Ta`limning ilk tashkiliy shakllari. Individual ta`lim o‘quv-tarbiya jarayonining eng qadimiy tashkiliy shakli bo‘lib, u dastavval antik Gretsiyada paydo bo‘lgan edi. O‘qituvchi bir o‘quvchi bilan ishlab, ta`limni bevosita tashkil etgan, boshqargan, nazorat qilgan. O‘qituvchi matnlarni o‘qib bergan yoki bolalarning o‘zlariga o‘qitib, so‘zlatgan. qoida va ta`riflarni yodlash, jismoniy mashqlarni bajarish, muzika asboblarida u yoki bu kuyni ijro etish yo‘llari bilan bolalar hayot, san`at, notiqlik, jismoniy madaniyatga oid bilimlarni o‘zlashtirishgan.
Keyinchalik individual ta`lim bilan yonma-yon guruhlar asosida o‘qitish tajribasi ham qo‘llana boshlagan. O‘rta asrlarga kelib, qoidalarni yodlash, bir xil tipdagi mashqlarni bajarish, og‘zaki savol-javob, shuningdek, ta`limning yuqori pog‘onalarida ma`ruza, munozara ta`limning yyetakchi usullariga aylana boshlagan.
Individual ta`limni o‘qituvchi o‘z uyida o‘tkazgan yoki o‘quvchining uyida tashkil etgan. Individual-guruh asosidagi ta`limda esa o‘qituvchi bir guruh bola bilan ishlagan: bir xonaga turli yoshdagi, turli tayyorgarlikka ega bo‘lgan bolalar to‘plangan, o‘qituvchi bolalar bilan individual ishlab har bir o‘quvchidan o‘rganilgan mavzuni so‘rab, yangi materialni tushuntirgan, so‘ngra bolalarga individual topshiriq bergan. Guruhdagi barcha o‘quvchi bilan alohida-alohida ishlash shu yo‘sinda davom ettirilgan. Mashg‘ulotlar qat`iy rejim dastur asosida o‘tkazilmagan. O‘quvchi kunning istalgan paytida maktabga kelgan. Dasturlarning yo‘qligi ma`lumot mazmunini o‘zlashtirish jarayonini tashkil etish, boshqarish, nazorat etishda turli chalkashliklarga olib keladi. Ta`limning individual-guruh shakllari sinf-dars tizimi asoslanguncha davom etdi.
Sinf-dars tizimi. O‘rta asrning oxiriga kelib aloqalar kuchaydi, savdo va sanoat jadal sur`atlar bilan o‘sdi. Natijada turli fanlar rivojlandi, dunyoviy bilimlarga ehtiyoj oshdi. Bu, o‘z navbatida, maktab ta`limini yanada takomillashtirishni taqozo qilardi. Ana shunday tarixiy sharoitda buyuk chex pedagogi Y.A.Komenskiy slavyan maktablari tajribasini o‘rganib, sinf-dars tizimini asosladi.
Sinf-dars tizimi jamoa asosida o‘qitishga asoslangan bo‘lib, unda yoshlari teng, bir xil tayyorgarlikka ega o‘quvchilar bir sinfga doimiy birlashtirilgan. Har bir sinf o‘ziga xos dastur darsliklar bilan ishlagan. Ta`limning yyetakchi tashkiliy shakli sifatida darsdan foydalanilgan. Har bir darsda ma`lum o‘quv predmetiga oid o‘quv materiallari o‘rganilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |