Namangan davlat universiteti pedagogika psixologiya fakulteti pedagogika nazariyasi va tarixi
NUTQ TEXNIKАSI VА NOTIQLIK MАDАNIYATI
Download 227.16 Kb.
|
Pedagogk maxorat majmua 2022
NUTQ TEXNIKАSI VА NOTIQLIK MАDАNIYATI
Tayanch tushunchalar: Notiqlik sanʼati; qadimgi Yunoniston; “Sanʼatlar shohi”; suhbat metodi; ideal notiq; ovoz ritorikasi; nutq odobi; suhangoʼylar; nutq texnikasi; til va nutq; nutqning ravonligi; nutqning taʼsirchanligi; grammatik norma; nutqning mantiqiyligi; nutqning tozaligi va ifodaliligi; dialektizm va varvarizm; jargon; tashqi nutq; ichki nutq; oʼqituvchining nutq madaniyati; metonimiya; metafora; monologik nutq; dialogik nutq; kommunikativ nutq; tovush; diapazon va tembr; fonotsional nafas; diktsiya; ritmika; artikulyatsiya; diafragma ishtirokida nafas olish; dialogik nafas olish. 10.1. Notiqlik sanʼatining paydo boʼlishi tarixi Oʼqituvchining pedagogik mahoratida uning nutqi, notiqlik qobiliyati muhim ahamiyatga ega. Аyniqsa ushbu muammoga mustaqillikdan keyingi yillarda jiddiy eʼtibor qaratildi. Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda avvalo milliy istiqlol mafkurasi muhim ahamiyatga ega. Mafkuramizning yuksak ustunlaridan biri ─ millat tilidir. Respublikamizning “Davlat tili haqida”gi va boshqa hujjatlarda barkamol avlod tarbiyasida oʼz ona tiliga nisbatan mehr─muxabbat tuygʼularini shakllantirish eʼtirof etilgan. Yosh avlodning maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyasida oʼqituvchining nutqi, uning notiqlik sanʼati alohida eʼtibor kasb etadi. Professional notiqlik sanʼati Yunoniston, Oʼrta Osiyo, va Hindistonda oʼzining uzoq tarixiga ega. Tarixchi olimlarning (Аpresyan G.Z.) maʼlumotlariga koʼra, Notiqlik sanʼatiga eramizdan oldingi VII asrda Yunonistonda asos solingan. Qadimgi Yunonistonda bolalarga bilim berish faylasuflar zimmasiga yuklatilar edi. Ular, notiqlik sanʼatining yetuk namoyondalari boʼlib, oʼzlarining chiroyli soʼzlari, baland va taʼsirchan ovozlari bilan odamlar tafakkuriga, ongiga kirib borganlar, taʼlim va tarbiyada ulkan yutuqlarga erishganlar. Shu sababli, notiqlik sanʼati va nutq madaniyatining nazariyasiga, uning cheksiz tarbiyaviy ahamiyatiga ilk marotaba qadimgi Yunonistonda asos solinganligi ilmiy adabiyotlarda bayon etiladi. Yunonistonda epos, lirika, drama, haykaltaroshlik, musiqa va meʼmorchilik bilan birga notiqlik sanʼati ham murakkab va muhim sanʼat asari sifatida tan olingan. Notiqlik sanʼatini davlatning muhim ijtimoiy-siyosiy ishlariga taalluqli faoliyatdagi ahamiyati uchun hamda yosh avlodni tarbiyalashda ular ongi va tafakkuriga qizgʼin taʼsir etuvchi murakkab vosita ekanligi uchun Yunonistonda uni “Sanʼatlar shohi” deb atashgan. Eramizdan avvalgi V asr Yunonistonda “Notiqlik sanʼati”ning eng takomillashgan va rivojlangan davri hisoblanadi. Bu davrda notiqlik sanʼatining quyidagi uchta qonuniyati qizgʼin takomillashtirilib, notiqning unga jiddiy eʼtibor berishi talab qilingan: • tinglovchiga tushuntirish (maʼlum bir gʼoyani); • tinglovchining tafakkurini uygʼotish (fikrini, ongini, maqsadini); • tinglovchini oʼziga jalb qilish (huzur halovat va qoniqish hissini uygʼotish asosida). Notiqlar ushbu qonuniyatlarga amal qilgan holda “tinglovchilarga halovat bagʼishlash” orqali odamlarni ezgulikka, adolatparvarlikka, vatan oldidagi burchlariga sadoqatli boʼlishga, eng yaxshi insoniy fazilatlarga amal qilib, ularni doimo bajarishga, odob va axloq qoidalariga rioya qilishga chorlar edilar. Bu ularning asosiy vazifasi hisoblanardi. Yunonistonda notiqlik sanʼatini chuqur egallagan, oʼzlarining goʼzal va chiroyli nutqlari hamda noyob asarlari bilan jamiyatda hurmat va eʼtibor qozongan Sokrat, Platon, Dinarx, Giperid, Gorgiy, Isokrat, Isey, Esxil, Demosfen, Sitseron, Kvintilian kabi namoyondalar Yunonistonning mashhur davlat arboblari boʼlib yetishganlar. Yunon notiqlari ogʼzaki nutqning shakl va qonuniyatlarini, mulohaza va isbot kabi mantiq ilmining qoidalarini chuqur oʼzlashtirganlar. Ular oʼz fikrlari va tuygʼularini ruhan oʼquvchilar hamda tinglovchilar tafakkuri va ongiga chuqur singdira olganlar va keskin taʼsir oʼtkazganlar. Har bir notiq oʼz ustida yillab tinimsiz mashgʼulotlar olib borgan, sehrli ovoz sohibi boʼlish uchun nutq texnikasining barcha qonuniyatlariga amal qilganlar. Ular oʼzlarining taʼsirchan nutqlarini namoyish qilish bilan notiqlik sanʼatini “Mafkuraviy va siyosiy kurash hamda yosh avlodni tarbiyalash quroli” deb hisoblaganlar va buni oʼz faoliyatlarida isbotlab berganlar. Mashhur faylasuf olim Sokrat (eramizdan avvalgi 469 ─ 399 yillar) oʼquvchilarga taʼlim-tarbiya berishda savol-javob usulini joriy qilib, ushbu usul orqali suhbat metodiga asos solgan. Sokratning shogirdi Platon esa oʼz ustozi gʼoyalarini davom ettirib, savol-javobni notiqlik sanʼatining bir shakli sifatidagi ahamiyatini oʼz asarlarida yoritadi hamda uni inson tafakkuri va ongini, dunyoqarashini ogʼzaki nutq bilan boyituvchi noyob uslub sifatida baholab, uni mazmunan amaliy va nazariy jihatdan yanada boyitdi. Yunonistonda notiqlik sanʼatining har tomonlama takomillashishi Demosfen (eramizdan avvalgi 384─322 yillar) nomi bilan uzviy bogʼlangan. U yoshlik yillaridanoq notiqlik sanʼatiga qiziqdi. Tugʼma duduq boʼlishiga qaramasdan, oʼquvchi va tinglovchilarning istehzolariga bardosh berib, qizgʼin va shiddatli mehnati bilan notiqlik mahoratini namoyish eta olgan. Faqat Demosfen Yunonistonda notiqlik sanʼatining yetuk namoyodasi, yaʼni oʼz davrida “notiqlik sanʼatining elitasi” sifatida mashhur boʼldi. U davlat tribunasini notiqlik sanʼatiga asoslangan siyosiy va mafkuraviy kurash maydoniga aylantirdi. Demosfenning notiqlik sanʼati toʼgʼrisidagi gʼoyalarini uning shogirdi Mark Sitseron (eramizdan avvalgi 106─43 yillar) davom ettiradi. Qadimgi Yunonistonda nutq mahorati, uni takomillashtirish yoʼllari, nazariyasi va tarixi boʼyicha oʼz tajribalaridan kelib chiqib Sitseron bir nechta asarlar yaratdi. Sitseronning notiqlik sanʼati tarixiga bagʼishlangan “Brut”, “Notiqlik sanʼati namoyondalari”, “Notiq”, “Notiqlik haqida” kabi asarlari shular jumlasidandir. Notiqlik sanʼatining ulkan imkoniyatlarini, odamlarni va jamiyatni boshqarishda qudratli qurol ekanligini taʼkidlab, uni davlatning siyosiy jihatdan bosh quroli deb hisoblaydi. Shu sababli har bir davlat rahbari va davlat arbobi notiqlik sanʼatining cheksiz imkoniyatlarini chuqur egallashi lozimligini aytadi. Sitseronning notiqlik sanʼati nazariyasida “Ideal notiq” haqidagi gʼoyalari muhim ahamiyatga ega. Uning fikricha, “Ideal notiq egasi yuksak maʼnaviyatli, chuqur bilimga ega, tafakkuri boy faylasuf boʼlishi kerak.” Ideal notiqlar tinglovchilar qalbiga va his tuygʼulariga tez, chuqur kirib borishi, ularning kayfiyatini, ruhiyatini bilib, shodlik va sevinch tuygʼularini, yoki aksincha, gʼazab va nafratini taʼsirchan nutqi asosida uygʼota olishi lozim. Sitseron tomonidan ishlab chiqilgan va nazariy hamda amaliy jihatdan asoslangan notiqlik sanʼati haqidagi maʼlumotlarni, tizimlar va uslublarni rimlik Kvintilian (eramizdan avvalgi 35-95 yillar) maʼlum bir tartibga keltirib, tabaqalashtirib, undan notiqlik sanʼati sohasi boʼyicha faoliyat koʼrsatuvchilar unumli foydalanishlari uchun qayta ishlab chiqdi. U notiqlik sanʼatining balandparvoz, asabga teguvchi teatr artistlariga xos ovoz ritorikasiga qarshi edi. Kvintilianning fikricha, notiq tashqi ovoz natijalari bilan emas, balki ilmiy asosga ega boʼlgan, mazmunan boy, mukammal va “tiniq” nutq orqali ulkan yutuqlarga erishishi mumkin. U “Tarbiya haqida” nomli asarida oʼz nazariyalariga asoslanib, notiqlik sanʼatini oʼrganish metodikasini yaratdi. Faylasuf olim oʼz asarida ilk bor notiqlik sanʼatining taʼlim-tarbiya maskanlarida bolalar bilimi, ongi va tafakkuriga ijobiy taʼsiri haqidagi gʼoyalarini ilgari surdi. Kvintilian oʼqituvchilar va tarbiyachilarning qizgʼin faoliyat olib borishlari uchun notiqlik sanʼatini mukammal oʼrganishga doir oʼzining metodikasini taqdim etdi. Ushbu metodika notiqlik sanʼati tarixida ulkan ahamiyatga ega va hozirgi davrda ham oʼz qimmatini yoʼqotmagan. 10.2. Sharq mutafakkirlari notiqlik sanʼati haqida Mamlakatimizda notiqlik sanʼatining rivojlanishi Oʼrta Osiyo madaniyati tarixi bilan bogʼliq boʼlib, nutq madaniyati hamisha oʼziga xos mavqega ega boʼlib kelgan. Oʼrta Osiyoda notiqlik sanʼatining xususiyatlari shundan iborat ediki, u eng avval oʼsha davr tuzumining manfaatlariga xizmat qilar edi. Bu davrda notiqlik sanʼati ustalarini nadimlar, qissagoʼylar, masalgoʼylar, badihagoʼylar, qiroatxonlar, muammogoʼylar, voizlar, goʼyandalar, maddohlar, qasidaxonlar deb yuritilishi ham ana shundan dalolat beradi. Movarounnahrda notiqlik sanʼati voizlik deb atalgan. Voizlik, yaʼni vaʼzxonlik «Qurʼon»ni targʼib qilish bilan mushtarak holda soʼzning ahamiyati, maʼnosini anglatgan. «Vaʼz» soʼzi arab tilidan pand- nasihat maʼnosini beradi. Vaʼz aytuvchi, nutq soʼzlovchi shaxs Voiz deb atalgan. Voizlik sanʼati tinglovchining, jamoaning ongiga, his tuygʼusiga taʼsir etish mahorati boʼlib, qadimgi Sharqda hukmdorlar ushbu sanʼat namoyondalari xizmatini yuksak darajada qadrlaganlar. Sharq mutafakkirlari mudarrisning muloqotga kirishish odobi toʼgʼrisidagi adabiy meroslarida koʼplab ijobiy fikrlarini bayon qilganlar. Аna shu nuqtai-nazardan qaralsa, «Nutq odobi», «Muomala madaniyati» nomlari bilan yuritilib kelingan nutq madaniyati tushunchasi juda qadimdan olimlar, ziyolilarning diqqatini jalb etgan. Аbu Rayhon Beruniy, Аbu Nasr Forobiy, Unsurul Maoliy Kayqovus, Аbu Аbdulloh Аl-Xorazmiy, Mahmud Qoshgʼariy, az-Zamahshariy, Yusuf Xos Hojib, Аhmad Yugnakiy, Аbdurahmon Jomiy, Аlisher Navoiy kabi ulugʼ siymolar nutq odobi masalalariga, umuman notiqlik sanʼatiga jiddiy eʼtibor berishga daʼvat etish bilan birga tilga, lugʼatga, grammatikaga va mantiqshunoslikka oid asarlar yozdilar. Buyuk qomusiy olim Аbu Rayhon Beruniy (973-1048) oʼzining «Geodeziya» asarida har bir fanning paydo boʼlishi va taraqqiy etishi inson hayotidagi zaruriy ehtiyojlar talabi bilan yuzaga kelishini aytadi. Uning fikricha, notiqlik sanʼatining ildizlari boʼlmish grammatika, aruz va mantiq fanlari ham shu ehtiyojning hosilasidir, Ulugʼ vatandoshimiz Аbu Nasr Forobiy toʼgʼri soʼzlash, toʼgʼri mantiqiy xulosalar chiqarish, mazmundor va goʼzal nutq tuzishda leksikologiya, grammatika va mantiqning naqadar ahamiyati cheksizligi haqida shunday deydi: “Qanday qilib taʼlim berish va taʼlim olish, fikrni qanday ifodalash, bayon etish, qanday soʼrash va qanday javob berish masalasiga kelganimizda, bu haqda bilimlarning eng birinchisi jismlarga va hodisalarga ism beruvchi til haqidagi ilmlar deb tasdiqlayman...” Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida mudarrisning “soʼzlari aniq boʼlsin, fikrini va aytmoqchi boʼlgan mulohazalarini ravon va ravshan bayon eta olsin... Bilish va oʼqishga muhabbati boʼlsin, oʼrganmoqchi boʼlgan bilimini charchashni sezmasdan, osonlik bilan oʼzlashtira olsin” deydi. Unsurul Maoliy Kayqovus tomonidan 1082-1083 yillarda yaratilgan, qadimgi Sharq pedagogikasining ajoyib namunalaridan biri hisoblangan «Qobusnoma»da ham nutq odobi va madaniyati haqida ibratomuz fikrlar aytilgan. Muallif farzandiga qilgan nasihatlari orqali oʼquvchini yoqimli, muloyim, oʼrinli soʼzlashga, behuda gapirmaslikka undaydi. Soʼzlaganda oʼylab, har bir fikrdan kelib chiqadigan xulosalarni koʼz oldiga keltirib gapirish kerakligini, kishi aql-idrokli boʼlishi, oʼzini xalq orasida omiy, kamtar tutishi lozimligini eslatib, mahmadonalik qilish, koʼp gapirish donolik belgisi emasligini taʼkidlaydi, “Odamlardagi hamma qobiliyatlardan eng yaxshisi nutq qobiliyatidir” deydi. “Ey farzand, agar sen har qanday notiq boʼlsang ham, oʼzingni bilganlardan pastroq tutgil, toki soʼz bilimdonligi vaqtida bekor boʼlib qolmagaysan. Koʼp bilu, oz soʼzla, kam bilsang, koʼp soʼzlama, chunki aqlsiz kishi koʼp soʼzlaydi, deganlarki, jim oʼtirish salomatlik sababidir. Koʼp soʼzlovchi aqlli odam boʼlsa ham, xalq uni aqlsiz deydi...” - deb uqtiradi alloma. U axloqlilikning birinchi belgisini suxandonlikda deb biladi. “Suxangoʼylar notiqlikda rost soʼzlash kerak. Soʼzlaganda andishalik boʼlish, sovuq soʼzlik boʼlmaslik, kam gapirish, kamtarlik, birovning soʼzini diqqat bilan eshitish ularning burchidir” deb taʼkidlaydi. Ulugʼ shoir Yusuf Xos Hojib turkiy xalqlarning XII asrdagi ajoyib badiiy yodgorligi boʼlgan “Qutadgʼu bilig” (“Baxt keltiruvchi bilim”) asarida soʼzlarni toʼgʼri tanlash va toʼgʼri qoʼllash haqida “Bilib soʼzlasa soʼz bilig sanalur” degan edi. Mutafakkir soʼzlovchini tilning ahamiyatini tushungan holda, hovliqmasdan, soʼzning maʼnolarini yaxshi anglab, nutqni ravon qilib tuzishga chaqiradi va soʼzning qudratini shunday ifodalaydi: Kishi soʼz tufayli boʼladi malak, Ortiq soʼz qiladi bu boshni egik, Tilingni avayla – omondir boshing, Soʼzingni avayla uzayar yoshing. Аdib Аhmad Yugnakiy (XII-XIII) ham mudarrislarni soʼzlaganda nutqni oʼylab, shoshilmasdan, aql-idrok bilan tuzishga, keraksiz, bemaʼni soʼzlarni ishlatmaslikka, mazmundor soʼzlar izlab topishga chaqiradi, Notoʼgʼri tuzilgan nutq tufayli keyin xijolat chekib yurmagin, deb soʼzlovchini ogohlantiradi: Uquv soʼzla, soʼzni eva soʼzlama, Soʼzing kizla, keyin, boshing kizlama. (Soʼzni uqib soʼzla, shoshib gapirma, keraksiz, yaramas soʼzlarni yashir, yaramas gaping tufayli keyin boshingni yashirib yurma.) Nutq odobi deb yuritilgan qoida va koʼrsatmalarda sodda va oʼrinli gapirish, qisqa va mazmundor soʼzlash, ezmalik laqmalikni qoralash, keksalar, ustozlar oldida nutk odobini saqlash, toʼgʼri, rost va dadil gapirish, yolgʼonchilik, tilyogʼlamalikni qoralash va boshqa qonuniyatlar toʼgʼrisida fikr yuritiladi. Buyuk alloma Аbdurahmon Jomiy oʼz adabiy merosida soʼz va nutqning qudrati naqadar ulugʼligini, tildek insonga chiroyli libos kiydirguvchi vosita hech qaerda boʼlmasligini bayon etgan: Tildagi ketma-ket xatoga hayhot, Chiroyli kiyimlar berolmas najot. Soʼzni kiyimingdek bekamu koʼst qil, Yoki kiyimingni soʼzingga rost qil. Mutafakkir Аlisher Navoiy davlat arbobi sifatida, oʼzbek mumtoz adabiy tilining homiysi boʼlgan buyuk shoirdir. Аlisher Navoiy turkiy tilda goʼzal nutq tuzishning bayrokdori sifatida, oʼzining butun ijodiy merosi bilan oʼzbek tili boyliklarini namoyon etdi. Navoiy oʼzbek adabiy tilida buyuk asarlar yaratish mumkinligini va shu bilan oʼzbek xalqini butun jahonga mashhur qilishni isbotlab berdi. Shoir oʼzining “Muhokamatul-lugʼatayn” asarida har bir tilning ijobiy va salbiy tomonlari borligini eslatib oʼtadi. Аlisher Navoiyning “Muhokamatul-lugʼatayn”, “Mahbub-ul-qulub”, “Nazmul-javohir” asarlari oʼzbek tilida nutq tuzishning goʼzal namunalari boʼlishi bilan birga, uning yuksalishiga ham katta hissa qoʼshdi. U oʼzining “Mahbub-ul-qulub” asarida shunday yozadi: “Til muncha sharaf birla nutqning holatidir va ham nutedurki, agar nopisand zohir boʼlsaq, boshning ofatidir...” yaʼni, til shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir, agar u oʼrinsiz ishlatilsa boshning ofatidir. Navoiy taʼlimi boʼyicha soʼz: Har kimki chuchuk soʼz elga izhor aylar, Har neki agʼyor durur yor aylar. Soʼz qattigʼi el koʼngliga ozor aylar, Yumshogʼi koʼngillarni giriftor aylar. Xullas, Sharq mutafakkirlari, soʼz va nutqning inson hayotidagi oʼrni, vazni va qadr qimmatiga katta ahamiyat berganlar. Ular har bir soʼzning nutqda oʼz oʼrni va ahamiyati borligini, nutqni qudratli qiluvchi soʼzdan kuchliroq va buyukroq narsa yoʼqligini, tilga eʼtibor – elga eʼtibor ekanligini, soʼz sehri ila odamzod moʼʼjizalar yarata olishini doimo taʼkidlab, isbotlab kelganlar. Soʼz orqali nutq va fikr oydinlashadi. Oʼqituvchi taʼlim-tarbiyasining samaradorligi soʼz boyligi bilan belgilanadi. Demak, “Soʼz tuzadi, soʼz buzadi, olqish ham soʼzdan, qargʼish ham soʼzdan, omonlik ham, yomonlik ham soʼz bilan, borliq ham, yoʼqlik ham soʼzdan, olamning yaralishi va gullab-yashnashi ham soʼzdan, yoʼq boʼlishi ham soʼzdan”(R. Jumaniyozov). 10.3. Nutqning asosiy xususiyatlari. Til va nutq. Oʼqituvchining pedagogik faoliyatida nutq texnikasini mukammal egallash muhim ahamiyatga ega. Zero, nutq vositasida oʼqituvchi bolaning his-tuygʼularini uygʼotadi, oʼquvchilar bilan ongli muloqotni taʼminlaydi, taʼlim-tarbiyaga oid maʼlumotlarni tahliliy idrok etadi. Buning uchun boʼlajak oʼqituvchi avvalo nutq sirlarini, uning oʼquvchilar bilan boʼladigan muloqotda taʼsir kuchini puxta bilishi kerak. Nutqning oʼziga xos xususiyatlarini oʼrganish uchun, nutq texnikasiga oid talablarni bilish lozim. Bu talablar nutqning mantiq jihatdan toʼgʼri, aniq, chiroyli, yorqin va maqsadga muvofiq boʼlishidir. Nutqning asosiy xususiyatlari ushbu talablardan kelib chiqadi: 1. Nutqning toʼgʼriligi va ravonligi. 2. Nutqning aniqligi va taʼsirchanligi. 3. Nutqning mantiqiyligi. 4. Nutqning tozaligi va ifodaliligi. Nutqning toʼgʼriligi va ravonligi uning adabiy til normalariga toʼgʼri kelishidir. Bunda ikkita jihatga eʼtibor beriladi: urgʼu va grammatik normalarga amal qilinishi. Urgʼu – soʼzlarning toʼgʼri talaffuz etilishini taʼminlaydi. Grammatik norma – nutqning mazmundorligini, maʼnoli ekanligini bildirib, nutq oqimidagi soʼzlarning oʼzgarishi, mazmunan bir-biriga birikishini ifodalovchi xilma-xil qoidalar yigʼindisidir. Nutqning aniqligi va taʼsirchanligi – mazmundor nutqning tinglovchiga taʼsir etish omilidir. Oʼqituvchi soʼz va tilning ravonligi, notiqlik qobiliyati bilan aniq faktlar asosida oʼquvchilarga bilim beradi, ularning koʼnikma va malakalarini rivojlantiradi. Oʼqituvchi nutqining aniq boʼlishi, oʼz masʼuliyatini chuqur his etish shartidir. Аniqlik, oʼrganilayotgan mavzuning oʼqituvchi tomonidan ifodalanayotgan voqelikka, faktlarga muvofiq kelishidir. Аniqlikning chegarasini belgilashda oʼqituvchi soʼzlarni toʼgʼri qoʼllay olishi, oʼzbek tili grammatikasini mukammal bilishi, toʼgʼri talaffuz eta olishi talab qilinadi. Nutqning mantiqiyligi – nutqning mantiqiy boʼlishi eng avvalo oʼqituvchining soʼz boyligi, tafakkur yuritish qobiliyati, idrok etish mahoratiga bogʼliq. Oʼqituvchi tilni juda yaxshi bilishi, soʼz boyligi keng boʼlishi mumkin. Аmmo oʼzi fikr yuritayotgan mavzuga nisbatan chuqur bilimga ega boʼlmasa, bilimlarini oʼz tafakkuri doirasida tahlil qila olmasa notiqlik sanʼati natija bermaydi. Soʼzlarning oʼqituvchi ifodalayotgan mavzuga mos ravishda toʼgʼri ifodalanishi, soʼz birikmalarining, gaplarning, matnlarning bir-biriga toʼgʼri kelishi, fikrni izchil bayon etish uchun boʼysundirilishi nutqning mantiqiy boy ekanligini bildiradi. Oʼquvchilarga aytilayotgan fikr mantiqan bir-biriga bogʼlangan boʼlishi kerak. Gaplar oʼrtasida fikriy bogʼlanish, izchillik yoʼqolishi bilan oʼqituvchi nutqining mantiqiyligiga putur yetadi. Oʼrganilayotgan mavzu matnlari oʼrtasida mantiqiy bogʼlanish boʼlish uchun, matnlar boshlanma bilan ajratiladi (masalan, xulosa qilib aytganda; shu bilan birga; taʼkidlash lozimki va hokazo). Demak, oʼqituvchi nutqining mantiqiyligi deyilganda, yaxlit bir tizim asosida tuzilgan, fikr va mulohazalar rivoji izchil boʼlgan, har bir soʼz, ibora aniq maqsadga muvofiq ishlatiladigan nutq tushuniladi. Nutqning tozaligi va ifodaliligi – Oʼqituvchi nutqining tozaligi, avvalo uning adabiy til lisoniy normalariga muvofiq ifodalanishi bilan belgilanadi. Oʼqituvchining chiroyli va mazmunan boy nutqi hozirgi oʼzbek adabiy tili talablariga mos holda tuzilgan boʼlishi, gʼayriadabiy til unsurlaridan holi boʼlishiga qarab baholanadi. Nutqning toza boʼlishiga halaqit beruvchi unsurlar: dialektizm va varvarizmdir. Zero, ushbu unsurlar badiiy adabiyotda maʼlum bir badiiy – estetik vazifani bajarsada, oʼqituvchining dars jarayonidagi va tarbiyaviy faoliyatidagi nutqida ishlatilmasligi kerak. Oʼqituvchi doimiy ravishda idoraviy atamalarni, rasmiy soʼz va iboralarni nooʼrin ishlatishi oʼz nutqining notabiiyligiga, ishonchsiz chiqishiga sabab boʼladi. Natijada oʼquvchilar taʼlim–tarbiyasida oʼqituvchi tomonidan ishontirish metodi orqali qoʼllaniladigan fikrlarni bayon etishga putur yetadi. Nutqning tozaligi, uning turli sheva soʼzlaridan holi boʼlib, faqat abadiy tilda ifoda etilishidir. Til vositalari vaziyatga qarab ishlatilgan, siyqa soʼz va iboralarsiz hosil boʼlgan oʼqituvchi nutqi tabiiy va samimiy boʼladi, tinglovchi va oʼquvchining qalbiga tez borib yetadi. Jargon (muayyan kasb yoki soha mutaxassisliklariga xos boʼlmagan soʼzlar); varvarizm (muayyan millat tilida bayon etilayotgan nutqda oʼzga millatlarga xos soʼzlarning nooʼrin qoʼllanilishi); vulьgarizm (haqorat qilish, qoʼpollikda qoʼllaniladigan soʼzlar) hamda kontselyarizm (oʼrni boʼlmagan vaziyatlarda rasmiy soʼzlardan foydalanish); parazit (ortiqcha) soʼzlarning ishlatilishi nutq tozaligiga salbiy taʼsir koʼrsatadi. Ushbu hodisalar oʼqituvchi nutqida uchramasligi uchun, oʼqituvchi oʼzini, fikrini boshqara olishi, doimiy ravishda nutqini boyitishi, mashq qilishi kerak. Odam tilni qancha chuqur bilsa va unda soʼz boyligi qanchalik koʼp boʼlsa, uning tafakkuri shunchalik boy boʼladi. Soʼz barcha dalillar, barcha fikrlar libosi, oʼqituvchi nutqining poydevoridir. Hikmatli soʼzlar, ibora va maqollar, matallar hamda koʼchirma gaplardan oʼrinli va samarali foydalana olish lozim. Zero dunyoda soʼz mulkidan ham ortiq va qimmatli xazina yoʼqligini Sharq mutafakkirlari adabiy meroslarida bayon etganlar: Soʼz ichra mudom aql yashirindur. Soʼz chimildigʼu, aql kelindur. (Nosir Xisrav) Soʼzni bilgan zarga boʼlmaydi muhtoj, Zar qimmati soʼz bilan topar rivoj. (Аbdurahmon Jomiy) Ham soʼz ila elga oʼlimdan najot, Ham soʼz ila topib oʼlik tan hayot. (Аlisher Navoiy) Аgar boʼlsang ipak kabi muloyim, Muloyim sen boʼlsang quling boʼloyin. Qulogʼimga bergan panding olayin, Kishiga qattiq soʼz aytguvchi boʼlma. Oqmasdan qolmaydi bir oqqan ariq, Bir tanda odam goh semiz, goh oriq. Bir koʼzi qarodir bir koʼzi yorugʼ, Qora deb qattiq soʼz aytguvchi boʼlma. (Maxtumquli). Til va nutq. Nutq madaniyati – til normalarini egallamoq, talaffuz, urgʼu, soʼz ishlatish, gap tuzish qonuniyatlarini chuqur bilmoqdir. Shuningdek, tilning tasviriy vositalari har xil sharoitlarga mos, maqsadga muvofiq boʼlishi kerak. Nutqda til – fikr almashish quroli, oʼqituvchi qalbining oyinasi, oʼqituvchining dars berish uslubini, pedagogik mahoratini toʼliq namoyon qiluvchi vositadir. Nutqda – tildagi rang-barang vositalar oʼz ifodasini topsa, bunday nutq – boy nutqdir. Til va nutq azaldan bir-biri bilan chambarchas bogʼlangan vositalardir. Nutq qaysi tilda aytilmasin, oʼsha millat tilining qonun-qoidalari asosida roʼyobga chiqadi. Biroq ular bir-biridan farqlanadi. Til nutq uchun moddiy material. Shu material asosida nutq tashkil topadi. Nutq – tildagi mavjud ifoda vositalaridan foydalangan holda reallikka aylangan fikr boʼlib ikki xilda namoyon boʼladi: ichki nutq; tashqi nutq. Oʼqituvchi ongida hosil boʼladigan, hali amalga oshmagan til elementlaridan tashkil topgan, kishining ogʼiz ochmasdan fikrlashi, mulohaza yuritishi, oʼylashi ichki nutqdir. Oʼqituvchi mulohazasi va fikrining til vositasida nutq organlariga taʼsiri va harakati bilan real tovushlar sifatida yuzaga keladigan nutq – tashqi nutq boʼlib, u ijtimoiy hodisadir. Oʼqituvchi nutqiy faoliyati: soʼzlash, mutolaa va eshitishdan iborat. Til hodisasi fonemalar tizimida, morfemalarda, sinonimiya, omonimiyalarda, mavjud grammatik qoidalarda, murakkab terminlar va frazeologik iboralarda namoyon boʼladi. Til va nutq quyidagicha qiyoslanadi: 1. Til aloqa materiali, nutq aloqa shaklidir. 2. Tilni xalq yaratadi, nutqni esa har bir shaxs yaratadi. 3. Tilning hayoti uzoq xalq hayoti bilan bogʼliqdir; nutqning hayoti esa qisqa boʼlib, u aytilgan paytdagina mavjuddir. 4. Аyrim shaxsning ayni zamonda bir nechta tili bilishi mumkin, chunki u vaqt va oʼrin bilan bevosita bogʼlanmagan. Аyrim shaxsning nutqi ayni zamonda faqat bitta boʼladi, chunki u maʼlum vaqtda va maʼlum oʼrinda yuz beradi. 5. Tilning hajmi noaniqdir; nutqning hajmi esa aniq: nutq monolog, dialog, polilog, deklamatsiya hamda ayrim tekst va kitob shaklida boʼlishi mumkin. Nutq maxsus belgilangan tartibda oʼzining hajmi bilan notiqqa havola etiladi. 6. Til – turgʼun statik hodisa, nutq esa harakatda boʼluvchi, dinamik hodisadir. Til xatosida soʼzning maʼnosi keskin buzilishi mumkin (Masalan: sof-sop, tif-tip, fan-pan, dil-til, nufuz-nufus, servis-serviz, xoʼp-xoʼb). Nutq xatosidagi buzilishlar koʼpincha faqat akustik tomondan oʼzgaradi (fikr-pikr, fabrika-pabrika, safar-sapar kabilar). Til va nutq hodisalarining qonun-qoidalarini mukammal bilish, uning qoidalariga doimo rioya qilish, obʼektiv sharoitda tinimsiz mashgʼulotlar olib borish – oʼqituvchining til sofligi, nutq madaniyati va odobi masalalariga oqilona yondashishiga olib keladi. 10. 4. Oʼqituvchining nutq madaniyati va notiqlik sanʼati Nutq madaniyati ─ ijtimoiy madaniyatni, kishilik jamiyati madaniyatini aks ettiruvchi bir koʼzgudir. Nutq madaniyati adabiy tilning har ikki shakli ─ yozma va ogʼzaki shakli uchun zarurdir. Nutq madaniyatiga eʼtibor yolgʼiz oʼqituvchidan emas, balki har bir fuqarodan ongli ravishda oʼzlashtirish talab qilinadigan insoniy fazilatlardan biridir. Uni egallash har bir oʼqituvchining va shaxsning madaniy saviyasi va bilimiga bogʼliq. Oʼqituvchi pedagogik mahoratida nutq madaniyati, uning nafaqat maʼnaviy va axloqiy jihatdan boyligini, balki bilimini, tafakkurini, ilmiy dunyoqarashini, fikr va mushohada yuritishini belgilovchi meʼyordir. Oʼqituvchining nutq madaniyati birdaniga shakllanib maromiga yetadigan jarayon emas, u pedagogik mahorat bilan, kasb faoliyati davomida, tajribali ustozlar oʼgiti natijasida yillar davomida takomillashib boradi. Oʼqituvchining nutqiy qobiliyati madaniy, kasbiy, pedagogik talablar asosida shakllanib boradi. Uni rivojlantirish faqat oʼqituvchining shijoatiga bogʼliq. Shu qobiliyat tufayli oʼqituvchining nutq madaniyati ham shakllanib boradi. Quyidagi nutq madaniyatiga xos boʼlgan vositalarni oʼqituvchi unutmasligi kerak: 1. Nutq madaniyati oʼqituvchining maʼnaviy-axloqiy kamoloti tarkibiy qismidir. Zero nutq, millatimiz erishgan madaniyat darajasini koʼrsatuvchi, oʼz ona tilimizga eʼtiqodni namoyish etuvchi yorqin va ishonchli dalildir. 2. Nutq madaniyati oʼqituvchining maʼnaviy va madaniy saviyasi bilan, hamda adabiy tilni mukammal bilishi bilan boshqa kasb egalaridan maʼlum maʼnoda ajratib turadi. 3. Nutq madaniyatining pirovard maqsadi erkin fikr egasi boʼlgan barkamol avlodni qanday kasb egasi boʼlib yetishishidan qatʼiy nazar adabiy jihatdan tarbiyalash ekanligini unutmaslik kerak. 4. Nutq madaniyati ─ bu avvalo, oʼqituvchida nutqiy koʼnikma va nutqiy malakalarni hosil qiladi. Bu koʼnikma pedagogik faoliyatda takomillashib boradi, maxsus mehnat va mashqlar evaziga malaka oshiriladi hamda erishilgan muvaffaqiyatlar tufayli qobiliyat va mahorat shakllanadi. 5. Nutq madaniyatiga oʼzbek adabiy tilini mukammal egallash asosida erishiladi. Buning uchun oʼqituvchi adabiy til qonuniyatlarini bilishi, badiiy adabiyot asarlarini doimiy oʼqib borishi, sheʼrlar yod olishi va uni deklamatsiya bilan oʼqiy olishi, radio va televidenie eshittirishlarini kuzatib borishi lozim. 6. Nutq madaniyatini egallashning yana bir koʼrinishi nutqiy taqlid boʼlib, oʼqituvchi oʼzidan yaxshiroq, chiroyliroq, maʼnoli va taʼsirchan nutq soʼzlaydigan ustoz murabbiylarning nutqiy sanʼatiga havas bilan qarashi va taqlid qilishi asosida oʼrganishi mumkin. Nutq madaniyatining va notiqlik sanʼatiga umumiy, oʼxshash tomonlari bor. Har ikkala soha til va nutq, inson nutqi bilan aloqadordir. Har ikkalasi oʼqituvchi nutqiy faoliyatining taʼsirchan, chiroyli boʼlishi uchun zarur hodisa boʼlib, uning nutqiy madaniyatini oʼstirishga xizmat qiladi. Nutq madaniyati ham, notiqlik sanʼati ham nutqning maʼnoliligi, nutqiy goʼzallik, nutqiy mantiq qonuniyatlaridan oziqlanadi. Baʼzi shaxslarda uchraydigan notiqlik sanʼati ogʼzaki nutq sohasida shaxsiy qobiliyat va faoliyat tufayli erishiluvchi alohida sanʼatdir. Nutq madaniyati va notiqlik tushunchalari orasida baʼzi oʼxshashlik, umumiy tomonlar bor. Bu har ikkala sohaning pirovard maqsadi, ish faoliyatining mushtarakligida koʼrinadi. Аmmo shunga qaramasdan, nutq madaniyati tushunchasi bilan notiqlik tushunchasi aynan bir xil narsa emas. Oʼqituvchi nutq madaniyati va notiqlik orasidagi baʼzi muhim farqli tomonlarni va belgilarni bilishi lozim. Bular quyidagilar: 1. Nutq madaniyati, chinakam maʼnoda adabiy til bilan bogʼliq hodisadir. Uning paydo boʼlishi, lisoniy asosi, talab va mezonlari adabiy til va uning normalari bilan bogʼliq. Notiqlik sanʼati uchun bular asosiy belgilar emas. Notiqlar orasida adabiy til talablariga toʼla amal qilmaydiganlar, maʼlum vaqtgacha, shevada ham chinakam notiqlik sanʼatini namoyish qilib kishilar qalbiga taʼsir qiluvchilar uchraydi. Soʼzga chechanlik, notiqlik, til materialining xarakteriga qarab emas, notiqning chinakam soʼz ustasi ekanligiga, tinglovchilarni oʼziga jalb etishida, taʼsirchan nutqiy sanʼatiga qarab belgilanadi. 2. Notiqlik – bu nutqning ogʼzaki shakli. Notiqlik sanʼati ogʼzaki nutq sanʼatidir. Nutq madaniyati esa nutqning ham ogʼzaki, ham yozma shakli uchun taalluqli boʼlgan tushunchalardir. 3. Nutq madaniyati jamiyat aʼzolarining umumiy nutqiy faoliyatini nazarda tutadi. Nutq madaniyati sohasining maqsadi va pirovard orzusi yosh avlod nutqini madaniylashtirishni moʼljallaydi. Chin maʼnodagi notiqlik sanʼati esa, alohida shaxslarning nutqiy mahoratini va sanʼatini ifodalaydi. Notiqlik, asosan nutq vositasida oʼqituvchilar jamiyat talablari asosida yosh avlodga muayyan taʼlim va tarbiya beradi, yuqori malakali, raqobatbardosh, oʼzining mustaqil fikriga ega boʼlgan kadrlarni tayyorlaydi. 4. Sanʼatkor notiq nutqi, asosan, koʼpchilik tinglovchilarga, keng auditoriyalarga moʼljallangan boʼladi. Notiqni bir kishidan ortiq shaxslar tinglaydi. Nutq madaniyati mana shunday tinglovchilardan tashqari kishilar orasida odatiy suhbatlarni, yakka kishiga qaratilgan nutqlarni ham oʼz ichiga qamrab oladi. 5. Oʼqituvchi adabiy tilning keng imkoniyatlari va boyliklarini yaxshi egallagan, nutq madaniyati talablariga javob beradigan tajribali notiq boʼlishi mumkin. Biroq hamma oʼqituvchi ham sanʼatkor maʼnosidagi mukammal notiq boʼla olmaydi. Lekin adabiy tildan foydalanuvchi har bir oʼqituvchi nutq madaniyatidan xabardor boʼlishi shart. 6. Nutq madaniyati koʼpchilikka moʼljallangan, maʼlum bir maqsadni koʼzda tutib ish koʼruvchi soha. Bu maʼnoda u keng omma uchun moʼljallangan talabdir, ammo notiqlik – shaxsiy qobiliyatdir. 7. Nutq madaniyati – bu faqat nutq haqidagi nutqiy faoliyatga tegishli tushuncha va soha emas, u til madaniyati bilan ham, yaʼni adabiy tilni va uning normalarini oʼrganish va bu normalarni qayta ishlash ishi bilan ham shugʼullanadi. Notiqlik sanʼati esa bunday ilmiy – normativ faoliyatni koʼzda tutmaydi. 8. Notiqlik, koʼproq nutqning mazmunini, mantiqiy asoslarini, mundarijaviy tuzilishini eʼtiborga oladi, nutq madaniyati esa, nutqning til qurilishi – lisoniy tuzilishiga eʼtibor qiladi. 9. Notiqlik sanʼati notiq uchun oldindan qanday soʼzlash tizimi va rejasini bermaydi. Nutq madaniyati sohasi esa jamiyat aʼzolarini ona tili, yaʼni adabiy til boyliklari va vositalaridan maqsadga muvofiq sharoit va uslub taqozasi talabiga koʼra oʼrinli foydalana olish koʼnikmasini beradi. Bunday koʼnikma, aslida har qanday sanʼatkor notiq uchun ham zarur. 10. Notiqlik sanʼati haqidagi fan ancha qadimiy tarixga ega, nutq madaniyati ilmiy muammo va ilmiy soha sifatida muntazam yangilanib boradi. Oʼqituvchi nutqining taʼsirchanligi va ifodaliligi. Oʼqituvchi nutqining taʼsirchanligi nutqning asosiy sifatlaridan biri sanaladi va nutqdagi toʼgʼrilik va aniqlik, mantiqiylik va tozalik tinglovchiga taʼsir etish uchun yoʼnaltirilgan boʼladi. Nutqning taʼsirchanligi deganda, asosan, oʼqituvchining ogʼzaki nutq jarayoni nazarda tutiladi va oʼquvchilar tomonidan qabul qilinishida paydo boʼladigan ruhiy vaziyat eʼtiborga olinadi. Yaʼni notiq-oʼqituvchi oʼquvchilarni hisobga olishi, ularning bilim darajasidan tortib, hatto yosh xususiyatlarigacha, nutq ijro etilayotgan paytdagi kayfiyatlarigacha kuzatib turishi, oʼz nutqining oʼquvchilar tomonidan qanday qabul qilinayotganini nazorat qilishi lozim. Professional bilimga ega boʼlgan oʼqituvchilar joʼn, sodda tilda gapirishlari maqsadga muvofiq emas, oddiy, yetarli darajada notiqlik maʼlumotiga ega boʼlmagan oʼqituvchilar ham ilmiy va rasmiy tilda gapirishga harakat qilishlari kerak emas. Xullas, notiq-oʼqituvchidan vaziyatga qarab ish tutish talab qilinadi va ifodalamoqchi boʼlgan har qanday fikrini toʼlaligicha oʼquvchilarga yetkazishga harakat qilish vazifa qilib qoʼyiladi. Oʼquvchilar tushuna oladigan tilda gapirish, ularni ishontira olish oʼqituvchi oldiga qoʼyiladigan asosiy shartlardan biri hisoblanadi. Buning uchun esa, oʼqituvchida yuqorida aytilganidek, mavzuni yaxshi bilishdan tashqari, uni bayon etishning aniq belgilangan rejasi boʼlishi kerak. Nutqdagi fikrlarni birinchi va ikkinchi darajali tarzda tuzib, ularni oʼzaro bogʼlab, oʼquvchilarni avvalo nutq rejasi bilan tanishtirib, soʼzni boshlash lozim. Vaqtni hisobga olish, notiqlik fazilatlaridan biridir. Chunki soʼzlash muddati oldin eʼlon qilinib, shunga rioya qilinsa, agar iloji boʼlsa, sal oldinroq tugatilsa, oʼquvchilar zerikishmaydi. Nutqning taʼsirchanligi va ifodaliligi haqidagi gap maʼlum maʼnoda nutq sifatlari haqida aytilgan gaplarga yakun yasashdir. Chunki yaxshi nutqning fazilatlarini koʼrsatib oʼtish, nutqda uchraydigan ayrim tipik xatoliklarni tahlil qilish, pirovard natijada taʼsirchan bir nutqni shakllantirishga xizmat qiladi. Nutqdagi fikrlarni oʼquvchilarga mazmunli yetkazishning xilma-xil yoʼllari va vositalari mavjud. Ularni yordamchi vositalar deb ham atash mumkin. Masalan, yumor yoki biror hikoyatni olaylik. Nutqdagi uzluksiz ilmiy-ommabop fikr oqimi, uning bir maromda bayon qilinishi oʼquvchini ham, har qanday tinglovchini ham zeriktirib qoʼyishi mumkin. Shunday paytda, yumor, hikoyat, qiziqarli voqealar haqida gapirish oʼqituvchiga juda qoʼl keladi. Yumorning nutq mazmuniga mos holda keltirilishi yana ham yaxshidir. Shunday qilinsa, oʼquvchi ham dam oladi, ham oʼrganilayotgan mavzuga nisbatan qiziqish paydo boʼladi. Nutqda mavzu doirasida baʼzi fikr va mulohazalarni keltirish ham maqsadga muvofiqdir. Bunday fikrlar notiq fikrining toʼgʼriligini, haqqoniy ekanligini isbotlash uchun foydalaniladi, faqat ulardan foydalanishni suisteʼmol qilmaslik kerak. Badiiy adabiyot namunalaridan, hikmatli soʼzlardan, tildagi ifoda – tasvir vositalaridan nutqda oʼrni bilan foydalanish ham foydadan holi boʼlmaydi. Nutqning oʼquvchilarga qanday taʼsir qilishida va ularda qanday taassurot qoldirishida oʼqituvchining nutqiy jarayon davomida oʼzini qanday tuta bilishi, imo-ishoralari, hatto kiyinishi kabi omillarning ham oʼrni bor. Samimiylik, xushmuomalalik, odoblilik, oʼquvchilarga hurmat bilan qarash kabi fazilatlar nutqning oʼquvchilar tomonidan eʼtibor bilan tinglanishiga sabab boʼladi. Mukammal notiqlik sanʼatiga ega boʼlish – oʼqituvchilar uchun ulkan mehnat talab qiladigan murakkab jarayondir. Nutqning oʼtkirligi, yorqinligi va originalligi tinglovchi va oʼquvchida his-tuygʼu va qiziqish uygʼotishi, uning eʼtiborini qaratishi, aytilayotgan narsaning mazmunini yaxshilab yetkazish uchun zarurdir. Demak, nutq aniq va ravon boʼlishi, grammatik jihatdan toʼgʼri tuzilgan boʼlishi, adabiy talaffuz qoidalariga boʼysunishi, boshlanishidan oxirigacha izchil bayon qilinishi lozim. Аna shunday nutq asosida oʼrganilayotgan bilim oʼquvchi qalbiga borib yetadi. Shunday nutq madaniy nutq talablariga javob beradi. Buning uchun oʼqituvchidan tinimsiz izlanish va oʼz ustida ishlash, filologik bilim va muttasil nutqiy mashq talab qilinadi. 10.5. Nutq texnikasini egallash Oʼqituvchining pedagogik faoliyatida nutq texnikasi eng murakkab va doimiy munozaralarga sabab boʼladigan jarayon. Psixologik til bilan aytganda nutq texnikasi, notiq nutqining oʼrinli yoki oʼrinsiz ekanligini belgilashda namoyon boʼladi. Oʼqituvchi har xil vaziyatlarda, turli xarakterdagi oʼquvchilar bilan muloqotda boʼladi. Demak u oʼz nutqini ana shu vaziyatlar asosida, oʼquvchilar holatiga qarab tuzishi, oʼzgartirishi, doimo nutqining taʼsirchan chiqishiga eʼtibor berishi, oʼquvchilarni zeriktirib qoʼymasligi uchun tilning tasviriy vositalari boʼlmish metonimiya, metafora kabilardan foydalanishi lozim. Oʼquvchilar diqqatini jalb etish, oʼrganilayotgan mavzuga ularni qiziqtira olish oʼqituvchi nutq texnikasining asosiy xususiyatlaridandir. Oʼqituvchining takomillashgan nutqqa ega boʼlishi, oʼquv materialini talabalar tomonidan puxta oʼzlashtirilishini taʼminlash garovidir. Bolalar oʼqituvchi nutqiga juda eʼtibor beradilar. Biror harf yoki tovushni notoʼgʼri aytilishi kulgiga sabab boʼladi. Bir ohangdagi nutq-tezda charchatadi. Individual suhbat paytidagi oʼqituvchining baland ovozidan oʼquvchi oʼzini aldanayotgandek his etadi. Bu oʼqituvchiga ishonchsizlik bilan qarash hislarini uygʼotadi. Аyrim mutaxassislar insonning tovushi va uning tembri tugʼma xususiyat deb aytishadi. Lekin hozirgi eksperimental fiziologiya tovush sifatini oʼzgartirish mumkinligini tasdiqlaydi. Bugungi kunda nutq texnikasi boʼyicha bir necha turdagi mashqlar kompleksi ishlab chiqilgan. Ular asosan teatr pedagogikasi tajribasiga asoslangan boʼlib, soʼzlashish paytida nafas olish, tovush hosil qilish va uni maʼnoli ifodalash malakalarini takomillashtiradi, bu esa oʼqituvchiga oʼz soʼzi mazmunini oʼquvchilarga yanada toʼlaqonliroq qilib yetkazishga imkoniyat beradi. Oʼquvchi hayoti davomida oʼqituvchisining nutqiy xususiyatlarini, oʼquvchilarga murojaat qilish, savollarga javob berish usullarini xotirasida saqlaydi. Oʼqituvchi nutqi oʼquvchilarga taʼlim-tarbiya berish vazifasini bajarishi kerak. Shuning uchun unga faqat umummadaniy emas, balki kasbiy va pedagogik talablar ham qoʼyiladi. Oʼqituvchi oʼz soʼzining mazmuni, sifati va oqibati uchun jamiyat oldida ijtimoiy javobgar shaxsdir. Shuning uchun taʼlim-tarbiya jarayonida oʼqituvchi nutqi pedagogik mahoratning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Oʼqituvchi nutqi deyilganda, taʼkidlab oʼtganimizdek oʼqituvchining ogʼzaki va yozma nutqi nazarda tutiladi. Yozma nutq va ogʼzaki nutq – bu oʼqituvchining gapirish vaqtida tuziladigan nutqi boʼlib, oʼquvchilar ongiga, istak va motivlariga, his-tuygʼulariga taʼsir etuvchi muhim omillardir. Oʼqituvchi ogʼzaki nutq asosida zarur boʼlganda oʼz kamchiliklarini tuzatib, korrektsiyalab boradi. Tajribali oʼqituvchining nutqi quyidagilarni taʼminlashi kerak: • oʼqituvchi va uning tarbiyalanuvchilari oʼrtasidagi oʼzaro munosabati va mahsuldor muloqotini; • taʼlim jarayonida bilimni toʼla qabul qilinishini, anglanishi va mustahkamlanishini; • oʼquvchilar faoliyatiga, ulardagi qobiliyat va iqtidor instinktini shakllantirish maqsadida ongi va hissiyotiga ijobiy taʼsir koʼrsatish; • oʼquvchilarning oʼquv va amaliy faoliyatini maqsadga muvofiq tashkil etish. "Pedagogik nutq" tushunchasi oʼqituvchining kommunikativ xylqi tushunchasi bilan uzviy bogʼliq. Oʼqituvchining kommunikativ xulqi deyilganda, faqat uning gapirish va axborot berish jarayonigina emas, balki, oʼqituvchi va oʼquvchi muloqoti uchun emotsional psixologik muhit yaratishga ular oʼrtasidagi munosabat va ish uslubiga taʼsir koʼrsatuvchi nutqni tashkil etish va unga mos oʼqituvchining nutqiy nazokati ham koʼzda tutiladi. Oʼqituvchining pedagogik faoliyatidagi ogʼzaki nutqi monologik va dialogik shaklda boʼladi. Monologik nutqning keng tarqalgan shakllari hikoya, maktab maʼruzasi, sharh kabilardir. Dialogik nutq turlari suhbat, savol - javob shaklida boʼladi. Pedagogik faoliyatni muvaffaqiyatli olib borishi uchun, oʼqituvchining nutqi maʼlum talablarga javob berishi, yaʼni notiqlik mahoratini shakllantirish uchun lozim boʼlgan kommunikativ sifatlarga javob berishi hamda nutqi bir nechta adabiy normalarga mos kelishi lozim: chunonchi, zamonaviy normalarga, ifodali, adabiy til normalariga. Pedagogik nutqning toʼgʼrilik, aniqlik, moslik, leksik boylik, ifodalilik va tozalik kabi kommunikativ sifatlari oʼqituvchi nutqining madaniyatini belgilaydi. Maqsadga muvofiq keladigan pedagogik nutq oʼzining mantiqiyligi, ishonchliligi, kuzatuvchanligi bilan xarakterlanadi. Pedagogik nutqning birinchi funktsiyasi – oʼrganilayotgan bilimlarni toʼliq holda berilishini taʼminlashdan iboratdir. Oʼqituvchi nutqining kommunikativ oʼziga xosligi bilan bilimni oʼquvchilar tomonidan qabul qilinishi va esda qolishi oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aloqa mavjud. Nutq buni taʼminlashi yoki qiyinlashtirishi mumkin. Oʼqituvchining nutqi faqat axborot berib qolmay, oʼquvchining ongi, sezgisiga taʼsir qilishi, ularni oʼylash faoliyatiga undashi kerak. Oʼqituvchi nutqining ikkinchi funktsiyasi, oʼquvchining oʼquv faoliyati jarayonida oʼqituvchi nutqi asosida, darsda oʼrganilayotgan bilimlarni samarali oʼzlashtirilishini taʼminlashdan iborat. Oʼquvchi, oʼqituvchi nutqini eshita turib qator operatsiyalarni bajaradi: berilayotgan axborotni koʼrgazmali shaklda aniqlashtiradi, oʼzidagi bilim bilan unga nisbatan munosabat bildiradi, eslab qoladi, nutq mantiqini, fikrlar rivojini kuzatib boradi. Ovoz tonining balandligi, tovushning yuqoriligi, bir xilda gapirish oʼquvchilarni charchatadi. Oʼquv – biluv jarayonining samarali boʼlishiga darsda oʼqituvchi tanlagan kommunikativ xulq uslubi ham taʼsir qiladi. oʼqituvchi koʼpincha "ovozingni oʼchir", "jim oʼtir", "boshingni koʼtarib oʼtir", "mashqni tugat", "kitobni yop" kabi norozilikni bildiruvchi soʼzlarni ishlatadi, yoki oʼquvchining darsda javobini boʼladi, "hap doimgidek hech narsa bilmaysan", "sen bu mavzuni qaerdan ham tushunarding" kabi pedagogik taktga xos boʼlmagan gaplarni ishlatadi, bu oʼqituvchi bilan oʼquvchi orasidagi munosabatning buzilishiga, aqliy faolligini pasayishiga olib keladi. Pedagogik nutqning uchinchi funktsiyasi – oʼqituvchi bilan oʼquvchi oʼrtasidagi mahsuldor oʼzaro munosabatni toʼgʼri taʼminlashdan iborat. Oʼqituvchi nutqi – oʼqituvchi va oʼquvchi munosabatini boshqarish rolini ham bajaradi. Bu yerda hamma narsa ahamiyatli: oʼqituvchi oʼquvchilapra qanday murojaat qiladi, salomlashadi, talablarini qanday qoʼyadi, qanday ogohlantiradi, xohishini qanday bayon qiladi; nutq impotentsiyasi, yuz ifodasi, qarashi ham oʼquvchiga taʼsir koʼrsatadi. Darsdan tashqari muloqotda bularning ahamiyati yanada ulkan boʼladi. Koʼp narsa oʼqituvchining individual muloqot uslubiga ham (qoʼrquvga asoslangan, oʼyinga, doʼstona aloqaga asoslangan), muloqot doirasidagi ijtimoiy xarakteriga ham bogʼliq. Oʼqituvchi nutqining xususiyati, u avvalo oʼquvchilarga qaratilgan va yoʼnaltirilgan boʼladi. Oʼqituvchi monologi ham oʼquvchilar bilan ichki dialog shaklida boʼladi. Oʼqituvchi ogʼzaki nutqining asosiy xususiyati, uning mazmuni oʼquvchilar tomonidan ikkita kanal orqali tovush va vizual yoʼl bilan qabul qilinishidadir. Vizual harakatlar oʼqituvchi nutqining taʼsirchanligi, ifodaliligini oshiradi, u oʼqituvchining kayfiyati haqida ham oʼquvchilarga axborot beradi. Shuning uchun yosh oʼqituvchi muloqotda oʼzining tashqi koʼrinishini boshqara olish koʼnikmasini shakllantirishi kerak. Oʼqituvchi ogʼzaki nutqining yana bir xususiyati, uning improvizatsion (hech qanday tayyorgarliksiz) xarakterda ega ekanligidadir. Tajribali oʼqituvchi tekstga yoki konspektga qaramasdan, uyga maxsus tayyorlanmasdan gapiradi, oʼquvchi uni tinglab turib, soʼz va ifodalarda tutilayotganligini, baʼzan nutqiy kamchiliklarini koʼra oladi. Shunday holat vujudga keladiki, goʼyoki oʼqituvchi notiq sifatida oʼzligi haqidagi haqiqatni, fikrlarini birinchi marta oʼquvchilar bilan ochayotgandek boʼladi. Kommunikativ nutqning muvaffaqiyatli boʼlishi uchun, oʼqituvchi oʼzida notiqlik sanʼatiga xos, kator maxsus qobiliyatlarni rivojlantirishi talab qilinadi: • ijtimoiy pertseptiv qobiliyat; • ijtimoiy tasavvur qobiliyati; • oʼzini boshqara olish qobiliyati; • muloqotda oʼzining ruhiy holatini boshqara olish qobiliyati; • irodaviy taʼsir koʼrsatish qobiliyati; • ishontira olish qobiliyati. Nutq malakalari va koʼnikmalarini muvaffaqiyatli egallash uchun sharoit yaratuvchi notiqning umumiy ruhiy, jismoniy xususiyatlarini rivojlantirish, bunda tasavvurni, obrazli xotira va fantaziyani rivojlantirish koʼzda tutiladi. Bunday faoliyatda tovush, diapazon, tembr, diktsiya, artikulyatsiya, ritmika, nafas olish muhim rol oʼynaydi. Tovush. Baʼzi oʼqituvchilarga tovush tugʼma qobiliyat sifatida berilgan, lekin bu ham mashq qilib turilmasa buziladi. Oʼqituvchi oʼz tovushini kuchli, egiluvchan, emotsional taʼsirchan qila olishi mumkin. Oʼqituvchi pedagogik faoliyatida tovushning oʼziga xosligi nimalarda namoyon boʼladi? Аvvalo tovush, chiqarilgan havoni hiqildoqdan oʼtishi paytida ovoz pardalarining tebranishi natijasida vujudga kelishini taʼkidlash lozim. Tovush oʼzining quyidagi xususiyatlari bilan xarakterlanadi: • tovush kuchi – tovush apparati organlarining faol ishlashiga bogʼliq. Chiqarilayotgan havo oqimining tovush tirqishiga boʼlgan bosimi qancha kuchli boʼlsa, tovush ham shuncha baland boʼladi; • tovush uchuvchanligi – tovushining balandligida hamda uning kuchli nutq apparati organlarining faolligiga bogʼliq. Tovush eshitilishining uchuvchanligi, (polyotnostь) bu ovozni masofaga moslay olish, tovushni boshqara olishidir. • tovushning ixchamligi va harakatchanligi – oʼqituvchi nutqining mazmuniga, tinglovchilarga moslab oʼzgartira olish qobiliyatiga bogʼliq boʼlib, bunda notiq tovushni yengil boshqarishi va tinglovchilarga moslashtira olishi tushuniladi. Diapazon - tovushning hajmi boʼlib, uning chegarasi eng yuqori va quyi ohanglar bilan belgilanadi. Diapazonning qisqarishi nutqni bir xil ohangda zerikarli boʼlib qolishiga sabab boʼladi. Oʼqituvchining bir ohangda gapirishi, tinglovchilar tomonidan axborotni idrok qilishni pasaytiradi va uyquni keltirishi mumkin. Tembr – tovushning rang-barangligi, yorqinligi hamda yumshoqligini namoyon qilib, shu bilan birga oʼqituvchi nutqining chiroyli, mayin, jozibali, oʼziga xosligini taʼminlaydi. Baʼzilar tovush va uning tembri tugʼma deb bilishadi. Lekin xozirgi eksperimental fiziologiya tovushni toʼliq qayta qurish mumkinligini isbotlab bergan. Oʼqituvchida kasbiy kasallik kelib chiqmasligi uchun, tovush gigienasiga amal qilish kerak. Oʼqituvchi ish vaqtining 50 foizi davomida gapirib turadi. Oʼqituvchi ish vaqti tugagach, 2-3 soat davomida uzoq vaqt kishilar bilan soʼzlashishdan qochishi talab qilinadi. Zapyp boʼlib qolsa qisqa va sekin gapirishi kerak. Dars jadvali qoʼyilishida shunga eʼtibor berish kerak. 3-4 soat darsdan coʼng nutq apparati charchaydi, shundan soʼng 1 soat tovush dam olishi kerak. Tajribali, koʼp yillar ishlagan oʼqituvchi 2-3 soatda charchaydi va 2 soat dam olishi kerak. Yuqori nafas yoʼllari, asab tizimlari, ovqatlanish rejimiga eʼtibor berish kerak. Oʼqituvchi nutqining tezligi, individual sifatiga, uning nutq mazmuni va muloqot holatiga bogʼliq. Turli millatlarda nutq tempi turlicha boʼladi. Ruslarda minutiga 120 ta soʼz atrofida, inglizlarda 120-150 ta soʼzgacha. Tadqiqotlarga koʼra 5-6 sinflarda oʼqituvchi minutiga 60 ta soʼz, 9 - 11 sinflarda 75 tagacha soʼz gapirishi toʼgʼri boʼladi. Materialning murakkab qismini oʼqituvchi past tempda, keyin esa tezroq gapirishi kerak. Mavzuga oid qoidalar va qonuniyatlar aytilganda, xulosa qilinganda nutq sekinlashadi. Diktsiya - aniq talaffuz kilish. Talaffuzning aniqligi oʼqituvchi uchun professional zarurat boʼlib, oʼqituvchi nutqini talabalar tomonidan toʼgʼri tushunilishini taʼminlaydi. Talaffuzning aniqligi aytilayotgan soʼz, boʼgʼin va tovushlarning qatʼiy aniqligidir. U nutq apparati barcha aʼzolarini (lablar, jagʼ, tishlar, yumshoq va qattiq tanglay, kichik til, kekirdak, tomoq orqa devori, tovush naychalari) birgalikda ishlashiga bogʼlikdir. Til, lablar, yumshoq tanglay, kichik til, va pastki jagʼ nutqda faol ishtirok etadi. Shuning uchun ham ularni mashq qildirish muhim ahamiyatga egadir. Аrtikulyatsiya – aniq talaffuz qilishni takomillashtirish-artikulyatsiya-nutq organlarini harakatlantirish orqali vujudga keltiriladi. Аrtikulyatsiya gimnastikasi ikki turga boʼlinadi. Birinchisi nutq apparatining dastlabki mashqlari va ikkinchisi har bir unli va undosh tovushlarni toʼgʼri aytishga oʼrgatuvchi mashqlar (ifodali oʼqish, tez aytishlar). Ritmika - ayrim boʼgʼinlarni gapirishdagi toʼliq davomiylik, shu bilan birga nutqni tashkil qilish jarayoni. Bu nutqning muhim elementlaridan biri boʼlib, baʼzan intonatsiya va pauza oʼrniga soʼzdan koʼra kuchli emotsional taʼsir qiladi. Oʼquv vaqtining koʼp qismi (1/4, 1/2) oʼqituvchining nutqi bilan bogʼliq boʼladi. Shuning uchun oʼquv materialini oʼquvchilar tushunishi oʼqituvchi nutqining mukammalligi bilan bogʼliqdir. Tarixdan ham maʼlumki, 6aʼzi kishilar oʼzlarining nutq tovushlarini takomillashtirib borganlar. Chunonchi, Demosfen oʼzining bu sohadagi kamchiliklarini tugatib borib, qadimgi Yunonistonning siyosiy oratorlaridan biriga aylangan. Yoki Vladimir Mayakovskiy ham 20 yoshidan boshlab rasmiy chiqishlar uchun ogʼziga toshchalar olib, Rion daryosi boʼyida nutq soʼzlashni mashq qilgan. Toʼgʼri nafas olish. Soʼzlayotganda toʼgʼri nafas olish, ovozni yoʼlga qoʼyish va uning tovlanishi, soʼzlarni xatosiz talaffuz qilish, notiqlik sanʼatini takomillashtirib borish oʼqituvchining nutq texnikasini shakllantiruvchi xususiyatlardir. Ovoz oʼzgarishi, toʼgʼri nafas olish, diktsiya, ritmika asosida nutqning koʼnikma va malakalari yigʼindisini mukammal rivojlantirish oʼqituvchining nutq texnikasida takomillashadi. Ovoz oʼzgarishi, toʼgʼri nafas olish nutq texnikasi boʼyicha ishlab chiqilgan mashqlar turkumiga kirib, oʼqituvchi ravon nutqining muntazam shakllanishini taʼminlaydi. Nafas olish organizmga hayot bagʼishlovchi fiziologik funktsiyalarni bajaradi. Shu bilan birga nutqning energiya bazasi boʼlib ham hisoblanadi. Dars davomida oʼqituvchi juda koʼp gapiradi, yangi mavzuni tushuntiradi, maʼruza oʼqiydi. Аgar oʼqituvchi toʼgʼri nafas olish texnikasini yaxshi egallamagan boʼlsa, uning qon tomirlarini urishi tezlashib, yuzini qizarib ketishi, nafas qisishi sodir boʼlishi mumkin. Muskullarning ishtirok etishiga qarab nutqda toʼgʼri nafas olish 4 turga boʼlinadi: Yuqori nafas olish – yelkalarni koʼtarilib tushishi va koʼkrak qafasining yuqori qismi ishtirokida hosil qilinadi. Bu boʼsh, yuzaki nafas olish boʼlib, unda faqat oʼpkaning yuqori qismi ishtirok etadi. Koʼkrak qafas bilan yuqori nafas olish qovurgʼalar oʼrtasidagi mushaklar yordamida hosil qilinadi. Bunda koʼproq nafasning koʼndalang hajmi oʼzgaradi. Diafragma kam harakat qiladi. Shuning uchun ham nafas chiqarish kuchsiz boʼladi. Diafragma ishtirokida nafas olish – koʼkrak qafasning boʼylama hajmini ortishi hisobiga vujudga keladi. Bunda diafragma qisqaradi. Diafragmaning qisqarishi, qovurgʼachalar oraligʼidagi nafas mushaklari hamda qorin mushaklari ishtirokida vujudga keladi. Nutqiy nafas olish organizm uchun muhim hayotiy manba boʼlishi bilan birga u nutqning energiya bazasi sifatida ham faoliyat koʼrsatadi. Nutqiy nafas olish fonotsional nafas ham deyiladi (fono-tovush). Dialogik nafas olish kundalik hayotda nutqimiz dialogik tarzda boʼlib, bunda nafas olish qiyinchilik tugʼdirmaydi. Lekin darsda oʼqituvchi koʼp gapirgan, maʼruza oʼqigan vaqtlarida oʼzgarmagan nafas, mashq qilinmasa qiyinchilik tugʼdiradi: yuz qizarib ketishi, nafasni tez-tez olish holati paydo boʼlishi mumkin. Toʼgʼri nafas olish jarayonida qaysi muskullar ishtirok etishiga qarab, nafas olishning quyidagi funktsiyalari ajratiladi: 1. Yelka va koʼkrak qafasining yuqori qismini koʼtaruvchi muskullar ishtirokida nafas olishda kuchsiz nafas olinib, oʼpkaning faqat yuqori qismi faol ishlaydi. 2. Koʼkrak orqali nafas olishni qovurgʼalar orasidagi muskullar amalga oshiradi, diafragma kam harakatda boʼlib, nafas chiqarish kuchsiz boʼladi. 3. Diafragmali nafas olish koʼkrak hajmining oʼzgarishi, diafragma qisqarishi hisobiga harakatlanadi. 4. Diafragma va qovurgʼa orqali nafas olishda – diafragmaning har tomonlama hajmi oʼzgarishi, qovurgʼalar orasidagi va qorindagi nafas muskullari ham qatnashadi. Shu nafas toʼgʼri boʼlib, bu nutqiy nafas uchun asos boʼlib hisoblanadi. Boʼlajak oʼqituvchi oʼz nutqini takomillashtirishi uchun taʼlim va tarbiya jarayonida quyidagi yoʼnalishlarga doimiy amal qilib borishi lozim: - oʼzbek adabiy tili qonuniyatlari va normalarini mukammal bilishi; - oʼz-oʼzini nazorat qilishi; - oʼzining nutqiy madaniyatini rivojlantirishi; - nutqiy muloqotnint barcha holatlarida adabiy nutq qoidalarini egallash uchun oʼziga sharoit yaratishi. Oʼz-oʼzini nazorat va ifodali nutq malakalarini rivojlantirish uchun oʼqituvchi oʼz nutqiy faoliyatini kuzatishi, u jonli, xilma xil, hissiy boʼyoqlimi yoki bir xil monotonlimi, bilib borishi lozim. Nutqingizni tayyorlash va mashq qilish jarayonida oʼzingiz mustaqil ravishda quyidagi savollarga javob toping: Tinglovchilarda qanday fikr uygʼotmoqchiman? Аuditoriyada ijobiy muhitni qanday kayfiyat asosida yaratmoqchiman? Nutq mazmuni va sharoiti qanday intonatsiya va ritmni talab etadi? Har qanday taʼlim-tarbiyaviy mashgʼulot oldidan bir necha bor oʼz nutqingizni qaytarib mashq qiling. Nutqingizni rang-barang badiiy adabiy lavhalar bilan boyiting. Oʼz taassurotlaringizni qoʼshgan holda boyitib, toʼldirib boring. Oʼqituvchi nutqining mukammalligi, tozaligi, taʼsirchanligi bilan oʼquvchilar eʼtiborini jalb qiladi, ular qalbiga yoʼl topadi, hech qanday qiyinchiliksiz barcha ziddiyatlarni bartaraf etadi. Natijada oʼqituvchi pedagogik faoliyatda aslo toliqmaydi, asab tizimi doimo sogʼlom boʼladi. Mavzuni oʼzlashtirish uchun savollar: 1. Notiqlik sanʼatining paydo boʼlishi tarixi? 2. Sharq mutafakkirlarining notiqlik sanʼati haqidagi fikrlari? 3. Nutq texnikasida nutqning asosiy xususiyatlari nimalardan iborat? 4. Nutqning toʼgʼriligi va ravonligi, aniqligi va taʼsirchanligiga taʼrif bering? 5. Nutqning mantiqiyligi deganda nimani tushunasiz? 6. Til va nutq bir–biridan qanday farqlanadi: ularning qiyosiy tahlili? 7. Oʼqituvchi nutqiy faoliyatining komponentlari nima, ularni izohlang? 8. Oʼqituvchining nutq madaniyatini rivojlantirish vositalari? 9. Nutning taʼsirchanligi va ifodaliligi qanday namoyon boʼladi taʼriflab bering? 10. Tajribali oʼqituvchi nutqida namoyon boʼluvchi holatlar? 11. Oʼqituvchi nutqining funktsiyalarini izohlab bering? 12. Boʼlajak oʼqituvchi nutqiy faoliyatini qanday takomillashtirishi mumkin? Download 227.16 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling