Одил судлов. Ҳуқуқ-тартиботни муҳофаза қилиш. Адлия / Жиноий қонунчилик]
Download 199.25 Kb.
|
20 11.09.1998
Oldingi tahrirga qarang.
Yaqin qarindoshlar deganda, qarindosh yoki quda tomonidan qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya’ni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari tushuniladi. (9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda) Xizmat burchini bajarish deganda, shaxsning o‘z xizmat (mehnat) vazifalari doirasiga kiradigan harakatlari, fuqarolik burchini bajarish deganda esa, fuqaro tomonidan uning zimmasiga qonun bilan maxsus yuklatilgan majburiyatlarning amalga oshirilishi, shuningdek, boshqa ijtimoiy foydali harakatlar sodir etilishi (huquqbuzarlikning oldini olganligi, sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyat to‘g‘risida yoxud qidirilayotgan shaxs turgan joy haqida hokimiyat organlariga xabar berganligi, guvoh yoki jabrlanuvchi sifatida shaxsning jinoyat sodir etganligini fosh etuvchi ko‘rsatuvlar berganligi va h.k.) tushunilmog‘i lozim. Xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakiliga yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq holda uni qasddan o‘ldirish JK 219-moddasining tegishli qismida hamda 97-moddasi ikkinchi qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. 10. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatini JK 97-moddasi ikkinchi qismining “d” bandi bo‘yicha, ya’ni boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli usulda sodir etilgan, deb kvalifikatsiya qilish uchun, aybdor muayyan shaxsga nisbatan o‘ldirish qasdini amalga oshirish chog‘ida boshqa shaxslar hayotiga ham chinakam xavf tug‘diruvchi usul qo‘llayotganligini (masalan, odamlar gavjum joylarda o‘q otish, portlatish, o‘t qo‘yish, jabrlanuvchidan o‘zga odamlar ham foydalanadigan suvni va ovqatni zaharlash, gaz vositasida bo‘g‘ish va h.k.) anglab yetganligi aniqlangan bo‘lishi lozim. Usulning chinakam xavfliligi, har bir muayyan vaziyatda ishning barcha holatlaridan, chunonchi, aybdor ishlatgan jinoyat qurolining shikast yetkazish xususiyati, voqea joyida jabrlanuvchidan tashqari o‘zga shaxslar ham bo‘lganligi va shu kabilardan kelib chiqqan holda aniqlanishi zarur. Agar aybdorning mazkur harakatlari oqibatida o‘zga shaxslar badaniga shikast yetkazilgan bo‘lsa, qilmish, Jinoyat kodeksining qasddan badanga shikast yetkazish uchun javobgarlik nazarda tutilgan moddalari bilan ham kvalifikatsiya qilinishi kerak. 11. Ommaviy tartibsizliklar jarayonida sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyati JK 97-moddasi ikkinchi qismining “e” bandi bilan kvalifikatsiya qilinmog‘i lozim. Agar ommaviy tartibsizliklar vaqtida aybdor tomonidan qasddan odam o‘ldirishdan tashqari qirg‘in solish, vayron qilish, o‘t qo‘yish va shunga o‘xshash boshqa jinoyatlar sodir etilgan bo‘lsa, uning harakatlari jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi kerak. 12. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatini JK 97-moddasi ikkinchi qismining “j” bandi bilan kvalifikatsiya qilishda aybdorning qasdi o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirishga qaratilgan bo‘lganligini aniqlash shart. Bu o‘rinda shuni nazarda tutish kerakki, qonun o‘ta shafqatsizlik tushunchasini odam o‘ldirish usuli bilangina emas, balki, aybdor tomonidan o‘ta shafqatsizlik namoyon etilganligidan dalolat beruvchi boshqa holatlar bilan ham bog‘laydi. O‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish usullariga, jumladan, hayotdan mahrum etishdan oldin yoki qotillik sodir etish jarayonida jabrlanuvchini qiynoqqa solish yoki unga qattiq azob yetkazish bilan bog‘liq (kuchli og‘riq beruvchi zahardan foydalanish, tiriklayin yoqib yuborish, uzoq muddat ovqat, suv bermaslik) hollarni ham kiritish mumkin. Badanga ko‘plab shikast yetkazish orqali odam o‘ldirish, faqat aybdor buni jabrlanuvchiga qattiq azob-uqubat yetkazishga qaratilgan to‘g‘ri qasd bilan sodir etgan bo‘lsa, o‘ta shafqatsizlik ko‘rinishi, deb baholanishi mumkin. Jabrlanuvchining yaqin kishilari ko‘z o‘ngida odam o‘ldirish, agar aybdor o‘z harakatlari bilan ularga kuchli iztirob berayotganligini anglagan bo‘lsa, aybdor tomonidan o‘ta shafqatsizlik namoyon etilganligidan dalolat beruvchi holat sifatida baholanmog‘i lozim. Jabrlanuvchining yaqin kishilari qatoriga, uning yaqin qarindoshlaridan tashqari, jabrlanuvchi bilan alohida shaxsiy do‘stona munosabatda bo‘lgan shaxslar ham kirishi mumkin. Murdani tahqirlash, yo‘q qilish yoki bo‘laklab tashlash qotillikning o‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilganligini anglatuvchi holat sifatida baholanishi mumkin emas. Bunday harakatlar Jinoyat kodeksining murdani tahqirlash uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 134-moddasi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Jinoyat ishtirokchilari o‘rtasida qasddan o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish to‘g‘risida oldindan til biriktirilmagan taqdirda, qotillikni bajaruvchi shaxsning harakatlari JK 97-moddasi ikkinchi qismining “j” bandi bo‘yicha, boshqa ishtirokchilarning harakatlari esa, JK 97-moddasi ikkinchi qismining “j” bandi istisno etilgan holda, ushbu moddaning tegishli qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. 13. Nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda qasddan odam o‘ldirish deganda, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar sodir etish jarayonida jabrlanuvchini hayotdan mahrum etish tushunilmog‘i lozim. Bunda ikkita mustaqil jinoyat sodir etilishini inobatga olib, qilmish JK 97-moddasi ikkinchi qismining “z” bandi hamda, ishning muayyan holatlariga qarab, Jinoyat kodeksi 118 yoki 119-moddasining tegishli qismlari bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak. Nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyati sodir etilgandan keyin ushbu jinoyatni yashirish maqsadida jabrlanuvchini qasddan o‘ldirish JK 118 yoki 119-moddasida hamda 97-moddasi ikkinchi qismining “o” bandida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. 14. Aybdorning o‘zi yoki boshqa shaxslar uchun moddiy naf ko‘rish (pul, mol-mulkni yoki unga egalik huquqini, turar joyga nisbatan va shu kabi huquqlarni qo‘lga kiritish) yoki moddiy xarajatlardan (mol-mulkni, qarzni qaytarishdan, xizmatga haq to‘lashdan, mulkiy majburiyatlarni bajarishdan, aliment to‘lash va shu kabilardan) qutulish maqsadida qasddan odam o‘ldirishi ta’magirlik niyatida sodir etilgan jinoyat sifatida (JK 97-moddasi ikkinchi qismining “i” bandi bilan) kvalifikatsiya qilinishi lozim. Qotillik uchun haq va’da qilgan tashkilotchi (buyurtmachi)ning harakatlari u qaysi sabablarga ko‘ra shunday qilganligidan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 28, 97-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinmog‘i kerak. Jinoyat ishtirokchilari o‘rtasida qasddan ta’magirlik niyatida odam o‘ldirish to‘g‘risida oldindan til biriktirilmagan taqdirda, qotillik jinoyatini bajaruvchi shaxsining harakatlari JK 97-moddasi ikkinchi qismining “i” bandi bilan, boshqa ishtirokchilarning harakatlari esa, JK 97-moddasi ikkinchi qismining “i” bandi istisno etilgan holda, ushbu moddaning tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Bosqinchilik, tovlamachilik bilan bog‘liq holda qasddan odam o‘ldirish harakatlari JK 97-moddasi ikkinchi qismining “i” bandi hamda Jinoyat kodeksining bosqinchilik va tovlamachilik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan kvalifikatsiya qilinadi. Agar aybdorda moddiy naf ko‘rishga nisbatan qasd qotillik sodir etilganidan keyin paydo bo‘lgan bo‘lsa, qilmish JK 97-moddasining tegishli qismi bilan hamda Jinoyat kodeksining o‘zganing mulkini talon-toroj qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bo‘yicha kvalifikatsiya qilinmog‘i lozim. 15. Milliy yoki irqiy adovat zamirida, ya’ni boshqa millatga, irqqa mansub shaxsga, uning turmush tarziga, madaniyatiga, urf-odatlariga, oila tutumiga nisbatan g‘ayirlik yoki nafrat tuyg‘ulari bilan yoxud millatlararo, irqlararo adovat yoki nifoq solish maqsadida qasddan sodir etilgan odam o‘ldirish jinoyati JK 97-moddasi ikkinchi qismining “k” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak. 16. Bezorilik oqibatida, ya’ni jamiyatga va umum e’tirof etilgan axloq qoidalariga ro‘y-rost hurmatsizlik zamirida sodir etilgan (masalan, hech bir sababsiz yoki arzimagan sabab tufayli) qasddan odam o‘ldirish JK 97-moddasi ikkinchi qismining “l” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda aybdorning fe’l-atvorida jamoat tartibiga oshkora bo‘ysunmaslik, atrofdagilarga nisbatan o‘zini qarshi qo‘yish, bepisandlik namoyish etish istagi mavjud bo‘ladi. Bu holda aybdorning harakatlarini Jinoyat kodeksining 277-moddasi bo‘yicha qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi. Agar jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik bildirish, shuningdek, o‘zganing mol-mulkini yo‘q qilish yoki unga shikast yetkazish bilan bog‘liq harakatlar aybdor tomonidan bezorilik oqibatida odam o‘ldirish jinoyatidan so‘ng qasddan sodir etilgan bo‘lsa, qilmish JK 97-moddasi ikkinchi qismining “l” bandi hamda Jinoyat kodeksi 277-moddasining tegishli qismlari bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak. Bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish jinoyatini o‘zaro janjal yoki urushish oqibatida sodir etilgan qotillikdan (JK 97-moddasi birinchi qismi) farqlash uchun urush-janjal tashabbuskori kim ekanligini, nizo odam o‘ldirishda bahona sifatida foydalanish maqsadida aybdor tomonidan ataylab uyushtirilgan-uyushtirilmaganligini aniqlash lozim. Agar urush-janjal jabrlanuvchi tomonidan boshlangan bo‘lsa yoki nizoga uning g‘ayrihuquqiy xulq-atvori sabab bo‘lgan bo‘lsa, aybdor bezorilik oqibatida odam o‘ldirish jinoyati uchun javobgar bo‘lmaydi. 17. Diniy taassublar zamirida, jabrlanuvchining diniy e’tiqodi bilan bog‘liq holda, ko‘pincha, muayyan bir konfessiyaning qadr-qimmatini kamsitish, diniy adovat yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini JK 97-moddasi ikkinchi qismining “m” bandi bilan kvalifikatsiya qilish lozim. Diniy taassublar deganda, diniy fanatizmga asoslangan g‘oyalarga ishonish, ularga kundalik hayotda og‘ishmay amal qilishda, boshqa dinga e’tiqod qiluvchilar va boshqacha fikrlovchilarga nisbatan murosasizlikda namoyon bo‘ladigan xohish-istaklarni tushunmoq lozim. 18. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatini JK 97-moddasi ikkinchi qismining “n” bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun transplantant olish yoki murdadan olingan qism (bo‘lak)lardan foydalanishga nisbatan to‘g‘ri qasd mavjudligini aniqlash zarur. Bunda aybdor qotillikdan ko‘zlangan maqsadga erishgan bo‘lishi shart emas. 19. Boshqa jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish maqsadida qasddan odam o‘ldirish jinoyati JK 97-moddasi ikkinchi qismining “o” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Qasddan odam o‘ldirish jinoyati JK 97-moddasi ikkinchi qismining “o” bandi bilan kvalifikatsiya qilinganda, aybdorning harakatlarini mazkur modda ikkinchi qismining boshqa maqsad va sabablarni nazarda tutuvchi yana biron bir bandi bilan kvalifikatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan, agar jabrlanuvchi ta’magirlik niyatida yoki bezorilik oqibatida o‘ldirilganligi aniqlansa, qilmish ayni bir vaqtning o‘zida JK 97-moddasi ikkinchi qismining “o” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas. 20. Bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini JK 97-moddasi ikkinchi qismining “p” bandi bilan kvalifikatsiya qilishda, har qaysi ishtirokchining jinoyatda ishtirok etganlik darajasi va xususiyatini aniqlash, oldindan til biriktiruv bo‘lgan-bo‘lmaganligini va ular o‘rtasida vazifalar o‘zaro taqsimlangan-taqsimlanmaganligini sinchiklab tekshirish lozim. Jabrlanuvchiga nisbatan zo‘rlik ishlatib, uni hayotdan mahrum qilish jarayonida bevosita ishtirok etgan ikki yoki undan ortiq shaxsning harakatlari JK 97-moddasi ikkinchi qismining “p” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Bunda o‘limga sabab bo‘lgan shikast ishtirokchilarning har biri tomonidan yetkazilgan bo‘lishi shart emas (masalan, ishtirokchilardan biri jabrlanuvchining qarshiligini bartaraf etib, uni o‘zini himoya qilish imkoniyatidan mahrum etgan, boshqasi esa, unga halok etuvchi shikast yetkazgan). Qasddan odam o‘ldirishda bevosita ishtirok etmagan hamda jabrlanuvchiga nisbatan jismoniy zo‘rlik ishlatmagan, biroq o‘zgalar tomonidan qotillik sodir etilishida ko‘maklashgan boshqa shaxslarning harakatlari Jinoyat kodeksi 28, 97-moddasining tegishli qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. Odam o‘ldirish uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan deb topilgan taqdirda, jinoyat barcha ishtirokchilarining harakatlari, ularning jinoyatni amalga oshirishdagi rolidan qat’i nazar, Jinoyat kodeksining 28-moddasiga havola qilinmagan holda 97-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Qasddan odam o‘ldirish ishtirokchilikda sodir etilganda, jinoyat subyektini tavsiflovchi kvalifikatsiya belgilari (qotillik o‘ta xavfli retsidivist yoki ilgari ham qasddan odam o‘ldirgan shaxs tomonidan sodir etilganligi) faqat ushbu belgilar bevosita taalluqli bo‘lgan ishtirokchilarning harakatlarini kvalifikatsiya qilishda e’tiborga olinishi lozim. 21. Ikki yoki undan ortiq odamni qasddan o‘ldirgan aybdorning harakatlari, basharti bu jinoyat yagona qasd bilan sodir etilmagan va, odatda, turli vaqtda sodir etilgan bo‘lsa, JK 97-moddasi ikkinchi qismining “r” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatini takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan, deb kvalifikatsiya qilish uchun aybdor ilgari tamom bo‘lgan qotillik jinoyati yoki odam o‘ldirishga suiqasd sodir etganligining, jinoyatning bajaruvchisi yoki boshqa ishtirokchisi bo‘lganligining ahamiyati yo‘q. Agar muqaddam sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallangan yoki qonunda belgilangan tartibda olib tashlangan bo‘lsa, shuningdek, agar qotillik jinoyati sodir etilgan paytga kelib ilgarigi jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortish muddatlari o‘tgan bo‘lsa, qilmish JK 97-moddasi ikkinchi qismining “r” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas. 22. Qasddan odam o‘ldirish jinoyati sodir etilgunga qadar qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan shaxslarning harakatlari, agar sudlanganlik holati tugallanmagan yoki qonunda belgilangan tartibda olib tashlanmagan bo‘lsa, JK 97-moddasi ikkinchi qismining “s” bandi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. Sudlar sudlanuvchining harakatlarini kvalifikatsiya qilishga ta’sir etuvchi shaxsiga oid ma’lumotlarni sinchkovlik bilan tekshirishlari lozim. Download 199.25 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling