Navoiy she’riyati va janrlar poetikasi. Nasriy asarlar badiiyati


Download 116 Kb.
bet4/5
Sana22.04.2023
Hajmi116 Kb.
#1382056
1   2   3   4   5
Bog'liq
9-Mavzu

Otashin la’le, ki toji xusravonro zevar ast,
Axgare bahri xayoli xom puxtan dar sar ast”.
Navoiyning poetik mahorat bilan bog'liq qarashlari ustoz ijodkorlar va zamondosh shoirlarga
bergan baholarida yanada konkretroq namoyon bo'ladi. Shoir “Xamsa” dostonlarining ustozlarga
bag'ishlangan boblarida poetik mahoratning ijodiy asar yaratishdagi ahamiyati haqida to‘xtalar
ekan, Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy kabi ulug‘ so‘z san’atkorlarining bu sohadagi mahoratlariga,
o‘zining ular izidan borib, qanday o'rganganligi, o‘z asarlari ustida qanday ishlaganligi bilan bog‘liq
fikrlarini bayon qiladi. Xususan, Nizomiy va Dehlaviy haqida so‘zlar ekan, ularga nisbatan “mohir”
va “mahorat” atamalarini qo‘llaydi:
Ul ikov ustodi mohir edi,
Kim, mahorat alarda zohir edi.
“Farhod va Shirin”da doston yozish mashaqqatini kon qazuvchining og‘ir mehnatiga, o‘zini
esa qo'lida tosh yo‘nuvchi - tesha ushlagan Farhodga o‘xshatar ekan, o‘ziga xitob qilib shunday
deydi:
Yana bir konni qazmog'liqqa mayl et,
Qazib ahbob aro naqdin tufayl et.
Bu kon qazmoqni ulkim qildi resha,
Kerak xorofikan ilgida tesha.
Sanga bu teshavarlik bo‘lsa matlub,
Erur Farhod hamsuhbatlig'i xo‘b.
Bu kon ishqida teshang xorarez et,
Ani Farhod toshi birla tez et.
“Majolis un-nafois”da to‘rt yuzdan ortiq shoirlarning she’rlariga munosabat bildirar ekan,
tasvirning go‘zal bo‘lishi, badiiy vositalarning o'rinli ishlatilib, ularning asosiy mazmunni ochib
berishga xizmat qildirilishini bosh mezon qilgan shoirlarga alohida e’tibor qaratadi, ushbu
ijodkorlarning she’rlarini nuktadonlik bilan tahlil qiladi. Xususan, Darvesh Dehakiy degan shoirga
to‘xtalar ekan, shunday yozadi: "... Devoni doyim beliga bog‘liqdur. Har bayti, yo ma’nisig'a
82
ehtiyoj bo‘lsa, ko'rgali filhol devonin chiqarib, topib ko'rguzur. Fil-voqe’ faqirning to she’rg‘a
shuurum bor, ul tarafdin aning abyotidin yaxshiroq nazm kelmadi. Bu matla’ aningdurkim:
Bar misoli surati devor bejon mondaam,
Pusht bar devor-u ro‘ so‘i tu hayron mondaam.
(Mazmuni: Devordagi suvratga o‘xshab jonsiz bo‘lib qolganman. Orqamni devorga qilib,
yuzimni senga o‘girib, hayronlikda qolganman ).
Bu bayti dag‘i xub voqe’ bo‘lubtur:
Ba g‘ayri noqai Layliki, mekanad xore,
Digar kiro g'ame az rahguzori Majnun ast.
(Mazmuni: Layllning tikan yulqilab yuruvchi tuyasidan boshqa hech him Majnunning
yo'lovchi ekanligiga parvo qilmaydi)”.
Yoki Hoji Nujumiy degan shoir haqida o‘qiymiz: “bu
matla’i yaxshi voqe’ bo‘lubturkim:
Boz iyd omad, biyo jonoki, qurbonat shavam,
Hamchu chashmi go’sfandi kushta hayronat shavam.
Keltirilgan misollardan Darvesh Dehakiyning birinchi bayti va Nujumiyning misralarida
go‘yoki bir mazmun - yorning go‘zalligi va iltifotidan hayratda qolish tasvir etilgandek ko‘rinadi.
Lekin shu mazmun ikki yozuvchida o‘ziga xos uslubda bayon qilingan. Agar Darvesh Dehakiy
o‘zining hayratda qolgan holatini devorga chizilgan jonsiz suratga o‘xshatsa va shu tufayli esda
qolarli manzarani yaratgan bo‘lsa, Nujumiy hayratda qolishni so‘yilgan qo‘yning ko‘ziga
o'xshatadi. Chunki so‘yilgan qo‘yning ko'zi ochiq bo'lib, baqrayib qaraganday tuyiladi. Yorni ko‘rib
qolgan oshiq ham o‘zini yo‘qotib, nima qilishini bilmay qarab qolgan edi. Ikkinchidan, shoir bu
misralardagi o‘xshatish bilan umuman hayit haqida emas, balki qurbon hayiti to‘g‘risida so‘z
yuritadi. Demak, ikki shoir bir mavzuda she’r yozgan bo‘lsalar-da, ularning har biri o‘z uslubi
asosida shu mavzuni yuksak badiiy mahorat bilan yorita olgan. Darvesh Dehakiydan keltirilgan
ikkinchi misolda esa Majnunning kishilar tomonidan e’tiborsiz qabul qilinishi ajoyib tarzda ochib
berilgan: Majnunning oyoqlariga tikan sanchilmasin deb, Laylining tuyasi Majnun yuradigan
yo‘ldan tikonlarni olib yer edi, deydi muallif. Garchi Layli va Majnunlar to‘g‘risida ko‘p asarlar
yozilgan bo‘lsa-da, Darvesh Dehakiyning ushbu misralari o'ziga xos badiiy uslubi va betakror
tasviriy vositalari bilan go‘zal va mazmunlidir.
Shuningdek, Alisher Navoiy o‘z tazkirasida sharq mumtoz adabiyotida keng tarqalgan tajnis,
tarsi’, tardi aks, zulqofiyatayn va shu kabi san’atlarni ustalik bilan ishlatgan Darvesh Mansur, Ibn
La’liy, Mavlono Muhammad Amin, Mirzobek kabi qator shoirlarga ham alohida hurmat va e’tibor
bilan to‘xtalib o‘tadi.
Yuqoridagi holatlarning barchasi: mumtoz adabiyotimizning cho‘qqisi hisoblangan Alisher
Navoiy asarlarini poetik jihatdan tahlil qilish, shoir asarlarining badiiy ta’sirchanlik qudratini tadqiq
etish bilan bog‘liq masalalar “Navoiy poetika”si kursining vujudga kelishini taqozo qiladi. Navoiy
poetikasi mumtoz poetikaning tarkibiy qismi bo‘lib, ushbu jumla istiloh sifatida dastavval
Y.Is’hoqov tomonidan qo‘llanilgan. Olim o‘zining aynan shu nom bilan ataluvchi tadqiqotida
buyuk shoir poetikasini uning lirik asarlari misolida tadqiq qilgan. Y.Is’hoqov Navoiy lirikasi
poetikasini ikki muhim jihat - janrlar poetikasi hamda badiiy tasvir vositalari asosida o‘rganar ekan,
shoir she’riyatiga xos badiiyatni “Xazoyin ul-maoniy” devonlari misolida o‘rgangan.
Mumtoz poetikaga xos qoidalar va zamonaviy adabiyotshunoslikda qo‘lga kiritilgan tajriba va
yutuqlar asosida “Navoiy poetikasi”ni quyidagi to‘rt yo‘nalish: she’r nav’lari, ilmi aruz, ilmi badi’
va ilmi qofiya asosida o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Bunda ham nazariy poetika (fonika va
ritmika masalalarini ilmi aruz doirasida), ham tarixiy poetika (strofika, stilistika, janrlar masalasini
she’r nav’lari, ilmi badi’ doirasida) masalalari umumlashtirilgan holda tahlil obyektiga tortiladi.
Ushbu yo‘nalishlardan kelib chiqib, “Navoiy poetikasi” kursi quyidagi vazifalarni hal qilishni
o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi:
– Navoiy she’riyatini janrlar poetikasini tadqiq qilish asosida o'rganish. Bunda asosiy e’tibor
Navoiyning lirik janrlar taraqqiyotiga qo'shgan hissasi, shoirning yoshlik lirikasiga xos janrlar,
“Xazoyin ul-maoniy” kulliyotining janr xususiyatlari va “Devoni Foniy”dagi lirik janrlar
poetikasiga qaratiladi;
83
– nasriy asarlar badiiyatini nasr ritmiga xos birliklar - ritmik vositalar yordamida o‘rganish.
Bunda mumtoz saj’ning betakror namunasini o‘zida mujassamlashtirgan “Mahbub ul-qulub” va
“Munojot” asarlari tahlil qilinadi.
– Alisher Navoiy aruzi bilan bog'liq masalalarni tadqiq qilish. Bunda shoir devonlaridagi
bahrlar miqdori tadrijiylik asosida ko‘rib chiqiladi va shoirning aruz tizimidan foydalanish mahorati
devondan devondan qay tarzda o'zgarib borganligiga diqqat qaratiladi, Navoiyning turkiy aruz
taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi ochib beriladi. Dastlab muxlislar tomonidan tartib berilgan
devonlarning vazn xususiyatlari o'rganib chiqiladi, keyingi bosqich sifatida “Badoyi’ ul-bidoya” va
“Navodir un-nihoya” devonlarida qo‘llanilgan bahrlar tahlil qilinadi. “Xazoyin ul-maoniy”
kulliyotining vazn xususiyatlari, kulliyotning vazn ko‘rsatkichlari o‘rganiladi, Navoiy she’riyatida
qo‘llanilgan ruboiy vaznlari “Xazoyin ul-maoniy” va “Nazm ul-javohir”dagi ruboiylar asosida
tadqiq qilinadi;
– Navoiy “Xamsa”sining vazn xususiyatlarini tadqiq qilish. Bunda vazn va ritmik
variatsiyalar munosabati o‘rganilib, hazaji axrab va xafif bahrlariga xos ritmik variatsiyalarga urg‘u
qaratiladi va ularning dostonlar mazmunini ochishdagi o‘rniga to‘xtalib o‘tiladi. “Xamsa”
dostonlarining ohang xususiyatlarini o‘rganishda ritmik urg‘uning ahamiyatiga e’tibor qaratiladi;
– Navoiy ijodida badiiy san’atlarning o‘rnini tadqiq etish. Bunda badiiy san’atlarga mumtoz
ilmi badi’ga doir tasnif (lafziy, ma’naviy va mushtarak san’atlar) asosida yondashiladi. “Xamsa”
dostonlaridn qo'llanilgan yetakchi badiiy san’atlarga e’tibor qaratiladi;
– Navoiy she’riyatini ilmi qofiya asosida tadqiq qilish. Bunda Navoiyning qofiya tizimiga
kiritgan yangiligi, Navoiy ijodida qo‘llanilgan qofiya turlari o‘rganiladi, o‘zak tarkibiga ko'ra
farqlanuvchi qofiya turlari va tuzilishiga ko‘ra farqlanuvchi qofiya turlarining Navoiy she’riyatidagi
o‘rniga ahamiyat qaratiladi. Radif va hojib, saj’ va qofiya munosabatlari o‘rganiladi.

Download 116 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling