Ning sharq xalqlari adabiyoti fanidan yakuniy nazorat ishi mavzu: murasaki shikibuning hayoti va ijodi yo’li haqida
Download 29.4 Kb.
|
Jalolova Dilbar Nazorat ishi.
- Bu sahifa navigatsiya:
- Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati
TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK UNIVERSITETI YAPONSHUNOSLIK FAKULTETI IV KURS YAPON-INGLIZ GURUHI TALABASI JALOLOVA DILBARNING SHARQ XALQLARI ADABIYOTI FANIDAN YAKUNIY NAZORAT ISHI MAVZU: MURASAKI SHIKIBUNING HAYOTI VA IJODI YO’LI HAQIDA Toshkent 2021 Adibaning haqiqiy ismi nomaʼlum. Murasaki – adibaning taxallusi, sikibu – uning erining saroydagi unvoni, bu lavozimiy unvon atamasi koʻpincha shaxs ismiga qoʻshib aytilgan. Murasakining tarjimai holi bayon etilgan koʻplab biografik yozuvlar bitib qoldirilgan boʻlishiga qaramay, uning bevosita hayoti bilan bogʻliq maʼlumotlar deyarli yoʻq. Tadqiqotchilar bu muallifning tarjimai holini yoritishda asosan adiba qalamiga mansub asari – “Kundaliklar”iga va uning sheʼriy asarlari saqlanib qolgan “Murasaki Sikibu-syu” bayoziga suyanadilar. Adibaning eng mashhur va asosiy asari “Gendzi-monogatari” romanidagi muhim gʻoyaviy-estetik, ruhiy vaziyatlarni tahlil va tadqiq qilishda yuqorida tilga olingan asarlarning, ayniqsa, “Kundaliklar”ning ahamiyati juda beqiyosdir. Murasaki Sikibu taxminan 978 yili tugʻiladi (yaponlarning “Eyga monogatari” – “Tong qissalari” toʻplamida aynan shu sana keltirilgan). Tadqiqotchi Oka Kadzuo bu borada 973 sanasini keltiradi, ammo bulardan boshqa sanalarni keltirgan tadqiqotchilar ham yoʻq emas. Adiba Yaponiya tarixida, siyosatida, davlatchilikning tashkil boʻlishida juda ulkan oʻrin tutgan aslzoda Fudzivaralar sulolasiga mansub ayoldir. Uning otasi Tametoki faoliyati boshlarida avvaliga poytaxtda turli lavozimlarda xizmat qilib yuradi, keyinchalik esa Etidzen muzofotining, soʻng shimoldagi Etigo muzofotining hokimi boʻlib xizmat qiladi. U hokim boʻlishiga qaramay, adabiyot va falsafa fanlariga juda qiziqqan, hatto xitoy tilini mukammal oʻrgangan, oʻzini atoqli olim va xattot Sugavara Fumitokining (809-981) shogirdi deb bilgan, xitoy tilida sheʼrlar ham ijod qilgan. Boʻlajak adibaning onasi – hukmdorning oʻng tomon otxonasining boshqaruvchisi Fudzivara Tamenobuning qizi – Murasaki hali juda yosh paytidayoq vafot etadi. Murasakining tarjimai holi haqida yozgan biograflarning taʼkidlashlaricha, qizaloq adabiyot, ilm-fan muhitida, sanʼat muhiblari doirasida kamolga yetgan. Bu sulolaning shajaraviy manzarasida ota va ona tomonidan ham bir necha isteʼdodli insonlar yetishib chiqqanligini kuzatish mumkin. Murasaki Sikibu ajdodlaridan faqat adabiy isteʼdodnigina qabul qilib olmasdan, kitob mutolaa qilish qobiliyatini ham olgan, yapon va xitoy mumtoz adabiyoti namunalaridan ham, buddizm va konfutsiylik taʼlimotidan ham aʼlo darajada xabardor boʻlgan, musiqa taʼlimi, tasviriy sanʼatni sevgan, kato asbobini yaxshi chalgan, gullarni joylashtirish (ikebana) sanʼatini ham puxta egallagan. Bolaligi oʻtgan muhitni eslar ekan, Murasaki oʻz kundaliklarda shunday bir qiziqarli voqeani yozib qoldirgan: “Akam Nobunori (u hozir Oʻng departamentda xizmat qiladi) hali bola paytlarida, uning xitoy adabiyotini yaxshi bilgan olim boʻlib yetishishini juda qattiq istagan otam koʻpincha akam dars tayyorlayotgan paytida ovoz chiqarib oʻqishini eshitish uchun yoniga kelib oʻtirib olardi. Akamning ovoz chiqarib oʻqishini eshitaverib, men xitoy tilini tez oʻzlashtirib oldim-da, endi u qiynalib qolgan paytlarida oʻzim unga yordamlashib yuborardim. Shunda otam afsuslanib: “Eh, sening oʻgʻil bola boʻlib tugʻilmaganingni qaraya…” derdi. Koʻp vaqt oʻtmay, men bu isteʼdodimdan afsus cheka boshladim, negaki mening bilagʻonligimdan xavfsiragan odamlar kitob oʻqishga haddan tashqari berilgan qizlar koʻpam ragʻbatlantirilavermasligini aytib, meni vahimaga sola boshladilar. Mendaqa bilagʻon qizlarning ahvoli gʻoyatda mushkul boʻlib, jamiyatda oʻz oʻrnini topolmas emish. Bunaqa gaplarni eshitavergach, oʻzimning kitobsevarlik isteʼdodimni yashiradigan, hatto “bitta iyeroglifni ham oʻqiyolmayman”, deb turib oladigan boʻldim”. 996 yilda Murasaki otasi bilan Etigo muzofotiga joʻnaydi. Bu yerda ikki yil yashagach, Kiotoga qaytib keladi va tez orada saroy xodimi – imperator qoʻshinining leytenanti (sarbozi) Fudzivara Nobutaka bilan turmush quradi. Manbalarning birida ularning turmush qurgan yil 999 deb, ikkinchisida 994–998 yillar oraligʻi deb koʻrsatilgan. Tadqiqotchilar Ikeda Kikan va Akiyama Kenlarning fikricha, Murasakining kiborlar olamiga kirib borishiga mana shu nikoh asosiy sabab boʻlgan. Boshqa bir tadqiqotchilarning yozishicha, erining saroyda egallagan lavozimi otasining lavozimi bilan teng edi (adibaning otasi ham bir paytlar imperator xizmatida boʻlgan, Tikudzen va Battyu muzofotlarini boshqargan), binobarin Murasakining imperator saroyiga yaqinlashishida eri yoki otasi egallagan lavozimning hech qanaqa roli yoʻq, bularning bari adibaning aql-farosati, zukkoligi, bilimi bilan bogʻliqdir. Shuning uchun ham koʻpchilik tadqiqotchilar Murasaki oʻzining isteʼdodi tufayligina bosh hukmdor – imperatorning iltifotiga sazovor boʻlgan, deb hisoblaydilar. Adibaning eri oʻzidan 25 yosh katta boʻlganligi, ular turmush qurganlarida Murasaki 21 yoshda ekanligi ham manbalarda qayd etiladi. Murasaki Nobutakaning yagona xotini emas edi, lekin tadqiqotchilar adibaning kundaliklaridagi sheʼriy satrlarga koʻra, uning baxtli hayot kechirganliklarini taʼkidlashadi. 1000 yili oilada qiz farzand tugʻiladi, unga Kensi deb nom berishadi. Yapon adabiyotshunoslarining fikricha, Kensi adabiyot tarixida taniqli boʻlgan “Sagoromo Nikki (monogotari)” kundalik daftar-romanning muallifi boʻlishi mumkin, biroq keyingi paytlarda bu taxminga shubha bilan qaralmoqda. Murasaki erta yesir qoladi, eri Nobutaka hayotdan koʻz yumganda (1001 yil) adiba bor yoʻgʻi 26 yoshlarda edi. Murasakining sheʼriy asarlaridagi kayfiyat shulardan darak beradiki, yosh ayol bu musibatdan juda qattiq qaygʻuga botadi, hatto sochini taqir qilib qirdirib, rohibalikni ixtiyor qilmoqchi boʻladi. U oʻzining “Kundalik”larida erining oʻlimidan keyingi hayotini “baxtsiz yillar, behush yillarim” deb ham atagan. Tadqiqotchilardan biri esa (Morris) Murasakining eriga vafodor boʻlganiga, uning oʻlimidan qaygʻuga botganiga ham shubha bilan qaraydi va oʻz taxminlarining isboti sifatida adibaning kundaliklarida eri Nobutakaning ismi biron oʻrinda ham uchramasligini qistirib oʻtadi. Nima boʻlmasin, Murasaki eri vafotidan keyin ota uyida besh yil mobaynida zohidona umr kechiradi, uning hamrohi faqat kitob edi, bir chetda yapon va xitoy mumtoz shoirlarining asarlarini oʻqib kunni kech qiladi (buni qarangki, eridan juda koʻp kitob meros boʻlib qolgan edi). Otasi uni oʻzi bilan Etidzen muzofotiga olib ketishga unamaydi, bu esa Murasaki uchun ikkinchi marta tag-tugli aslzoda kuyov topishga moneʼlik degan gap edi. Buning oʻrniga, Tametoki (otasi) oʻzining dasti daroz bir qarindoshidan – Fudzivara Mitinagadan iltimos qilib, qizining ishga joylashishida yordam berishini soʻraydi. Fudzivara Mitinaga Murasakini oʻzining qizi Akikoga xodima qilib belgilaydi. Bu vaqtda Akiko payt yetib imperatorga rafiqa (hozirgi til bilan aytganda, mamlakatda birinchi xonim) boʻlib ketishini kim ham tush koʻribdi deysiz?! Mitinaga Taketokiga avvallari ham yordam berib yurgan edi, masalan, Tametoki nomzod boʻlgan hokimlik lavozimi baʼzi odamlar gʻiybati oqibatida boshqa birovga oʻtib ketay, deb turganda, mana shu Mitinaga oraga tushib, bu lavozimni unga olib bergan edi. Shunday qilib “sabab bilan savat aravaga chiqibdi” deganlariday, 1005–1007 yillar oraligʻida Murasaki Sikibu ham imperator saroyida xodima sifatida koʻrina boshlaydi. (Bu sanalar baʼzi manbalarda boshqacha berilgan.) Bu paytda, To Sikibu nomi bilan tanilgan edi. Shundan keyin u imperator Itidzyoning lutfan nomlashiga koʻra “Nixongi xonim” deb ham atalib yurgan. Murasaki oʻz kundaliklarida shunday deb yozadi: Imperator “Gendzi-monogatari” asarimni oʻqishni buyurdi, hamma diqqat bilan eshita boshladi. Oʻqish tugaganida podshoh “Bu xonim “Nixongi” asarini mutolaa qilgan ekan-da, juda bilimdon ekanligi koʻrinib turibdi. Haqiqiy isteʼdod ekan”, dedi. Bu maqtovlarni aytib boʻlgach, yonidagi aʼyonlariga qarab, yana “noyob isteʼdod” deb takrorladi. Shu-shu hamma meni “Nixongi-no mitsubane” deb atay boshladi”. (“Nixongi xonim” asaridan.) “Murasaki” degan taxallus unga ancha keyin – “Gendzi – monogatari” asari juda mashhur boʻlib ketganidan soʻng beriladi. Boʻlajak adiba saroy qonun-qoidalariga koʻra, endi oʻz vaqtini goh imperator saroyida, goh esa Mitinaganing shahar chetidagi qasrida oʻtkaza boshlaydi, bunga sabab malika Akiko edi – Akiko koʻproq ota uyida boʻlardi. Akiko 16 yoshlardagi malika-kelin boʻlib, u haqida Murasaki oʻz “Kundalik”larida shunday yozadi: “Malikani qurshagan xodimalarga maʼlumki, u hech qanday manmanlikni, noz-istigʻnoni bilmaydigan kamtar, olijanob qiz edi. Saroyda erkak zoti koʻringuday boʻlsa, malikaning bizlarga munosabati oʻzgarib qolmasligi uchun yaxshisi xonamizga berkinib olar edik… Kiyinishda va yasan-tusanda ham biz oʻta ehtiyotkor edik, negaki, qay birimiz bu borada salgina ehtiyotsizlik qilsak, shuning oʻzi malikamiz shaʼniga hurmatsizlik boʻlishini yaxshi tushunardik… Agar qaysi birimiz did yoki muomala borasida salgina xatoga yoʻl qoʻysak, malika (Akiko) shu kundan boshlab aybdor xodimaga xuddi gʻalati bir jonvorga qaraganday qarayverardi.” Murasaki otasidan, oʻzini imperator ammasining hovlisiga ishga joylashtirmagani uchun oʻpkalanadi. Sababi, imperatorning ammasi malika Sensi oʻz davrining koʻzga koʻringan fozila ayollaridan edi, Kamo ibodatxonasiga qatorasiga 5 marotaba rahbar qilib saylangan, shunga yarasha “buyuk taqvodor” degan mavqeiga ham erishgan edi. Adiba “agar Sensixonim xizmatida boʻlsam edi, Akiko xizmatidagiday turli ziyofatu marosimlarga koʻpam chaqirilavermasdim”, deydi. Akikoni esa tez-tez marosimlarga, yigʻinlarga chaqirishar, shuning uchun uning xizmatidagilar tinim bilmas, nuqul “Imperator xonimni oliy hazratlari chorlayaptilar, uni kuzatib borishga tayyorlaninglar!” yoki “Janobi bosh vazir kelyaptilar, kutib olish uchun peshvoz chiqinglar!” kabi buyruqlar tez-tez takrorlanardi. “Sensi xonim xizmatidagilar bizlarga oʻxshab toʻsatdan boshlanayotgan tashriflardan, bostirib kelishlardan iztirob chekmaydilar”, deb yozadi Murasaki. Shunisi qiziqki, Murasaki ana shunday armonlar bilan yurgan bir paytda imperator xonim Akiko ham yashirin bir orzu-armonda edi – u xitoy tilini oʻrganish ishtiyoqiga tushib qolgan edi. Mana shu orzu Murasakiga juda oʻng kelib qoldi, negaki u, avval aytganimizdek, xitoy tilini yaxshi bilardi. Murasaki oʻzining bu boradagi bilimini harchand yashirmasin, haqiqat baribir ochilib qolgan edi. Shunday qilib, 1008 yilning yoz mavsumida Murasaki yosh imperator xonim bilan bir ovloqda, kishi koʻzi tushmaydigan joyda mashhur xitoy mumtoz shoiri Bo Szyuyining 2 jildlik “Qoʻshiqlar” kitobini mutolaa qila boshlaydi. Murasakining xilvatnishin boʻlib olishiga sabab koʻp edi, bular ichida eng dahshatlisi – qarindoshi Mitinaganing hoziru nozirligi, har xil gaplar ayta boshlagani. Mitinaga Fuzivara – malika Akikoning otasi (imperatorning qaynotasi) bu paytda qirchillama 42 yoshida, saltanatda birinchi vazir edi (u bu lavozimda 14 yil faoliyat yuritgan). Shu odam Murasakining yoʻlini toʻsgani-toʻsgan edi. Murasaki oʻz kundalik daftarlarida bu kabi shilqim jazmanlari haqida ham roʻyi-rost, ham nazokat bilan shaʼma qilib oʻtadi. Biograflar Murasakining jiddiy, ochiqkoʻngil, ziyrak, kamgap, xayolparastlikka moyil, nozik tabiatli ayol boʻlganligini, davradoshlarning mugʻombirliklari, gʻiybatlari borasida ham yengil kinoya bilan yozib oʻtganligini tilga oladilar. Yapon tadqiqotchisi Oka Kadzuoning fikricha, Murasaki Sikibuning saroydagi xizmatlari 1013 yilda tugaydi. Ammo uning 1025 yilda ham Akikoning yonida xodima boʻlib ishlagani, shu yili boʻlajak imperator Go Ryodzenning dunyoga kelishi munosabati bilan marosimda ishtirok etganligi haqida ham maʼlumotlar mavjud. 1011 yilda adibaning otasi Etigo muzofoti hokimi etib tayinlanadi. Otasi bilan akasi Nabunori Etigoga joʻnab ketadi. Ammo koʻp oʻtmay Nabunori shu yerda vafot etadi. Akasining vafotidan soʻng Murasaki Sikibu ham koʻp yashamaydi. Oka Kadzuo adibaning vafotini 1014 yil deb koʻrsatadi. Baʼzi taxminlarga koʻra esa, Murasaki 1025–1031 yillar oraligʻida vafot etgan boʻlishi mumkin. Yosano Akiko tadqiqotlariga koʻra, Murasaki Sikibu yo 1015 yilning oxirida, yo 1016 yilning boshida vafot etgan boʻlishi kerak. “Murasaki Sikibuning ijodiy faoliyati qachon boshlangan?” degan savol koʻpchilikni, qiziqtirsa kerak. Uning ijodi sheʼriy mashqlardan boshlanganiga shubha yoʻq. Uning qalamiga mansub sheʼrlarning asosiy qismi “Murasaki Sikibu-syu” daftarida jamlangan. Sheʼrlarining aksariyati “Gendzi-monogatari” kitobida ham bor. “Kundalik”larida sheʼrlar nisbatan oz. “Gendzi-monogatari” romanini Murasaki eri vafotidan soʻng, ota uyida ayriliq azobini unutish niyatida yoza boshlagan boʻlishi ehtimolga yaqin. Koʻpchilik tadqiqotchilar qayd etib oʻtgan taxminga koʻra, roman 3 yil ichida (juda borsa 4 yilda) – eri vafotidan soʻng to malika Akiko xizmatiga borgan vaqt ichida qogʻozga tushgan. Shu bilan birga, roman saroy xizmatiga kirgan paytdan boshlanib, 1008 yilning qish oylari oraligʻida yozilgan, degan taxmin ham bor. Xullas, roman qachon yozib tugatilgan boʻlmasin, Murasaki Sikibu malika Akiko xizmatiga kirganidayoq isteʼdodli adiba sifatida dovrugʻ qozongan edi. Malikaga hamrohlik qiluvchi xodima boʻlib xizmat etarkan, Murasaki Sikibu ham romanni yozishda davom etgan, ham sheʼrlar bitgan, ham “Kundalik”larini yozgan. Eng soʻnggi taxminlarda 1010 yil koʻproq tilga olinadi – shu yili adiba “Gendzi”ni ham, “Kundalik”larni ham yozib tugatadi va bu haqdagi oʻzining yozuvlarida saroydagi bayram tomoshalarini, urf-odatlarni, marosimlarni, malika Akiko tevaragidagi xodimalarning feʼl-sajiyalaridagi eʼtiborga loyiq jihatlarini ham qayd etib oʻtadi. Ammo adibaning nomini jahon adabiyoti sahifalariga mangu oʻchmas qilib yozgan asari – bu “Gendzi-monogatari” romani boʻldi. Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati: https://en.wikipedia.org/wiki/Murasaki_Shikibu https://www.britannica.com/biography/Shikibu-Murasaki http://www.newworldencyclopedia.org/entry/Murasaki_Shikibu Download 29.4 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling