z hollarini izhor qilmoqchi bo‘libdilar. Parvonalardan biri qanotlarini qoqib, shamda yona boshlabdi va sham haqidagi so‘zlarni boshqa parvonalarga ayon qilibdi. Parvona har qancha ravshan so‘zlamasin, eshituvchilar uni anglay olmabdilar. SHunda boshqa parvonalar ham bu holni anglamoq uchun urinib ko‘ribdilar va o‘z qanotlarini kuydiribdilar. So‘nggi parvona qo‘rqmasdan o‘zini shu’laga urib, pok bo‘libdi va o‘zi ham shu’laga aylanibdi. U o‘z maqsadi ichra nobud bo‘libdi va fanoda ayni muddaoga erishibdi. Hikoyatdan kelib chiqadigan xulosa shuki, kuymay turib, sham bilan birlikka erishib bo‘lmaydi. Solik fano bo‘lmay turib, abadiylikka, Haq visoliga erisholmaydi. SHoir hikoyat so‘ngida Foniy taxallusini qo‘llash bilan vodiy mohiyatini yanada teranroq, chuqurroq anglatadi:
Foniyo, lofi fano urmog‘ni qo‘y,
Vasl esa koming, fano o‘tig‘a kuy.

Evrulub sham’ o‘tig‘a parvonavor,
O‘zni tashla shu’lag‘a devonavor.
Nihoyat vodiylar so‘ngida faqat o‘ttiz qush qolganligi ma’lum bo‘ladi. O‘ttiz qush forschada “Si murg‘” degani. Bu qushlar qaerga boqmasinlar, u erda o‘zlarining akslarini ko‘ra boshlaydilar:
Ko‘rdilar o‘zni qayonkim tushti ko‘z,
Olloh-Olloh ne ajoyibdur bu so‘z.
Kim qilib Simurg‘ni o‘ttiz qush havas,
O‘zlarin ko‘rdilar ul Simurg‘ bas.
Doston so‘ngida qushlar o‘zlaridagi Simurg‘ni kashf etadilar.
Tasavvuf falsafasiga ko‘ra, bu dunyo Haqning tajalliysi – Allohning jilolanishidir. Dunyodagi barcha mavjudot Allohning zuhuridir. SHu ma’noda inson ham o‘zidagi mana shu zarrani kashf etmog‘i, buning uchun esa juda uzun va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tmog‘i kerak. Bu yuqorida keltirilganidek, etti vodiydir. So‘nggi vodiy faqru fano vodiysi, ya’ni yo‘qlikka aylanib, Ollohga qo‘shilmoqdir.
Dostonning yakunlovchi 193-bobi “Bu nazm tarixi guftori va o‘zining aste’fo va istig‘fori” deb nomlanib, unda muallif o‘z kitobxonidan ruhiga duo umid qilib, duogo‘y kitobxonining barcha niyatlari ham YAratgan tomonidan ijobat bo‘lishini so‘rab duo qiladi. Asar:
Har parishon so‘zki yozdim, yo karim,
Barchadin astag‘firillo, al-azim,
degan bayt bilan yakunlanadi.
Dostonning syujeti majoziy bo‘lgani kabi, undagi timsollar ham majoziydir. Simurg‘ – Haqqa etishish timsoli, Hudhud – murshid, piri komil ramzi, qushlar – tariqat yo‘liga kirishga otlangan soliklardir. Navoiy Simurg‘ni eng oliy borliq deb e’tirof etar ekan, Xudoni olamdan tashqarida emas, balki shu olamning o‘zida, butun koinot va mavjudotda mujassamlashgan, har bir kimsa va narsada zuhur etgan oliy moya – substansiya deb tushunadi. Hudhud rahnomoligidagi qushlarning ulug‘ maqsadi Simurg‘ga etish ekan, bu majoziy mazmun zamirida solikning Haq vasliga etishish uchun chekkan azob-uqubatlarini anglash mumkin. Dostondagi asosiy g‘oyaning ochib berilishida ulardan o‘rin olgan turli hajmdagi hikoyatlar asosiy o‘rin tutadi. Dostonda 65 ta hikoyat keltirilgan bo‘lib, ularning 51 tasi Navoiyning original ijodi bilan bog‘liq, qolgani esa Attor dostonidan olingan hikoyatlardir. Hikoyatlarning jami bayt miqdori (1800 baytga yaqin) doston umumiy hajmining teng yarmini tashkil qiladi.
YUqorida ko‘ringanidek, “Lison ut-tayr” dostoni Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostoniga javob tarzida yozilgan. Bir qarashda bu ikki dostondagi voqealar rivoji ham, undagi qahramonlar ham bir xildek tasavvur uyg‘onadi. Aslida, har ikki muallif g‘oyaviy nuqtai nazar hamda qahramonlarga zimmasidagi badiiy yuk jihatidan bir-birlaridan farqlanadilar. Adabiyotshunos Z.Mamadalieva o‘zining “Alisher Navoiy “Lison ut-tayr” dostonidagi ramziy obrazlar tizimi” nomli tadqiqotida mazkur ikki dostondagi ramziy timsollarni talqin qilish asnosida Navoiy dostonidagi Hudhudning o‘ziga xos bir necha xususiyatlarini ko‘rsatib o‘tadi:

  1. Navoiy talqinidagi Hudhud komil inson ramzi bo‘lish bilan birga muallifning dostondagi birinchi raqamli timsoli hamdir;

  2. Navoiy tasvirlagan Hudhud yuksak irfoniy masalalarni har bir qushning darajasiga mos ravishda sodda hayotiy voqealar va misollar bilan tushuntirib beradi;

  3. Farididdin Attor o‘z dostonida asar syujetini hech bir voqeasiz qushlarni ta’riflash bilan boshlaydi, “Lison ut-tayr”da esa qushlarni ta’riflash vazifasi Hudhudga yuklanadi;

  4. “Mantiq ut-tayr”da etti vodiy ta’rifi kelganda Hudhudning vazifasi tugaydi, lekin Navoiy dostonidagi Hudhud qushlarni so‘nggi vodiy faqru fano vodiysida ham qo‘llab-quvvatlaydi.

SHuningdek, tadqiqot muallifining fikricha, “Mantiq ut-tayr”dagi g‘oyaga ko‘ra, undagi qushlar Simurg‘ning soyasi, xolos. YA’ni ular Simurg‘ga intilganlaridagina ahamiyatli. Qushlar (insonlar)ning bu dunyodagi hayoti hijron va ayriliqda. Navoiyda esa ularning yaratilishi hijron va ayriliqda emas, balki YAratganning hikmatidadir. SHu ma’noda ikki dostonda vahdat ul-vujud falsafasining ikki xil talqini aks etganligini ko‘ramiz. Attor dostonida qushlar so‘nggi vodiyda Simurg‘ bilan birlik kasb etadilar, Navoiy dostonida esa riyozat chekish asnosida poklanib, o‘zlaridagi Simurg‘ni kashf etadilar.
Dostondagi ba’zi qushlarni ramziy timsollar sifatida quyidagicha talqin qilish mumkin:
Tovus – dunyo go‘zalligiga mahliyolik.
Qarchig‘ay – hokimlik qilish istagi.
Bulbul – foniy dunyo oshig‘i.
Kaklik – o‘z raftoru amallariga mahliyo bo‘lish.
Burgut – maqsadsiz kuch-qudrat.
Tovuq – fikriy, ma’naviy parvozdan mahrumlik.
Bundan kelib chiqadiki, ko‘pchilik Haqqa etishish da’vosi bilan sulukka kirishi mumkin, lekin hamma ham bu yo‘ldagi imtihon va sinovlardan o‘ta olmasligi mumkin ekan.
“Lison ut-tayr” dostoni Attor dostoni singari ramal bahrining ramali musaddasi mahzuf vazni (ruknlari va taqti’i: foilotun foilotun foilun – V – – – V – – – V – ) vaznida yozilgan.
Tayanch tushunchalar

  • Ruh ul-amin

  • Nuri Muhammadiya

  • Talab vodiysi

  • Ishq vodiysi

  • Ma’rifat vodiysi

  • Istig‘no vodiysi

  • Tavhid vodiysi

  • Hayrat vodiysi

  • Faqru fano vodiysi

  • Ramali musaddasi mahzuf

  • Ramziy timsollar


Download 335.49 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   66   67   68   69   70   71   72   73   ...   92




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling