|
Fayzullayev Diyor
|
qurol-aslaha va o‘q-dorilar bilan muomala qilish davomida amal qilinadigan xavfsizlik qoidalari
Birinchi navbatda qurol o‘qsizlantirilib, saqlagichga qo‘yilganligiga ishonch hosil qilmoq darkor. Qurol faqat komandir ko‘rsatgan tomongagina yo‘naltiriladi. To‘p va pulemyotni yo‘naltirish tizimlarini ishga tushirishdan oldin jangovar mashina ekipajining a’zolari o‘z joylarini egallagan, lyuklar yopilgan bo‘lishi shart.
O‘t ochishdan oldin qurol-aslaha uzellari, mexanizmlari va detallari ishonchli mahkamlanganligi, sozligi, qurol tisarilishiga qarshi qurilmalar va stabilizatorning gidrotizimidagi texnik suyuqlik yetarli miqdorda mavjudligi tekshiriladi. Stvol kanali toza bo‘lishi shart.
Ekipaj a’zolarining qurol-aslahadagi tebranuvchi qismlar zonasida hamda o‘qlash mexanizmining richaklari harakatlanadigan zonada bo‘lishi man etiladi. O‘t ochish fursatida to‘p yoki pulemyotga tegilmaydi. O‘q-dori stvol ichiga faqat uni yetkazish moslamasi yordamida yuboriladi.
Desantchilarning ambrazuralardagi sharsimon tayanchlar kesmasiga o‘rnatilayotgan pulemyot va avtomatlari saqlagichga qo‘yilgan holatda bo‘lishi lozim. Ambrazura qopqoqlari ochilgunga qadar ushbu qurollarni saqlagichdan xalos etish man etiladi.
O‘t faqat komandir tomonidan berilgan komanda va belgilangan yo‘nalishga qarata ochiladi.
O‘q-dorilar sirtidagi moy, chang va iflosliklardan tozalanadi, ko‘zdan kechirib chiqilib, turi va vazniga ishoralovchi belgilari bo‘yicha saralab chiqiladi. Nosoz o‘q-dorilarni mashina ichiga kiritish man etiladi. Ekipaj a’zolariga artilleriya texnigi rahbarligida portlatkichlar qalpoqlarini burab kiritish yoki oxirigacha burab quyishga, kapsula quvurlarini belgilangan me’yorga qadar burab kiritish yoki chiqarishga ruxsat beriladi. Bunday amallar tegishli ro‘yxatga kiritilgan asbob-uskunalar vositasida odamlar va mashinalardan 30-40 m narida bajariladi.
O‘q-dorilar mashina ichiga faqat mashina komandiri boshchiligida taxlanishi darkor. Bundan oldin:
o‘q-dorilar kiritiladigan lyuklar ochilib, mahkamlanadi;
mashina ichidagi o‘q-dorilar taxlanadigan joylarning sozligi tekshiriladi, minora va to‘p o‘q-dori taxlash uchun qulay holatga keltiriladi;
o‘q-dorilar taxlanadigan joylar ishlatilgan gilzalar va boshqa narsalardan xalos etilib, chang va iflosliklardan tozalanadi.
|
|
|
|