Normamatova ijtimoiy ish nazariyasi
Download 1.31 Mb.
|
Dars metodi: Blits so‘rov, an’anaviy ma’ruza, suhbat, qisqa muddatli test.
Dars mazmuni: Konfliktologiyaning mohiyati va mazmuni. Ijtimoiy ish mutaxassisi uchun insonlarning o‘zaro munosabatlarida hech qanday sir yo‘q. U ikki davlat o‘rtasida nima uchun urush bo‘layotganini va o‘rtog‘i xotini bilan nima uchun janjallashganini yaxshi tushunadi, chunki, Monten aytganiday, davlatlar o‘rtasidagi va qo‘shnilar o‘rtasidagi urushlarning asosida aynan bir xil sabablar yotadi. Konfliktologiya deb, ijtimoiy nizolar, ularning sabablari va oqibatlari, shakllanish, davom etish va hal qilish murvatlari, ularni optimallashtirish usullari to‘g‘risidagi nisbatan mustaqil bo‘lgan fan sohasiga aytiladi. Fanning bu sohasi XX asrning 70-yillarida sotsiologiya, ijtimoiy psixologiya, menejment, ijtimoiy ish, pedagogika va siyosatshunoslik fanlarining tutash nuqtasida paydo bo‘ldi. U shaxsning ichki nizolaridan to inqiloblar va davlatlar o‘rtasidagi urushlargacha bo‘lgan janjallarning umumiy va o‘ziga xos qonuniyatlari to‘g‘risida bilim berar ekan, insonlar bilan ishlaydigan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda ishtirok etadigan odamlar, shu jumladan, ijtimoiy xizmatchilar uchun ham foydalidir. Konfliktologiya ichki nizolarning barcha turlari va shakllari, ular o‘rtasidagi umumiy qonuniyatlarni o‘rganadi, ijtimoiy ish esa, avvalo shaxsning ichidagi, shaxslar o‘rtasidagi, shaxs va guruh o‘rtasidagi nizolarni o‘rganadi. Konfliktologiya juda ko‘p fanlar bilan o‘zaro bog‘langan: u siyosatshunoslik bilan birga etnoslararo, partiyalarning ichidagi, partiyalar o‘rtasidagi va boshqa nizolarni o‘rganadi; menejment bilan birgalikda esa, tashkiliy (jamoa ichidagi va jamoalar o‘rtasidagi) nizolarni o‘rganadi. Hozirgi zamon jamiyatshunosligi va insonshunosligi bo‘limlarining ko‘pchiligi konfliktologiya nazariyalari yordamida yoritilgan. Butun hayotimiz – nizolardan: atrofdagilar bilan, tabiat bilan, vaziyat bilan, o‘zimiz bilan nizolardan iborat. Nizo madaniyati quyidagilarni qamrab oladi: 1) nizoli vaziyatni kengaytirish emas, toraytirishga harakat qilib, faqat nizo predmeti to‘g‘risida so‘z yuritish; 2) xafa qiladigan tanbehlar, murojaatlar, so‘kinishlarga yo‘l qo‘ymaslik; 3) faqatgina o‘zining nuqtai nazarini bayon qilishga intilmay, o‘zgani tushunishga ham intilish; 4) aynan bitta vaziyatni turlicha odamlar turlicha anglashi va his qilishini unutmaslik, shuning uchun xotiralarni eslashda nizo qiluvchi tomonlarning “guvohlik ko‘rsatmalari” jiddiy farq qilayotgan bo‘lsa ham bir-birlarini “yolg‘onchilikda” ayblamasdan, yaxshisi tafovutlarning sababini aniqlashga intilish, ehtimol nizoning haqiqiy sababi mana shundadir; 5) konstruktiv yondashishga intilish, nizo sababini shu yo‘l bilan bartaraf etishning ehtimoli ko‘proq; 6) nizoga zarur bo‘lmasa uchinchi shaxslarni jalb etmaslik: birinchidan, ular asabiylashish va uyalishni keltirib chiqaradi, ikkinchidan, ularning fikri har doim xolis bo‘lavermaydi; 7) o‘zining nohaqligini tan ola bilish; 8) agar nizo oldindan ma’lum sababga ko‘ra, vujudga kelsa, uni kechroq muddatga “ko‘chirish” haqida kelishib olish mumkin; Bunday hollarda, odatda, ehtiroslar soviydi va tortishuv jarayoni ancha tinch o‘tadi; 9) hech qanday holda nizoga bolalarni jalb etmaslik. Kelishmovchilik prinsipial asosga tayanadigan bo‘lsa, ularni har doim ham hal qilib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, ichkilikbozlik, qo‘pollik, haqoratlar va ayniqsa, mushtumzo‘rlikka nisbatan kechirimli bo‘lish mumkin emas. Ijtimoiy ish shaxs va muhit o‘rtasidagi (sotsium va mikrosotsium o‘rtasidagi mavjud bo‘lgan va kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarni), odamning boshqa odamlar bilan bo‘lgan va nizoli xususiyatlar, demak, uning o‘zi uchun ham, atrofdagilar uchun ham muhim bo‘lgan o‘zaro munosabatlarini o‘rganadi. Hozirgi kundagi Rossiya dunyodagi eng nizoli mamlakatlardan biridir. Ijtimoiy nizolar barcha ijtimoiy institutlar va guruhlar faoliyatining xususiyatlarini belgilaydi, ijtimoiy munosabatlarga tubdan yangicha xususiyatlar baxsh etadi. Ijtimoiy xizmatchilar aholining keskin nizoli toifalari (nogironlar, nafaqaxo‘rlar, ishsizlar, qochqinlar va h.k.) bilan ish yuritadi va ular ijtimoiy taranglikni yumshatishga ko‘maklashishlari lozim. Shunday qilib, ijtimoiy ish fanining mazmuni, obyekti, predmeti, kategoriyalari va boshqa ilmiy atributlari konfliktologik xususiyatlarsiz tasavvur qilinishi ham mumkin emas. Aks holda uning real ijtimoiy talablardan uzilib qolishi, u bajaradigan funksiya va vazifalar talqinida buzilishlar yuz berishi mumkin. Ijtimoiy ishning nazariy-metodologik muammolarini konfliktologik nuqtai nazardan ko‘rib chiqishni inkor etish uning talqinlaridagi biryoqlamalikka olib keladi. Masalan, ijtimoiy ishni ko‘pincha xayriya ishlari, mehribonlik, ijtimoiy tibbiyot va uning boshqa ko‘rinishlari bilan tenglashtirishadi. Ijtimoiy ishda quyidagi manfaatlarning uchrashuvi yuz beradi: ijtimoiy xizmatchi va mijoz manfaatlari; alohida mijoz va boshqa odamlar manfaatlari; mijozlar guruhi; mijozlar guruhi va jamiyatning boshqa qismi manfaatlari; muassasalar tizimi va mijozlar guruhi manfaatlari; kuzatuvchi (muassasa) va ijtimoiy xizmatchilar tizimi; professionallarning turli guruhlari manfaatlari. Ijtimoiy ishdagi nizo sifatida mutaxassisning shaxsiy va kasbiy qadriyatlari o‘rtasidagi nomutanosiblik ham ko‘rilishi mumkin. Oilaviy xizmatdagi amaliy xizmatchining, aytaylik, abortlarga qarshi bo‘lgan xizmatchi bilan shu masalani yosh homilador qiz bilan muhokama qilish jarayonida qiyinchiliklar kelib chiqishi mumkin. Hozirgi zamon tibbiyotining imkoniyatlarini yaxshi anglaydigan klinikadagi ijtimoiy xizmatchi diniy sabablarga ko‘ra hayotini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan qon quyishga qarshilik ko‘rsatayotgan patsientning o‘zi hal qilishi huquqi bilan to‘qnashishi mumkin. Har bir alohida holatda ijtimoiy xizmatchi mijoz oldidagi, ish beruvchi oldidagi, kasbi oldidagi, jamiyat oldidagi majburiyatlarini taroziga solib ko‘rishi, shundan keyingina qaror qabul qilishi lozim. Download 1.31 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling