Nutq o‘stirishning dolzarb masalalari


Download 99.56 Kb.
Sana14.02.2023
Hajmi99.56 Kb.
#1197315
Bog'liq
mashg\'ulot ishlanmalari nutq o stirish


NUTQ O‘STIRISHNING DOLZARB MASALALARI

Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning ajralmas qismidir, chunki bolada aynan maktabgacha ta’lim muassasasida birinchi ijtimoiy jarayonlar shakllanadi: u tengqurlari bilan muloqоtga kiri­shadi, maktabga kirishga tayyorgarlik ko‘rish u­chun maqsadli yo‘nalishga ega bo‘lgan birinchi mashg‘ulotlar, guruhli o‘yinlarda ishtirok etadi. Bularning barchasi barkamol avlodni tarbiyalash­ga qaratilgan bo‘lib, asosiy e’tibor uning ruhiy, jismoniy va axloqiy sifatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Hozirgi davr maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning individual xususiyatlarini e’tiborga olgan holda, maktabgacha ta’lim muassasalariga yangi innovatsion va interfaol texnologiyalarni tatbiq etishni taqozo etadi. Bu jarayonda nutq o‘stirishning uslub va shakllarini e’tiborga olish kerak. Chunki nutq inson muloqotining asosiy vositasidir. Usiz inson behisob ma’lumotlarni bir-biri bilan almashish imkoniyatiga ega bo‘lmas edi. Muloqot vositasi bo‘lgan nutq tufayli inson o‘ziga xos bo‘lgan ongi, shaxsiy malakasi bilan chegaralanibgina qolmay, balki boshqa insonlar malakasi bilan ham yanada ko‘proq boyiydi. Kuzatish yoki his etish (idrok, diqqat, tasavvur, xotira, tafakkur) orqali ham bunchalik ko‘p ma’lumot ololmaydi.
Oddiy tovushlar birikmasiga qaraganda so‘zlarda ko‘proq ma’lumot jamlangan bo‘ladi. Bir yoshga yetganda hamma jajjilar alohida so‘zlarni talaffuz qila boshlaydilar. Ikki yoshga to‘lganda 3-4 so‘zdan iborat bo‘lgan gaplarni ayta boshlaydi. To‘rt yoshda u ancha bemalol so‘zlay oladi. Nutqning keyingi takomillashuvi uch xil yo‘l bilan amalga oshadi: kattalarga va atrofdagi boshqa insonlarga taqlid, shartli refleks tizimlarini shakllantirish, harakat, predmet, vo­qea-hodisalar o‘zini atovchi so‘z va so‘z birikmalari bilan aloqadorligi. Bularga yana kichkintoyning o‘ziga xos bo‘lgan nutqiy yaratuvchanligini qo‘shimcha qilish kerakki, bu narsa bolaning birdan umuman mustaqil, “shaxsiy tashabbus” bilan hali kattalardan eshitmagan so‘z va iboralarni o‘ylab chiqara boshlashida ko‘rinadi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim-tarbiya berishning vazifalari orasida ona tilini o‘rgatish va muloqot nutqini o‘stirish asosiy vazifalardan biridir. Bu umumiy vazifa ayrim maxsus vazifalarni o‘z ichiga oladi: jajjilarning nutqiy tovush madaniyatini tarbiyalash, lug‘at boyligini oshirish, mustahkamlash va faollashtirish, so‘zla-shuvga (dialog) o‘rgatish, nutqni grammatik jihatdan to‘g‘ri shakllantirish, badiiy so‘zga qiziqishni uyg‘otish, savod olishga tayyorlash. Bola to‘rt yoshga yetganda o‘z ona tilida hamma tovushlarni, jumladan, kichkintoy uchun qiyinchilik tug‘diruvchi r, l, m, ch, t tovushlarni ham o‘zlashtirib oladi.
Ona tilini bilish bu faqatgina to‘g‘ri gap tuzishni bilish degani emas. Bolaga voqea-hodisalarni so‘zlab berishni o‘rgatish kerak: nafaqat predmetning nomini atashi (bu koptok), balki uni tasvirlab berish, biror bir voqea-hodisa haqida ularning ketma-ketligini to‘g‘ri saqlagan holda gapirishni bilishi lozim. Aniq voqealar ketma-ketligi saqlangan, tushunarli bo‘lgan, ortiqcha savol va izohlar talab qilmaydigan, bir-biriga bog‘langan nutq mazmunli nutq sanaladi.
So‘zlashuv ko‘nikmalari asosida bolalar kattalar nutqini eshitish va tushunishni, ularning savollariga javob berishni, boshqa bolalar oldida gapirishni, bir-birini eshitishni o‘rganadilar.
Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarda nutqiy ko‘nikmalarni o‘stirish va mukammallashtirish uchun ularning eshitish xotirasini mustahkamlovchi so‘zlarni, gaplarni aniq talaffuz ettiruvchi, ularning ijodiy qobiliyatlarini o‘stiruvchi keng ko‘lamli amaliy mashg‘ulotlar ishlanmasi zarur. Bular mashg‘ulot vaqtida yoki undan tashqari hollarda qisqa vaqt mobaynida bajarsa bo‘ladigan, hajm jihatdan uncha katta bo‘lmagan matnlar va tez aytish mashqi bo‘lishi mumkin.
Tez aytishlar:
– Oq choynakka oq qopqoq,
Ko‘k choynakka ko‘k qopqoq.
– Qishda qatiq qattiq qotib qoldi.
– G‘ani g‘ildirakni g‘izillatib g‘ildiratdi.
Qishda kishmish pishmasmish,
Pishsa kishmish qishmasmish.
– Bir tup tut,
Tutning tagida turp.
Tut turpni tutib turibdimi,
Turp tutni tutib turibdimi?
Shu bilan birga, pedagog bolalar nutqini o‘stiruvchi, ularning tovushlarni to‘g‘ri talaffuz etishlarini shakllantiruvchi o‘yin va mashq turlarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi shart.
O‘yin va mashq turlari.
1. Artikulyatsion apparat organlari harakatini aniqlash va o‘stirish uchun o‘yin mashqlar.
Mashq: “Qor parchalar uchyapti”.
Bolalarga ipga osilgan kichik-kichik paxta bo‘­laklari tarqatiladi. Bolalar “qor parchalar”iga sekin puflab, shamolni aks ettirishlari kerak. Ularning yonoqlarini shishirmasdan, uzoqroq va bir xilda puflashlari nazorat qilib turiladi.
Bolalar arg‘imchoqning qanday uchishini yod­ga olishadi, keyin ularga tillarini arg‘imchoqday uchirish taklif etiladi. Bolalar og‘izlarini ochib, keyin tillarini pastki tishlari orqasiga tushiradilar (pastga), keyin esa tepa tishlariga (tepaga) ko‘taradilar. Bu paytda lablar jilmayib, tishlar ko‘rinib turadi.
2. So‘zlardagi tovushni to‘g‘ri talaffuz etish va fonematik eshitishini, jumladagi tovushni to‘g‘ri talaffuz etishni tarbiyalash.
Mashq: “Nima paydo bo‘ladi?”
Tarbiyachi stol ustiga nomida “j” tovushi ishtirok etgan predmetlarni joylashtiradi (jirafa, jurnal). Bolalar ularning nomini aytadilar. Tarbiyachi buyumlarning ustini yopib, joyini o‘zgartiradi va yana nomida “j” tovushi ishtirok etgan yangi bir narsani qo‘shib qo‘yadi (masalan, jo‘ja). Narsalar ustini ochayotib qanday yangi narsa paydo bo‘ldi, deb so‘raydi. Keyin bolalarning o‘ziga “j” tovushli so‘zlarni topish taklif etiladi. Mash­g‘ulotda rasmlardan ham foydalanish mumkin.
Endi bolalar bilan artikulyatsiya mashg‘ulotini o‘tkazamiz. Avval unli tovushlarni aytib chi­qamiz: i, e, a, o, o‘, u.
So‘ng unli tovushlarga ba’zi aytilishi qiyin bo‘lgan undosh tovushlarni qo‘shib aytamiz:
Tri-tre-tra-tro-tro‘-tru-tri.
Pti-pte-pta-pto-pto‘-ptu-pti.
Chi-che-cha-cho-cho‘-chu-chi.
Mni-mne-mna-mno-mno‘-mnu-mni.
Kichkintoylarda ko‘zga tashlanadigan narsa kattalar bilan bo‘ladigan muloqotdagi tortin­choqlikdir. Bu shu bilan ifodalanadiki, berilgan savolga bola bir xil tarzda “ha” yoki “yo‘q” deb javob beradi. Qanday qilib jajjilardagi tortin­choq­likni yo‘qotish mumkin? Buni o‘yinlar orqali bartaraf qilish imkoni bor. Aynan o‘yinda kichkintoylar muloqot erkinligini egallaydilar. Shuningdek, bola xato qilishdan cho‘chimaslikni o‘r­ganadi. Agar nutq o‘stirish mashg‘ulotlari badiiy-estetik turdagi omillar bilan (ertak, afsona) uy­g‘un tarzda olib borilsa, bolalardagi ijod­korlik ko‘proq namoyon bo‘ladi.
Download 99.56 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling