Nemis adabiyoti tarixi


Download 5.22 Mb.
bet22/95
Sana22.09.2023
Hajmi5.22 Mb.
#1684572
TuriУчебник
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   95
Bog'liq
Karimov SH Nemis adabiyoti tarixi darslik 2009

13. NATURALIZM

  1. Gerhard Hauptman

  2. Gerhar Hauptman va uning “Kun botish oldidan” (Sonnenuntergang) (Hayot shomi) dramasi.



Gerhard Hauptman
( 1862-1946)
XX asr nemis dramaturgiyasining mashhur vakili, gumanist yozuvchi G.Hauptman 1862-yilda Silyeziyadagi kurort shaharcha Zaltsbrunda tug’iladi. U yoshligidan shahar va shahar atrofidagi to’qimachilik fabrikasi hamda ko’mir koni ishchilarining og’ir ahvoli bilan tanishadi.
Gerhard universitetda o’qib yurgan paytlarida o’ymakorlik san’ati, teatr va adabiyotga qiziqadi. U E.Zolya, I.S.Turgenev, L.N.Tolstoy asarlarini berilib o’qiydi. G.Hauptman nasriy asarlar yozgan bo’lsa-da, lekin dramaturg sifatida tanilgan.
G.Hauptmanning dramaturgiyasi hayotning turli tomonlarini aks ettiradi. “Quyosh chiqishi oldidan”, “To’quvchilar” dramalari ijtimoiy-siyosiy masalalar, “Yolg’izlar” psixologik voqealar, “Cho’kkan qo’ng’iroq” afsonaviy-mifologik mavzuga bag’ishlangan. Dramaturgning adabiy metodi murakkab. Uning ijodida naturalizm ta’siri ham bor, nemis romantik an’analari ham ko’rinadi, ammo G.Hauptman dramalari o’z mohiyati bilan asosan, realistik ruhdadir. “Quyosh chiqishi oldidan” (1889) – G.Hauptmanning birinchi yirik dramasidir. Asarda dehqonlarga qarashli yerlarda ko’mir koni topilganidan so’ng, uning egalari boyib, maishatga berilib ketishi tasvirlanadi. Shundaylardan biri dehqon Krauzedir. Krauze ko’p ichadi. Uning xotini ham maishatparast, mijg’ov ayol, katta qizi Marta ichkilikka mubtalo bo’lgan. Martaning eri injener, konda ishlovchilarni qattiq ekspluatatsiya qiladi. U ham o’zini ichkilikdan tiyolmaydi. Bu chirkin muhitga ayniqsa injener Hofmanga uning universitetda birga o’qigan do’sti, sotsialist Alfred Lot qarshi qo’yilgan. Erkin fikrli bu student o’qishdan haydalgan va ikki yil qamoqda o’tirib chiqqan. Lot burjua jamiyati yuzaga keltirgan adolatsizliklarni qattiq qoralaydi. “ter to’kib ishlagan mehnatkash och qolib, tekinxo’r farog’atda yashasa, bu bema’nilik emasmi!” deydi u. “Barcha odamlar baxtli bo’lsalar, men ham baxtliman”, deydi Lot. Shunday yaxshi fikrlar bilan yashagan Lotda nojo’ya harakatlar ham bor. Krauzelar naslida alkogolizm ta’siri borligini bilgach, u Krauzening kichik qizi, sevgilisi Yelenani tashlab ketadi.
Bu masalada Hauptman o’sha vaqtda keng tarqalgan fiziologik ta’limotga suyanadi. Qahramon Lotning chegaralangan qarashlari Yelenani baxtsizlikka olib boradi va uning o’limiga sababchi bo’ladi.
Lekin dramadagi bosh konflikt alkogolizm masalasi emas, balki sotsialist Lot bilan kapitalist Hofman o’rtasidagi ziddiyat asosiga qurilgan sinfiy kurashdir.
To’quvchilar” (1892) dramasi Sileziya ishchilarining 1844 yildagi qo’zg’olonlariga bag’ishlangan. Asarni yozishdan oldin Hauptman turli hujjat va manbalarni o’rganadi. Bu materiallar unga inson qashshoqligining daxshatli fojealarini ko’rsatgan ajoyib drama yaratishga yordam beradi.
Sileziya to’quvchilarining og’ir ahvolini yozuvchi turli vositalar orqali ochib beradi. Bu ularning ma’yus qiyofalari, eski-tuski kiyimlari tasvirida ham ko’rinadi. Fabrikant idorasidagi dehqon-to’quvchilar bilan qo’pol muomala qiladilar. Ularga zulm o’tkazadilar, hisob-kitobda aldaydilar. Och qolgan ishchi oilalarning son-sanog’i yo’q. Odamlar darmonsizlanib ko’chalarda yiqilib qoladilar. Ayniqsa, ko’p bolali xonadonlardagi ahvol fojiali. Baumert va Gilze oilalari bayram kunlari it go’shti yeydilar. Bunday chidab bo’lmas ahvol isyonchilarning qo’zg’oloniga sabab bo’ladi.
Asarda Baumert, Anzori, Luiza xalq qasoskorlari sifatida tasvirlanadi. Dramaning asosiy qahramonlari kollektiv – to’quvchilar ommasi. Lekin ularning jasur boshliqlari ham bor. Shulardan biri Bekker va yaqindagina harbiy xizmatdan qaytgan to’quvchi Yegerdir. Bekker “eskicha yashashdan ko’ra, o’lgan yaxshiroq” deydi. To’quvchilar, “qonli jazo” qo’shig’ini aytib, ko’cha bo’ylab boradilar. Ayrim zolimlarning nomlarini ham tilga oladilar.
Xo’jayinlar bunday jangovor qo’shiqdan g’azabga keladilar. Adabiy tanqid bu asarni “jasurona kurash chaqirig’i”dan iborat qo’shiq, deb ta’riflagan edi. Qo’zg’olon ko’targan ishchilar politsiya mahkamasiga borib, Yegerni qamoqdan ozod etadilar. Ular fabrikant uyiga bostirib kirib, saroyini vayron qiladilar. Qo’rquvga tushgan Dreysiger zo’rg’a jazodan qochib qutiladi.
To’quvchilar” dramasi omma ongiga ta’sir etuvchi inqilobiy ruh bilan sug’orilgan. Bu ruh asarning chuqur g’oyaviy mazmuni va badiiy yuksakligini ham belgilaydi.
G. Hauptmanning 20-30 yillardagi ijodida urushga qarshi chaqiriq kayfiyatlari aks etgan. Jumladan “Gebert Eberman”da (1922) urushning halokatli ta’siri ko’rsatilsa, “Daroteya Angerman” (1026) dramasi nemis muhojirlarining Amerikadagi og’ir turmushiga bag’ishlanadi.
Kun botish oldidan” (“Hayot shomi” 1932) dramasida eski nemis madaniyatining yemirilishi, beor va gerdaygan burjua korchalonlarining zo’ravonlikka intilishlari hajviy bo’yoqlarda berilgan.
Asarning bosh qahramoni qadimgi german madaniyati vakillaridan biri nashriyot firmasining boshlig’i, diyonatli va ishchan keksa Klauzendir. Ish bilan band bo’lgan Klauzen to’rtta bolasining bir-biridan farq qilishlarini sezmaydi. Ular Gyote davri madaniy kishilariga o’xshamaydilar. Nomlari jarangdor, lekin o’zlari insoniylikdan mahrum odamlar. Katta o’g’li Volfgang faqat o’z manfaatini ko’zlaydi. Qizi Ottiliya farosatsiz, xudbin Klamrotga tekkan. Bu shaxs tug’ilib kelayotgan fashist-yirtqichlarni eslatadi. Bettina yig’loqi qiz, go’yo u sportga telbalarcha berilgan kimsa, Egert sodda va laqma. Ularning har birida yangi nemis ziyolilarining turli tomonlari aks etgan.
Xotini vafot etgandan keyin Klauzen oilasida ham yaqinlari doirasida ham o’zini yakka-yolg’iz his etadi. U oddiy oiladan kelib chiqqan yosh qiz Inkenni yaxshi ko’rib qoladi. Uning o’g’il-qizlari bunday nikohga tish-tirnoqlari bilan qarshi. Ular otaning kambag’al qiz bilan yaqinlashishini o’z manfaatlariga berilgan zarba, deb tushunadilar, ota merosidan mahrum bo’lishdan qo’rqadilar. Klauzenning asabiylashganini ko’rgan farzandlar o’zlarining yomon niyatlarini sezdirib qo’yadilar.
Shuning uchun u o’g’liga zaharhandalik bilan: “tug’ilganingda xursand bo’lganimdan seni bag’rimga olgan edim, men o’z qotilimni ko’ksimga olgan ekanmanda” degan xulosaga keladi. O’g’li va uning maslakdoshlari uni ruhiy kasallikka yo’liqqan, deb gap tarqatadilar. Nihoyat, bunday hiyla-nayranglarga bardosh berolmagan Klauzen zahar ichib o’ladi.
Dramada oddiy kishilar obrazi chuqur samimiyat bilan tasvirlangan. Mehnatkash xalq vakillari bog’bon Ebmi, Klauzenning hizmatkori Vinter, hammadan ko’ra musaffo qalb egasi kambag’al qiz Inken shunday kishilar obrazidir. Inken yoshi ulug’ Klauzenni sevadi va hech narsadan cho’chimasdan o’z sevgisini himoya qilishga tayyor turadi. Dramaturg bu obraz orqali oddiy kishilarga nisbatan o’zining samimiy munosabatlarini ifodalaydi. Hauptman asarda mantiqiy rivojlanib boruvchi syujet orqali harakatlarni ustalik bilan ochib, ijtimoiy problemalarni ravshan ko’rsatib beradi, kuchayib borayotgan burjua reaksiyasini fosh etadi.
Fashistlar davlatni bosib olgan vaqtda Hauptman Germaniyani tashlab, chet elga ketmagan bo’lsa-da, lekin u “ichki muhojirlik”da yashaydi. Natsistlar unga tajovuz qilishga jur’at etolmaydilar. U o’tmish voqealariga atab pyesalar yaratadi, biroq bu pyesalarda zamon hayotiga ishora qilgani sezilib turadi. Bular antik mavzudagi “Ifigeniya Avlidada” (1934) “Ifigeniya Delfada” (1941), “Agamennonning o’limi” (1944), “Elektra” (1945) dramalaridir.
Hauptman 1946 yilda 83 yoshda vafot etdi. Uning eng yaxshi pyesalari GFR teatrlari sahnalaridan tushmay kelmoqda. “Kun botishi oldidan” dramasi o’zbek sahnasida ham katta mahorat bilan o’ynalgan. “Hayotnoma” deb ataluvchi mazkur asarni Hamid G’ulom o’zbek tiliga o’girgan.

Download 5.22 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   95




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling