N. Eshonqul yozadi: Jahon badiiy tanqidchiligida Borxes haqidagi bahsu munozaralar 60-yillardayoq


Download 31.59 Kb.
Sana29.04.2023
Hajmi31.59 Kb.
#1399883
Bog'liq
4-maruza. Borxes 2


N.Eshonqul yozadi: Jahon badiiy tanqidchiligida Borxes haqidagi bahsu munozaralar 60-yillardayoq boshlangan esa-da, hanuz tingani yo‘q. Bu munozaralarda asosan Borxes o‘zi kim, yozuvchimi, shoirmi, faylasufmi, mutafakkirmi yoki kitoblardan olgan taassurotlarini shunchaki o‘ta shaxsiy tarzda konspekt qilgan kishimi yoki adabiyotlarni bir-biriga sintez qilgan olimmi degan masalalar bir qo‘zg‘alib, bir o‘chib turibdi. Biroq mazkur munozaralar qizg‘in tus olgan sayin Borxes ijodini tahlil qilgan, qilayotgan tanqidchilar uning yuqoridagi barcha mavzularga javob bera olishi mumkin bo‘lgan yirik iste'dod ekaniga ko‘proq amin bo‘lmoqdalar.

Iste'dod bor joyda esa jo‘g‘rofiya o‘z mohiyatini yo‘qotadi, u milliy bo‘lish bilan birga


umuminsoniy bo‘ladi. Har qalay, Borxesni o‘qish adabiyotning bani bashar mulki ekaniga yana
bir bor ishontradi. Borxes o‘z ijodida va mutoalaga bag‘ishlangan maqolalarida G‘arbu
Sharqni yaxlit ko‘rolgan adibdir. U o‘z asarlarida va adabiy e'tiqodida ana shu ikki qutbni
birlashtirishga uringan va bunga bir qadar erishgan ham.
Iste'dodsizlik o‘ziga boshpana izlaydi, o‘zini shu boshpanaga yashirib qo‘yib, fosh
bo‘lishidan qo‘rqib, turli tamg‘alar otib, ayyuhannos soladi. Iste'dodga esa o‘zini nima deb
atashlarining qizig‘i yo‘q; u xuddi aysberglarni yorib ketayotgan muzyorardek tushuncha,
tasavvur, imkoniyat, milliy qamrov chegaralarini yorib, oldinga ketaveradi.
Lotin Amerikasi adabiyotida Borxes buni isbotlab bergan. Shu tufayli mazkur adabiyotning
shon-shuhrati, shubhasiz, Borxes bilan chambarchas bog‘liqdir. Borxessiz Lotin Amerikasi
adabiyotini hyech kim to‘laqonli va bugungi kundagiday ilg‘or adabiyot sifatida tasavvur
qilolmaydi, shuningdek, Lotin Amerikasi adabiyotida zamonaviy bironta mashhur yozuvchi
yo‘qki, o‘zini Borxesning u yoki bu ma'noda shogirdi deb hisoblamasin. Kortasar, Markes,
Fuentes, Bioy Kasares, Saboto va boshqa XX asr 50-yillarida adabiyotga kirib kelgan
yozuvchilarning ijodida Borxes ta'siri ulkandir. Italyan, ingliz va hindu qoni aralash,
umrining oxirida ko‘zlari ojiz bo‘lib qolganda ham mutolaa va fikrlashdan to‘xtamagan
Borxes Sharq va G‘arb adabiyotini o‘zaro sintez qilib, bir-biriga yaqinlashtirgan hamda shu
adabiyot an'analari uyg‘unligida Lotin Amerikasi adabiyotining ilg‘or yo‘nalishlarini
belgilab bergan, o‘z ijodi bilan ulkan adabiy qomus yarata olgan XX asrning, yirik yozuvchisidir.
Lotin Amerikasi adabiyoti namoyondalari o‘zlarini «butun dunyo adabiyotining
merosxo‘rlarimiz» deb atarkanlar, bunda, avvalo, Borxes xizmatlarini nazarda tutadilar.
Borxes ijodidan xitoy, hind, islom, yevopalik faylasuf va shoirlarning asarlari, shaxslar
hamda ularning insoniyat tafakkur va ijtimoiy tarixida tutgan o‘rni haqidagi badiiy
xulosalar joy olgan, uning asarlari ichida Muqanna, sarbadorlar, Amir Temur, tasavvufga
bag‘ishlangan katta-kichik hikoyalar, esselar, she'rlar uchraydi. Borxes butun dunyo tafakkur
tarixini shunchaki shuhratparastlik yoki shunchaki xabardor bo‘lib qo‘yish uchun tadqiq
qilmagan; u mazkur tafakkur mahsullaridan hamisha lazzatlanib meva yegan, ularga XX
asrdagi fikrlovchi inson nuqtai nazaridan baho bergan, ularni yagona, yaxlit holatda
adabiyotga olib kira olgan.
Borxesni Lotin Amerikasi adabiyotida ultraistlar otasi sifatida e'tirof etsalar-da, shu oqimni Lotin Amerika adabiyotiga olib kirgan bo‘lsa-da, biroq chin ma'noda o‘zini ultraist deb atamasdi, bu oqim Ispaniyada yashagan paytlari (1919–1920) Borxes qatnashib yurgan Rafael Kansinos boshchiligidagi adabiy guruh ta'sirida Lotin Amerikasiga kirib keldi.
Borxes bu guruh bilan ikki yil birga bo‘ldi. U o‘ziga ultraist degan nomni ep ko‘rmasdi,
ultraistlar mutlaqo jahon adabiyotini o‘qimagan, lekin o‘z oldilariga adabiyotni yangilashni
maqsad qilib olishgandi.
Borxes ultraistlardan aynan «adabiyotni yangilash zarur» degan qarashni oldi va faqat shu
ma'noda vataniga qaytgach unga ultraist degan tamg‘a qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Biroq antik
davr, Sharq va yevropa adabiyoti bilimdoni Kansinos unda juda katta taassurot qoldirdi. U
Konsinosdan aynan shu jihatni – barcha xalqlar adabiyotining tolmas o‘quvchisi bo‘lishni
o‘zlashtirdi.
Taqdirni qarangki, unga ota-bobosidan nafaqat katta kutubxona, yozuvchilik layoqati, balki
ko‘zi ojizlik ham meros bo‘lib o‘tdi. Kelib chiqishi harbiy bo‘lishiga qaramay,
Borxeslarning deyarli barchasi yozuvchi yoki adabiyotga aloqador kishilar edi. Borxesning
otasi anarxistik kayfiyatdagi, ko‘ngli yumshoq odam bo‘lib, xiyla katta kutubxonasi bor edi.
U esselar, sonetlar, maqolalar yozardi. Umar Xayyom to‘plamini tarjima qilgan, ko‘zi
xiralashib qolishdan oldinroq «Kaudilo» nomli roman e'lon qilgandi. Otasining
xolavachchasi Lafinur Argentinaning birinchi shoiri edi, Lafinur Ikkinchi ham unchalik
mashhur bo‘lmagan shoir edi. Otasining ona tomonidan bobosi esa Argentinada birinchi
gazeta tashkil qilgan kishi bo‘lgan.
Taqdiriga nafaqat adabiyot shaydosi bo‘lish, balki Argentinada Peron diktaturasi davrida
qamoqda o‘tirish, shunda ham o‘z so‘zi va e'tiqodida qat'iy turish yozilgan, butun fe'l-
atvoriyu o‘zini tutishi hamda adabiyotga munosabatidan ham qadim oqsuyaklik ufurib turuvchi
onasi esa taniqli tarjimon edi. U keyinchalik Uilyam Saroyanning arman jamoasi
mukofotiga sazovor bo‘lgan «Insoniyat komediyasi»ni tarjima qilgandi. Gotorn hikoyalari,
Ridning san'atga doir ijodini, Melvill, Virjiniya Vulf, Folkner asarlarini ispan
tiliga o‘girib, chop ettirgandi.
Borxes o‘z xonadonining intellektual boyligini meros qilib oldiki, u hatto ko‘zlari
yozuvlarni o‘qiy olmay qolganda ham lupa orqali mutolaa qilishdan, kitob orqali
insoniyatni o‘rganishdan to‘xtamadi. Butunlay ko‘rlik ham uni kitobdan ayirolmadi, unga
dunyo kitoblarini o‘qib berishardi, u shu eshitgan tassurotlaridan asarlar yaratardi.
Jahon adabiyotining xilma-xil oqimlari, xilma-xil turlari, tarixi, buguni, turli xalqqa,
mintaqaga mansub namoyandalari, ularning asarlari haqida Borxeschalik ko‘p yozgan va ko‘p
o‘qigan boshqa bir yozuvchini topish qiyin. U klassikadan tortib modernizmgacha bo‘lgan butun
bir adabiyotni o‘z esse, badia, she'r, hikoya, ma'ruzalarida jamlashtir oldi va ularga yangicha,
uyg‘oq shaxs, uyg‘oq yozuvchi – bularning hammasiga haqli merosxo‘r bo‘lgan XX asrning uyg‘oq
insoni nuqtai nazaridan baho bera biladi. Uning xoh klassika bo‘lsin, xoh avangard
adabiyot, birontasini ijirg‘anib, nazar-pisand qilmay o‘qiganini sezmaysiz.
Qaysi oqimga mansubligidan qat'i nazar, har bir asardan ma'no, fikr, ramz, so‘z, go‘zallik
izlab ko‘rardi. U favqulodda kitobga mubtalo bo‘lganlardan, adabiyotning xizmatkori edi.
Bugun kitobdan uzoqlashgan paytimizda Borxesdan o‘rganishiimz mumkin bo‘lgan juda ko‘p
jihatlar bor. Shulardan birinchisi, shubhasiz, so‘zga bo‘lgan muhabbatdir. Muhabbat esa
mas'uliyatni, iztirobni, yonib turishni talab qiladi. Borxesning hikmatlari, esselari,
hikoyalari shunchalik siqiqki, ularning har birini roman qilish mumkin. Lekin u yirik
janrlarni jini suymasdi. U hikoyachi bo‘lib tug‘ildi va hikoyachi bo‘lib olamdan o‘tdi. U
go‘zallik shaydosi edi. Go‘zallik esa xuddi uning hikoyalari kabi qisqa, bir lahzalik, bir
necha soniyalik bo‘ladi.
Uzoq yashagan go‘zallik qariydi, xunuklashadi, siyqalashadi. Borxes hikoyalari ham shunday
qisqa va go‘zal, siyqalikni, ko‘pso‘zlikni yoqtirmaydi. Borxes hikoyalari o‘rta asr tasavvuf
hikoyatlariga o‘xshaydi. Borxes asarlarini o‘qigan kishi falsafa bilan adabiyotning, nazm
bilan nasrning o‘zaro qorishiq namunasiga duch keladi; uning asarlarini xitoy, hind,
islom, antik davr, Rim, yevropa falsafa maktablaridan ayro holda o‘rganib bo‘lmaydi.
Ba'zida Borxes asarlarida falsafa badiiy vositaga aylanib qoladi; asarni to‘liq anglash
uchun o‘sha falsafadan xabardorlik ham zarur bo‘ladiki, Borxes asarlarini hamma ham,
voqyeaparastlikka o‘rgangan o‘quvchi birdan anglab yetolmaydi. Bu hikoyalar ma'lum
intellektual tayyorgarlikni talab qiladi. O‘n-o‘n besh yil oldin bir romannavis o‘zbek yozuvchisi o‘zaro suhbatlarda: «Borxesni rosa maqtashardi, o‘qisam, kitoblardan olingan chuchmal konspetklarga duch keldim» – degan gapni aytgandi.
Albatta, Borxes ommabop emas. U o‘z vatanida ham toki 1961 yilgacha deyarli e'tibordan
chetdagi yozuvchi edi; 1961 yili fransuz tiliga asarlari o‘girilgach bir necha oyning o‘zida
avval yevropada, so‘ng o‘z vatanida eng mashhur yozuvchiga aylanib qoldi, shu yil adabiyotni va
adabiyot uslubini yangilashdagi xizmatlari uchun Absurd teatri otasi Semyuel Bekket bilan
birga Formentor mukofotiga sazovor bo‘ldi hamda kitoblari barcha mamlakatlarda minglab
nusxada chop etila boshladi. O‘z vatanlarida eng e'tiborsiz sanalgan intellektual adabiyot
vakillarining aksariyati Fransiyada chop etilgach shuhrat topib ketishlarida o‘ziga xos
hikmat bor, albatta.
Fransuz adabiyoti jahon adabiyotidagi eng qiziqarli, turli xil oqim, eksperimentlarga
boy, adabiyotni yangilashdek buyuk maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan avangard yo‘nalishni boshlab
bergan g‘oyat rang-barang adabiyotdir. Bodler, Rembo asarlari modernizmning dunyoga
kelishiga juda katta turtki berdi.
Avangard adabiyot fransuz adabiyoti bilan birga dunyo yuzini ko‘rgani ayni haqiqat. Shu
sababli bu adabiyotga ancha pisanda bilan qaragan Borxesning yozuvchilik qadri ham shu
adabiyot tufayli birdaniga jahon nasri ustalari safiga ko‘tarildi.
Borxesda uchta o‘ziga xos ramz yoki vosita bor: ko‘zgu, niqob, tush. Bular mohiyatan ochuvchi
kalit vazifasini o‘taydi. Odamning ko‘zgusi uning o‘zidir; agar odam o‘zini o‘z ichkarisidagi
ko‘zguga solsa, yuzidagi niqob yo‘qoladi, sidirilib tushadi. Odam o‘z yuziga, asli niqobiga
qarab hamisha faxrlanib yuradi. Bu uch narsa inson ongini chegaradan chiqarishga qodir; agar
odam shu uch narsaga o‘zini qo‘yib bersa, u makon va zamon chegarasini – o‘zining aldamchi
tasavvurlarini fosh etib qo‘yadi.
«Ko‘zgu va Niqob» nomli hikoyada qirol shoirga saroy haqida doston yozishni topshiradi. Uch
yil mobaynida shoir doston yozishga uch marta kirishadi. Biroq hammasi natijasiz tugaydi.
Oxir-oqibat qirol oldiga hyech qanday qog‘ozlarsiz kelib, doston o‘rniga «saroy» so‘zining
mohiyatini anglatadigan bir satr – so‘z aytadi. Shoir bu satrni aytib bo‘lishi bilan saroy
ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi, o‘sha bitta so‘z saroy niqobini ko‘tarib yuboradi. Endi saroyning
mavjudligida hyech qanday ma'no qolmaydi, u shu bir so‘z bilan fosh bo‘lib qolgandi.
Buni kashf etgan shoir o‘zini o‘zi o‘ldiradi, qirol esa sadaqaga kun ko‘ruvchiga aylanadi. Bu
yerdagi metafora so‘z qudratini anglatish bilan birga mohiyati anglangan har qanday narsa
o‘limga mahkum degan qadim falsafiy hikmatni eslatadi. Nafaqat saroyning, balki
poeziyaning ham mohiyatini ochadigan boshqa metafora paydo bo‘lsa, u yerda poeziya qolmaydi,
shoirlik yolg‘onlashadi, ya'ni poeziyaning «jodu»lari ochilib qolsa, u yerda yalang‘och siymo,
yalang‘och voqyelik qoladi.
Poeziya, adabiyot o‘zining «jodu»si, sirliligi, fusuni bilan ulug‘vor – buni Borxes
«metafora» deb tushunardi. Yalang‘och voqyelik bor joyda adabiyot ham, go‘zallik ham
bo‘lmaydi, u yerda, A.Qahhor ta'biri bilan aytganda, kosibbozlik bo‘ladi. Metafora, ramz,
timsol adabiyotning yashash imkonidir.
Adabiyotlar taraqqiyoti – ramzlar taraqqiyoti, shu sababli yozuvchining tili lingvistik
hodisadan ko‘ra estetik hodisadir. Fusunkor realizm ramz va til fusuniga asoslanadi.
Ko‘zgu insonni o‘z tasavvuridan chiqib fikrlashga o‘rgatsa, niqob insonning haqiqiy
qiyofasini, tush esa uning ichki dunyosini aks ettiradi. Tush ko‘zguda akslangan aldamchi
qiyofamizning, ziyolinamolikka o‘rgangan aqlimizni fosh qilib qo‘yadi; tush aql to‘sib, bosib
qo‘ygan sezgi va hissiyotlardir. Aql aldaydi, biroq tush aldamaydi. Biz faqat uni
tushunmasligimiz mumkin. Agar shu ong osti kechinmalarini ko‘zguga solsak, o‘zimizda
yashirinib yotgan turli maxluqlarni, yirtqichliklarni, yovuzliklarni va «Astiriy uyi»
hikoyasidagi kabi minotavrlarni uchratamiz.
Borxes uslubidagi metafora, ramz, fusun ana shu uchta uslubiy shartlilikka bo‘ysunadi,
fusunkor realizmda, umuman, badiiy tilda «A» tasvirlanadi, biroq gap «B» yoki «V», «G»
haqida ketadi, «A» haqida emas. Metafora «A»ga o‘zini ramzlashtirgan «B» yoki «G»lardir.
Insoniyat ilk tafakkur jarayonida shu tilda gaplashgan; u o‘sha ibtidoiy aql bilan yashinni
Xudoning nayzasi deb qabul qilgan va o‘sha ibtidoiy metaforasi bilan insoniyat poetik
tafakkurining yuksak cho‘qqisiga chiqqan. Miflar shu tilda yaratilgan. Sivilizatsiya tilni
qashshoqlashtirib qo‘ydi. XX asr qoloq va hali ibtidoiylikni, atrofga ibtidoiy poetik
mushohadasini yo‘qotmagan Lotin Amrikasi yozuvchilari shu til bilan XX asr hayotini
tasvirlab berdi. Shubhasiz, bunga o‘zigacha bo‘lgan adabiy merosni qayta o‘rganish orqali
erishildi.
Bunda Borxesning xizmati bag‘oyat kattadir. Uni mutolaa qilish inson haqidagi
bilimimizni oshiradi, dunyoga va insonga keng qarashni o‘rgatadi. Ko‘nglimizni go‘zallik
bilan oshno qiladi bizni o‘z «menimiz»ga yaqinlashtiradi. …
Download 31.59 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling