Navoiyning nasriy va ilmiy asarlarida ruboiyning o‘rni


Download 21.61 Kb.
Sana16.03.2023
Hajmi21.61 Kb.
#1278886
Bog'liq
5-fevral Navoiy maqola


Navoiyning nasriy va ilmiy asarlarida ruboiyning o‘rni.
Avazova Nilufar Oqiljon qizi. BuxDPI Tillar fakulteti o‘qituvchisi
nilufaravazova1998@gmail.com Tel: 91.248 77 74
Annotatsiya: Alisher Navoiy ijodida sharq poeziyasining eng qadimiy va keng tarqalgan janrlaridan biri hisoblangan ruboiy janri ham keng o`rinni egallaydi. Navoiy asarlaridagi barcha ruboiylar sermazmun hamda chuqur mulohazali bo‘lib, ular kitobxonni o‘ylashga, mushohada etishga undaydi. Ushbu maqolamizda ulug’ mutafakkirning nasriy va ilmiy asarlardan o‘rin olgan ruboiylar o‘zining chuqur falasafiylikka egaligi bir qancha misollar bilan izohlab, ko‘rsatib berilgan.
Kalit so‘zlar: turkiy adabiyot , didaktik mulohazalar,komil inson, saxovat va himmat
Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning ruboiylari devonlaridan tashqari uning nasriy va ilmiy asarlaridan ham keng o‘rin olgan. «Munshaot», «Nazm ul-javohir», «Xamsat ul-mutahayyirin», «Mahbub ul-qulub», «Muhokamat ul-lug’atayn», «Majolis un-nafois», «Tarixi anbiyo va hukamo», «Vaqfiya», «Arbain» kabi nasriy va ilmiy asarlardan o‘rin olgan ruboiylar o‘zining chuqur falasafiylikka egaligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, «Munshaot” da keltirilgan ruboiylar Alisher Navoiyning maktublari mohiyatini ochib berishga xizmat qilsa, «Nazm ul-javohir» dan o‘rin olgan ruboiylar pandona ruh bilan sug’orilgan bo‘lib, Navoiyning serqirra ijod sohibi ekanligidan dalolat beradi. «Vaqfiya»da keltirilgan ruboiylar Navoiyning faoliyati va Sulton Husayn Boyqaro bilan munosabatlarini yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qilsa, «Mahbub ul-qulub» dan o‘rin olgan ruboiylar esa nasihatomuz ruhdagi ruboiylar bo‘lib, Navoiy salohiyatini ochib berishda muhimlik kasb etadi.
Alisher Navoiyning asarlari ichida «Nazm ul-javohir» Navoiyning ruboiychilikdagi faoliyatining muhim qirrasini ochib berishga xizmat qiladigan nodir manba hisoblanadi. Chunki bu asarga 260 dan ortiq ruboiylar kiritilgan. «Nazm ul-javohir» asari odamlar uchun dastur bo‘ladigan axloqnoma, durdona fikrlardan tuzilgan nasihatnomaday o‘qiladi. Asardagi qator ruboiylarni Navoiy saxiylik va baxillik masalasiga bag’ishlaydi. Quyidagi ruboiy ana shunday ruboiylar sirasiga kiradi:
Maydoni saxo ichra jalodat ko‘rguz,
Topqonni berur amrig’a odat ko‘rguz.
Baxl aylasa, nafasingga adovat ko‘rguz.
Har nimaki topilsa saxovat ko‘rguz. [1, 21]
Navoiy asarni yozishda faqat turkiy adabiyot namunalaridan emas, balki arab va fors didaktik adabiyotining muhim yutuqlaridan ham xabardor bo‘lib, ularning tajribalaridan bahramand bo‘lgan. Adabiyotshunos Ibrohim Haqqul shu ma’noda xarakterli bir fakt keltiradi: «Navoiy «Tarixi anbiyo va hukamo» asarida sodiq degan shaxs haqida «No‘shiravoni odil zamonida erdi va No‘shiravong’a nasihatnoma bitibdur. Bu mufid so‘z aning so‘zlaridandurkim, shoh va gadog’a foydasi omdur. Lo yakul taoman va fi me’datika taomun» , deydi. Sodiqning arabchada aytilgan bu so‘zlari taom yeyish me’dani buzadi, ko‘p ovqat yeyaverishdan saqlanish kerak, degan ma’noni bildiradi. Navoiy bu so‘zni shoh va gadoga katta foydasi bor so‘z deb baholaydi va ruboiylaridan biriga shu mantiqni asos qilib oladi:
Har kimgaki ko‘p taom yemak fandur,
Bilgilki, najosatqa tani maskandur.
Qorning bila do‘st bo‘lmasang ahsandur,
Nevchunki er o‘g’lig’a qorin dushmandur.” [4, 51-b]
Xullas, «Nazmul-javohir»da Navoiy, bir tomondan, didaktik adabiyotning an’analariga suyangan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘zining boy hayotiy tajribalari, kuzatishlariga tayandi. Bu esa Navoiy ruboiylarini aniq masalalar yuzasidan «Hayrat ul-abror», «Mahbub ul-qulub» asarlari bilan muqoyasa etganda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Navoiy tom ma’nodagi ma’rifatparvar shoir. U o‘zining ilm-ma’rifat haqidagi ruboiylarida ilmning mohiyati, uning ijtimoiy hayotdagi mavqei, odam hayoti uchun ahamiyati xususida fikr yuritib, kishilarni ilm olishga, ilmni e’zozlashga va shu bilan kamolotli bo‘lishga chaqiradi. Ilmni ikki jahon shohligidan ustun ko‘rgan shoir shunday yozadi:
Kim bor esa haqqi dargoh xoklig’i
Ilm ortuqkim, ikki jahon shohlig’i,
Olam fisqida bordur ogohlig’i,
Omi kishi bo‘ldi zuhdi gumrohlig’i. [1, 29]
Navoiyning fikricha, ilm kishini gumrohlikdan, nodonlikdan xalos etibgina qolmasdan, olamdagi nobakorliklarni fahm etib, o‘zini turli-tuman yomon xislatlardan forig’ tutishga ham o‘rgatadi.
Ilm-u ma’rifatli olimning xalqqa manzur bo‘lishini, unga foyda yetkazishni istagan shoir bu haqda shunday falsafiy qoidani bayon etadi:
Olimki pisandadur xisoli bilgil,
Hilmin tan aro ruh misoli bilgil.
Komilda kerak hilm xayoli bilgil
Kim, hilmdadur ilm kamoli bilgil. [1, 43]
Navoiy ilm-ma’rifat haqidagi ruboiylarida donishmand inson, ilm-u adabning homiysi va targ’ibotchisi siymosida gavdalanadi.
Asardagi ruboiylarning katta bir qismi odob-axloq masalalariga bag’ishlangan. Ularda Navoiy odob, do‘stlik, vafo va sadoqat, sabr va qanoat, rostlik va halollik, ruhiy poklik, mehnatsevarlik, shirinsuxanlik, kamtarinlik haqida fikr yuritib, o‘zining didaktik mulohazalarini ixcham poetik shaklda talqin qilib beradi.
Navoiy ba’zi ruboiylarida g’amdan ozod, shodlikda kun kechirish haqida fikr yuritib, mehnatni murodning kaliti sifatida ko‘rsatadi:
G’amdin durur o‘zni shod topmoq bilgil,
Beto‘shaliq ichra zod topmoq bilgil.
Mehnat arodur kushod topmoq bilgil
Ranj ichra durur murod topmoq bilgil. [1, 46]
Saxovat va himmatni «Odamiylik kishvarining bahri mavjvari, balki ul mavj bahrining samin gavhari» [3, 50], - deb bilgan Navoiy saxovatli va himmatli kishilarni ulug’lab, aks xarakterdagilarni inkor qilib bo‘lmas haqiqat bilan la’natlaydi.
Navoiy «Hayrat ul-abror» da so‘z martabasini ulug’lab:
Barcha ko‘ngul durji aro javhar ul,
Barcha og’iz huqqasida gavhar ul…[2, 18] - desa,
«Mahbub ul-qulub» da bunday deydi: «Tilingni ixtiyoringda asrag’il, so‘zingni ehtiyot bila degil. Mahallida aytur so‘zni asrama, aytmas so‘z tegrasiga yo‘lama. So‘z borkim, eshituvchi tanig’a jon kiyurur va so‘z borkim, aytg’uvchi boshin elga berur… So‘zni ko‘nglungda pishqormaguncha tilga kelturma, harnakim ko‘nglungda bo‘lsa tilga surma… Aytur so‘zni ayt, aytmas so‘zdan qayt” [3, 83]. Mana bu ruboiylarni yuqoridagi fikrlarning poetik ifodasi deyish mumkin:
Oz nukta degil tilar esang jong’a saloh,
Tashvishli g’alat biymidin imong’a saloh,
Inson ani bilki, kam erur ong’a saloh,
Til hifzidadur zumran insong’a saloh. [1, 33]
Haqiqiy odam el ishiga yaraydi, el bilan bo‘lib, xalqning og’riga ham, yengiliga ham qarashadi. El orasida yaxshilik bilan nom chiqarishning o‘zi ajab saodat, aksincha badfe’lligi, yaramasligi uchun:
El qochsa birovdin el yamoni bil oni,
Ahvolida idbor nishoni bor oni.
Fe’l ichra ulus baloyi joni bil oni,
Olam elining yamon yamoni bil oni [1, 32], - deydi shoir. U boshqa bir ruboiysida faqat yaxshi kishilar bilangina «Hamnishinu hamroz» bo‘lib, nojins musohiblardan yiroq yurishni nasihar qiladi:
Nojins ila lutfu inbisot oz ayla,
Hampeshani hamnishinu hamroz ayla.
Hammashrab ila nishot og’oz ayla,
Hamjins bila hamisha parvoz ayla. [1, 36]
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz joizki, Navoiy ruboiylarining mavzular olami ham keng va qamrovli bo‘lib, uning asarlari tarkibidagi barcha ruboiylarida falsafiy, ishqiy, ta’limiy-axloqiy ruhni ko‘rish mumkin.Shoirning axloqiy-ta’limiy ruboiylarida teran falsafiy mulohaza, aql va donishning asl javohirlari terib berilgan. Bu asarlarida Navoiy o‘zining eng ezgu va muqaddas axloqiy-didaktik ideallarini poetik bayon etib, odamlarni insonlik sharafini ulug’lashga da’vat qilgan. Navoiy g’oyalarining o‘lmasligi ham ana shunda.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.Алишeр Навoий. Хамсат ул-мутаҳаййирин. Ҳoлoти Саййид Ҳасан Ардашeр. Ҳoлoти Паҳлавoн Муҳаммад. Назм ул-жавoҳир. Мукаммал асарлар тўплами. ХХ тoмлик, 15-тoм. Ўзбeкистoн Рeспубликаси Фанлар акадeмияси “Фан” нашриёти, 1999. - 224 б.

2. Алишeр Навoий. Хамса. Ҳайрат ул-абрoр. Мукаммал асарлар тўплами. ХХ тoмлик, 7-тoм. Ўзбeкистoн ССР “Фан” нашриёти, 1991. - 422 б.


3.Алишeр Навoий. Маҳбуб ул-қулуб. Муншаoт. Вақфия. Мукаммал асарлар тўплами. ХХ тoмлик, 14-тoм. Тoшкeнт: “Фан”, 1998. - 304 б.
4. Ҳаққул И. Ўзбeк адабиётида рубoий. Ўзбeкистoн ССР “Фан” нашриёти, 1981. - 100 б.
Download 21.61 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling