Nobel mukofotiga munosib topilgan
Download 16.42 Kb.
|
Herman Hesse
XX asr jahon adabiyotining ulkan namoyandalaridan biri, Xalqaro Nobel mukofoti sovrindori Hermann Hesse (1877–1962) asarlari eng koʻp mutolaa qilinadigan olmon adiblaridan sanaladi. Uning qator roman, qissa, hikoyalari, sheʼrlari, siyosiy, adabiy-tanqidiy ruhdagi asarlari chop etilgan. Ular orasida, ayniqsa, “Choʻl boʻrisi”, “Marjonlar oʻyini”, “Demian” kabi kitoblari dovrugʻ qozongan. “Gʻildiraklar ostida” romani, “Nyurnbergga sayohat” safarnomasi, “Kurortdagi kishi” qissasi va boshqa koʻpgina asarlari ham mashhur. Adibning kitoblari dunyo miqyosida 55 tilda 100 milliondan ortiq nusxada chop etilgan. H. Hesse 1946 yilda Shvetsiya Qirollik akademiyasi tomonidan “insonparvarlikning mumtoz gʻoyalarini oʻzida tobora yaqqol namoyon etayotgan joʻshqin ijodi, shuningdek, yorqin uslubi uchun” Nobel mukofotiga munosib topilgan. Hermann Hesse 1877 yil 2 iyulda Kalv (Vyurttemberg)da Yohannes Hesse va Mariya Gundert oilasida ikkinchi farzand boʻlib dunyoga keldi. Otasi kelib chiqishiga koʻra boltiqboʻyilik nemis, onasi shveysariyalik xonadonga mansub edi. Hessening otasi maʼlumotli missioner boʻlib, avvaliga Hindistonda qaynotasi Hermann Gundertning yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan boʻlsa, keyinchalik Kalvda noshirlik ishlari bilan mashgʻul boʻlgan. Garchi Hesse umrining talaygina qismi chet ellarda, yot oʻlkalarda oʻtgan boʻlsa-da, u oʻzi tugʻilib oʻsgan vatanini ulkan qalb ila sevgan. “Agar men shoir, yozuvchi sifatida oʻrmon, daryo, qir-adiru koʻkalamzorlar, kashtan soyalari yoki archazorlar haqida yozgan boʻlsam, bilingki, ular Kalvning qalin oʻrmoni, Nagold daryosi, ajoyib kashtanzorlari va archazorlaridir. Bularning barchasi, hattoki bozor maydoni, koʻprik va koʻchalar ham mening kitoblarimdan joy olgan. Men Bremen, Neapol, Vena, Singapur kabi dunyoning goʻzal va ulkan shaharlarida boʻldim. Biroq men koʻrgan hamda bilgan shaharlar orasida eng goʻzali Nagold boʻyida joylashgan moʻjaz goʻsha – Kalv shahri boʻlib qolaveradi…” H. Hesse nafaqat mashhur yozuvchi, balki hassos shoir va musavvir ham boʻlgan. H. Hessening ilk kitobi 1899 yilda nashr etilgan – “Romantik qoʻshiqlar” nazmiy toʻplami boʻlib, undagi sheʼrlar soddaligi, samimiyligi va ohangdorligi bilan ajralib turadi. Adib koʻhna Sharq olamiga, Sharq adabiyoti va falsafasiga alohida muhabbat bilan munosabatda boʻlgan, xususan, hind va xitoy mifologiyasi unda katta qiziqish uygʻotgan. Shu oʻrinda uning 1911 yilning kuzida Hindistonga safari natijasida yozilgan “Siddhartha” romani (“Hind dostoni”) koʻhna Sharq falsafasi va maʼnaviyati eʼtirofining mahsuli ekanini taʼkidlash joiz. H. Hesse yana bir mashhur asari – “Marjonlar oʻyini” romanida Sharq va Gʻarb donishmandligini birlashtirib, sintez usulini qoʻllashga muvaffaq boʻladi. Adibning maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda yaratilgan asarlaridan biri – “Gʻildiraklar ostida” nomli romanida qobiliyatli bir oʻquvchining fojiali taqdirini ochib berish orqali jamiyat va shaxs oʻrtasidagi ziddiyatlar, jumladan, jamiyat, maorif va maktabning yosh avlod tarbiyasi oldidagi yuksak burch va masʼuliyati kabi dolzarb masalalar xususida fikr yuritiladi. “Nyurnbergga sayohat” safarnomasi va “Kurortdagi kishi” qissasi ham mazkur yoʻnalishda yaratilgan asarlar sirasiga kiradi. Safarnomada yozuvchining 1924 yilning kuzida Tessindan Nyurnbergga qilgan ikki oylik sayohati qiziqarli tarzda bayon etiladi. Qissaga esa uning Syurix yaqinidagi kurort shaharcha Baden bilan bogʻliq xotiralari asos qilib olingan. Ushbu asar mazmun-mohiyatiga koʻra, muallifning oʻz shaxsiy muammolari, ruh bilan vujud orasidagi, shaxs va jamiyat oʻrtasidagi ziddiyatlar haqida odatdagi badiiy toʻqimalar vositasida emas, balki avtobiografik qissa shaklida hikoya qilishga boʻlgan ilk urinish sifatida taassurot uygʻotadi. Ilk bor 1927 yilda bosilib chiqqan “Choʻl boʻrisi” romani teran psixologik asar boʻlib, muallifga olamshumul shuhrat keltirdi.”Choʻl boʻrisi”da oʻz-oʻzini tahlil qilish va hal etilmagan maʼnaviy-ruhiy ziddiyatlarni yengish yoʻlidagi saʼy-harakatlar qalamga olinadi. Unda muallifning avvalgi asarlarida ozmi-koʻpmi aks ettirilgan Ruhga murojaat etish uslubi oʻzining yakuniy hamda toʻlaqonli ifodasini topgan. Yozuvchi Tomas Mann ushbu roman haqida shunday degan edi: “Choʻl boʻrisi” eksperimental dadillikda “Uliss” va “Faux Monnayeurs” singari asarlardan qolishmaydigan kitob ekanligini aytib oʻtirishga hojat bormikin? Download 16.42 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling