Ob’ektiv shaxsiy xususiyatlarning o’qituvchi mehnatiga ta’siri
O’qituvchi mehnatini ilmiy jihatdan chuqur tahlil qilib o’rganish fan olamida yangi soha bo’lmasa ham, biroq so’nggi yillardagi global o’zgarishlar, fan va texnikaning, informatsion axborot texnologiyalarining jadal sur’atda rivojlanishi bu sohaga ham har yili turli yangiliklarning olib kirilishini talab etmoqda. Bevosita o’qituvchi mehnatini o’rganuvchi fanlar, ya’ni pedagogika, psixologiya, pedagogik menejment, ijtimoiy pedagogika kabi fanlarning bu sohada o’zaro manfaatlari doimo bir-birlarini to’ldirib kelsada, olib borilayotgan ilmiy kuzatishlar natijasida shu narsa ma’lum bo’ladiki, hali oldinda yechimini kutayotgan muammolar yetarli. Hozirgi zamon ilmiy nazariy va metodologik tizimlariga tayangan holda ta’kidlash joizki, o’qituvchi mehnatiga ta’sir qiluvchi hamda ijtimoiy xususiyatga ega bo’lgan muhim yo’nalishlardan biri o’qituvchining ob’ektiv-shaxsiy xususiyatlaridir.
O’qituvchi mehnatiga ta’sir qiluvchi hamda ko’plab holatlarda uning sifat va samaradorligini oshirilishini belgilovchi ushbu xususiyatlar quyidagi omillarni o’zida mujassamlashtiradi:
O’qituvchi mehnatiga ta’sir qiluvchi va ko’p holatlarda uning sifat va samaradorligini oshiruvchi omillar:
yosh o’qituvchining kasbiy mahorati;
Yosh o’qituvchining iqtidori va qobiliyati
o’qituvchining pedagogik texnikasi;
ixtisosligi bo’yicha egallagan bilimlar darajasi;
Pedagogik faoliyatda o’qituvchining yosh xususiyatlari va mehnat staji.
yosh o’qituvchining kasbiy turg’unligi
O’qituvchining ijodkorligi va mehnatda faolligi.
Yosh o’qituvchining kasbiy mahorati ob’ektiv-shaxsiy xususiyatlar tizimining yetakchi omillaridan biri bo’lib, uning tarkibiy tizimlari nihoyatda rang-barangdir. Pedagogikada yosh o’qituvchining kasbiy mahorati olimlarimiz tomonidan “Pedagogik faoliyatda belgilangan vaqt ichida o’qituvchining optimal natijalarga erishishida namoyon bo’luvchi oliy darajadagi mehnati” sifatida, “o’qituvchining tinimsiz mehnati va izlanishlari natijasida doimiy takomillashtirilib boriladigan muhim ta’lim va tarbiyaviy san’ati namunasi”, yoki “o’qituvchining ilmiy bilimlarni, kasbiy ko’nikma va malakalarni hamda metodologik bilimlarni o’z mehnatida va kasbiy sifatlarida namoyon etishi” kabi fikrlar bilan ta’riflanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |