Odob-axloq tarbiyasi
Download 74 Kb.
|
O‘zbekiston rivojlanishining ma’naviy-axloqiy negizlari
O‘zbekiston rivojlanishining ma’naviy-axloqiy negizlari Reja:
1.Ma‘naviy-axloqiy tarbiya haqida tushuncha.
Ma‘navyat – inson ruhiy va aqliy olamini ifodalovchi tushuncha. U kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy,axloqiy, diniy tasavvurlarini o‘z ichiga oladi. Ma‘naviyat atamasining asosida “ma‘ni” so‘zi yotadi. Ma‘lumki insonning tashqi va ichki olami mavjud. Tashqi olami uning bo‘y-basti, ko‘rinishi, kiyinishi, hatta-harakatlari va b. kiradi. Ichki olamiga esa uning yashashdan maqsadi, fikr yuritishi, orzu-istaklari,, intilishlari his-tuyg‘ularini o‘z ichiga oladi. Insonnning ana shu ichki olami ma‘naviyatidir. Ma‘naviya va axloq bir-biri bilan bog‘liq bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi. Axloq ijtimoiy ong shakllaridan biri bo‘lib, muayyan jamiyatda yashovchi kishilar amal qilishi zarur bo‘lgan ma‘lum xatti-harakat qoidalari yig‘indisidir. Axloq odamlarning bir-birlariga, jamiyatga, davlatga, xalq mulkiga, oilaga, ishlab chiqarish vositalariga, mehnat mahsulotlariga va shu kabilarga munosabatini muayyan tartibga soladigan xatti-harakat qoidalari tizimida namoyon bo‘ladi. Odob-odamning jamoat, el-yurt orsida o‘zini tutish, boshqalar bilan qay yo‘sin muomala qilish, o‘z turmushi, maishati va bo‘sh vaqtini qanday tashkil etishi, xullas, shaxsning kundalik xulq-atvori, yurish-turishi, xatti-harakatlari qanday bo‘lishi lozim va ma‘qul ekanligi xususida bahs etadi. Aniqrog‘i, axloq kishining ichki olami, e‘tiqodi, fazilatlari sifatida mavjud bo‘lsa, odob shaxsning ko‘zga tashlanadigan mulozamati, xulq-atvori, muomala-munosabatlri tarzida namoyon bo‘ladi. Axloq kishidan har xil holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligini yaxshi o‘ylab, eng maqsadga muvofiq harakat qilishni talab etsa, odob o‘z qoidalarining odat tusiga kirishini, ya‘ni har qanday vaziyatda ana shu odatni namoyon qilishini taqozo qiladi. Har bir odam xususida, odatda, uning faoliyatiga va ishi axloq talablariga, turmush qoidalariga, jumladan, davlat qonunlariga muvofiq yoki xilof ekanligiga asoslanib muayyan fikr yuritiladi. Axloq ilmi yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi murakkab muammolar haqida bahs yuritib, insonning kamolatga erishish yo‘lini yoritib boradi. Har bir inson bir olam bo‘lgani kabi uning axloq-odobi ham juda murakkab olam, desak yanglishmaymiz.CHunki, shaxsning zohiriy va botiniy olamini, ayniqsa qalb olamini o‘rganish, bilish,tahlil etish g‘oyatda qiyin, bu ruhiyat bilan bog‘liq holatdir. Axloqli, odobli komil insonda odamiylikning eng yaxshi xislatlari:mehr-muhabbat, rahm-shavqat, adolatu diyonat, hayo-yu iffat, vafo-yu sadoqat, himmatu sahovat, imon-e‘tiqod kabilar mujassam bo‘ladi. Ayni holda shu hislatlarning aksi-beburd, axloqsiz kimsalar fe‘lida ko‘rinadi. Prezidentitmiz I.Karimov musaqilligimizning dastlabki yillaridan boshlab insonlar tarbiyasiga alohida e‘tibor qaratdilar. Prezidentimiz ta‘lim tizimini isloh qilish masalalariga diqqat qaratib kadrlar tayyorlash tizimining shakllanishi va faoliyat ko‘rsatishining asosiy tamoyillari belgilab berar ekanlar”O‘quvchi yoshlarni Vatanga sadoqat, yuksak axloq, ma‘naviyat va ma‘rifat, mehnatga vijdonan munosabatda bo‘lish ruhida tarbilash” asosiy vazifalardan biri sifatida ko‘rsatdilar. SHuningdek Prezidentimiz “O‘zbekiston XX1 asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” nomli asarida “Biron-bir jamiyat ma‘naviy imkoniyatlarini, odamlar ongida ma‘naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay hamda mustahkamlamay turib o‘z istiqbolini tasavvur eta olmaydi”- degan edi. Har bir xalqning nufo‘zi va obro‘-shuhrati kishilarning axloqi-odobi, shu taxlit bahosini oladi. Qadimgi faylasuflaru donishmandlar axloq-odobga juda katta baho berib, uni jamiyatning poydevori deganlar. Shuning uchun ham jamiyat har bir a‘zosining xulqi-odobiga alohida e‘tibor berilishi bejiz emas. Asrlar davomida axloq-odob mavzuida qanchadan-qancha kitoblar, hikmatlarnomalar, ibratli hikmatu rivoyatlar yaratilgan. Xalq og‘zaki ijodi xazinalarida axloq-odobga doir bebaho fikr javohirlari borki, ularning hammasini hisoblab hisobiga ta‘riflab ta‘rifiga etib bo‘lmaydi. Muqaddas Qur‘oni Karimda va payg‘ambarimiz Muhammad Alayhissalomning hadislarida insoniy ahloq-odobning barcha qirralari o‘z ifodasini topgan. Muqaddas kalimalarning deyarli hammasini yaxshi amallarning hidoyatiyu yomon odatlarning zarari bayon etilib, ulardan qanday qilib saqlanish lozimligi haqida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib qo‘yilgan. Forobiyning “Fozil odamlar shahri”, Abu Ali ibn Sinoning “Donishnoma”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Yusuf xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq”, Nosir Hisravning “Saodatnoma”, “Ro‘shnoyinoma”, Sa‘diy Sheroziyning “Guliston”, “Bo‘ston”, Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” kabi minglab asarlar axloq ilmidan saboq beradi. Bizning Turon zamin xalqlari axloqiy tarbiya sohasida boy an‘analarga ega. Axloqqa oid dastlabki fikrlar “Avesto” kitobida qadimgi bitiklarda va boshqa yozma manbalarda o‘z ifodasini topgan. Bo‘lardan tashqari, o‘zbek xalqi o‘rtasida keng tarqalgan pandnomalar, o‘gitlar va odobnomalarda, xalq pedagogikasida, falsafiy risolalarda, allomalar merosida axloqiy masalalarga keng o‘rin berilgan. Hadisi shariflardagi axloqqa oid ibratli maslahatlar, hikoyatlar, asrlar davomida ajdodlarimiz hayotida tarkib topgan milliy urf-odatlar, an‘analar Beruniy, Forobiy, Ahmad Yassaviy, Amir Temur, Navoiy, Bobur singari buyuk allomalar, olimlar, yozuvchilarning axloq haqidagi ko‘plab fikr-mulohazalari bugungi kunda ham oilaviy hayot uchun, har bir inson uchun qadr-qimmatini yo‘qotmagan muhim tarbiyaviy ahamiyatga molikdir. Jumladan, Amir Temur Axloqi Husniya-yaxshi xulqlar egasi bo‘lgan. U oqil va tadbirli sarkarda sifatida odamlarni ishga tayinlashda ham, vazifasidan ozod etishda ham shoshma-shosharlik va adolatsizlikka yo‘l qo‘ymagan, balki yetti o‘lchab bir kesgan. Amir Temur singari jahon ma‘naviyati saltanatida o‘z o‘rinlariga ega bo‘lgan buyuk bobokalonlarimizning axloq, go‘zal xulq haqidagi fikrlari bugungi kun talabi bilan yozilgandek tuyuladi. “O‘g‘illarim! Millatning ulug‘ martabasini, saodatini saqlmoq uchun Sizlarga qoldirayotgan vasiyat va to‘zuklarni yaxshi o‘qing, aslo unutmang va tatbiq eting. Millatning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifangizdir. Zaiflarni qo‘riqlang, yo‘qsillani boylar zulmiga tashlamang. Adolat va ozodlik dasto‘rinigiz, rahbaringiz bo‘lsin. Men kabi o‘zun saltanat surmoq istasangiz, qilichingizni yaxshi o‘ylab chekingiz. Bir daf‘a chekkandan so‘ngrada uni ustalikla qo‘llangiz. Orangizda nifoq tuxumlari eqilmasligi uchun ko‘p diqqat bo‘ling. Ba‘zi xodimlaringiz va dushmanlaringiz nifoq tuxumlari sochmakka, bundan foydalanmoqda chalishajakdurlar... Bo‘larga sodiq qolsangiz tosh boshingizga tushmas”. Amir Temurning bu vasiyatlaridan uning o‘z xalqiga cheksiz sodiqligini, millatini ulug‘laganini, kamtarin, adolat va ozodlik uchun kurashuvchan, axloqiy madaniyati yuksak inson bo‘lganligini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Ismoil Al-Buxoriy “Axloqning yaxshi bo‘lishi, taomning pokizaligi, rostlik va omonatga xiyonat qiilmaslik shart, dunyoviy ishlardan chetda qolgan bo‘lsang ham zarari yo‘qdir”, -deb yozadi. O‘rta Osiyo mutafakkirlarining axloq haqidagi fikrlari, o‘gitlari shunday kuchga egaki, ular o‘quvchilar qalbida insoniylik urug‘larining unib chiqishiga, katta hayot yo‘liga olib chiqishga yordam qiladi, ma‘naviy kuch-quvvat beradi. Xalqiga va qarindosh-urug‘lariga qo‘lidan kelgan barcha yaxshiliklarni qilish, ularning hurmatini joyiga qo‘yish kabi insoniylik falilatlarini shakllantiradi. Bu esa imonli, e‘tiqodli, g‘ururli, odobli shaxsni voyaga yetkazishning asosiy maqasdidir. Shu bois biz uchun qadrli bo‘lgan Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Yusuf Xos Hojib, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy kabi ulug‘ mutafakkirlarning axloqiy qarashlari va qadriyatlaridan mustaqil O‘zbekiston istiqlolini mustahkamlashda, o‘quvchilarinig axloqiy madaniyatini shakllantirishda, kundalik turmushimizda keng foydalanishimiz maqsadga muvofiqdir. SHuni aytish kerakki, xalqimiz axloq-odobni qadimdan ulug‘lab kelgan. Chunki axloq-odob insonga husn, latofat va nazokat bag‘ishlagan. O‘rta Osiyo mutafakkirlari o‘z asarlarida axloqiy g‘oyalarni doimo tarannum etib, xalqni oriflik, fozillik, komillik darajasiga ko‘tarishga chorlaganlar. Bu borada Abu Nasr Forobiyning ijodi diqqatga sazovordir. Forobiyning ijodinio‘rganish o‘qituvchilarning axloq, ta‘lim-tarbiya sohasida olib boradigan ishlariga keng imkoniyatlar yaratadi. Forobiy inson axloqi haqida gapirar ekan, uning hislatlarini quyidagicha ta‘riflaydi: 1.Bunday odamning barcha a‘zolari shu darajada mukammal taraqqiy etgan bo‘lishi zarurki, u bu a‘zolari bajarmoqchi bo‘lgan barcha ishlarini osonlik bilan amalga oshira olsin; 2.Barcha masalani, muhokama va mulohazani tezdan va to‘g‘ri tushuna oladigan, uning ma‘nosini anglay oladigan, so‘zlovchining maqsadi, aytilgan fikrining chinligini tezda payqay oladigan bo‘lsin; 3.Xotirasi juda baquvvat bo‘lsin, ko‘rgan, eshitgan, sezgan narsalarining birortasini ham esidan chiqarmay, yodida saqlab qoladigan bo‘lsin; 4.Zehni shu darajada tez va o‘tkir bo‘lsinki biror narsaning alomatini sezish bilan bu alomat nimani bildirishligini tezdan bilib olsin; 5.So‘zlari aniq bo‘lsin, fikrini va aytmoqchi bo‘lgan mulohazalarini ravon va ravshan bayon eta olsin; 6.Bilish va o‘qishga muhabbatli bo‘lsin, o‘rganmoqchi bo‘lgan bilimini charchashni sezmasdan osonlik bilan o‘zlashtira olsin; 7.Ovqatlanishda, ichimlik iste‘mol qilishda ochko‘z bo‘lmasin, tabiati qimor o‘yinlarini o‘ynashdan uzoq bo‘lsin va ular keltiradigan xursandchilikdan jirkanadigan bo‘lsin; 8.Haqiqatni va haqiqat tarafdorlarini sevadigan bo‘lsin, yolg‘on va yolg‘onchilarga nafrat bilan qaraydigan bo‘lsin; 9.Ruhining g‘ururi va vijdonini qadrlaydigan bo‘lsin, uning ruhi va o‘z tabiati bilan past ishlardan yuqori va olijanob ishlarga ishlatiladigan bo‘lsin; 10.O‘z tabiati bilan adolatni sevadigan va adolat uchun kurashuvchilarga, adolatsizlikni, jabr-zulm o‘tkazuvchilarga nafrat bilan qaraydigan bo‘lsin, o‘z odamlari va boshqalarga adolatli bo‘lsin, go‘zal va yaxshi hisoblangan narsalarni barchaga taqdim etgan holda odamlarni adolatga targ‘ib etadigan, adolatsizlik oqibatlarini yo‘qotadigan, ularga yo‘l qo‘ymaydigan bo‘lsin; 11.Adolatli bo‘lsin, ammo qaysar bo‘lmasin, adolat oldida qaysarlik qilib o‘zbilarmonlikka berilmasin, lekin har qanday adolatsizlik, pastkashlik oldida lafzli bo‘lsin, o‘zi –zarur deb bilgan narsalarni amalga oshirishda qat‘iylik ko‘rsatsin: ko‘rqmas, jasur bo‘lsin, qo‘rquv va ojizlikni bilmasin. Forobiyning fikricha, insonnini axloqli, sahovatli va aql-idrokli bo‘lishida bilimlarni egallash muhim ahamiyatga egadir. Inson bilim orqaligina o‘z maqsadiga erisha oladi. Abu Nasr Forobiy “Insoniy vujuddan maqsad-eng oliy baxt-saodatga erishuvdir; avvalo u baxt-saodat nima va nimalardan iborat ekanligini bilish, unga erishuvni o‘ziga g‘oya va eng oliy maqsad qilib olishi, butun vujudi bilan maftun bo‘lishi kerak. Keyin bu baxt-saodatga olib boradigan ish, amal va vositalarning nimalardan iborat ekanlgini bilib olishi zarur. So‘ngra esa baxt-saodatga erishtiradigan ishlarni shaxsan bajarishga kirishmog‘i lozim bo‘ladi” deb ta‘kidlaydi. Forobiy axloqiy madaniyatning fazilatlaridan hisoblangan sahovat masalasiga alohida e‘tibor bergan. U o‘z zamonasidagi adolatsizliklarga befarq bo‘lmagan. Buyuk allomaning ta‘kidlashicha, kishilar o‘rtasidagi o‘zaro yordam, do‘stona va qardoshlik munosabatlari, sahovatli bo‘lish, ozodlik, rohat-farog‘at kalitidir. Ibn Sino insonning umumiy fazilati, kishilarda yaxshi va yomon xulqlarning paydo bo‘lishi sabablarini “Alloh haqida risola” asarida ko‘rsatib o‘tadi. Olim bu asarida yaxshi va yomon xulqlar odamlarning odatidan, hukumat ahllarining salbiy ta‘siridan paydo bo‘lishini ta‘kidlaydi. Abu Ali ibn Sino axloq haqidagi qarashlari uning shoh asarlari bo‘lmish “Tib qonunlari”, “Ash-shifo” va boshqa asarlarida ham o‘z ifodasini topgan. Ibn Sino ta‘limotiga ko‘ra, odamga do‘st tutinishning uch xil yo‘li bor: “Birinchidan, har qanday qiyinchilik bo‘lishiga qaramay, kishi o‘z do‘stini falokatdan qutqarishni, ikkinchidan, g‘oyaviy yaqinlik va dunyoqarashlar umumiy bo‘lgan chinakam va doimiy do‘stlikni va uchinchidan esa kishining mansabi, puli yoki mavqeiga qarab o‘zining shaxsiy manfaatini qondirish ko‘zda to‘tilgan do‘stlik bo‘ladi”,-deb ta‘kidlaydi Ibn Sino O‘rta Osiyo mutafakkirlaridan biri Yusuf Xos Hojibning asarlarida ham axloq madaniyati keng o‘rin egallagan. Mutafakkir “Qutadg‘u bilig” dostonida hokim bilan xalq o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar masalasiga e‘tibor beradi. Uning fikricha, agar beklar tabiatan ezgu bo‘lsalar, barcha fuqorosi boyiydi, olam guliston bo‘ladi. Shuningdek: “Hamma narsalarning qoidasi, tartibi, ta‘limi bor, tartib, odob qoidalarini to‘g‘ri tutsa, kishining yo‘zi yorug‘ bo‘ladi”,-deb ta‘kidlaydi. Inson kamolatining fazilatlaridan hisoblangan adolat tushunchasi va adolat tuyg‘usi Alisher Navoiy donishmandligining asosini tashkil etadi. Uning fikricha, ongning mavjudligi adolatning mavjudligidir. Adolatsiz ong ong emas. Insoniyat tirikligining davomiyligini ta‘kidlaydigan birdan-bir narsa ham adolatdir. Axloq g‘oyasi Bolaning ma‘naviy tarbiyasi va yetukligining asosi hisoblanadi. “Odobli inson barcha odamlarning yaxshisidir va barcha xalqlar uchun yoqimlidir. U mansabdor kishilardan go‘zalroq va badavlat odamlardan hurmatliroqdir. Odobli odam o‘z tengdoshlari orasida ham tahsinga sazovor bo‘lib hech qanday ehson bermay kattadan-kichik, hammani shod qiladi: hech qanaqa hadya qilmay, kishilarning g‘amini tarqatadi. Odob-kichik yoshlilarni kattalar duosiga sazovor etadi, yoshlar u duo barakasidan umrbod bahramand bo‘ladilar. Odob-ulug‘lar ko‘nglida yoshlarga mehr uyg‘otadi va u odobli yoshga bo‘lgan muhabbat ko‘nglida abadiy qoladi. Yoshlarni ko‘piga ulug‘ qilib ko‘rsatadigan fe‘l-atvor odobdir, odoblilarning yurish-turishida xalq ulug‘vorlik ko‘radi. Odob-kishilar tarafidan qilinishi mumkin bo‘lgan hurmatsizlik eshigini bekitadi va odamni hazil-mazaxdan, kamsitishdan saqlaydi. Odob-odam tabiatiga insoniylik baxsh etadi. Odob-mehr-muhabbatning zeb-ziynatidir, odobsizlik-do‘stlikka putur yetkazadi. Odob do‘stlik oynasiga jilo beradi va ikki oraga yorug‘lik bag‘ishlaydi. Odob urug‘ini ekkan odamning hosili javohir bo‘ladi. Odobli va go‘zal xulqli odamlar ko‘payaversa, xalqning do‘stligi, ularning bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbati borgan sari rivoj topadi. Agar kishi odob kabi xulqqa ega bo‘lsa, o‘zi ham xalqningn izzat-hurmatiga sazovor bo‘ladi. Do‘stlar orasida shu kabi suhbat va shu yo‘sinda hamjihatlik bo‘lsa, qanday yaxshi. Bunday aql, ittifoq, muhabbatli, odobli bo‘lish do‘stlar uchun baxtiyorlikdir”. SHunday qilib, O‘rta Osiyo allomalarining ijodida axloqiy madaniyat mazmunan boy va shaklan g‘oyat rang-barangdir. Xalqimiz tarixida axloqiy madaniyat ta‘limoti doimo rivojlanib, takomillashib borgan. XVI-XX asrlar davomida unga salmoqli hissa qo‘shgan Turdi va Mashrab, Gulxaniy va Munis Xorazmiy, Muqimiy va Furqat, Avaz O‘tar o‘g‘li va boshqa qator ilg‘or shoir va allomalar haqida ham ko‘p mulohazalar bayon qilish mumkin. O‘rta Osiyo mutafakkirlarining axloq-odob haqidagi fikrlarini o‘rganishning amaliy ahamiyati shundan iboratki, unda axloqiy odob madaniyatidan tashqarihalqimizning qadimiy urf-odatlari va udumlari, an‘analari ham yaxshi yoritilgan. XX- asr boshlaridagi pedagogik fikrlar taraqqiyotining asoschisi Abdulla Avloniy axloqni shunday ta‘riflaydi: “Insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdir. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar bilan bayon qiladurgan kitobni axloq deyilur. Axloq ilmini o‘kub, bilib amal qilgan kishilar o‘zining kim ekanini, janobi haq na uchun xalq qilganin, yer yo‘zida nima ish qilmoq uchun yurganin bilur. Bir kishi o‘zidan xabardor bo‘lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O‘z aybini bilub, iqror qilub, to‘zatmoqga sa‘y va qo‘shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur”. Yosh niholning baquvvat daraxtga aylanishi parvarishga bog‘liq bo‘lganidek, odam Bolasi komil inson bo‘lib yetishishi uchun ham uni murg‘aklikdan axloq-odob ilmidan bahramand etib borish lozim. 3.Axloq-odob tarbiyasi milliy, ma‘naviy, umuminsoniy qadriyatlar asosida amalga oshirilgandagina uning mazmuni yanada boyib boradi. Chunki milliy, umuminsoniy va ma‘naviy qadriyatlar axloqiy tarbiyaning hamma tomonlarni qamrab oladi. Insonning jamiyatiga bo‘lgan munosabatini shakllantirish, salbiy illatlarga qarshi nafrat uyg‘otish, ongli intizomli tarbiyalash komil insonni voyaga yetkazish kabilar axloqiy tarbiyaning vazifalaridir.Ahloqiy tarbiya vazifalaridan yana biri insonning jamiyatga bo‘lgan munosabatini yuqori pog‘onaga ko‘tarishdir. Iymon va insof, so‘z va ish birligi, insonparvarlik-yangi qurilayotgan asosiy xususiyatlari bo‘lib qoladi. Shunday ekan, jamiyat va xalq manfaati, uning baxt-saodati uchun kurashish mas‘uliyatini har bir fuqaro teran his etilishi va unga amal qilishi lozim. Yoshlarni tarbiyalashda sho‘rocha axloq usullaridan vos kechib, sharqona va milliy axloq-odob normalari asosida ish yuritish bilan birga jamiyatga hurmat, mustaqillikni mustahkamlash insonlarga insoniy munosabatda bo‘lish kabi fazilatlarni singdirish taqozo etiladi. Bu fazilatlarni amalga oshirish o‘quvchilarning jamiyatga bo‘lgan munosabatini shakllantirishda muhim ahamiyaga egadir. O‘quvchilarni jamiyat manfaati uchun qilinadigan mehnatga ilhomlantirish o‘qituvchining eng muhim vazifasi hisoblanadi. O‘quvchining jamiyatga bo‘lgan munosabatida milliy birlik, birdamlik va hamkorlik tuyg‘ulari, turli xalqlarga bo‘lgan hurmat kabilar yaqqol namoyon bo‘lishi zarur. Axloq, odob insonning jamiyatga bo‘lgan munosabatining negizini tashkil etadi. Shuning uchun ham o‘quvchida jamiyatga bo‘lgan hurmatni yuksaltirish mustaqilligimizni mustahkamlashga, axloqiy madaniyat egasi bo‘lishga, axloqiy ongni, o‘zini-o‘zi anglab yetishga, Yaxshi insonlarga bo‘lgan e‘tiqodni rivojlantirishga olib keladi. Maktab o‘quvchilari dars va darsdan tashqari jarayonlarda do‘stlik, hamjihatlik, hamkorlik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash, birovning dardiga darmon bo‘lish kabi fazilatlar xalqimiz va millatimizning kuch-qudratini asosi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy taraqqiyotning negizi ekanligini o‘z o‘quvchilariga tushuntirishlari darkor. O‘zbekiston mustaqilligi, yurtimiz ravnaqi yoshlarni o‘qish, izlanish va mehnatdan qochmaydigan, har qanday qiyinchiliklardan hayiqmaydigan, salbiy illatlarga nafrat bilan qarash ruhida tarbiyalashni talab qiladi. Shunga ko‘ra bugungi O‘zbekiston zaminida yashayotgan har bir yosh kelgusida shu o‘lkani haqiqiy egasi bo‘lib yetishishi,uning gullab-yashnashi haqida qayg‘urishi, erishgan yutuqlarni mustahkamlash lozim. Salbiy illatlarning dastlabki belgilari oilada, maktabda ko‘rinadi. Buning oldini olish va bartaraf etish tinimsiz kurash olib borish zarur. Bunda maktab o‘qituvchilari, ota-onalar o‘z o‘quvchilarida, o‘z farzandlarida samimiylik, tashabbuskorlik, faollik mehnatsevarlik kabi axloqiy sifatlarni matonat, qat‘iyat, mustaqillik, tashabbuskorlik, ishonch kabi xislatlarni shakllantirishlari shart. O‘quvchilardagi salbiy illatlariga qarshi kurash olib borishda o‘qituvchilar muhim rol‘ o‘ynaydilar. O‘qituvchilar ta‘lim-tarbiya jarayonida o‘quvchilarni mamlakatimizda ro‘y berayotgan voqea va hodisalarning haqqoniyligiga, to‘g‘rililigiga ishonch ruhida tarbiyalashlari zarur. Ayniqsa ular har bir darsni o‘tishida respublikada bo‘layotgan yangiliklar, mustaqil O‘zbekistonning fidoiy kishilari haqida so‘zlab berishlari, shu bilan birga mustaqillikning qadriga yetmayotgan ba‘zi bir yoshlarning yaramas kirdikorlarini tushuntirishlari kerak. Axloqiy tarbiya vazifalaridan biri-ongli intizomli bo‘lishdir. Ongli intizom kishining kundalik faoliyatida, hulq-atvorida, kishilar bilan aloqasida, umumiy dunyoqarashida namoyon bo‘ladi. Ongli, intizomli kishining madaniyati, muomalasi kundalik masalalarni hal qilish bilan hayotining mazmuni, yaxshilik va yomonlik haqidagi, ma‘naviy boylik haqida tasavvurlari bilan u yoki bu tarzda bog‘langandir. Ongli intizom egasi bo‘lgan kishi o‘z axloqiy burchini to‘g‘ri anglaydi, o‘z xatti-harakatlariga baho beradi, noto‘g‘ri xatti-harakatni qoralaydi. Intizomli kishi o‘z xulq-atvoriga to‘g‘ri baho berish bilan birga, biror xatti-harakat uchun shaxsiy mas‘uliyatni his etadi. Abdulla Avloniy “Intizom deb qiladurgan ibodatlarimizni, ishlarimizni har birini o‘z vaqtida tartibi ila qilmoqni aytilur. Agar yer yo‘zida intizom bo‘lmasa edi, insonlar bir daqiqa yasholmas edilar” deb ta‘kidlaydi. Demak, ruhimizga, fikrimizga ta‘sir qilidigan xislat, tartib-odob, ma‘naviy quvvatdir. Intizom yaxshi xulqlarning manbaidir. O‘quvchilarda intizomni tarbiyalashda maktab jamoasi va ular orasidagi o‘zaro munosabatlar, bir-biriga bo‘lgan ishonch va hurmat o‘zaro yordam va o‘rtoqlik xislatlari asosiy rol‘ o‘ynaydi. O‘quvchilarda ongli intizomni, odobni tarbiyalashda o‘qituvchilar o‘z xulq-atvorlari, muomala madaniyati bilan namuna bo‘lishlari darkor. Chunki ularning yurish-turishi. Odobi o‘quvchining ichki e‘tiqodiga aylanishi va ma‘naviyatiga ta‘sir etishi kerak. Shundagina o‘quvchilar jamiyat va jamoa oldida axloqiy tarbiya talablariga javob beradigan xulq-atvor egalari bo‘la oladilar. Axloqiy tarbiyaning mazmuni. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng ta‘lim-tarbiya mazmuni va mohiyatida, usullari va shakllarida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ta‘lim-tarbiyada milliy qadriyatlarni shakllantirish va rivojlantirish asosiy o‘rinini egallaydi. Tariximiz, madaniyatimiz, milliy urf-odatlarga e‘tibor kuchaydi. Haqiqatda ham, bugungi kunda O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash va kelajakda istiqlol istiqbolini rivojlantirish avvalo komil insonlarga bog‘liq. Chunki bunday insonlar tufayli fan va madanyat, sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojlanadi. Zero axloqiy madaniyat vazifalaridan biri komil insonni voyaga yetkazish, uni tarbiyalashdan iborat. Komil inson O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlashda o‘z e‘tiqodi, g‘ayrat-shijoati, madaniyati, bilimi va ularni tatbiq etish mahorati bilan ajralib turadi. U jamiyatda, jamoada xalqlar va millatlar o‘rtasida do‘stlik, sog‘lom turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan muhitni vujudga keltirishga intiladi. Komil insonni shakllantirishda maktabda, oilada, sog‘lom ma‘naviy muhit barqaror bo‘lishiga erishish muhim ahamiyatga ega. Chunki sog‘lom muhit natijasidagina axloqiy fazilatlar tarkib topadi. Ota-onalar o‘z farzandlarini komil insonlar qilib tarbiyalashi ularda Vatanga muhabbat, mehnati va fidoiyligi bilan o‘zgalarga foyda keltirish, sadoqat, samimiylik kabi xislatlarni kamol toptirishga xizmat qiladi. Farzandlarimizning bunday insonlar bo‘lishida oilaning totuvligi, ota-onaning o‘zaro mehr-muhabbati ham samarali ta‘sir etadi. Kishi o‘z hayotida axloqiy kamolatga qanchalik ko‘p intilsa, shunchalik o‘z xato kamchiliklarini anglab boradi. O‘zbekistonning mustaqilligi tufayli axloqiy tarbiya mazmunini tashkil etuvchi xalqimizning milliy ro‘hiyati, yuksak insoniy fazilatlari, ma‘naviyati, ezgu orzu-umidlari yorqin ifodasini topishi uchun keng imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Yangi shakllanib kelayotgan mustaqil O‘zbekiston davlatining asosiy maqsadi-jamiyatni ma‘naviy yuksaltirish, madaniyatli, barkamol insonni tarbiyalash, yoshlarda axloqiy fazilatlarni shakllantirishdir. Adabiyotlar ro'yxati. I. А. Kаrimоv. Yuksаk mа`nаviyat еngilmаs kuch. T. Shаrq 2008. 2. I. А. Kаrimоv. Bаrkаmоl аvlоd O’zbеkistоn tаrаqqiyotining pоydеvоri. T. 1997. 3. Kаdrlаr tаyyorlаsh milliy dаsturi T. 1997. 4. Оchilоv M. Оliy mаktаb pеdаgоgikаsi.T. 2008. 5. Оchilоv. M. Muаllim қаlb mе`mоri. T. 2003. 6. Munаvvаrоv. Pеdаgоgikа. T. O’qituvchi 1996. Download 74 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling