TA'M BILISH ANALIZATORLARI
Biz turli xil moddalarning ta'mini til, qisman yumshoq tanglay va halqum orqa devorining yuzasida joylashgan maxsus retseptorlar yordamida sezamiz. Ta'm bilish retseptorlari ta'm bilish so`rg`ichlari deb ham ataladi. Ular soni katta odamlarda 9 mingacha boradi. Ta'm bilish so`rg`ichlari tilning uchida, orqa qismi va chekkalarida bo`ladi. Tilning o`rtasida so`rg`ichlar yo`q. Agar unga biror modda ta'sir ettirilsa, uning ta'mi bilinmaydi. Ta'm bilish so`rg`ichlari 4 xil bo`ladi: ipsimon, zamburug`simon, navsimon va bargsimon so`rg`ichlar bor. Ta'm sezgilarini shirin achchiq, sho`r va nordon sezgilar deb 4 guruhga bo`lish mumkin: til uchi shirinlikni orqa achchiqni ikki chakka qismi esa sho`r va nordon mazzani ko`proq sezadi. Ta'm bilish sezgisi bola tug`ilgan vaqtda ancha rivojlangan bo`lib, 8-10 kunligidan boshlab shirinlikka adikvat reaktsiya paydo bo`ladi. 2 yoshdan 6 yoshgacha bo`lgan bolalarda ta'm bilish sezgisi ortib boradi.
HID BILISH ANALIZATORI
Har xil hidlar burun bo`shlig`i shilliq pardasida joylashgan retseptorlar orqali qabul qilinadi. Ularning soni o`rtacha 60 mln ga yaqin bo`lib, havo tarkibidagi va ovqatdagi kimyoviy moddalar ta'sirida qo`zg`aladi. Bu hujayralarda ko`plab mayda tukchalar bo`lib, ularning uzunligi bir ikki mikronga teng. Burun bo`shlig`ining hid bilish sathi 5 sm2 bo`lib, sezuvchi hujayra tukchalarining ko`p bo`lishi hisobiga hid bilish sathi 100-150 marta ortadi. Hid bilish bola tug`ilgan kundayoq yaxshi ifodalangan bo`lsada lekin bola hidlarni hali yaxshi ajrata olmaydi. Chaqoloqda hidga javoban ba'zi bir noxush hidlarga nisbatan yuz mimikasini o`zgartirish, nafas olish va pulsning o`zgarishi bilan javob beradi. Hidlarni to`liq ajrata olish 7-8 oylikdan boshlanadi.
Tekshirish savollari
Sezgi organlari deb nimaga aytiladi?
Analizatorlar necha xil bo`ladi?
Hid bilish organi qaerda joylashgan?
Ta'm bilish organining yosh hususiyatlari nimalardan iborat?
Ko`rish organi qanday tuzilgan?
Yaqindan ko`rishni oldini olish yo`llari nimalardan iborat?
Eshitish organining yosh hususiyati nimalardan iborat?
Sinf xonasining yoritilishiga qanday gigiyenik talablar qo`yilgan?
Do'stlaringiz bilan baham: |